Milliy valyutaning pul birliklari

[IMG]
Som2.png

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasiga, "O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to'g'risidagi Qonunning 11-moddasiga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993 yil 3 sentabrdagi 952-XII-son qaroriga va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 16 iyundagi PF-870-son Farmoniga muvofiq 1994 yilning 1 iyulidan boshlab O'zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to'lov vositasi sifatida O'zbekiston Respublikasining milliy valyutasi - "So'm" muomalaga kiritildi.
Milliy valyuta - milliy iftixor, davlat mustaqilligining ramzlaridan biri, suveren davlatga xos belgidir. Milliy valyutaning joriy etilishi iqtisodiy barqarorlikning asosiy shartlaridan biri bo'lib, u O'zbekiston manfaatlariga mos moliyaviy pul-kredit siyosati va umuman iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda aniq mexanizmni tashkil etdi.
1994-2013 YILLARDA O'ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MUOMALAGA KIRITILGAN PUL BIRLIKLARI
O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining:
- 1994 yilning 1 iyulidan boshlab, O'zbekiston Respublikasi milliy valyutasining 1994 yil namunasidagi qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 so'm bo'lgan banknot (qog'oz pul) lar hamda qiymati 1, 3, 5, 10, 20 va 50 tiyin bo'lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 1997 yilning 1 martidan boshlab 1997 yil namunasidagi qiymati 200 so'm bo'lgan banknotlar hamda qiymati 1, 5 va 10 so'm bo'lgan metall tangalap muomalaga kiritildi;
- 1999 yilning 20 oktabridan boshlab Jaloliddin Manguberdining 800 yillik yubileyiga bag'ishlab, 1999 yil namunasidagi qiymati 25 so'm bo'lgan esdalik metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2000 yilning 15 mayidan boshlab 2000 yil namunasidagi qiymati 1 so'm bo'lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2000 yilning 1 iyundan boshlab 1999 yil namunasidagi qiymati 500 so'm bo'lgan banknotlar muomalaga kiritildi;
- 2001 yilning 1 sentabridan boshlab 2001 yil namunasidagi qiymati 1000 so'm bo'lgan banknotlar va O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10 yilligiga bag'ishlab 2001 yil namunasidagi qiymati 5, 10 va 50 so'm bo'lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2002 yilning 1 noyabridan boshlab Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga bag'ishlangan 2002 yil namunasidagi qiymati 50 so'm bo'lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2005 yilning 1 iyulidan boshlab O'zbekiston milliy valyutasining 10 yilligiga bag'ishlab chiqarilgan 2004 yil namunasidagi qiymati 100 so'm bo'lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2009 yilning 1 sentabridan boshlab Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag'ishlangan 2009 yil namunasidagi  ikki xil ko'rinishdagi qiymati 100 so'm bo'lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2011 yilning 1 sentabridan boshlab O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 20 yilligiga bag'ishlangan 2011 yil namunasidagi qiymati 500 so'm bo'lgan metall tangalar muomalaga kiritildi;
- 2013 yilning 1 iyulidan boshlab 2013 yil namunasidagi qiymati 5000 so'm bo'lgan banknotlar muomalaga kiritildi.