Armon

Tish og'rig'ining davosi ombur, deganlaridek, Omonullo o'zidagi qo'rquvni yengishga kuch topib, tish tabibiga kirdi-yu, bir necha daqiqada ko'zlari moshdek ochildi, qoronQu dunyosi yorishdi. Avvalgi kuni e'tibor bermagan narsalar endi muhim bo'lib ko'rinaverdi.
O'sha kuni Abduqayumning uyidan chiqqach, doktiloskopist uni ichkari xonaga chaqirdi-da, po'lat sandiqdagi qonli dog'ni ko'rsatdi:
- Eshik tutqichlarida ham ayni shu iz.
Omonullo po'lat sandiqni sinchiklab ko'zdan kechirdi: ochishga urinilmagan. Balki o'z kaliti bilan ochib-yopilgandir? Kim ochib yopgan? Ochilovmi? Pullarini olib qochganmi? Omonulloning xayoliga kelgan birinchi fikr shu bo'ldi. Samandardan barmoq izlarini olib, qonli izlar bilan solishtirib ko'rilmagunicha aniq bir qarorga kela olmas edi. Shu sababli uning qayerdaligini aniqlash maqsadida ishxonasiga yo'l oldi.
Telefondagi savol-javobdan so'ng uning kelishini kutishayotgan ekan. Tashqaridan qaraganda ko'rimsizgina bo'lgan uch qavatli uy temir panjara bilan o'ralgan edi. Omonullo darvoza yonidagi qorovulxonadan nariga o'ta olmadi. Qorovulxona odatdagidan ko'ra kengroq, uchdan ikki qismi bel barobar taxta to'siq bilan ajratilgan edi. Odamlar o'tishi uchun mo'ljallangan yo'lak o'rtasiga xuddi metrodagi kabi ochilib-yopiladigan to'siq qo'yilgan edi. Xuddi shu joyda to'xtagan Omonulloning guvohnomasini ko'rishdi. Avvaliga to'siq yonida turgan yigit harfma-harf o'qiyotganday tikildi. So'ng bir suratga, bir Omonulloga tikildi-da, guvohnomani xona to'rida o'tirgan o'rta yosh, tepakal kishiga olib borib berdi. Tepakal ko'zoynagini taqdi, bu ham kamlik qilib, tortmasidan toshoyna chiqarib guvohnomani sinchiklab tekshirdi. Keyin o'ng tomondagi kompyuter tugmalarini bosib, besh-olti daqiqa davomida nigohini ekrandan olmay o'tirdi. Ekranda javob yozuvlar paydo bo'lganidan keyingina buyruq ohangida o'ting deb qo'ydi.
Omonullo avval hovliga, keyin uch qavatli binoga o'tsam kerak, degan fikrda qayoqqa boramiz? deb so'radi. Yigit unga javoban jilmayib qo'ydi-da, to'siqni ochib, Bu yoqqa, deb tepakal tomonga ishora qildi. Omonullo ichkariga o'tib, tepakalning ro'parasidagi stulga o'tirdi.
- Ochilovda nima ishingiz bor? - deb so'radi tepakal unga qattiq tikilib.
- Undan so'rab-bilib oladigan gaplarim bor.
- Qanaqa gap?
- Siz bilishingiz shartmi?
- Shart.
- Aytaylik, bir jinoyatga oid gaplar bo'lishi mumkin.
- Qanaqa jinoyat?
- Buni ham bilishingiz shartmi?
- Ochilovga tegishli bo'lsa - shart.
- Uning xotini o'ldirilgan.
- Qachon?
- Taxminan uch kun avval.
- Ochilov bir oydan beri safarda.
- Qayerda?
- Kerakli joyda.
- Uni ko'rishim shart.
- Kelganida ko'raverasiz.
- Qachon keladi?
- Kerak bo'lganida keladi.
- Aniqrog'ini hech kim bilmaydimi?
