Birinchi sir
AQL KUCHI
Yigitchaning ro'yxatida birinchisi Karen Selsdon ismli ayol edi. U vaqtni o'tkazmay, kollejdan qaytgan zahoti unga qo'ng'iroq qildi. Yigitcha ayolga o'zi haqida gapirib berdi, uning javoblaridan shunday taassurot paydo bo'ldiki, ular ikkisi ham bir-biri bilan ko'rishishga mushtoq ekanlar. Ular ertasi kuni soat uchda uchrashishga kelishishdi.
Ertalabdan beri yigitchaning miyasida ilk uchrashuv qanday natijalanar ekan, degan savol tinimsiz aylanardi, lekin soat uch bo'lishi bilanoq u o'zining birinchi ustozi qarshisida o'tirardi.
Selsdon xonim turmushga chiqqan va ikki nafar kichkintoy farzandi bor edi. U kasalxonada ruhshunos bo'lib ishlardi. Yigit ruhshunoslikning sog'likka qanday aloqasi borligiga aqli yetmasdi. Uning fikricha, ruhiyatida hech qanday muammolar yo'q edi.
Shunday qilib, siz Asl Salomatlik qonunlari to'g'risida bilmoqchimisiz?  so'radi Selsdon xonim.
Nima, shunday qonunlar rostdan bormi?  o'z o'rnida qiziqdi yigitcha.
Albatta bor. Xuddi butun Tabiatni boshqaradigan qonunlar kabi,  javob berdi Selsdon xonim.  Asl Salomatlik qonunlari doimo mavjud bo'lgan, har holda yer yuzida odamzod paydo bo'lgan davrdan beri ular bor. Bu qonunlardan boxabar bo'lsak, biz har qanday kasallikni yengishimiz va ko'pchiligimiz orzu  qilgan sog'lomlik darajasiga yetishimiz mumkin.
Salomatlikning juda ko'p omillari mavjud, lekin ulardan biri  boshqalaridan ko'ra yaxshiroq o'rganganim va mening hayotimga ko'proq ta'sir ko'rsatgani  aql kuchidir. Ko'p kishilar aql faqat ruhiy salomatlik va hissiyotlarga bog'liq, deya noto'g'ri hisoblaydilar, aslida har qanday salomatlik, u ruhiymi yoki jismoniy bo'lsin, miyada boshlanadi.
Nima uchun aql shunchalik muhim rol o'ynaydi?  so'radi yigitcha.
Chunki aql butun vujudingizni nazoratda tutadi. Siz uning kuchini har kuni ko'rishingiz mumkin. Kishilar uyalganida yuzlari qizaradi, qo'rqqanlarida ranglari oqaradi, asabiylashganlarida kaftlari ko'pincha terlaydi, tizzalari esa qaltiraydi. Bu aqlimiz vujudimizga qanday ta'sir ko'rsatishidan bir necha misol xolos.
	Ijozatingiz bilan ba'zi narsalarni sizga ko'rsatsam,  qo'shimcha qildi u.  Bir daqiqaga ko'zlaringizni yuming-da, limonni tasavvur etishga harakat qiling.
Yigitcha stulga suyanib, ko'zlarini yumdi.
	Ha, limonni ko'ryapman,  dedi u.
	Endi esa limonning bir bo'lagini tishlayotganingizni tasavvur eting.
Yigitning afti burishib ketdi va u rostdan ham limon bo'lagini tishlagan kabi og'zining tanobi qochib, tishi qamashib ketganini sezdi.
	Aqlingizda qanday kuch joylashganini endi ko'ryapsizmi?  so'radi Selsdon xonim.  Siz boryo'g'i limon yeyishingizni tasavvur qildingiz, tanangiz esa rostdan ham limon yeganday ta'sirlandi. Bu sizning tafakkuringizni nazorat etuvchi aql kuchidir, tafakkuringiz esa o'z o'rnida tanangizda nimaiki ro'y bersa, barchasini nazorat qiladi. Miyangiz so'lak ajratishga majbur etgani kabi immun tizimiga ham ko'proq miqdorda oq qon tanachalarini ishlab chiqishga xuddi shunday buyruq beradi. O'sha kuchdan og'riqni kamaytirish, terini toshmalardan tozalash va boshqa kasalliklarni, shu jumladan, saratonni ham davolashda foydalanishimiz mumkin.
