Dunyoda nechta til bor?
_____________________
Dunyo xalqlari xilma-xil tillarda gaplashishadi. Biroq fan aniqlikni yaxshi ko`radi. Shu tufayli vaqti-vaqti bilan tilshunoslar tillar sonini hisobga oladilar va o`z ma`lumotlarini e`lon qilishadi. Raqamlar odatda bir biriga doimo mos tushavermaydi. Chunki u yoki bu tilni hamma joyda ham birdek tan olavermaydilar. Natijada o`sha tilni ro`yxatga kiritmay qo`yish hollari uchrab turadi.

Kurrai zaminimizda hammasi bo`lib taxminan 5621 ta til va sheva bor bo`lib, hozirgacha ulardan 500 tasigina o`rganilgan xolos. Har uch tildan bittasining yozuvi bo`lmay, faqat og`zaki nutq shakliga egadir.

Jahondagi 1400 ta tilning yo`qolib ketish xavfi bor. Dunyo tillaridan faqat 40 tasigina og`zaki va yozma jihatdan mukammal shakllanib bo`lgan deb hisoblanadi. O`sha 40 tilning orasida o`zbek tili ham bor. 

Shuningdek, Himolayda 160 xil til bor. Afrikaning Niger daryosi havzasida 280ta til mavjud bo`lsa, Yangi Gvineyadagi Papua davlati bu borada mutloq chempion. U yerda jami 3 million aholi 1010 xildagi til va shevada so`zlashadi.

Xitoyda ingliz tilida so`zlashuvchilar soni Amerika Qo`shma Shtatlaridagidan ko`proq.

Endi e`tiboringizga yuqoridagi ma`lumotlar bilan qiyoslash uchun quyidagi raqamlarni taqdim etamiz. Jahonning 2007 yil yanvar oyi statistika xabarlariga ko`ra, dunyoda hududi bo`yicha eng katta sanalgan o`nta eng katta davlat quyidagilar hisoblanadi:

1. Rossiya - 17.098.242 km.kv.
2. Kanada - 9.970.610 km.kv.
3. AQSh - 9.629.091 km.kv.
4. Xitoy - 9.598.086 km.kv.
5. Braziliya - 8.514.877 km.kv.
6. Avstraliya - 7.741.220 km.kv.
7. Hindiston - 3.166.414 km.kv.
8. Argentina - 2.780.400 km.kv.
9. Qozog`iston - 2.724.900 km.kv.
10. Sudan - 2.505.813 km.kv. 

Aholisi jihatdan eng ko`p o`nta buyuk mamlakatlar esa quyidagilardir:

1. Xitoy 1.314.200.000 - butun yer aholisining 20 %i.
2. Hindiston 1.120.000.000 - 17.1 %.
3. AQSh - 300.340.000 - 4.58 %.
4. Indoneziya - 233.460.000 - 3.56 %.
5. Braziliya - 187.670.000 - 2.86 %.
6. Pokiston - 158.800.000 - 2.42 %.
7. Bangladesh - 148.840.000 - 2.27 %.
8. Rossiya - 141.760.000 - 2.16 %.
9. Nigeriya - 133.160.000 - 2.03 %.
10. Yaponiya - 127.417.000 - 1.94 %.

Ilmiy taxminlarga qaraganda, 2057 yilga borganda Xitoy Xalq Respublikasining aholisi dunyo ahlining yarmini tashkil qilar emish.
         Eng boy tillar
Dunyodagi so`z jihatdan eng badavlat tillar bular arab va ingliz tillari bo`lib, inglizlarning hisobida 2500000 (ikki yarim million)dan oshiq so`z bo`lsa (qarang: Paxotin A.I. 112 otvetov na vashi vopros ob angliyskom yazike. Moskva. 2005.), arab tilida esa 3500000 (uch yarim million)dan ortiq lug`at boyligi bor (Bu ma`lumotni menga ustozim marhum Muzaffar Xo`jaev bergan). O`zbek tilida taxminan 1400000-1600000 atrofida so`z bor ekan (bu raqam yuqoridagi ma`lumotlar va shaxsiy tajribamga suyangan holda berilmoqda). Biz yuqorida keltirgan hozirgi ma`lumotlar, albatta, ko`proq ijtimoiy sohalar bo`yicha nisbatan olingan xolos. 