- Ochilov bilan ishingiz bo'lmasin. Jinoyat yuz berdimi, jinoyatchini toping. Sizga maslahatim: bu tomonlarga boshqa kelmaganingiz ma'qul.
- Xotinining o'lganini xabar qilish kerakdir? Murdani ko'mish kerakdir? - dedi Omonullo bir oz achchiqlanib.
- Xotinining hech kimi yo'q ekanmi? - deb so'radi tepakal pinagini buzmay.
- Otasi bor.
- Xotirjam bo'ling, otasi ko'maveradi. Eri ko'mishi shart emas.
Tepakal gap tamom, sizga ruxsat, deganday guvohnomani uzatdi. Omonullo bu yerdagilarning oddiy qorovul emasliklarini tushunib yetgan bo'lsa-da, tepakalning podpolkovnik unvonida ekanidan bexabar edi. Shunga qaramay uning qo'rsligiga javob bermadi. O'rnidan turib xayrlashmoqchi bo'lganida tepakal o'tirgan yeridan qo'zg'olmagan holda qo'l uzatdi:
- Shashtingizga qaraganda Ochilovga boshqa ko'z bilan qaramoqchiga o'xshaysiz, - dedi u. - Sizga maslahatim: Ochilovni tinch qo'ying. Unga tishingiz o'tmaydi.
- Qonun oldida hamma teng, - dedi Omonullo bu safar qat'iyroq ohangda.
- Siz o'qigan kitobda shunaqa yozilganmi? Hayotda esa, azizim, butunlay boshqa. Shuni hali ham tushunib yetmadingizmi?
...Tish og'rig'idan qutulib, fikri tiniqlashgach, o'sha uchrashuvni, o'sha tepakalning keyingi gaplarini eslab o'yga toldi: Nima demoqchi? Qotil Ochilov bo'lgan taqdirda ham qo'lingdan hech nima kelmaydi, demoqchimi? Shunchalar zirhi qalinmi bu idoraning? Xo'p kunlarga qoldim-da! Jinoyat ildizini topib, banditizm desam, Bunaqa gap yo'q, partiya s'ezdida SSSRda banditizmga barham berilgan deyilgan, deb garang qilishadi. Mana, jinoyatchini ushladim, desam, to'xta, qamamay tur, kommunist ekan, avval partiyadan o'chirib olishsin, deydi. Boshqasini deputat ekan, deydi. Endi bunisiga nima deyisharkin?..
Yaxshi hamki Abduqayum novvotrang Volganing raqamlarini eslab qolgan ekan. Harbiy prokuratura orqali mashina haydovchisi ham, polkovnik ham topilib, so'ralgach, Omonullodagi gumon haqiqat sari yanada yaqinlashdi. Ayniqsa, Ochilovning o'ng qo'lini shisha kesib ketgani, uchoqda esa chap qo'lini bog'lab olgani uning ahvolini ayon etganday edi. Uning nazarida Ochilovni hibsga olish uchun shu dalilning o'ziyoq kifoya edi. Ayni damda uni boshqa narsalar o'ylantirardi. Sanjar Ibrohimovning qismati oilasiga ma'lum etilgach, ular uchun go'yo qiyomat boshlanganday bo'ldi. Yaqinlari jasadni beringlar, deb o'likxonani qamal qilib olish darajasiga yetdilar. Nafisaning murdasi esa yana ikki kun o'likxonada qolib ketibdi.
Kooperativ boshlig'i Omonullo yuborgan vakilga Ikkovi ham suyuqoyoq edi, endi haydamoqchiydim debdi. Sanjar Ibrohimovning ukasi esa, Omonullo bilan suhbatda Bizning urug'da haromga yuradigan odam yo'q. Akam haromdan hazar qilar edilar, deb gapni kalta qildi. Ibrohimovning xotini esa o'tinch bilan adasidan bunday gumon qilmang, deb ko'z yoshi to'kdi. Ularning bu zorli gaplari marhum xotirasini himoya qilish uchungina aytilmayotganini Omonullo sezdi. Bu gaplarga ishondi. Ammo Eri safarda bo'lgan chiroyli yosh juvon bilan uning uyiga nima uchun keldi? degan savolga javob topa olmagani uchun, marhumning ruhi chirqirasa ham, shu gumondan uzoqlashmaslikka majbur edi. Erkakning haromdan hazar qilib yurishi a'lo hol, biroq... o'rtada shaytoni la'in ham bor-da...