Bu haqda ilk bora eshitganimda, xuddi siz kabi bu fikrga ishonchsizlik bilan munosabatda bo'lgandim,  davom etdi ayol,  lekin, gapimga ishoning, aqlim kuchi hayotimni asrab qoldi. Bundan o'n yil muqaddam shifokorlar menga yomon sifatli miya o'smasi tashhisini qo'yishdi. Jarrohning aytishicha, o'sma shunchalik kattaligidan uni hatto operatsiya qilish xatarli ekan. Hech qanday chora ko'rishning iloji yo'q edi, shifokorlar ma'lumoticha, bir yilgina umrim qolibdi. Qanchalik umidsizlikka tushganimni tasavvur eta olasizmi! Men haqiqatda o'limga tayyorlanardim, lekin, ko'rib turganingizday, hali ham tirikman.
Xo'sh, keyin nima bo'ldi?  uning gapini bo'lib so'radi yigitcha.
Tirik qolishimga ko'maklashgan keksa xitoylikni uchratdim.
Yigitcha badanidan sovuq ter chiqib ketganini sezdi. Agar u o'z sezgilari to'g'risida o'ylab ko'rganida, aql tanaga qanday ta'sir ko'rsatishining yana bir namunasini fahmlar edi.
	Men uni kutubxonada uchratdim,  davom etdi ayol.  O'sha paytda kutubxonachining yordamchisi sifatida kitob berishga javobgar edim. Bir kuni u kutubxonaga kelib, yaratuvchi vizualizatsiya va aqlning davolovchi kuchiga doir kitoblar topib berishimni so'radi. Kitob asraydigan joyimizda bunday kitoblar bo'lmagani uchun men ularga buyurtma berdim. Odatda, buyurtma berilganidan so'ng kitob bir haftada kelardi, lekin bu kitoblar kutubxonamizga ertasigayoq keldi. Ularning nomi qiziqtirib qo'ygani sababli o'zim ham o'qib chiqmoqchi bo'ldim. Shifokor yozgan kitoblardan birining mazmuniga ko'ra, aql kuchi ko'magida anchagina kasalliklarni davolashga qodir ekanmiz. U yerda   bemorlar o'z aql kuchlaridan foydalanib, qanday omon qolishga erishgani va yomon sifatli o'smalardan qay tarzda xalos bo'lishgani haqida ko'p misollar keltirilgandi. Menga bular ehtimoldan uzoqday tuyuldi, shu bois tavsiya etilgan uslublardan birini o'zimda sinab ko'rishga qaror qildim.
	Xo'sh, aniqroq nima harakat qildingiz?  so'radi qiziqib qolgan yigit.
	Birinchi navbatda yaratuvchi vizualizatsiya bilan shug'ullandim. Bu uslub asosida o'z aqlingizda davolovchi qiyofa yaratasiz. Men miyamdagi o'sma qiyofasini hamda uni mayda akulalar yeb tashlayotganini tasavvur etishga harakat qildim. Har kuni ertalab va kechqurun oromkursida o'tirgancha o'n besh daqiqa davomida miyamdagi o'sma yo'qolib borayotganini tasavvur qilardim. Har bir seans nihoyasida o'zimni ancha tuzukroq seza yotganday bo'lardim.
Rostdanmi?  hayron bo'ldi yigitcha.
