Ajr

Qizimni urgan qo'llaring akashak bo'lsin! Sen mening qizimni urding - seni Xudo ursin! Mening qo'llarim sening yoqangda! Qiyomatgacha qarg'ayman seni!.
Qaynonasining faryod bilan aytgan bu so'zlari xotirasiga mixlanib qolgan.
O'shanda sud hukmini kutib o'tirgan edi. Qaynonasi ayyuhannos solib kirdi. Qarg'adi. Qarg'ab-qarg'ab xumoridan chiqmadi. Dod solib yig'layverdi. Sud ishiga xalaqit beryapti, deb uni qariyb sudrab olib chiqishdi. Uning faryodi tashqarida ham tinmadi.
U avvaliga qaynonasining qarg'ishlariga tushunmadi. Xotinining o'lganini keyinroq bildi. Bildi-yu, qo'rqib ketdi. Agar bu o'limni ham yelkamga yuklashsa, rahm qilishsa o'n besh yil berishadi, bo'lmasa otishlari tayin, deb o'ylab yuragi orqasiga tortdi. Har tugur traktorni mast holda haydagani, Jiguliga urilgani, haydovchining jarohat olgani... qamalish uchun kifoya qildi. Qo'liga kishan urib, sud xonasidan olib ketishdi. O'sha onlarni keyinchalik eslasa Baxtimdan o'rgilay, deb qo'yadigan bo'ldi. Xotini o'sha kuni emas, ikki-uch kun avvalroq o'lganida otuvdan qutulib qololmasligi tayin edi.
Sudga nima, urganingda jigari yorilib ketgan, deb qotillik jandasini bo'yniga iladi. Qaynonasinikiga borib janjal qilgani, xotinini quvib yurib urganini bilishgach, qasddan o'ldirgan, deb hukm chiqarib yuboraverishadi.
Qasddan... Xotinini o'ldirish xayoliga kelganmidi o'sha damda? Qaynonasinikiga nima uchun borgan, xotinini nima uchun urgan - o'zi ham bilmaydi. Esida qolgani: shiyponda mehmon kutadigan bo'lishdi. Raisning muovini kelib, unga Traktoringni tutatma. Bugun nozik mehmon keladig'on, bi-ir pazandaligingni ko'rsat, deb ketdi. Raisning mehmon kutadigan bog'i, o'zining oshpazi bo'lsa ham mehmonning bu yerda kutilishi ular uchun tushunarsiz hol edi. Uning pazandaligiga ko'pchilik qoyil qolardi. O'zi ham qozon atrofida yayrab ketardi.
Xullas, mehmon keldi. Ovqat yeyishining tayini yo'q, ozg'ingina odam ekan, Jussasi nozikmidi yoki amali nozikmidi, bilisholmadi. Bilishga qiziqishmadi ham. Mehmon ketgach, ziyofatni o'zlari davom ettirishdi. Bir tomondan kunning issig'i, yana bir tomondan xalqumlarini qizdirib o'tgan shayton suvi ta'sir qilib, shomga qolmay yumalab qolishdi.
U shom salqinida bir oz o'ziga kelib, ko'zini ochdi. Shishalarda, piyolalarda qolgan-qutganini to'plab, nafsini orom oldirtirgach, bir amallab traktoriga chiqib oldi. Uyga borgani esida. Onasi nimadir dedi. Nima deganini keyin hech eslay olmadi. So'ng qaynonasinikiga bordi... Qaytishda bir mashina ro'parasidan chiqdi. Keyin bilsa, uning o'zi traktori bilan mashina ro'parasidan chiqqan ekan.
Shunga yosh umrini juvonmarg qilib qamash shartmidi?..
Uning xulosasi shu edi.
Ko'p narsalar esidan chiqib ketdi. Lekin qaynonasining faryodini unuta olmadi. Qamoqda yurganida ham, keyin ham vaqti-vaqti bilan quloQi ostida jaranglayverdi. Har jaranglaganda bir cho'chib tushadi. ...Seni Xudo ursin!.. Ibodatsiz bo'lsa ham qo'rqardi bu qarQishdan. Xudo qanaqasiga urar ekan? - deb ko'p o'ylardi.
Toshbolta Xudoning qanaqasiga urishini mana endi bilganday bo'ldi.
Bu ojiz banda, bu nodon banda, bu shayton izmidagi banda foniy dunyodagi har bir harakati, har bir aytgan gapi uchun ajr mavjud ekanini, hatto qizining o'limi ham o'ziga yarasha mukofot ekanini anglab yetmagan edi.
U norasmiy kuyovi, bir vaqtlardagi o'zining ta'biri bilan aytganda valine'mati bo'lmish Tursunalining qo'liga kishan urilganida ko'p ham qayg'urmadi. Topar-tutari yaxshi, obro'-e'tibori ham baland chin kuyovga yolchiganidan so'ng Tursunali ko'ziga shumqadam bo'lib ko'rinayotgan edi. Shilqimligi bir kunmas bir kun qizining oilasini buzishi mumkinligini o'ylay boshlagan, avvalgi fikrlaridan qaytgan, boy amaldorga o'ynash bo'lishning qisqa umrli baxt ekaniga tushunib qolgan edi. Erta-indin urilib ketish ehtimolidagi amaldorga o'ynash bo'lishdan, tagida vertolyoti bor olimga xotin bo'lish ming karra afzal, degan to'xtamga kelganida uning mushkulotini Xudoning o'zi yengillatib berdi - o'ynashni yo'ldan olib tashladi. Unga qadar norasmiy kuyovining marhamati bilan Sibiriya shaharlariga meva-cheva olib borib sotishni kasb qilayotgan edi. Bu ish bilan shu paytgacha shug'ullanib kelgan odamlari Tursunalining nazarida g'irromlik yo'liga o'tishgan, uncha-buncha pulni o'marib qoladigan bo'lishgan edi. Gulday qizining nomusini hadya etishdan qaytmagan Toshboltaning sadoqatiga ishonib, Magadanga olib boriladigan bir vagon pomidorni unga topshirdi. Toshbolta pulga qo'shib, bu yerlarda topilishi qiyin bo'lgan tilla-javhar buyumlarni olib kelib bergach, mo'ljalni bexato olganidan o'zicha quvondi. Men buni bir laqma oshpaz deb yursam, baloning o'qi ekan-ku! deb ishonch darvozalarini kengroq ochdi.