Marhumlar xizmat qilgan kooperativning boshlig'i g'oyatda tez gapirganidan o'zining ham nafasi qaytib ketuvchi, chaqchaygan ko'zlaridan makkorlik nuri sachrab turuvchi odam ekan. Omonullo Odamning tili aldagani bilan ko'z qarashi alday olmaydi, men har qanday odamning ko'ziga bir qarashdayoq kimligini aytib bera olaman, deb maqtanishni yaxshi ko'rardi. Qaynatma sho'rvaning ko'pigi bo'lgani kabi, bu maqtanishning chegaradan chiqqan yeri ham bor edi. Ammo Omonullo yuzdan yetmish holda adashmas edi, deyilsa haqiqatdan chetga chiqilmas. O'sha yuzdan yetmish holatning biri kooperativ boshlig'ini ko'rganida amal qildi. Shu bois ham Siz marhumlarni yaxshi bilarmidingiz? - deb so'ramay, gapni aylantirdi.
- Kooperativda ishlar qalay, gullab-yashnayaptimi? - deb so'rab, boshliqqa tikildi.
- Ha, endi, qimirlab turibmiz. Hukumatga rahmat, hamma sharoitlar bor.
- Gapingiz to'g'ri. Sharoit zo'r. Xohlagan qing'irliklarga shart-sharoit mixday yaratilgan, buni biz bilamiz, - Omonullo biz degan so'zni alohida urg'u bilan talaffuz etdi. Bu alohida ohang boshliqning miyasiga to'qmoqdek urilib, bir seskandi. Lekin o'zini go'llikka solib, xi-xilab kuldi:
- Ie, hali shunaqalar ham bormi? Qing'irlikdan Xudo asrasin. Hukumat shuncha sharoit yaratib berganiga shukr qilib to'g'ri ishlaganga nima yetsin!
- Gaplaringiz zo'r... ammo sizda ham ozgina bor ekan, deb eshitdik.
Boshliq buning gapi chinmi? - degan fikrda kipriklarini pirpiratib, Omonulloga bir zum tikildi. So'ng yana quvlik ko'chasiga o'tib, jilmaydi. Jilmayganda lablarining sal titraganini Omonulloning ziyrak nigohi ilg'adi.
- Hazilingiz bor bo'lsin. Biz Xudo halolidan bersin, deb yurgan bandamiz, akaxon.
- Shunaqami? Ibrohimov bilan Boltayeva bu qing'irliklarni ochamiz, deb yurishgan ekan-ku?
Omonulloning bu tagdor gapi soyasida Ular sirni ochmoqchi bo'lganlari uchun o'ldirilganlar, degan ma'no bor edi. Ana shu ma'no o'q kabi miyasiga sanchilib, butun tanasini zirqiratgan holda tovonidan teshib chiqqanday bo'ldi. Endi yuzidagi quvlik jilma-yishi ham yo'qoldi. Bir oz o'ylandi-da:
- Kim shunday degan bo'lsa, o'lgan odamning go'shtini yebdi, - dedi.
- O'lgan odamning go'shti? Gapingizga tushunmadim? - dedi Omonullo ajablanib.
- g'iybat bilan tuhmat - o'lgan odam go'shtini yeyish bilan barobar ekan.
- Shundaymi? Unda siz nima uchun bu go'shtni yedingiz?
- Men-a? Astag'firulloh! Nega bunday deyapsiz?
- Bular suyuqoyoq edi, haydab yubormoqchiydim degan kim, siz emasmi?
- Men shunday debmanmi?