Ha, rost. Buni o'zingiz ham sinab ko'rishingiz mumkin. Hatto shu yerda, bu bilan hoziroq shug'ullanishingiz mumkin. Ko'zlaringizni yuming-da, bir necha bor chuqur nafas oling... shunday, yaxshi... endi o'z muammongizni tasavvur qiling... Endi u qanday yo'qolayotganini tasavvur qiling. Buning uchun istagan qiyofalardan foydalanishingiz mumkin. Miltiqlar, o'zga sayyoraliklar, qaroqchilar, hindular kabi nima va kim bo'lsa ham bo'laveradi, xayolingizga qancha sig'sa, shuncha qiyofani tasavvur qilavering. Hattoki muammolaringiz yorqin quyosh taftida erib ketayotgan muz kabi yo'qola borayotganini tasavvur etishingiz mumkin. Aqlingizga qanday qiyofalar kelishi muhim emas, asosiysi  tanangiz qanday sog'ayayotganidir.
Yigitcha xayolida ichidagi ulkan raketalar o'z nishonini poylab snaryadlarni otayotganini tasavvur qildi. Keyin esa o'zini sog'lom va kuchli ko'rinishda tasavvur etdi.
Bir necha daqiqadan so'ng Selsdon xonim uni to'xtatdi.
Xo'sh, o'zingizni qanday his etmoqdasiz?  so'radi u.
Xoh ishoning, xoh ishonmang,  xitob qildi yigit,  haqiqatdan bu zo'r davo ekan, avvalgidan ko'ra quvvatim ancha ortganini sezyapman.
Juda soz. Endi bunday mashqlarni uzoqroq muddat, aytaylik, 1520 daqiqa davomida kuniga ikki yo uch marta takrorlaganingizda o'zingizni qanday sezishingizni tasavvur eting.
Nima haqida gapirayotganingizni endi angladim,  dedi yigitcha.
Biroq aql kuchidan foydalanishning ajoyib ta'sir ko'rsatadigan yana bir vositasi bor,  so'zini davom ettirdi Selsdon xonim.  Men uni sog'ayishga qaror qilish (affirmatsiyalar) deb atadim.
Sog'ayishga qaror qilish?  hayron bo'ldi yigit.
	Affirmatsiyalar  bu eng oddiy ifodalar. Ular ko'magida siz odatiy fikrlar yo'nalishini o'zgartirishga, o'zingiz haqingizda yangi tasavvurlarni mustahkamlashga harakat qilasiz. Siz ularni tovush chiqarib yoki xayolingizdan kechirib aytishingiz zarur. Agar ularni tovush chiqarib aytsangiz, bu ko'proq yordam beradi.
Xo'sh, bu qanday sodir bo'ladi?  so'radi yigit.
Aytaylik, biror-bir narsani tez-tez takrorlayversangiz, bu miyangizga albatta o'rnashadi. Masalan, o'zingizga qizil no'xot gulli tasmalarga o'ralgan pushti fillar to'g'risida o'ylamaslikni buyursangiz, miyangizda qanday suvrat vujudga keladi?
Yigit shu zahoti xayolida qizil no'xot gulli tasmalarga o'ralgan pushti fillarni tasavvur qildi.
Nimani nazarda tutayotganingizni endi angladim,  javob berdi u.  U haqda o'ylamaslikning iloji yo'q ekan. Shu tariqa men sog' ekanim to'g'risidagi dalillarni takrorlagan sari o'zimni salomat holda tasavvur etishga majbur bo'laman.
To'ppa-to'g'ri,  javob berdi ayol.  Sog'aytiruvchi dalillar  bu doimiy takrorlaganingiz tufayli miyangizga o'rnashuvchi shunchaki bayonotlar tasviri. Hatto agar siz avvaliga gapirayotganlaringizga ishonmasangiz-da, bularning barchasi ongingiz ortiga yashirinib, oldin ong orti bo'lagi, keyin vujudingizning bir parchasiga aylanadi. Shu sababli dalillarni qanchalik tez takrorlasangiz, ular sizga shunchalik ko'proq ta'sir ko'rsatishadi.
