[IMG]
E2.png

Ravshan Ermatov - jahonning eng kuchli hakami


Jahondagi futbol hakamlari faoliyatini tahlil qilib, baholab boradigan  Worldreferee.com sayti o'zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatovni 2011 yilgi futbol mavsumining "Eng yaxshi hakami", deb e'lon qildi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportning barcha yo'nalishlari qatori futbolni rivojlantirish yo'lida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar yuksak samaralar bermoqda. Futbolda qo'lga kiritayotgan yutuq va g'alabalarimiz soni va salmog'i yildan yilga oshib borayotgani xalqimizga ulkan g'urur-iftixor baxsh etmoqda.
2012 yilning dastlabki kunlarida sport olamidagi nufuzli tashkilotlar, nashrlar va saytlar, ekspert va mutaxassislar 2011 yilgi mavsum yakunlari, tahlil va baholar, tanlov va so'rovnomalar natijalarini e'lon qilmoqda. Quvonarlisi, bu jarayonda hamyurtlarimizning sport sohasidagi salohiyati yuqori baholanib, alohida e'tirof etilmoqda.
Futbol hakamlari faoliyatini kuzatib boradigan  Worldreferee.com sayti tomonidan R.Ermatovning faoliyati yuksak baholangani ham milliy futbolimizning ulkan yutuqlaridandir. Mazkur sayt mutaxassislari eng yaxshi hakamlarni har bir uchrashuvda qo'yilgan ballar hisob-kitobi bo'yicha aniqlaydi.
2003 yildan buyon Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi - FIFA tasnifidagi uchrashuvlarni boshqarib kelayotgan R.Ermatov uchun 2011 yilgi futbol mavsumi ham omadli bo'ldi. Hamyurtimiz FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi shafeligida o'tkazilgan nufuzli uchrashuvlarni - jahon chempionati va Olimpiada saralash o'yinlari, Osiyo chempionlar ligasi va klublar o'rtasidagi jahon chempionatining final bahslarini yuqori saviyada boshqardi. Zero, bunday mas'uliyatli va tarixiy uchrashuvlar yuksak aql-zakovat, mustahkam iroda, azmu shijoat, chuqur bilim va puxta jismoniy tayyorgarlikka ega mutaxassislargagina ishonib topshiriladi.
R.Ermatov qator xalqaro sport tashkilotlari, mutaxassislar va ekspertlar tomonidan dunyoning eng adolatli va tajribali hakamlaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda. Jumladan, Osiyo futbol konfederatsiyasi 2011 yil yakunlariga ko'ra, hamyurtimizni qit'amizning eng yaxshi hakami, deb topdi. Bu sovrin OFK shafeligida tashkil etiladigan futbol uchrashuvlarini boshqaradigan hakamlar uchun eng yuksak e'tirofdir. R.Ermatov bu sovringa ketma-ket to'rt marotaba sazovor bo'lgan yagona hakamdir.
Shuningdek, hamyurtimiz futbolga ixtisoslashgan yana bir internet sayti -  Euro-football.ru tashkil etgan so'rovda ham "Yilning eng yaxshi hakami" sifatida e'tirof etildi.