- Xotirangiz yaxshi emasmi? Siz chet elning kinolarini ko'rmaganmisiz? - Omonullo savolni berishga berdi-yu, javob kutmadi: - Tugmachaga joylashtirilgan magnitofonlari bor... Bizda shunaqasi yo'q deb o'ylaysizmi?
- Degan bo'lsam degandirman. Achomlashib yotishganda o'ldirib ketganidan keyin yana nima deyishim mumkin?
- Kim sizga achomlashib yotishgan dedi?
- Hammaning og'zida shu gap. O'zim ko'rmadim. Eshitganimni aytyapman.
- Siz shu odamlarning rahbari edingiz. Nega anig'ini so'rab-surishtirmadingiz?
- Menga buning nima qizig'i bor?
- Siz ularning suyuqoyoq ekanliklarini isbotlay olasizmi?
- O'rtoq tergovchi, men sizning bunday savollaringizga javob bermayman. Meni go'l deb o'ylamang. Men ham yurfakni bitirganman. Uncha-buncha narsaga aqlim yetadi.
- Shundaymi? - Omonullo kinoya aralash jilmaydi. - Unda o'rtoq hamkasb, siz ba'zi darslarga kirmay qochib yurgan ekansiz. Siz kirmagan darslarning birida tergovchi ishga aloqador har qanday savolni so'rashga haqli, - deb ta'lim berilgan.
- Hozirgi savolingiz ishga aloqadormi?
- Bo'lmasam-chi? Men ularning munosabatlarini bilishim kerakmi? Uyga nima uchun borishgan? Balki kooperativdagi qing'ir ishlarni yozish uchun borishgandir? Jahlingiz chiqmasin, bu shunchaki gumon xolos. Biz siz bilan yana uchrashamiz. Istasangiz advokat yollang. Advokat ishtirokida gaplashing, bu sizning huquqingiz.
Omonullo shunday deb iziga qaytdi. Aslida Kooperativdagi qing'ir ishlarni fosh qilmoqchi bo'lishganda o'ldirilgan, degan gumoni zaif edi. Lekin kooperativ boshlig'ining sarosimasi bu zaif gumonga quvvat berib qo'ydi. O'n daftarchasidagi qotil kim? savoli ostiga yozilgan Eri, Otasi degan javob yoniga Boshlig'i? yozuvi ham paydo bo'ldi. Ayniqsa, ertasi kuni boshliq nomidan advokatning kelishi uni ajablantirdi. Oliy ma'lumotli yuristdan bunaqangi harakatni kutmagan edi. Bir balosi bor. Bo'lmasa he yo'q, be yo'q himoyachi yollaydimi? deb o'ylab, boshliq? degan yozuv tagiga ikki marta chizib qo'ydi-da, Boshqarma boshlig'iga uchrab, kooperativning moliyaviy ahvoli zudlik bilan tekshiriluvi lozimligi haqidagi fikrini bayon etdi. Fikr ma'qullangach, ertasigayoq kooperativ muhrlanib, tekshiruv ishlari boshlandi.
Qotillikka oid tekshiruv qamrovi kengaygani sayin Omonullo savollar, jumboqlar girdobiga bandi bo'lib boraverdi. Girdobdan chiqa olish yoki tamoman muvaffaqiyatsizlik bahriga g'arq bo'lishi o'zining farosatiga bog'liq ekanini u yaxshi fahmlardi. Bu kabi girdob uning uchun yangilik emas. Har bir jinoyatga doir ishning o'ziga yarasha o'ramasi mavjud. Shuning barobarida cho'kishdan asrab qoluvchi himoya chambaragi topilmasa ham ushlab olishga yaraydigan daraxt ildizimi yo xasmi, albatta bo'ladi. Eng muhimi ularni vaqtida ko'ra bilish, mahkam ushlab olishda. Cho'kayotgan odam xasga tirmashganidek, u ham biron bir dalilga mahkam yopishadi. Hozirgi girdobda u xas emas, himoya chambaragini topganday edi. Nazarida uydagi qonli izlar aynan shu chambarakning o'zi edi. Qolgan dalillar suv o'rami kabi uni o'ziga tortar, ammo u xaloskorlikni aynan o'sha qonli izlarda deb o'zini ishontirmoqchi bo'lardi.