A.I.Paxotinning so`zlariga qaraganda, kimyo faniga oid atamalarning o`zi 2000000 (ikki million)dan ziyodroq ekan. Endi o`ylab ko`ring, biologiya yoki matematikada yoxud fizikada qancha ilmiy atamalar bor ekan-a!?

Tilshunoslik fanidan ma`lumki, qaysi tilda sinonim - ma`nodosh so`zlar ko`p bo`lsa, o`sha til eng boy til hisoblanadi. Shuningdek, qaysi tilda omonim - shakldosh so`zlar ko`p uchrasa, demak o`sha til eng kambag`al tillar sirasiga mansub deya yuritiladi. Masalan, shimoliy qutbda yashaydigan eskimos qabilasiga mansub millat tilida qor so`zining yigirma xil sinonimi mavjud bo`lsa, arab tilida chol so`zining yuzdan ortiq varianti bor. Sinonim so`zlar aslida arab tilida eng ko`p uchraydi.

 Omonim so`zlarga misol sifatida o`zbek tilidagi birgina til so`zini tahlil qilish orqali tilshunoslikdagi bu muammoga ancha-muncha aniqliklar kiritish mumkin. Chunonchi, o`zbekchada til so`zi bir paytning o`zida ikki xil ma`noni anglatib keladi: 

 1.O`rganiladigan til fani.
 2. Odamning yoki boshqa tirik mavjudotning tili. 

Bu vaziyatni boshqa tillar timsolida ham ko`rib o`tsak bo`ladi, zero, rus tilida ham til so`zi xuddi o`zbekchadagi kabi omonim ekanligi ma`lum bo`ladi: - 1. Russkiy yazik Rus tili. 2. Yazik cheloveka Odamning tili. Til so`zi arab va ingliz tillarida esa, aksincha, sinonim hisoblanadi. Masalan, arabchada lug`at un - o`rganiladigan tilni ifodalab kelsa , lisaanun - tirik mavjudotning tilini anglatadi. Ingliz tilidagi language - o`rganiladigan tilni bildirsa, tongue - tana a`zosi bo`lmish til deb tarjima qilinadi.
          Eng kambag`al til
Gvineya (poytaxti Bisau shahri, Afrika.)da mahalliy Taki tilida bor yo`g`i 340 ta so`z bor, xolos.
           Bir kishilik til
Ayni kunda ingliz, rus, nemis, arab va ispan tillarida so`zlashayotgan insonlarning hisob-kitobini qilish amri mahol ish. Ammo ba`zi bir tillar borki, ularni o`sha tilda suhbatlashayotganlar o`zlari bilan olib ketishi mumkin. Xullas, siz hozir eng kam insonlar muloqatda bo`ladigan tillar haqidagi bilimga ega bo`lasiz degan umiddamiz.

Yangi Gvineyada atigi 4 million aholi istiqomat qilsa-da, ular 800 tilda suhbatlashishadi. Shuningdek, ana shu tillarning birortasidayam 100 ming kishi bir-birlari bilan muloqatda bo`lolmaydilar. 

Dunyodagi eng kam odam gaplashadigan til bu bikya tilidir. Bu til faqatgina Afrika qitasining Kamerun va Nigeriya davlatlari o`rtasidagi qishloqda yashaydigan 87 yoshli kampirshoga tegishli. 

Susami tilida esa Miroviya provintsiyasida istiqomat qiladigan ikki oila a`zolari bir-biri bilan hol-ahvol so`rashadi, xolos.

Latviyada esa yana shunday til borki, uni 200 kishi tushunadi. Bulivon tilidir. 

Oun g`arbiy septik tilida hozircha 384 kishi muloqotda bo`lsa, alfendio sharqiy septik zaboni esa 633 insonga tegishli ekan. 

