USHBU KITOBDAN FOYDALANISHGA OID ENG MUHIM MASLAHATLAR

1. Agar siz qo'lingizdagi kitobdan saboq chiqarmoqchi bo'lsangiz, shuni hisobga olingki, bitta muhim shart, bitta asosiy talab bor, u har qanday qoida va usullardan baland turadi. Ushbu asosiy shartga javob berolmaydigan bo'lsangiz, kitob o'rgatadigan mingta qoida ham sizga yordam bera olmaydi. Agar siz qimmatbaho tuhfani egallab olsangiz, mo'jizalar yaratishga qodir bo'lasiz, bu kitobdan ancha-muncha foyda chiqarib olishga nisbatan mazkur maslahatlar muhimligini anglaysiz.
Xo'sh, afsonaviy mo'jizaviy shart nima ekan? Mana u: odamlar bilan muomala qilish, munosabat o'rnatishda chuqur, g'ayrat-shijoatga to'lib-toshgan holda o'rganishga intilish, qa'tiyat bilan o'zida bu malakani rivojlantirish.
2. Dastavval kitobning bo'limlarini umumiy tasavvurga ega bo'lish uchun yuzaki qarab chiqing. Ehtimol, bir bo'limni o'qib chiqib, keyingi bo'limga o'tishingizga to'g'ri kelar. Avvalo, bu kitobni ko'ngilxushlik uchun mutolaa qilayotgan bo'lsangiz, uni tez o'qishga shoshilmang. Agar odamlar o'rtasidagi muomala muammolarini hal etish niyatida o'qiyotgan bo'lsangiz, har bir bo'limini diqqat bilan, ha, qaytadan o'qib chiqishga harakat qiling. Bunda vaqt tejaladi va u o'z samarasini beradi.
3. Mutolaa jarayonida mushohada yuritish uchun kitobni to'xtab-to'xtab o'qib chiqing. Berilayotgan maslahatlarni qayerda, qanday amalga oshirishingiz to'g'risida o'z-o'zingizga savollar bering. Bunday usulda o'qish tezkorlik bilan o'qishga nisbatan ancha samara beradi.
4. O'qiganda qo'lingizda qizil yoki oddiy qalam, yoki avtoruchka bo'lsin. Foydalanishga asqotadigan maslahatlar chiqib qolsa, shuning to'g'risiga, kitob chetiga o'zingizga ma'qul belgini qo'ying. Agar u sizga o'ta muhim maslahat bo'ladigan bo'lib qolsa, har bir so'zning tagiga chizing yoki uning yoniga to'rtta yulduzcha chizib qo'ying. Chizish va yulduzlar bilan belgilash kitobni qiziqarli qiladi va uni qayta o'qib chiqishni ancha yengillashtiradi.
5. Men bir kishini bilaman, u 15 yildan buyon bitta sug'urta konsernining devonxonasini boshqarib kelgan. Bu kishi kompapiyasi tasdiqlagan shartnomalarni har oy qayta-qayta o'qib chiqadi. Ha, u ma'lum bo'lgan shartnomalarni oyma-oy, yilma-yil takror o'qib chiqaveradi. Nima uchun deysizmi? SHaxsiy tajribasidan shuni yaxshi biladiki, bunday amaliyot shartnoma moddalarini xotirada saqlab qolishning yagona vositasidir.
Men o'zim ham notiqlik san'atiga bag'ishlangan kitobimni yozish uchun ikki yil sarflagan bo'lsam-da, uni vaqt-vaqti bilan o'qib turaman. Shunday qilmasam, uni shaxsan o'zim yozgan bo'lsam hamki, xotiramdan ko'tarilib qolishi mumkin. Ajabo, biz juda tez unutishga moyilmiz.
Shuning uchun bu kitobdan haqiqatdan ham, hamma vaqt foydalanaman, deb o'ylasangiz, bir marta jadallab o'qib chiqqanim yetarli, deb mutlaqo xulosa chiqarmang. Bir marta hafsala bilan o'qib chiqqach, har oyda bir marta bir necha soat mobaynida uni takrorlab turishingiz kerak. Uni doimo yozuv stolingiz ustida saqlang. Unga tez-tez nazar tashlab qo'ying. Kelgusida foydalanishingiz kerak bo'ladigan malakaviy imkoniyatlaringizni takomillashtirishingiz mumkinligini hech qachon unutmang. Tilga olingan qoidalar doimiy, to'xtovsiz mehnat natijasidagina odatiy darajaga yetishi doimo esingizda bulsin. Boshqa yo'li yo'q.
6. Bernard Shou bir paytlar shunday degan: Agar siz odamga nimanidir shunchaki o'rgatmoqchi bo'lsangiz, u hech qachon hech vaqoni o'rgana olmaydi. Shou haq edi. O'rganish, bu  faol jarayon. Biz ish jarayonida ko'p narsani o'rganamiz. Shuning uchup qo'lingizdagi kitobda berilgan qoidalarni o'zlashtirib olishni istasangiz, unga aloqador hayotiy jarayonni ham qo'shib o'rganishingiz kerak. Uni qulay bo'lgan hollarda tatbiq eting. Aks holda, ularni tezda unutib yuborasiz. Kallada faqat amaliyotda tatbiq etilgan bilimlargina saqlanib qoladi.