Omonullo boshlig'iga kooperativda tekshiruv o'tkazish haqidagi fikrini bayon qilib, uning rizoligini olgach, yengil tortdi. U Boshliq huzuriga kirishda siz jinoyatchini topish bilan shug'ullaning, kooperativning moliyaviy ishi sizga aloqador emas, deb qolarmikin, degan hadikda edi. Yaxshiki jinoyatning bir uchi shu ishga borib taqalishi mumkinligini Boshliq ham tushundi. Omonullo shundan xursand edi. Barcha sohalardagi kabi ularning ishida ham ba'zan boshliqlarga gap tushuntirish qiyin bo'ladi. Aynan bir xilda fikrlaydigan, ish yuritadigan boshliq bilan xodimni topish qiyin emas. O'z fikri, o'z uslubi bo'lmagan odamlargina boshliq bilan bir xilda ish yuritadilar. Aqlli boshliqlar bunday xodimlardan ehtiyot bo'ladilar. Bundaylarni o'zlariga yaqinlashtirmaydilar. Ayniqsa jinoyatga daxldor ishlarda boshliq chizgan chiziqdan chiqmay yurish yaxshi natijaga olib kelmasligi mumkin. Boshliq qanchalar tajribali, bilimli bo'lmasin, har-holda u idora odamiga aylanadi. Har bir jinoyat esa alohida olam. Bu olamning o'ziga yarasha, boshqalarga o'xshamaydigan past-balandliklari bo'ladi. Idoradagi odam bularni o'tgan tajribalariga suyangan holda payqashi qiyin. Boshliq shuni tushunsa - xodimning omadi yurishgani. Omonulloga bu safar shunday omad kulib boqqani uchun kayfiyati ko'tarildi. Uyiga ertaroq qaytib hordiq chiqargisi, fikrlarini tiniqlashtirib olgisi keldi.
To'qqiz qavatli uyning yo'lagiga kirgach, ta'bi tirriq bo'ldi: lift ishlamayotgan ekan. Yettinchi qavatga piyoda bosib ko'tarilish malol keldi. Halloslab chiqib borganiga yarasha uni bir mehribon kutayotgan bo'lsa ekan, dasturxon tuzasa ekan, erkalab, mehribonliklar qilsa ekan...
Xotini Fotimani Hindistonga kuzatganidan beri uyi huvillab, kirgan odamni yutaman, deydi. Sakkiz yil muqaddam Fotimaning barmog'iga nikoh uzugini taqqanida, so'ng suyib bo'sa olganida xotinining nozli iltimoslariga, o'jarliklariga qul bo'lib qolishini o'ylamagan edi. Ba'zan Fotimaning biron iltimosiga xo'p deb qo'yib keyin o'zi afsuslanib yurar edi. Shu xotinning nimasini yaxsha ko'raman? Nimasiga ishqiboz bo'lib olganman? Bir og'iz so'zimga ilhaq bo'lib yurganlar ko'p edi-ku? Bo'ldi! Endi bironta iltimosini bajarmayman! deb ont ichardi. Ammo bu qasam qo'rg'oni Fotimaning birgina shirin jilmayishidayoq vayron bo'lib ketardi. Fotima uzun qora soch-lari bilan bog'lab olganmidi, yo hamisha kulib turuvchi shahlo ko'zlari bilan rom etganmidi, yo qaldirg'och qanoti kabi qoshi, qayrilma kipriklari bilan qalbini o'ziga bo'ysundirganmidi - Omonullo bilmaydi. Bilgani - Fotimani jondan ortiq sevadi. Fotima esa... Omonulloni sevadimi yo o'zining ilmiy ishinimi? Mana shu jumboq ba'zan yuzaga qalqib