Toshboltaga aynan shu - ishonch darvozasidan o'tib, ichkariroq kirib, yaxshiroq o'rnashib olish kerak edi. Aslida u yulduzni benarvon uradigan toifadan emasdi. Tursunali gumon qilganidek, ozgina laqmaligi ham bor edi. Ammo kattaroq daromadning hidi dimoqqa urilsa hiyla bosh ko'tarib, laqmalikni quvar ekan. Vagon Magadanga yetib borgunicha sheriklarining suhbatlariga zehn solib, pulni pulga urishtirib tilla yasashni o'rgandi. Magadandagi mijozlar esa direktorga yaqin odamni o'zlariga og'dirib olish uchun bu kasbning sir-sinoatlarini o'rgatdilar. Pulning bir qismiga javhar ko'zli tilla uzuk olib borish ham ana o'shalarning maslahati bilan bo'lgan edi. Birinchi safardayoq kishi bilmas tarzda puldan o'marib qoldi. Tursunali uning sadoqatidan, vijdonan ishlashidan mamnun bo'lgan holda foydadan tuzukroq ulush ajratdi. Cho'ntak pulga to'lgach, yurish-turish ham bo'lakcha bo'ldi. Ko'rmaganning ko'rgani qursin, deganlari shu-da!
Tursunali qamaldi-yu, norasmiy qaynota ikki jumboq qafasida qoldi. Birinchi jumboq - tilla bezaklarga oid edi. U Sibiriya tomonlardan har safar tilla-javhar bezak olib kelardi. Tursunali qamalib, uyi tintuv qilinganda boylik chiqmagan emish. Boylik topishni bilgan yashirishni ham bilgandir, ammo qayerga yashirgan? Toshboltaning tinchini olgan jumboqning asosiysi shu edi. Qizidan bir necha marta so'radi, Nafisa bilmayman, deb yelka qisib turaverdi. Ikkinchi jumboq Sibirga qatnashning to'xtashi yoki to'xtamasligiga bog'liq edi. Uning baxtiga yangi direktor begonalardan bo'lmadi. O'zining qo'lidan taom yeb yurgan, Tursunalining maishatiga sherik bosh muhandis yigit direktorning kursisiga o'tirdi. Bir oy mobaynida bog'dagi mehmonxonaga qadam bosmadi. Kelgan mehmonlarni ham idoradan nari kuzataverdi. Yangi halol rahbarning ibratli ishlari haqida gap-so'zlar boshlangach, ustozining yo'liga pinhona tarzda o'ta qoldi. Meva-chevalar pishishi arafasida Toshboltani chaqirib, Sibiriya safari haqida surishtirib, ishni avvalgiday davom ettirishi lozimligini aytdi. So'ng:
- Nafisaxon sog'-salomatmilar? Bu tomonlarga bir kelaman ham demaydilar-a? Kelsalar bexabar qolmaylik, - deb qo'ydi.
Bu bilan ustozining merosxo'ri sifatida o'ynashga ham ega chiqajagini shipshitgan bo'ldi.
Obbo xunasa-ey, sening ham darding bormi?! - deb o'yladi Toshbolta Qashlanib. E, bola, mening qizim fohisha emas, eri bor, uy-joyi bor! - deb siltamoqchi bo'ldi-yu, o'zini tiydi. Gapiraveradi-da, ko'z tikkani bilan qizim kelib to'shagiga yotib olarmi-di, - deb o'zini ovutdi.
El og'zida Ot bosgan joyni toy bosadi, degan naql yuradi. Shunga ko'ra Tursunali ot bo'lsa, shogirdi toy misol edi. Qo'polroq tarzda tavsif berilsa, Tursunali tupirganu u yalagan edi. Ustozi qamalganida uning ham paytavasiga qurt tushdi. Harholda ustozi oshni o'zi oshalagani bilan unga yalatib turardi. Yangi direktor Yaratganga emas, rahbarlariga shukr qiladi: har tugul oshalaganlarni olishdi-yu, yalaganlarga marhamat darvozalarini ochishdi. Ular anglashmadiki, yaloqxo'rlarning nafsi oshalaganlardan ham buzuqroq bo'ladi. Oshalagan qorni to'ygunicha yeydi. Yaloqxo'r esa ko'zi to'ygunicha. Ko'zning hech qachon to'ymasligi esa barchaga ayon. Xususan, kattalarning xizmatini qilib yurib fe'l-atvorlarini bilib olgan Toshboltaga ham ma'lum bu. Shu sababli qizi tilga olinganda uning ko'zlarini o'yib olgisi kelgan bo'lsa-da, o'z aravasini o'zi tortib ketishga qurbi yetmasligini bilgani uchun o'zini tiydi. Yaloqxo'r deb yangi direktordan nafratlangani bilan tirjayib, unga qulluq qilib turishga majbur edi.
Yangi direktor ham Toshboltani suymas edi. Belida belbog'i bo'lsa gulday qizini xo'jayinga o'ynash qilib qo'yarmidi, deb g'ijinib yurardi. Bu g'ijinish pokizalik alomati emas, balki rashk olovining mevasi edi. Tursunalining qilmishi haromning o'zi bo'lgani kabi buning g'ashligi halollik emas edi. Ba'zan bu go'zalning bir kechalik og'ushi uchun dunyosini berishga rozi bo'lib ketardi. Omadini qarangki, dunyosini bermasa ham jonon naqd bo'lib qoldi. Bu Oshbolta deganlari hozircha xizmatimni qilib yuraversin. Vaqti kelganda bir tepsam enasinikiga kirib ketadi - yangi direktorning mo'ljali shu edi.
Bir-birlarini yomon ko'rganlari bilan ularni nafs deb nomlangan ko'rinmas zanjir mahkam bog'lagan edi. Nafsning miqdorini o'lchaydigan tarozi bo'lganda ham qaysi biriniki buzuqroq ekanini aniqlab bera olmas edi. Nafsga bandi bandalar shu holatlarida bir-birlari bilan murosa qila oladilar. Pokiza hayotni afzal biluvchilar esa arzimagan masalalar bo'yicha gap talashib, oqibatda ittifoq qila olmaydilar va oqibatda nafsga bandi bandalar yetkazgan zulmdan azob chekib noliy boshlaydilar.
Toshbolta ham, yangi direktor ham qimorbozning gardkam! deyishi kabi tavakkal qilgan edilar. Dastlabki ittifoq ikkovlari uchun ham manfaatli edi. Ayni choqda ikkovi ham ajralish onlariga tayyorgarlik ko'rardilar. Yangi direktor Toshboltaning avvalgi kabi sadoqat bilan ishlashiga ishonmagani sababli uning o'rniga o'z odamini tayyorlardi. Toshbolta ham yangi xo'jayin eskisi kabi marhamatli bo'la olmasligini anglab mustaqil ish yuritishni, hatto boshqa yerga ko'chib ketishni ko'zlardi. Shu borishida Sibiriyada orttirgan oshnalari bilan maslahat qilib ayrim ishlarni pishitdi. Yangi direktorga topshiradigan puldan ko'proq urib qolib, noyob mollar xarid qildi. Safardan ko'ngli to'lib, yaxshi niyatlar bilan kelib qizi yashaydigan uy eshigini ochdi-yu...