Davolash affirmatsiyalari ahamiyatini o'tgan asrda yashagan shifokor Emil Kui ilk bor kashf etgandi. U o'z bemorlaridan ertalab, kunduzi va kechqurun: borgan sari, kundan kunga o'zimni yaxshiroq sezyapman degan juda oddiy ifodani imkon boricha tez-tez takrorlashni iltimos qilardi.Va, tasavvur etasizmi, uning maslahatlariga amal qilgan ko'pgina bemorlari rostdan ham o'zlarini yaxshi seza boshladilar!
Shunday qilib, sog'ayishga qaror qilib va davolovchi tasavvurlarni qo'llash orqali dardingizni yengdingizmi?  so'radi yigit.
Faqat bularni emas, boshqa vositalarni ham qo'lladim. O'z turmush tarzimni butunlay o'zgartirdim. Ovqatlanish tartibimni o'zgartirdim, mashqlar bajara boshladim, to'g'ri nafas olish bilan mashg'ul bo'ldim, hatto kulishni va sodir bo'layotgan voqealarga picha kamroq jiddiyat bilan munosabatda bo'lishni o'rgandim. Va bular hayotimda menga ancha yordam berdi. Vaqti kelib, siz bular to'g'risida mendan ko'ra ko'proq biladigan kishilardan ma'lumot olarsiz. Lekin sizni ishontirib aytamanki, o'z aql kuchimdan foydalanganim tufayli sog'aydim. Kashfiyotimdan shu darajada hayratda qoldimki, keyinroq, miyamdagi o'sma butunlay so'rilib ketgach, boshqa insonlarga yordamlashish imkoniyatiga ega bo'lish maqsadida ruhshunoslik ilmini o'rganish uchun kollejga kirdim.
Eng muhimi, bularning barchasidan chiqargan xulosam shuki, salomatlikning asosi miyamizda joylashgan ekan. Bu rostdan ham barcha harakatlarimizni yo'naltiruvchi, xulqimizni belgilovchi va tanamizdagi har bir hujayrani nazorat etuvchi qudratli kuchdir. Ijozatingiz bilan sizga bir narsa ko'rsatsam.
Ayol shu so'zlarni aytarkan, videomagnitofonga qandaydir kassetani joylashtirib, uni yoqdi.
	Bu yerdagi tasvirlangan voqealarga shaxsan guvoh bo'lganman, ayrim filmlarni esa o'zim tasvirga tushirganman,  dedi ruhshunos.
Yigitchaga televizor ekranida ko'rayotgan voqealar umuman aql bovar etmasdek tuyulardi. Ko'pchilik odamlar chog ustida yalang oyoq qadam bosib yurishardi. Yigitcha nafasini yutgancha Selsdon xonimning yalang oyoqlari bilan cho'g'ni bosishini kuzatardi.
	Buning nomi cho'g' ustida yurish,  ayolning tovushi keldi.  Yuzdan ortiq kishi Selsiy shkalasi bo'yicha ming darajada qizdirilgan cho'g' ustida sarpoychang yurib, ulardan birortasi og'riqni sezishmayapti, hech birining oyoqlari kuymayapti ham.
Axir bunday bo'lishi mumkinmas-ku!  xitob qildi yigitcha.	
Bu yorug' olamda bo'lishi mumkin bo'lmagan narsaning o'zi yo'q,  jilmaydi ayol.
Bu kishilar qanday qilib shunday yo'l tutganlar?
Hamma gap aql kuchida!
Ekranda boshqa voqea tasvirlana boshladi. Kasalxona karovatida bemor ayol yotardi. Kimdir unga nimalardir degandi, bir daqiqadan so'ng ayol butunlay harakatsiz qoldi. Jarrohlik libosidagi yuziga niqob tutgan kishilar xonaga kirib kelishdi.
Bu yerda nimalar bo'lyapti o'zi?  qiziqdi yigitcha.
Ayolning qornini yorishmoqchi.
Xo'sh, buning nimasining o'zgacha xislati bor ekan?