chiqib qolardi. O'shanda Omonullo Men sizga kimman? Bir qulman. Sizga eng muhimi - ilmiy ish! Nomzod bo'lib olay, dedingiz - bo'ldingiz. Endi doktor bo'lmoqchisiz - bo'lasiz. Keyin professor bo'lgingiz keladi, keyin akademik bo'larsiz. Omonqul esa mishiqi boladay atrofingizda girdikapalak bo'lib, xizmatingizni qilib yuraveradi, deb arazlaydi. Shunda Fotima yonar edi. Lov etib emas, atrofiga uchqunlar sachratib, yaqinlashsang - yutaman! deb emas, mayingina, rohatijon bo'lib yonardi. O'zining eng ishonchli quroli - shirin jilmayishni ishga solardi, yuzidagi kulgichi erining araz o'tlarini so'ndira qolardi. O'ttiz yoshimgacha chidaysiz, deb shart qo'yganmidim, siz o'shanda ko'nganmidingiz? Hozir to'qson foiz siznikiman, o'n foiznigina ilmiy ishimga berganman. Yoqlab olay, yuz foiz sizniki bo'laman. Boshqa unvonlarning orqasidan yugursam betimga tupuring. Men uchun eng muhimi - ilm. Odamlarga nimadir berish. Agar aqlim bilan ilmim yetarli bo'lsa siz aytgan martabalarning o'zi keladi. Nima, akademikning eri bo'lsangiz yomonmi? Akademik kiringizni yuvsa, ikki bukilib choy uzatsa... yomonmi? Shu gaplardan keyin Omonullo araz narvonidan pastroqqa tushardi: Ha... endi siz ham xonim, generalning xotini bo'lsangiz yarasharmidi... General bozoringizni qilib bersa, gilamlaringizning changini qoqib bersa, buyursinlar xonim!, deb qo'l qovushtirib tursa...
Ularning birov uchun achchiq, birovga nordon tuyulgan, o'zlari uchun esa yoqimli, shirin bo'lgan turmushlari shu zaylda davom etardi.
Hind olimlari Bobur saltanatiga oid doktorlik ishni Hindistonda davom ettirishni taklif qilishgach, Omonulloning yuragi bir uvishdi. Yarim yil yolg'iz yashash hazilakam gapmi?! Fotima Bormasam bo'lmaydi! deb ikki oyoqni bir etikka tiqib, janjal qilmadi. Odatiga xilof ravishda Siz nima desangiz shu - astoydil rozi bo'lsangiz, boraman, ko'nglingizga xiralik aralashsa - qolaman, deb qo'ydi. Omonullo nima derdi: Qirqiga chidagan qirq biriga ham chidayman, deydi-da! Buning ustiga Fotima Omonullo uchun kutilmaganda tantanali va'da berdi: doktorlik dissertatsiyasini yoqlagach, to ilmiy ish Moskvadan tasdiq etilib, diplom qo'lga tekkunicha Hasan-Husan tug'ib beradigan bo'ldi. Bu gapni xuddi Do'konga chiqamanu ikki quti gugurt yo tuz olib kelaman, degan tarzda aytdi. Omonullo esa ishondi. Uyi hasan-husanlar bilan to'lib ketganday ko'ngli yorishdi. To'g'ri, Hasan-Husan emas, balki Fotima-Zuhra bo'lar, deb ham o'yladi. Lekin uning uchun bu muhim emas, muhimi - xotini tug'ishga rozi! Rozi bo'lganida ham belgilangan muddatdan ikki yil avvalroq tug'ib bermoqchi. Matbuotchilarning tili bilan aytganda planni muddatidan avval bajarmoqchi! Bu katta yutuq!