Yaratgan tayyorlab qo'ygan mukofotlardan biri - shu edi...
Ko'zlariga ishonmadi. Xuddi tush ko'rayotganday bo'ldi. Eshikni ochishi bilan dimoQiga sassiq hid urilganida Eri bilan ketgan bo'lsa, ovqat-povqati hidlanibdi, deb o'yladi.
Keyin... avval notanish erkakning jasadini ko'rib bir seskandi. So'ng qizining ahvolini ko'rib tanasidan jon chiqib ketganday bo'ldi. Qizim! Nafis! - deb baqirmoqchi edi, ovozi pichirlab chiqdi. Ko'z oldi qoronQilashib, hamma narsa ayqash-uyqash bo'lib ketdi. Ana shu qoronQulik qa'ridan qaynonasining hayqirig'i otilib chiqdi: Seni Xudo ursin!!.
Militsiyaga xabar qilgach, yuklarni ichkari olib kirdi-da, jomadon ustiga holsizlanib o'tirdi. Boshini changallab, tebrandi. Yig'lashi kerak edi - yig'lay olmadi. Yig'i ham Ollohning ne'mati ekan, rahm qilganiga berar ekan bu ne'matni. Yaratgan Toshboltaga bu onda yig'isiz ruh azobini ravo ko'rdi.
Poezdda kelayotganida yuragi g'ash edi. o'ashlikni yoyish uchun sheriklari uzatgan aroqni qaytarmay ichaverdi. Ikki tun ketma-ket birinchi xotinini tushida ko'rdi. Xotini ozib ketgan, eti ustixoniga yopishgan holda emish. Holsiz emish, xasta emish. Meni qaraydiganim yo'q, mehribonim yo'q, deb yig'lar emish. Ko'zlaridan oqqan yosh muz donalariga aylanib qolarmish. Toshbolta Seni bu yerdan olib ketaman, deb opichib olganmish. Xotini esa yig'lab, yalinib yo'q, olib ketmang, o'zingiz keling, der emish.
Toshbolta ertalab uyg'onib, bu tushidan ajablandi. U tush yo'yishni bilmas edi. Harholda bu tush yaxshilikka ishora emasligiga aqli yetdi. Keyingi uyqusida xotinini yana ko'rdi. Xotini juldur kiyimda emish. Keyin qaynonasi paydo bo'ldi. U qarg'adi, qarg'ayverdi, xotini esa kuldi, kulaverdi...
Jomadon ustida boshini changallaganicha tebranib o'tirgan Toshbolta shularni esladi.
Keyin... odamlar kelishdi.
Keyin... tergovchi so'roq qildi...
Bularning hammasi tush kabi edi. Go'yo hozir uyg'onadiganday, dahshatli tush barham topadiganday edi.
Tekshiruvchilar tekshiradiganlarini tekshirib bo'lishgach (Sibiriyadan keltirgan mollari ham e'tibordan chetda qolmadi - xatga tushirildi), uyni berkitib, muhrlaymiz, deyishdi. Qalbi muhrlangan banda uyni muhrlamoqchi bo'lganlarga nima ham deya olardi? Boshini xam qilib uydan chiqdi. Qizining nomusi sotilganda egilishi lozim bo'lgan bosh ajal tig'i qo'zg'olgach, birato'la egildi.
Toshbolta uyiga anchagina mol-dunyo ko'tarib kelishni reja qilgan edi. Bu safar adoqsiz alam-g'am dunyosini yelkasiga ortmoqlab kirib keldi. Erini g'amnok ahvolda ko'rgan Adolat avvaliga ajablanib qarab turdi. Keyin uch-to'rt qadam qo'yib peshvoz chiqdi-da. Salomaykum, deb savol muhrlangan nazarini eridan uzmay qarab turdi. Savol so'ralmagan bo'lsa ham Toshbolta bu qarashda Ha, nima bo'ldi, yuklaringiz qani? degan ma'noni uqib g'ijindi-da, ichida He, saloming boshingni yesin! - deb qo'ydi.
...Toshbolta qamoqdan chiqib qishlog'ida uzoq yashay olmagan edi. Xuddi birov atayin uyushtirayotganday qaynotasiga, qaynog'asi, qaynilariga duch kelaverdi. Ular, ayniqsa qaynonasi, tilda gapirmasalar ham ko'z qarashlari bilan qarg'ardilar. Traktorchilikka birga o'qigan oshnasi cho'ldagi yangi sovxozda brigada boshlig'i ekan, onasining ziyoratiga kelganda Toshboltani uchratib, ishga taklif qildi. Tasodifni qarangki, o'sha yili Adolat ham qalb da'vati va komsomol yo'llanmasi bilan cho'l quvgani kelgan ekan. Uning shahardagi qiliqlaridan bexabar Toshbolta jilmayib qo'yishlariga xushtor bo'lib, o'qituvchi xalqi yaxshi bo'ladi, degan fikrda odam qo'ydi. Adolat qamalib chiqqan traktorchiga tegamanmi, deb nozlanib o'tirmadi. Zero, bu yerga kelishdan maqsadi cho'l quvish emas, biron laqmani topib er qilib olish edi. Unga nomi uchun er bo'lsa bas edi. Shunga binoan uning maqsadi shoirlarning tili bilan aytiluvchi cho'lquvarlik emas, balki erquvarlik edi. Toshbolta uylangach, xotinimning ismi o'ziga mos ekan, deb qizini olib keldi. Dastlab turmushidan rozi edi. Adolat ko'p jihatlari bilan birinchi xotinidan a'loroq tuyuldi. Keyin-keyin asal oylari tugab, zahar kunlari boshlangach, Agar Adolat degani shu bo'lsa, adolatiga ming la'nat! deb peshonasiga shapati urdi. Qo'shning yomon bo'lsa, ko'chib qutulasan, xotining yomon bo'lsa qo'yib qutulasan, deyishadi. Toshbolta bu maqolni birinchi kim to'qiganini bilmaydi. Bilganida edi, o'sha aytgan odam hayot bo'lganida edi, unga tik boqib: Bekor aytibsan! - derdi. - Gapimga ishonmasang, ana, Adolat degan shaytonning urg'ochisiga uylanib ko'r-chi, qo'yib qutula olarmikansan! 

