Kim yashagan bo'lsa bo'ron bilan qasdma-qasd,
Qishning qahri, quyuniga o'rtansa tani,
Ko'klam, bog'lar jimjitligi unga tatimas,
Sezmaydi ham sovuq vujud issiq o'tganin.

Jajji qushim, sen ham bekor o'rtaysan bag'ir,
Kuying shirin, ammo menga chuchmaldir toti.
Kuying anglash menga uncha o'ng'aymas axir,
Bu sohada ko'pdan o'chgan xatu savodim.

Jajji qushim, sen kuyingni qushlarga kuyla,
Bog'dan chiqmaslarga kuyla, yil-o'n ikki oy.
Menga chopmoq-taqdir, hayot aylana bo'ylab,
Goh o'qday tik, goh egilib bamisoli yoy.

Yo'lga chiqma, sen men bilan chopa olmassan,
Qola qolgin, bo'lma endi girdikapalak,
Menday betinchlikdan tinchlik topa olmassan,
Menga o'rtoq quyun seni qilgusi halok.

Bu hayotda, qushginam, biz qo'shilmas zarra,
Menga - abad chopmoq, senga - bog' aro sayr,
Kuylaringni qayta-qayta tinglab ming karra,
Bir siringni anglamadim, qushim, endi xayr!

Mening kuyim g'oyat achchiq, taxirdir, ichma,
Sening kuying ortiq shirin, chuchmaldir, chuchmal!