Shu paytgacha o'ttiz yoshdan keyin, deb belgilagan muddatini astoydil himoya qilardi. Buni faqat o'zining ilmiy ishlari bilan izohlamay, tibbiy jihatdan ilmiy isbot ham topgan edi. Nima emish, o'ttiz yoshdan keyin tug'sa, bolalari zehnli, aqlli, ham jismonan baquvvat bo'larmish. Bu da'voni eshitib, Omonullo kulgan edi. Nimaga kulasiz? - degan edi Fotima. Mening bir tanishim bor, - deb javob qaytargan edi Omonullo, - u tug'ilganida otasi yigirma bir yoshda, onasi o'n to'qqizda bo'lgan ekan. Men o'sha tanishimni ko'p kuzatganman: zehni past ahmoqqa o'xshamaydi. Har-holda u salkam fan doktori-ya! Jismoniy jihatdan ham unchalik nozik emas... Fotima o'zi haqida aytilgan bu gapga javob berolmay, Bu alohida masala, deb qo'ygan edi.
Hindistonga ketishdan o'n kun avval Omonullo uyga yarim kechada qaytdi. Tunda qaytadimi yo sahardami - Fotimaning uxlamay kutishini yaxshi biladi. Fotima boshqa xotinlarga o'xshab xavotir olmaydi, desak noinsoflik bo'lar. Haqiqatga ko'chsak, o'lchami yo'q, sig'imi mavhum bu xavotir deganlari o'lchansa, Fotimaniki hammanikidan ko'proq chiqar. Faqat u boshqalar kabi Erim qachon kelarkin? (yoki Erim kim bilan ayshini surib yurganiykin?) deb jag'ini deraza tokchasiga tirab, ko'chaga tikilib o'tirmaydi. Omonullo qay paytda kelsa ham uni yozuv stoliga muk tushgancha o'qib-yozib o'tirganini ko'radi.
Bu safar ham shunday bo'ldi.
Fotima bu safar ham odatini kanda qilmadi - qayoqlarda yuribsiz? demadi. O'rnidan turib salom bergach, oshxona tomon yurmoqchi bo'lganida eri to'xtatib, qornim to'q, dedi.
- Hm, o'g'rilaringiz to'ydirib yuborishdimi? - dedi Fotima o'ziga yarashiqli kinoya bilan.
Boshqa xotinlar o'ynashlaringiz, juda madaniy tarzda aytsa xushtorlaringiz to'ydirib yuborishdimi? deyisharkan. Fotima esa hamisha o'g'rilaringiz deydi, bu so'zni aynan aytadi, uning panasiga o'ynash, degan ma'noni yashirmaydi.
- Qamashdan oldin ziyofatini yeyish kerak-da, - dedi Omonullo xotiniga javoban, so'ng stol ustidagi kitobga ko'z tashladi. - Nima o'qiyapsan? Yana Boburnomami? Yuzinchi martami?
- Ming marta o'qishim kerak. Har o'qiganimda bittadan ma'no topsam mingta ma'no topgan bo'laman.
- Joningga tegmaydimi?
- O'g'rilaringiz sizning joningizda tegishmaydimi?
- Yo... ularsiz yashay olmayman, - deb kuldi Omonullo.
- Men ham bu kitobsiz yashay olmayman.
- Mensiz-chi?
- Gapni burmang. Siz ko'chada hushtak chalib yuradigan oddiy milisa emassiz. Oliy ma'lumotli ziyoli odamsiz.
- Buning ustiga bo'lajak akademikning eriman.
- Ha, shunaqa desak ham bo'ladi. Lekin siz gapni burmay turing. Siz menga ayting. Boburni bilmagan, tushunmagan odamni ziyoli deyish mumkinmi? Qani, mana bu yerga o'tiring-chi!
Omonullo kulimsiragan holda itoat etdi.
- Kulmang, deyapman.
- Xonim, tarix darsi uchun tunning qolgan yarmi yetarli bo'larmikin? Balki boshqa tunga qoldirarmiz?