 Yomon xotun shayotun qamchisidur,
 Qo'lung bog'laguvchi arg'amchisidur.
 O'shal xotunki nomahram nazardur,
 Agar u shamsu qamardur mochaxardur.
 Agar chandiki buzrukzodadur ul,
 Yaqin bil, to'rt oyoqlik modadir ul...

Ayni chilla paytida brigadalariga bir muxbir kelib, qamish chaylada oshxo'rlik qilib, yuzta-yuzta otib o'tirishganda yomon xotindan gap chiqdi-yu, mehmon shu satrlarni o'qib berdi. Ayrim so'zlariga yaxshi tushunmasa ham she'r Toshboltaga ma'qul kelib, uch marta qayta o'qittirdi. Muxbir yigit xotin oydek bo'lsa ham, quyoshdek bo'lsa ham, agar u yomon bo'lsa urg'ochi eshshakning o'zidur, deb izoh bergach, to'lqinlanib, ko'zlari yoshlanib akam bo'lasiz! deb cho'lpillatib o'pib ketdi. So'ng satrlarni bir parcha qog'ozga yozdirib ham oldi. Kayfi tarqagach, she'rni ham, satrlar yozilgan qog'ozni ham unutdi. Ko'ylagi yuviladigan bo'lganda Adolatning qo'liga tushib, u labini burdi. She'rni o'sha muxbir yozgan deb o'ylab, eriga dashnom berdi-da: o'shaningiz bekorlarning beshtasini aytibdi, shayton urg'ochi bo'lmaydi, erkak bo'ladi, she'r ham yomon xotun emas, yomon erkak deyilgan, deb donolik qildi. Uning ishonch bilan aytgan gaplarini tinglagan kishi shaytonni shu tuqqanga o'xshaydi, shaytonning erkakligini aniq bilyapti-ku deyishi mumkin.
Er-xotin orasida birinchi janjal chiqqanida Adolatning o'zi unga ovora bo'lmang, meni qo'ya olmaysiz. Mendan faqat o'libgina qutulasiz, deb dangal aytgan edi. Toshbolta nima qilsin, taqdirga tan berib yashayverdi. Faqat ichib olgan kezlari do'stiga hasrat qilib e, oshnam, sen mening dardimni bilmaysan, peshonamning sho'rini o'lchash uchun traktor tortadigan tarozining ham kuchi yetmaydi, deb nolirdi. Adolat esa mehribonlik qilib unga yana uchta qiz tug'ib berdi. Qizlari tug'ilgunicha bir navi edi. Ana undan keyin Nafisaning ham qora kunlari boshlandi. O'gay ona qanday bo'lmog'ini bilmoq istaganlar Nafisadan so'rasalar edi, u aytib berardi. O'gay onalarning zulmi haqida hikoyalar ko'p. Adolat ulardan o'tsa o'tardiki, kam emas edi. Nafisani Tursunaliga ro'para qilish fikri dastlab aynan shu xotindan chiqqani inobatga olinsa, makr bobida tengsiz ekanini anglamoq mumkin.
.. Toshbolta o'likxonaga olib ketilgan qizining murdasini qachon olishi mumkinligini so'rashni ham unutib, qishlog'i sari yo'l olganida Adolatning o'sha fikrini esladi. Esladi-yu, bo'g'ildi. Shunda ham Ahmoq xotinning gapiga kirgan - men ahmoq! demadi. Uning aqlsiz aqliga bunday gapning kelishi mumkin ham emasdi. Buning o'rniga Nafisani direktorga qo'shingu keyin Tursunalini sog'in sigirday sog'ib yuravering, degan tillarini uzib olgisi keldi. Qanday qilib qo'shishni o'rgatgan bu xotinni o'sha paytda o'ldirmaganiga achindi. O'ldirganimda meni ham otishardi, bu azoblarga duch bo'lmas edim....
Toshbolta qizining shu yo'l bilan baxtli bo'lishiga ishongan edi. Dastlab baxt quyoshi charaqlagan ham edi. Bu nurdan uning xonadoni bahramand edi. Uylariga gilamlar... rangli televizorlar kirgan edi. Sibiriyaga qatnay boshlagach, u ertakdagi baliqchi cholga, Adolat esa kampirga aylandi-qoldi: teshik tog'oraga qanoat qilmadi, saroyga ham... Uylari direktornikidan kam emasdi... Navbat Jiguliga yetganda...
Baxt quyoshi birdan so'ndi. Baxt quyoshi deb o'ylab yurganlari aldamchi ko'rinish ekan. Bu quyosh deb o'ylaganlari nur emas, qon sachratayotgan ekan.
Toshboltaning nazarida bularning barchasiga Adolat aybdor edi. Uyiga kela kelgunicha bu fikr qat'iy qaror quvvatini oldi. Shu bois ham salomga alik olmay saloming boshingni yesin, deb qo'ygan edi.
Toshbolta ayvonga to'shalgan ko'rpachaga omonat o'tirdi. U aslida uyga kirmay qishloqdagi oshnalarinikiga borib, boshiga tushgan kulfatdan ogoh qilmoqchi, qayerga ko'mganimiz ma'qul, shu yergami yo qishloqqami? Tog'alariga xabar berayinmi yo yo'qmi? deb maslahatlashmoqchi edi. Keyin fikrini o'zgartirib, xotinga xabar berib qo'yay, deb yo'lni uyga burgandi. Ko'rpachaga o'tirgach, bir xo'plam choy umidida xotiniga qaradi. Xotin esa uning ro'parasiga o'tirib oldi. Toshbolta choy so'rashni ham, kulfat xabarini aytishni ham bilmay garang, Adolat esa erining ahvoliga tushunmay hayron edi. Xotin kishining sabr kosasi erkaknikiga nisbatan sayozroq bo'ladi. Shu bois ham birinchi bo'lib Adolat tilga kirdi.
- Ha, muncha, men yeb siz quruq qolganday tumtayyapsiz? Nima bo'ldi, yorila qoling!
Toshbolta uchun bu gaplar yangilik emasdi. Avvallari eshitganida e, o'chir! - deb qo'ya qolardi. Hozirgisi go'yo o'q bo'ldi-yu, azob iskanjasidagi yuragiga qadaldi.
- Uningni o'chir, qanjiq! - deb baqirib yuborganini o'zi ham bilmay qoldi.
Kuchli, ayni damda alamli hayqiriq bilan otilib chiqqan bu haqorat Adolatning hushini oldi. Uncha-bunchaga gap bermaydigan, bo'yin egmaydigan bu xotin chindan ham unini o'chirgani ma'qulroq ekanini anglab, chaqqon o'rnidan turdi-da, oshxonaga qarab yurdi. Bir ozdan so'ng choynak-piyolani ko'tarib kelib, eriga choy kuyib uzatdi:
- Dadasi iching, hovuringiz bosiladi.