Ehtimol, ushbu maslahatlarga doimiy ravishda amal qilish sizga ancha qiyin kechar. Garchi bu kitobni o'zim yozgan bo'lsam ham tavsiya etayotgan qoidalarimni hayotda qo'llash jarayonida ancha qiynalganman. Masalan, biror narsadan norozi bo'lsangiz, hamsuhbatingiz nuqtai nazarini tushunishga nisbatan uni tanqid qilish va o'nta tanbeh berish oson. Ko'p hollarda ma'qullashga nisbatan kamchilik topish yengilroq ko'chadi. Suhbatdoshingiz xohlab turganini gapirishga nisbatan o'zingizning xohish-istagingizni bayon etish yengilroq albatta. Shuning uchun ushbu kitobni o'qiyotganda, men faqat axborot olyapman, deb o'ylamang. Siz endi yangi odatlar ishlab chiqishga urinyapsiz, Ha, ha, siz yangi yo'ldan borishga intilmoqdasiz. Bu esa vaqt, qunt va kundalik amaliyotni talab etadi.
Shu sababli mazkur kitob sahifalariga tez-tez murojaat qiling. Odamlar o'rtasidagi munosabatlarga doir masalalarni xal etish yoki qandaydir o'ziga xos muammo paydo bo'lganida, masalan, bola bilan qanday munosabatda bo'lish, xotiningizni o'z nuqtai nazaringizga bo'ysundirish yoki achchiqlangan mijozni qanday qilib jaxldan tushirish kabi holatlarda hech qachon tabiiy aks-sadoga berilmang, beixtiyor harakat qilmang. Odatda bu noto'g'ri ko'rinadi. Buning o'rniga siz, yaxshisi, ushbu kitobni varaqlab, o'zingiz chizib qo'ygan xatboshidagi fikrlarni yana bir bor ko'zdan kechirib chiqing. So'ngra ushbu yangi qoidalarni hayotga tatbiq etib ko'ring-chi, ana shunda qanday mo'jizalar ro'y berar ekan.
7. Bizning u yoki bu qoidamizni buzayotgan bo'lsangiz, mazkur hollarni aniqlagan xotiningiz, o'g'lingiz yoki hamkasbingizga o'n dollar jarima to'lashga tayyor ekanligingizni aytib qo'ying. Ushbu qoidalarni o'zlashtirishni quvnoq o'yinga aylantiring.
8. Tinglovchilarimdan biri Uoll-Stritdagi yirik banklardan birining boshqaruv raisi tinglovchilar oldida so'zga chiqib, o'zini takomillashtirishda foydalanayotgan jarayon xususida gapirib bergan edi. Rasmiy jihatdan, bu odam unchalik katta ma'lumotga ega emas, lekin shunga qaramasdan u Amerikaning yetuk moliyachilaridan biridir. Bunday yutuqqa u o'zi o'ylab topgan tizimni hayotga doimiy ravishda tatbiq etish jarayonida erishganini aytib o'tdi. Xo'sh, u qanday ish tutadi? Men xotiramda qolganlarini mumkin qadar aniqlik bilan uning so'zlari orqali yetkazishga harakat qilaman:
Men ko'p yillar davomida odamlar bilan kundalik uchrashuvlar bayonini yozib borishga harakat qilaman. Har shanba kunlari oqshomni o'z-o'zimni tekshirish, qayta ko'rib chiqish va xatti-harakatlarimni baholashga sarflayman. Tushlikdan keyin esa yolgiz qolib, hafta davomida o'tkazilgan suhbatlar, yig'ilishlar va kengashlarni birma-bir eslayman va o'z-o'zimga savol beraman: qanday xatolarga yo'l qo'ydim, nimani to'g'ri bajardim, qaysi hollarda yanada yaxshiroq bo'lishi mumkin edi?
Bu tajribadan qanday saboq chiqarib olish mumkin?
Ba'zan shunday holatlar uchraydiki, haftalik sharxlar ko'pincha dilimni xufton qiladi. Aksariyat hollarda o'zimning qo'pol xatolarimni ko'rib, ajablanaman. Albatta, bunday xatolar yillar utgan sayin kamayib boradi. Endi esa ayrim sharxlardan so'ng o'z-o'zininng elkamga qoqib, Balli, azamat deganday, maqtab qo'yaman. Yillar davomida o'tkazilgan bunday o'z-o'zini tahlil etish, o'z-o'zini tarbiyalash usuli menga ilgarigi yillarga nisbatan juda ko'p narsalarni berdi.
Bular to'g'ri qarorlar qabul qilishimga oid qobiliyatimni yaxshiladi, odamlar bilan munosabatlardagi ishlarni haddan ziyod takomilga yetkazdi. Shularni ham eng qunt bilan, ishtiyoq bilan tavsiya etaman,
Shunday ekan, nima uchun ushbu kitobda bayon etilgan qoidalarni o'z hayotingizda tatbiq qilmas ekansiz? Agar bu qoidalarni joriy etsangiz, quyidagilar sodir bo'ladi:
Birinchidan, siz o'zingizni tarbiyalash jarayoniga qo'shilasiz, uning ahamiyati esa juda qiziqarli hamda beqiyosdir.
Ikkinchidan, odamlar bilan aloqa o'rnatishingiz va muomala tarzingizda tinmay o'sish, ilgarilash ro'y beradiki, bu zafar gulchambariga tengdir.