	Uni anesteziyasiz operatsiya qilishmoqchi. Unga umuman hech qanday og'riqsizlantiruvchi vositalar berishmadi. Uning o'z aqlidan boshqa og'riqni hech qanday vosita kamaytirmaydi. U gipnoz qilingan. Bo'layotgan voqealarni bilib tursa-da, og'riqni sezmayapti.
	Jarroh uning qorni uzra tig'ni yurgizdi. Jarohatdan qon oqa boshladi, bir necha daqiqadan so'ng ikkinchi jarroh ehtiyotkorlik bilan chaqaloqni chiqarib oldi. Uning kindigini avval boylab, keyin kesishdi. Bir soniyadan so'ng bolaning quloqni batang qiluvchi yig'isi eshitildi, lekin hali ham gipnoz ta'siridagi ona aqli ravshan holda og'riqni va noqulaylikni sezmay yotardi.
	Axir bu aqlga sig'mas hodisa!  xitob qildi yigit.
	Sabr qilib turing,  javob berdi ayol. 
Ekranda terisi qizg'ish yiringli yaralar bilan qoplangan kichkinagina qizcha paydo bo'ldi.
	Bu qizcha ekzemaning juda murakkab turi bilan og'rigandi. Imkondagi barcha surtmalar, dori-darmonlar, antibiotiklardan bir necha kursli antibiotikli inyeksiyalardan foydalanishning hech biri yordam bermadi. Ammo bir necha hafta davomidagi gipnoz bilan davolash samarali bo'ldi, uning terisi butunlay tozardi.
Yigitcha bolaning terisi toza va silliq bo'lib qolganini   ko'rdi.
Ayol tasvirni o'chirdi.
 O'ylaymanki, siz endi mohiyatni angladingiz. Ko'rdingizmi, hayotimizdagi barcha narsalarni aqlimiz qay darajada nazorat etadi.  Injilda aytilgan,  davom etdi u,  odamzodning fikrlari qanday bo'lsa, o'zi ham shunday. Aqlingiz butun vujudingizni nazorat etadi va siz uchun qilishi mumkin bo'lgan barcha narsani bajaradi. Aql bovar etmasdek tuyulgan cho'g'  ustida yalang oyoq yurish, anesteziyasiz operatsiya, saraton kasalligidan xalos bo'lish kabilar aql kuchidan foydalanilgan taqdirda barchasi amalga oshadi. Buning uchun o'z fikrlaringizni bir nuqtaga jamlagan holda sizni kuchsizlantiruvchi dalillardan xalos bo'lishingiz kifoya.
Kuchlarimizga zarar yetkazuvchi dalillar deganingiz nimasi?  qiziqdi yigit.
Nimagadir yetishishingizga xalaqit beruvchi dalillar sizni kuchsizlantiradi. Axir bugungi ko'rgan filmdagi odamlardan hech biri cho'g' ustida sarpoychan yurish va kuyib qolmasligiga amin bo'lishmaganda, qizib turgan cho'g'ga qadam bosarmidi? Albatta yo'q-da! Kasallikdan sog'ayish  bu aql kuchlarimizning bir nuqtada jamlanishidir.
Siz vizualizatsiya va affirmatsiya ko'magida o'z aql kuchlaringizni bir nuqtada jamlaysizmi?

Xuddi shunday! Siz ancha idrokli shogird ko'rinasiz,  dedi ustoz.  Bu kuchlar dunyoga kelganingizdan boshlaboq sizda mujassam topgan, endi buni dalillar va vizualizatsiya bilan bir nuqtaga jamlash zarurdir.
Buni qanday oraliqda o'tkazgan ma'qul?