Iliq lafz bilan aytilgan bu gap ham Toshboltaga malol keldi.
- Hovurim bosilsinmi? Hovurim bosilishini istab qoldingmi?! He, enangdi... He, seni menga ro'para qilgandi... - deb turib tuyqusdan piyolani otdi. Adolat chaqqonlik qilib boshini egib qolmaganida piyola naq peshonasiga tegardi. Erining fe'lini yaxshi bilgan Adolat G'azab o'tining alanga olishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida chaqqon o'rnidan turdi. Bunday holatda ko'p ayollar qochishga, berkinishga harakat qilishadi. Adolat esa o'zini tank ostiga tashlaydigan jasur askar kabi eriga yaqin kelib, yelkasidan quchib oldi.
- Voy, dadasi sizga nima bo'ldi? Sizni qaysi uying kuygur xafa qildi? - deb ovuta boshladi.
Adolatning makri amal qilib Toshbolta picha hovuridan tushdi. Bo'g'ziga yig'i kelib, ko'zlari pirpiradi.
- Ayting, ayta qoling, yengil tortasiz, nima bo'ldi?
- Nafis... Nafisni o'ldirib ketishibdi... - Shunday deb yig'lashi lozim edi, ammo bo'g'ziga qadar kelgan yig'i zohirga chiqa olmadi.
- O'ldiribdi? Qaysi uying kuygur o'ldiribdi? Nima qasdi bor ekan?
Toshbolta bilmayman, deb bosh chayqadi.
Adolat bir zum jim qoldi. Keyin past ovozda:
- Bir kunmas bir kun shunday bo'lishini bilardim, - dedi.
- Nimani bilarding? - dedi Toshbolta sergak tortib.
- Jahlingiz chiqmasinu, g'ar bo'l, o'g'ri bo'l, insof bilan bo'l, deyishadi.
- Nima?! - Xotinining bu gapini eshitib, Toshboltaning ko'zlari kosasidan chiqar darajada olay-di: - Nima deding, qanjiq?! Hali mening qizim senga g'ar bo'ldimi?!
Toshbolta shunday deb xotinini tirsagi bilan turtib yubordi. Adolat kutilmagan zarbdan yiqildi. Astoydil do'pposlashga hezlanib o'rnidan turayotgan erining vajohatini ko'rib, kurash qurolini o'zgartirishi lozimligini angladi. Harbiylarda eng ma'qul mudofaa usuli - hujumdir, degan haqiqat bor. Adolat harbiy emas, bu qoidani bilmaydi. Ammo xalqda mavjud qo'rqqan oldin musht ko'tarar, degan maqoldan xabardor bo'lgani sababli eridan avvalroq o'rnidan turib, unga chekchaydi:
- Ha, g'ar bo'lmay go'rmidi? g'arligini bilmasmiding?!
Avvalgi janjallarda Adolat baqirib, sensiray boshlaganida Toshbolta Sen it bilan teng kelamanmi, - deb chekinib qo'ya qolardi. Adolat bu safar ham shunday bo'lishiga umid qilib yanglishdi: bu shunchaki er-xotinning urushi - doka ro'molning qurishi emas, o'rtada fojiali o'lim topgan farzandning ruhi bor edi. Toshbolta uning sensirashiga ham, baqirishiga ham parvo qilmay Adolatni urib qoldi. Adolat Voy-dod! deganicha hovliga qochdi. Toshbolta uni quvlamoqchi bo'lganida oyog'i zinada toyib ketdi-yu, yonboshiga gursillab yiqildi. Chakkasi ayvon ustuniga urildi.
Adolat bu holatni ko'rib, avvaliga Ajab bo'lsin, battargina bo'l-a! - deb o'yladi. So'ng erining qimirlamay qolganini ko'rib voy o'layin, voy dadasi! - deb yugurganicha yaqinlashdi. Toshbolta hadeganda xushiga kelavermagach Voy-dod, erim o'lib qoldi! Voy-dod, shunqorimdan ayrilib qoldim! deb faryod ko'tardi. Uning ovozini eshitgan qo'shnilar chiqib, Toshboltani ko'tarib ayvonga yotqizishdi, vrach chaqirishdi. Vrach Shu yerda qimirlamay yotsinlar, qimirlatsanglar uzilishlari mumkin, dedi.
- Tuzalib ketadilarmi, axir? - deb so'radi Adolat.
- Umid qilavering.
Adolat bu javobni eshitib Do'xtur bo'lmay o'la-a, tuzatish qo'lingdan kelmasa, nimaga umid qilaman,- deb ming'irladi.
Ertasiga Toshboltaning xastaligidan xabar topgan oshnalari kelishdi. Yengil xurrak otib, harakatsiz yotgan do'stlariga achinib qarab o'tirishdi. Yo'lda urinib qolgandir? - deb xulosa chiqarishdi. Shunda Adolat:
- Yo'l ham bir go'r, qizlarini o'ldirib ketishibdi. Shundan kuyib ketdilar, - dedi.
Oshnalar bu kutilmagan fojea xabaridan ajablanib: Qachon? Qayerda? deb so'rashdi. Adolat aytishga ham ulgurmay shunaqa bo'lib qoldilar, - deb bezrayib o'tiraverdi. Dafn etishibdimi? degan savol ham javobsiz qoldi. Shunda ular Dafn etadag'on bo'lsa o'sha yerdan telpon qilib xabar berardi, uch kun o'tirardi, degan to'xtamga kelishdi.
Bir oz jimlikdan so'ng oshnalardan biri:
- Unda borib mayitni olib kelish kerak, dafn etish kerak, - degan taklifni aytdi.
Ayvonning bir chetida o'tirgan Adolatga bu taklif ma'qul kelmadi.
- Ko'madigan eri bor-ku? - deb tanbeh berdi.
Oshnalar bu xotin oldida maslahatlashish ortiqchaligini bilib, o'rinlaridan turishdi. Bu xonadondan chiqib to'g'ri samovorxonaga bordilar-da, maslahatlarini davom ettirdilar. Oradan bir soat o'tmay uch kishi shaharga yo'l oldi. Bir kishi Toshboltaning qishlog'iga, Nafisaning tog'alariga xabar berish uchun jo'nadi.