- Yo'q, hozir aytmasam, yorilib ketaman. Eshiting: - Fotima shunday deb kitobning kerakli varag'ini ochib, o'qiy boshladi: - ...Muhammad Humoyun... olti oygacha anda edi: zohiran ani yer va suyi xush yoqmadi. Isitma tutar ekandur, bora-bora uzoqqa tortar Tushundingizmi? - Fotima kitobdan bosh ko'tarib, eriga gapira ketdi: - Boburning o'g'li xasta ekan. Uni avval Dehliga keyin kemaga o'tqazib Agraga olib kelishni buyuryapti. Humoyun mirzoga tabiblar chora topib berisholmagach, Mir Abulqosim degan kishi deydiki, - Fotima endi yoddan ayta boshladi: - Ushmundoq dardlarga davo budurkim, yaxshi nimarsalardan tasadduq qilmoq kerak. Toinki Tengri-taolo sihhat bergay. Mening ko'nglumga keldikim, Muhammad Humoyunning mendin o'zga yaxshiroq nimarsasi yo'q. Men o'zum tasadduq bo'layin, Xudoy qabul qilsun. Xoja Xalifa, o'zga muqarrablardin arzga tegurdilarkim, Muhammad Humoyun sihhat topar, siz bu so'zi nechun tilingizga kelturasiz? haraz budirkim, dunyo molidin yaxshisini tasadduq qilmoq kerak. Bas, o'sha olmoskim, Ibrohimni urushida tushub erdi... bu yerda dunyoga mashhur Ko'hi nur olmosi nazarda tutilayotgan bo'lsa kerak. Tushunyapsizmi? Ular o'zingizni emas, shu qimmatbaho buyumni sadaqa qilsangiz ham yetar, deyishibdi. Bobur nima debdi: Tilga keldikim, dunyo moli aning evaziga nechuk bo'lgay, men aning fidosi qilurmenkim, hol anga mushkul bo'lubdur. Va andin o'tubturkim, men aning betoqatligini toqat kelturg'aymen. O'shal holatga kirib, uch qatla boshidin o'rgulub, dedimkim, men ko'tardim har ne darding bor. O'shal zamon men og'ir bo'ldum, ul yengil bo'ldi. Ul sihhat bo'lub qo'pti. Men noxush bo'lub yiqildim... Xo'sh, bunga nima deysiz? Qaysi podsho o'g'liga jonini sadaqa qilgan? Husayn Boyqaromi? Ikkovini solishtiring: biri nabirasini o'ldirtirdi, biri jonini o'g'liga hadya qildi.
- Men ham gapirsam maylimi? - dedi Omonullo xuddi o'quvchi bola kabi qo'l ko'tarib. Fotima sal chegaradan chiqqanini fahmladi-yu, ammo sir boy bergisi kelmay bir oz jilmaygan holda amr etdi:
- Gapiring, o'rtoq kapitan, so'z sizga!
- Birinchidan, bu satrlarni menga avval ham o'qib bergan edingiz, xonim. Ikkinchi gapim shuki, avval aytmovdim, endi aytaman: agar mening o'g'lim bo'lganida uch marta emas, uch ming marta atrofini aylanardim. Bitta emas, uch mingta jonim bo'lsa, hammasini sadaqa qilib yuborardim.
Fotima yarim tundagi suhbatning bu tarzda nozik torlarni chertib yuborishini sira kutmagan edi. Shu sababli taslim bo'lishdan o'zga chorasi qolmadi. Kitobni yopdi. Kipriklari nigohini to'sdi. Siniq ovozda:
- Ovqat yemaysizmi? - deb qayta so'radi. So'ng eriga iltijo bilan boqdi: - Yana ozgina sabr qiling...
Omonullo hozir uy yo'lagida turib shuni esladi. Hovlida o'ynab yurgan bolalarga qarab havasi keldi. Uylangan yilim tug'ib berganida hozir yetti yoshga to'lardi. Qo'lidan yetaklab yurardim. Maktabiga olib borib, olib kelardim. O'zi Hindistonida yursa yuraverardi... 
