
Men bunda har dildan navolar oldim
Har giyoh, har guldan sabolar oldim.
Oq fotiha oldim oppoq tog'lardan,
Azim chinorlardan duolar oldim.

* * *
Ko'ringan tog'larning qoyalaridir,
Ul ota-bobomning soyalaridir.
Osmonga intilgan baland cho'qqilar,
Erk deya yuksalgan g'oyalaridir.

* * *
Vatan, bo'stonlaring ozoda bo'lgay,
O'g'il ham qizlaring jonzoda bo'lgay.
Sultonday qad rostlar har bir daraxting,
Ochilgan har guling xonzoda bo'lgay.

* * *
Mening Vatan ichra vatanlarim bor,
Mangu zavol bilmas chamanlarim bor.
Termiziylar yanglig' xazinalarim,
Buxoriylar kabi ma'danlarim bor.

* * *
Ota, bu dunyoda har so'z sotildi,
Begona sotildi ham do'st sotildi.
Yaxshilik istabon o'tgan umringiz
Choponday eskirdi, to'zdi, sitildi.

* * *
Yarim minorlarim yer ostidadir,
Men deb yonorlarim yer ostidadir.
Sening chinorlaring yer uzra, ey do'st
Mening chinorlarim yer ostidadir.

* * *
Qabrlar - elning jim naqllaridir,
Asli tiriklikning maqollaridir.
Ungan maysalarni yulib tashlama,
Bu - ota-bobongning soqollaridir.