Mayitni olib ketamiz, deb kelgan uch kishi kun bo'yi ovorai-sarson bo'ldilar. Maslahatni xom-xatala pishirib yo'lga chiqaverganlaridan afsuslandilar. Marhumaning uyini bilishmasa, nasabini bilishmasa, erining kimligini bilishmasa bu katta shaharda ular sarson bo'lmay yana kim bo'lsin? Ular yo'lga chiqishganda o'likxonaga boramizu og'aynimiz Toshbolta kasal bo'lib qoldi, qizining jasadini beringlar, deymizu jasadni moshinga yuklab shomgacha yetib kelamiz, bomdodga chiqaramiz, deb mo'ljal qilishgan edi. Avtobusdan tushishgach, bir taksini kira qilishib, bizlarni o'likxonaga boshlab boring, uka, deyishdi.
- Qaysi biriga? - dedi taksichi.
- Iie, o'likxona ko'pmi bag'da? - deb ajablanishdi oshnalar.
- Katta kasalxonalarning har birida bor-da, - dedi taksichi.
- Unda eng kattasiga boshlang, - deyishdi oshnalar.
Kasalxonada qachon o'lgan, familiyasi nima? degan savolga yelka qisish bilan javob berishdi. Ikkinchi joyga borishganida ham shu savolga duch kelishib egasiz murdalar bo'lsa, ko'rsating, deyishdi. Ko'rishdi ham. Uchinchi yerga borishganida qachonligini bilmaymiz-u, ammo bir-ikki kun ichida o'ldirib ketishgan shekilli, - deyishdi. Ana shunda masala sal oydinlashib kasalxonalardan axtarmanglar, o'ldirilgani aniq bo'lsa boshqa yerga boringlar, deb qayerga borish lozimligini tushuntirishdi. U yerda ham familiyasi? degan savolni eshitib xunob bo'lishdi.
- Xoy, uka, tushunyapsizmi, juvonni o'ldirib ketishgan, - deyishdi.
- Akaxonlar, yilda bitta juvonni o'ldirib ketishgan bo'lsa, gaplaringga tushunardim. O'ntami-o'n beshtami egasiz o'lik yotibdi...
Oshnalardan biri tarang qilayotgan yigitning cho'ntagiga pul qistirgach, ichkari kirib Nafisani tanidi.
- Shu juvon, o'rab bering, uka, olib ketaylik,- dedi.
- Sizlar kimi bo'lasiz, ruxsat oldilaringizmi? - degan savolga javob bo'lmagach, pul ham yordam bermadi. Uchovlari shomga yaqin izlariga qaytishdi. Ertasiga yetib kelgan Nafisaning tog'asi bilan yana shaharga tushib, mayitni oldilar. Nafisaning tog'asi janoza qishlog'ida bo'lajagini aytgach, noiloj unga ergashdilar.
Dafn marosimida kuyib yig'laguvchi bo'lmadi.
Faqat achindilar:
Yosh ketdi, bechora...
Otaga farzandining qabriga bir siqim tuproq tashlash nasib etmadi. Xudo hattoki shuni ham ko'p ko'rdi unga...
Omonullo bu gaplardan bexabar bo'lgani uchun mayitning kechikib olib ketilishidan ajablangan edi. O'likxonadagilar bilan gaplashib dastlab uch notanish odamning, so'ng ertasiga marhumaning tog'asi kelganini bilgach, Toshboltaning qishlog'iga borish ehtiyoji tug'ildi. Uning nazarida bu holatda ham qandaydir sir yashirin edi.
Omonulloni depara ichki ishlar bo'limining vakili Toshbolta yashaydigan qishloqqa boshladi. Vakil hech bir lutfsiz, manziratsiz eshikni ochib, hovliga kirib bordi. Omonullo esa unga ergashdi. Toshbolta ayvonda, bir necha kun avval qo'shnilar yotqizib qo'ygan joydan jildirilmagan edi. Bemorning bosh tomonida o'tirgan oq do'ppili qariya qur'ondan oyatlar o'qib vaqti-vaqti bilan dam solib qo'yardi. Kir chayayotgan Adolat hovliga bostirib kirgan notanish erkaklarni ko'rib, qo'llarini peshbandiga artganicha o'rnidan turdi-da, ularga ro'baro' bo'ldi.
- Biz militsiyadanmiz, - dedi vakil, so'ng e'tiborsizlik bilan qo'shib qo'ydi: - siz ishingizni qilavering. Domla o'qib bo'lgunicha kuta turamiz.
- O'qimay o'la qolsin, bu domla, bir foydasi bo'lsa ekan, - dedi Adolat ming'irlab.
Bu gaplar ming'irlab aytilgan bo'lsa-da, Omonullo eshitib ajablandi. Bu xotinning esi joyidami o'zi? deb o'ylab, ayvonga yaqinlashdi. Oq do'ppili qariya unga bir qarab oldi-yu, o'qishini, dam solishini davom ettirdi. Toshboltaning ochiq ko'zlari shiftga qadalgan, faqat dam solingan paytda behalovat tarzda, nimanidir izlaganday alang-jalang bo'lib ketardi. Qariya faqat o'zi eshitadigan tarzda pichirlab duo o'qidi-da, bemorning yelkalari, boshini uqalagach o'rnidan turdi. Omonullo bilan hilmlik ila so'rashdi. Shunda Omonullo qariya yuzida ajib pokizalik, ajib nurni ilg'adi.
Adolat ayvonga yaqinlashib, sholchaning bir chetini ko'tardi-da, pul olib mang, ota, deb uzatdi.
- Hojati yo'q, singlim, - dedi oq do'ppili qariya.- Men Ollohning roziligi uchun xolis xizmat qildim. Yaratgandan shifo tilang, ammo sergak turing. Umid - yolg'iz Ollohdan, - qariya shunday deb bir-ikki qadam bosdi-da, to'xtab, orqasiga qaradi: - Ha, darvoqe, singlim, Xudo xayringizni bersin. Zinhor ba zinhor o'qimay o'la qolsin, bu domla, demang. Gunohlardan o'zingizni asrang. Ajrni berguvchi yolg'iz Ollohdir.
Adolat bu tanbehdan uyalib, qizarib o'tirmadi, shuni ham eshitibdimi-ya? deb qo'ya qoldi. Omonullo esa ming'irlab aytilgan bu gap qanday ma'lum bo'ldi? deb ajablandi.
Oq do'ppili qariya chiqib ketgach, Omonullo ayvonga ko'tarilib bemor yoniga o'tirdi-da, salom berdi. Ahvolni ko'rib turgan bo'lsa-da, ko'ngil uchun:
- Salomatligingiz yaxshimi endi? - deb so'radi.
Toshbolta uni ko'rib, tanidi, ko'zlari bejo bo'ldi.