Deylik, bunga har kuni ertalab, kunduzi va kechqurun kamida o'n besh daqiqa vaqt ajratish zarur. Agar imkon topsangiz, mashqlarni yanada tez-tez oraliqda bajaring. Tanangizni sog'aytiruvchi vizualizatsiya bilan davolang, affirmatsiyada esa mumkin qadar tez-tez yozib va tovushingizni chiqarib o'qing. Har kuni borgan sari tuzalayotganimni his qilyapman, Men sog'lom, kuchli va baquvvatman, Hayotimda hammasi yaxshilanib bormoqda, Kundan kunga barcha jihatdan o'zimni yaxshiroq sezyapman degan ta'riflarni qo'llashingiz mumkin. Ta'riflardan qay birini tanlasangiz ham uni kuniga bir necha bor takrorlashingiz darkor. Buni imkon boricha tez-tez, jillaqursa, ertalab, kunduzi va kechqurun albatta takrorlashga harakat qiling.
Tez fursatda bu miyangizga o'rnashib qoladi va Asl Salomatlik hissiga ega bo'lasiz.
Bugungi bilib olganlarim meni juda lol qoldirganini e'tirof etishim kerak. O'zing uchun biron-bir foydali jihatga egalik imkoniyatini olmoq nihoyatda ajoyib,  dedi yigitcha.  Lekin marhamat qilib ayting-chi, meni sizga ro'para qilgan keksa xitoyliklik kim o'zi?
Uning kimligini ham, qaydan kelganini ham bilmayman. U kitoblarini olib ketish uchun umuman qaytmadi, to'g'risini aytsam, u endi kelmasa kerak, deb o'ylayman. Umuman, nazarimda, u kitoblarni men uchun, ularni o'qib chiqib, o'sha davrda menga juda zarur bo'lgan ishonch va hayotda yo'l topishimga ko'maklashish maqsadida buyurtirgan bo'lsa kerak. Faqat shunigina aniq bilamanki, u hayotimni asrab qolishga yordam berdi. Umrimdagi eng muhim saboqni menga u berdi.
Bu qanday saboq ekan?  so'radi yigit.
	Ikki og'iz so'z bilan ifodalaydigan bo'lsam, aqlimizga bo'ysunmaydigan biror-bir narsaning o'zi yo'q. Sog'ayib ketgan hamda buning uddasidan chiqolmagan kishilar orasidagi farq shundan iboratki, avvalgilari sog'ayish imkoni borligiga ishonadilar, keyingilari esa yo'q. Bu Asl Salomatlikning birinchi qonuni... Tansihatlik va kasallikning asosi aqlimizga joylashgan!
Ayol shu so'zlarni aytarkan, tokchadagi bezakli likopchani qo'liga oldi.
	Mana bu yerda hammasi aytilgan,  dedi u. 
Likopchaga quyidagi yozuv bitilgandi:
Kimda   kim   ishonsagina,   g'alaba qozonadi.
Shu kuni kechqurun yigitcha kundalik daftariga yozib qo'ydi:
Asl Salomallikning birinchi siri  sog'lik va kasallikning asosi aqlimizga joylashgan.
	Aql kuchi har qanday og'riqni yengib o'tishga, kasallikdan sog'aytirishga va Asl Salomatlikka yetkazishga qodir.
	Biz aqlimizni salomatlik va sog'ayishga quyidagi vositalar orqali jamlashimiz mumkin:
sog'aytiruvchi vizualizatsiya bilan (kuniga kamida uch marta o'n besh daqiqadan mashg'ullik);
sog'aytiruvchi affirmatsiya bilan (sog'aytiruvchi tasdiqlarni kuniga uch bora: ertalab, kunduzi va kechqurun takrorlash). 
Yigitcha o'zini ancha bardam his qlla boshladi va uning ahvoli ilgarigiday chorasiz bo'lib tuyulmasdi. Shu kuni u ilgarilari ularning imkoniyatlariga ishonmaydigan mo'jizalar guvohi bo'ldi. U cho'ntagidan bir bo'lak karton qog'oz oldi-da, unga yozib qo'ygan fikrni tovushini baralla qo'yib o'qidi:
Kundan kunga, har kuni o'zimni yanada yaxshiroq sezyapman.

