Otani mahzun g'am, xastalik yutdi,
Farzand yuksak-yuksak avj uchar fasli.
Uchmay, tashvishlarga ko'milib o'tdi,
Bu otaga yuksak sadoqat asli.

Mayli, ishq haqida chekmasa ham oh,
Balki bu ham so'zsiz ishq toqatidir.
Ammo o'zin unga sinarmi panoh,
Bu erning ayolga sadoqatidir.

Yuragi haqida ochib yurmang fol,
Buni tekshirmasdan, his etgan ma'qul.
Silab, ko'ylagiga urdimi dazmol,
Ayolning erkakka sadoqati shul.

Boshga ko'taringiz, tortmasdan hadik,
Chidab tanbehlari ko'pu oziga.
Kelin boqolmasmi ko'zlariga tik,
Sadoqati shuldir qaynonasiga.

Shunday, sadoqatga o'lchov bormi, bas,
Insonni ham inson qilgan shu his, kuch.
Inon, baxt qushining qanoti sinmas,
Bu xil belgilarga kelib tursak duch.