- Gapirolmaydi, til ketgan. Oyoq-qo'l ham ketgan. Tirik o'likning o'zginasi, - dedi Adolat.
Bu qo'pollik Omonulloga malol keldi.
- Kechirasiz opa, siz bu kishiga kim bo'lasiz? - dedi dag'alroq ohangda.
- Xotiniman, - dedi Adolat ayvon chetiga omonat o'tirib. Keyin izoh berdi: - Ikkinchi xotiniman. O'zingiz kimsiz?
- Men shahar militsiyasidanman. Nafisa Boltayevaning ishi bilan shug'ullanyapman, - Omonullo shuday deb guvohnomasini uzatdi. Adolat guvohnomani olib, qiziqish bilan tikildi.
- O'zi nima bo'lgan? Qiz o'lgurni nimaga o'ldirishibdi? - dedi u guvohnomani egasiga uzatar ekan.
- Eringiz aytmadilarmi?
- Aytolmadi. Shu zinadan yiqildi-yu, shunaqa ado bo'ldi. O'lib o'lmaydi, jonlanib jonlanmaydi. Boshimga bitgan bir balo bo'ldi. Traktorchiligida yag'irlarini yuvaverib qo'lim qavargan edi, endi isqirtlarini yuvish ham peshonamga yozilgan ekan. Peshonam sho'r bo'lmasa shunga tegarmidim. Shu savilga tegib men bir ro'shnolik ko'rmadim. Yotishini qarang. Bu yoqda uchta qizi yetilib turibdi. Hali bittasining ham orzu-havasini ko'rganim yo'q. Ayting, ayting, o'lib qolmasin, o'lsa butun yiqqan-terganlarim sovruladi. Hali ham dorilari hamyonni o'pirib ketyapti. Arzonroq dorilar bo'lsa ham go'rga edi. Do'xtur o'lgur nuqul qimmatini tanlab yozib beribdi.
Omonullo xotinlarning turli toifasini ko'rgan, ammo bunaqasini endi uchratishi edi. Qani, gapiraversinchi, - deb bir oz qo'yib berdi. Lekin uzoq toqat qila olmadi. Adolat shu aytayotganlarim bularga kerakmi? - deb fikr qilmay, tiliga kelganini qaytarmay gapiraverardi. Telba desa telbaga o'xshamasdi, sog' desa sog'ga. g'ashi kela boshlagan Omonullo uning gapini qoq belida shart bo'ldi:
- Eringiz traktorchimidilar?
- Traktorchi bo'lmay go'r bo'larmidi? Boshqa hunari yo'q.
- Irkutskga nima uchun borgan edilar? Traktor olib kelgani emasmi?
- Traktorga balo bormi? Ozgina meva-cheva olib ketuvdi.
- Tez-tez borib turarmidilar?
Adolatning ahmoq ham, telba ham emasligi shu savoldan keyin aniq bilindi. U militsiya xodimi bekorga savol bermasligini anglab, tilini jilovladi. Bir oz o'ylagan bo'lib:
- Bu yil birinchi borishi, - dedi.
- O'tgan yillarichi?
- O'tgan yili ham bir marta borgan.
- Sheriklari bormidi?
- Bilmayman.
- Boltayevaning uyida ancha mol bor ekan. Sheriklarimniki dedilar. Irkutskdan olingan toza mollar ekan.
Adolat eriga G'azabli nigohini bir qadab oldi-yu, indamadi.
- Bu mollarni biz egalariga qaytarishimiz kerak. Egasi chiqmasa davlat hisobiga o'tadi.
Omonullo mo'ljalni nihoyatda aniq olgan edi. Adolat moldan ayrilishi mumkinligini his qilib bir seskandi-da, Omonulloga yomon qarash qildi:
- Davlatga o'tadi? Nimaga o'tarkan? Egalariga qaytaraman, deysizmi, kim ekan egasi?
- Sheriklari-da. Eringizning o'zlari menga shunday deganlar.
- Bekor aytibdi. Hech qanaqa sherik-perigi yo'q. Mol happi halol bizniki.
- Irkutskka qachon ketib, qachon keldilar?
- Ketganiga ancha bo'ldi, bir oydan oshdi. Kelishi... shu, avvalgi kuni. Keldiyu shu baloga yo'liqa qoldi.
- Bizga ma'lum bo'lishicha, bir hafta oldin kelganlar?
Omonullo otasi o'ldirgan bo'lishi mumkin, degan gumondan uzoqlashgan bo'lsa-da, yana bir qarmoq tashlab ko'rmoqda edi.
- Bir hafta oldin kelgan ekanmi? Qaysi go'rlarda yurgan ekan?
- Bu yerga kelmadilarmi?
- Kelsa bir qadam siljitmas edim.
- Nega?
- Uy-joyga ham qarash kerakmi? Erkak o'lgur qaramasa, kim qaraydi? Men xotin boshim bilan yuguraymi?
- Siz ikkinchi xotiniman dedingiz, birinchisi qayerda?
- Go'rda.
Omonullo buni to'g'ri ma'noda aytyaptimi yo piching qilyaptimi, fahmiga yetolmay, savol nazari bilan qaradi.
- Ha, nimaga qaraysiz? Go'rda dedim-ku? O'lgan-da.
- Qachon?
- Bilmayman. Qamoqdan chiqib kelganidan keyin tekkanman men bu yer yutkurga. Aniq bilmayman-u, ammo xotinini urib o'ldirgan ekan. Shunaqa jinniligi bor, menga ham tashlanib qolardi.
- Urib o'ldirgan? Qamalish sababi boshqacha-ku?
- Boshqa bo'lsa boshqadir, men eshitganimni aytdim.
- Boltayeva bu yerga tez-tez kelib turarmidi?
- Kelardi, lekin tez kelarmidi yo'qmi, hisoblamaganman.
Omonullo portfelidan Sanjar Ibrohimovning suratini olib ko'rsatdi:
- Shu odam bilan kelganmi hech?
Adolat suratga tikilib turib, bosh chayqadi:
- Tanimadim. To'g'risini aytaymi, bir-ikki marta sariq-moshak eri bilan kelgan edi. Keyin o'zi kelib-ketib yuruvdi. O'sha savil qolgur er bilan birga yurishga uyalgan-da. U odamni ko'rgandirsiz? Qanday qilib ko'ngli tortib er qildi, hayronman. Undan ko'ra, ersiz o'tgani ming marta yaxshi. Shunaqa deyman-u, lekigin bu shiltani o'sha taviyadan boshqasi olmas ham edi-da.