Lilau va seymit tillarida zamonamiz kishilaridan 450 kishi suhbatlashar ekan. 

Kandas tilida Yangi Irlandiyada qo`nim topgan 480 kishi o`zaro aidi-bidi qilishadi. 

Eng kam uchraydigan hind tillaridan biri maratidir. Bu til Maxarashta shtatiga tegishli. Orissa shtatida esa oriya tili rusum bo`lgan. Telugu tilida Andxra Pradesh shtatidagilar va tamil tilida Tamil Nadudagi aholi o`zaro muloqot qiladi.

Garchi Tailanda asosiy til tay lahjasi bo`lsa-da, aholining ko`p qismi shevada suhbatlashadi. Tilshunoslar ularning ichida lao, kammuang va paktay tillarini mustaqil, deb hisoblaydilar.
            Marhum tillar
Jahonda keng iste`moldan chiqib ketgan hamda butunlay yo`qolib ketgan tillar benihoya ko`p. Ularni tilshunoslar ikkiga bo`lib o`rganadilar ya`ni, yozma nutqqa ega bo`lgan o`lik tillar hamda faqat og`zaki shakli bor o`lik tillar. 

Og`zaki nutqqagina ega bo`lib, hozirda butunlay yo`qolib ketgan tillarning son-sanog`i deyarli yo`q. Ham yozma, ham og`zaki nutq shakliga ega, biroq hozir amalda mavjud bo`lmagan qadimiy tillar ham talaygina. Tilshunoslik fanida bu kabi tillarni o`lik tillar deb ataydilar. 

O`lik tillarning eng buyuglaridan ikkitasi fan olamida juda mashhur hisoblanadi. Ulardan biri Hindistondagi qadimiy sanskrit tili bo`lsa, ikkinchisi zamonaviy tibbiyot xodimlari keng iste`foda etadigan lotin tili hisoblanadi. 

O`lik tillar ro`yxatiga qadimiy xitoy va ingliz tillarini kiritsa ham hech xato bo`lmaydi. Chunki zamonamiz kishilari ana shu ikki tilda bitilgan tarixiy asarlarda muhrlanib qolgan mumtoz so`zlarni tushunishlari amri maxoldir. Ko`hna xitoy tilidagi manbalarni tushunmaslik o`z-o`zidan ma`lumki, ular eramizdan avvalgi uzoq o`tmishga borib taqaladi. Biroq XVI-asrning oxirlari XVII-asrning o`rtalaridagina yashab o`tgan buyuk ingliz yozuvchisi Uilyam Shekspirning tilini bugungi kun inglizlari asl manbadan o`qib mutlaqo tushunmasliklari ilmiy isbotlangan voqeadir.
     Eng ko`p tarqalgan til
Siz darhol: - Bu xitoy tili, deb o`ylashingiz tabiiy hol. To`g`ri yer kurrasidagi eng ko`p aholi yashaydigan Xitoy Xalq Respublikasidek davlatda 1 yarim milliarddan ortiq odam xitoy tilida gaplashgan bilan, lekin u butun jahon bo`ylab keng yoyilmagan-da! Afsuski, bu baxtli til ispancha ekanligidan ko`pchilik, hatto, aksariyat tilshunoslarning o`zlari ham bexabardirlar. Ispan tilini bu qadar ommalashib ketishiga avvalo mashhur sayyohlar, dengiz qaroqchilari hamda ispaniyalik mustamlakachilar sabab bo`lib qolganlar. Shunisi qiziqarliki, Amerika Qo`shma Shtatlarining 50 ta shtatidan 23 tasida davlat tili ispan tili hisoblansa, bor-yo`g`i 21 tasidagina ingliz tili amaldagi til va qolgan shtatlarda esa frantsuz tili hukmronlik mavqeini saqlab turmoqda. Ma`lumki, AQShda har bir shtat aholisi o`z mahalliy qonunlariga amal qilib yashaydi.