Adolat shu gapni aytganidan keyin Toshbolta g'alati ovoz chiqarib ingradi. Omonullo ovoz chiqishi bilan unga qaradi. Toshbolta kipriklarini pirpiratib, iltijo bilan boqardi. So'ng ko'zlarida yosh paydo bo'ldi. Xotinining gapi yoqmay bir nima demoqchi bo'lyapti, - deb o'yladi Omonullo. Keyin tinmay javrayotgan xotinning gapini bo'lib, so'radi:
- Shilta deyishga biror asosingiz bormi?
- Voy, asosmi? Asos tiqilib yotibdi. Bu qiz o'lgurning oldingi direktorga o'ynash bo'lganini yetti yoshdan yetmish yoshgacha - hamma biladi. Endi yangi direktorning to'shagini obod qilyatuvdi.
Bu gapdan keyin ham Toshbolta ingradi.
- Nimaga g'ingshiysiz? - dedi Adolat ovozini balandlatib. - Boqqa borib kelganlaring yolg'onmi? har bo'l, o'g'ri bo'l, insof bilan bo'l-da! Boshingda ering bo'lganidan keyin o'tirmaysanmi uyingda...
Adolatning og'zidan chiqqan keyingi gaplarni Omonullo bozor yo'lida folingdan ochayinmi, molingdan ochayinmi, deb o'tirguvchi lo'li xotinlardan eshitib, bulardan boshqa tuzukroq gap chiqmasligini bilgani uchun ham achchiqlanmagan edi. Ammo eri bu ahvolda yotgan ayoldan shu gapni eshitib g'azabi qo'zg'adi.
- Siz biron yerda ishlaysizmi? - deb so'radi dag'allik bilan.
-Ishlamay nima, shunga boqimanda bo'lib o'tiramanmi? Maktabda ishlayman.
- Kim bo'lib, farroshmi?
- Vey, nima deyapsiz? Men o'qituvchiman. Oliy ma'lumotli o'qituvchiman!
- O'qituvchi?.. Maktabning ham, bolalarning ham sho'ri qurigan ekan unda, - Omonullo shunday deb o'rnidan turdi.
- Voy, voy, og'zingizga qarab gapiring, nima deyapsiz?
- Og'zingizdan chiqayotgan gaplarni qarang.
- Gaplarimga nima bo'pti? Vey, sen kimsan o'zing, menga tanbeh beradigan? Sen borib o'zingning xotiningga qil dag'dag'angni, bildingmi? Sen yigirma yil shunaqa traktorchi bilan yashachi, ko'raman ahvolingni!
- Hov opa, tilingizni tiying, bunaqa deyishga haqqingiz yo'q, - dedi shu paytgacha jim turgan depara vakili.
- O'zing tiy tilingni. Qani, bir jo'nab qollaring-chi, huv, qoralaring o'chsin-a...
Omonullo o'zini xotinning shallaqiligiga e'tibor bermaganday tutib, ko'cha eshik tomon yurdi. Hovli o'rtasiga yetganda to'xtab, vakilga topshiriq berdi:
- Leytenant, bu opangizni rayonga chaqirib so'roq qilasiz. Natijasini yozma ravishda yetkazasiz.
Vakil bu topshiriqni po'pisa uchun berilganini anglab, baland ovozda:
- Xo'p bo'ladi, o'rtoq kapitan! - deb qo'ydi.
Bu po'pisadan keyin sal popugi pasayar deb o'ylashgan edi, yo'q, aksi bo'lib chiqdi:
- Rayoningga desang, rayoningga boraman. Kerak bo'lsa Maskovingga boraman. Meni qo'rqitmay qo'yaqol. Sen o'g'rini qo'rqit, banditni qo'rqit. Mening nimamni so'roq qilasan? O'g'rilik qilibmanmi, g'arlik qilibmanmi?
Omonullo bu xotinga hatto shayton ham bas kelolmasligini anglab, qadamini tezlatgan edi, kutilmaganda Adolat:
- To'xtang, hay to'xtang, - deb qoldi.
Hozirgina sensirab, qarg'ash darajasiga yetgan ayolning sizsirashi, ovozining muloyimlashuvi g'alati edi. Shuning uchun ham vakil beixtiyor:
- Ha, opa, tinchlikmi? - deb yubordi.
- Senda gapim yo'q, sen ketaver, - dedi Adolat unga, keyin Omonulloga yaqinlashib so'radi: - Men mollarni olgani qachon boray?
- Qaysi mollarni? - dedi Omonullo xuddi tushunmaganday.
- Voy, qaysi deganingiz nimasi? Erim olib kelgan mollar-chi!
- Mollar sizga berilmaydi, egasiga beriladi.
- Egasini ko'rib turibsiz-ku?
- Yaxshilab qarang, tuzating. Tuzalganlarida borib oladilar.
- Voy, savil, voy savil...
Adolat shunday deb qolaverdi.
Ko'chaga chiqib mashinaga o'tirishgach, Omonullo uf tortdi:
- Agar shu odam o'lsa, to'g'ri jannatga boradi. Bu odam bilan savol-javob bo'lmaydi, - dedi, u.
- Nega? - deb so'radi vakil kulimsirab.
Omonullo bu xotinning shallaqiligidan bezib Fotima o'qib bergan satrlarni eslagan edi. Mirzo Bobur Husayn Boyqaroning katta xotini Beka Sultonbegimni yoza turib, ko'p kajhulq edi, deb yaxshi kishining xonasidagi yomon xotun shu dunyoning o'zidayoq uning do'zaxidir, degan mazmundagi baytni yozgan ekan. Hozir shu bayt mazmuni yodiga kelib aytvordi shu gapni. Vakilning nega? degan savoliga esa Boburdan misol keltirishni istamay, soddagina qilib: Bu xotin bilan yashagan erkak do'zax muddatini o'tab bo'lgan hisoblanadi, deb qo'yaqoldi.
Ular bu uydan chiqib to'g'ri sovxoz idorasiga bordilar. Yangi direktor Nafisa Boltayeva nima uchun kelgan edi? degan savolga Men rahbar bo'lganimdan beri uni ko'rganim yo'q. Tursunali akamga kelib turardi, deb javob berdi. Omonullo gapni har qancha chalg'itsa ham kelmagan, ko'rmaganman, deb turib oldi.
Omonullo xayrlashar mahalida yana kelamiz, uchrashamiz, deganida ham u yana kelsangiz ham gapim shu: ko'rmadim, - dedi.
Yangi direktor aldamadi: Nafisa kelganida u shaharda edi. Juvonning kelib-ketganini bog' qorovulidan eshitib, eh attang! deb afsuslangandi. Omonulloning savollaridan keyin yaxshi hamki u falokat kelganida yo'q ekanman, deb shukr qildi. 
