Dushman

Samandar hushiga kelib, qayerda yotganini anglay olmadi. Uyiga kirgani... Nafisa... Begona erkak... bular nima, tushmi edi? So'ng Moskvaga kelgani, Kremldagi suhbat... Mehmonxona... Kimdir keldi, nimadir dedi. Kim edi? Nima dedi? Keyin-chi?
Xonadagi anjomlarga qarab, shifoxonada yotganini angladi. Shifoxonaning yoqimsiz hidi ko'nglini aynitib, o'qchiy boshladi. O'qchuq ovozini eshitgan hamshira shoshilib kirib, unga idish tutdi. So'ng vrach paydo bo'ldi. Tomirini ushlab, mijjalarini qayirib ko'rgach, hamshiraga qisqa, ammo buyruq ohangida ko'rsatmalar berdi. Shundan so'ng Samandar undan qayerdaman? deb so'rab, harbiylarning markaziy shifoxonasida ekanini bildi. Soppa-sog' edim-ku, bu yerga qanday kelib qoldim? deb o'ylab, ajablandi. Savoliga javob topa olmay vrachdan nega bu yerdaman? deb so'radi. Vrach unga qarab, bosh chayqadi-da: Bekordan bekorga o'lib ketmasligingiz uchun shu yerdasiz, dedi. O'lib ketmaslik uchun? - yanada taajjublandi Samandar. - Nega o'lishim kerak? Bu savoliga o'zi ham javob topa olmay yana vrachdan so'radi. Vrach yana bosh chayqadi: Ba'zan shunaqa bo'lib turadi,- dedi u. - Odam o'zi bilmagan holda o'lim jari yoqasiga borib qolishi mumkin. Siz qariyb jarga qulagan edingiz. Tortib oldik Tortib oldik?.. Nega qulayman? Nega tortib oladi?.. Javobsiz savollar ko'p edi. Biroq vrach u bilan hamsuhbat bo'lishni istamay, tashqariga chiqdi. Uning topshirig'i bilan chiqqan hamshira yana uch hamkasbi bilan kirib keldi-yu, Samandar uchun azobli daqiqalar boshlandi. Agar jardan tortib olishi shunaqa azob bo'lsa, o'lib ketaverganim ming marta yaxshi edi, deb o'yladi. Uning ichaklarini yuvaverib holdan toydirib yuborishdi. Bu jarayon yana ikki kun davom etib, surobi to'g'ri bo'lib qoldi. Uchinchi kuni Bazarov yo'qlab keldi.
- Ha, Gorinich, ahvol qalay? - dedi u. Keyin Samandarning kirtaygan ko'zlariga qarab kuldi: - Bo'ladiganing bo'lib qolibdi-ku? Eplolmasang nima qilarding ichib? Kelib-kelib Medvedevga hamshisha bo'lasanmi? Sen Volga daryosini simirib tashlagan zmey Gorinichni eshitganmisan? Medvedev aroqni xuddi o'sha daryoday simirib to'ymaydigan Gorinichlardan.
- Medvedev? Kim u? - dedi Samandar uning gaplarini tushunmay.
- Hali kim bilan ichganingni bilmaysanmi? General Medvedevni eshitmaganmisan? Qiziq, u ham seni eslay olmadi. Lekin aytib qo'yay: agar u bilan teppa-teng ichgan bo'lsang - yomon emassan. Seni qahramonlikka tavsiya etish mumkin. Yana u bilan ichishsang ehtiyotroq bo'lgin, yana qahramonlikni o'lganingdan so'ng olib yurmagin. - Bazarovning keyingi gapi piching aralash hazil ohangida aytilgani bilan, zamirida ozgina po'pisa ham mavjud edi. - Xo'p, bo'lar ish bo'libdi. Qalaysan endi? Turib, yura olasanmi?
- Siz meni o'limtik odamga chiqarib qo'ydingizmi? - dedi Samandar norozi ohangda. - Hech qayerimda og'riq yo'q, shikoyatim ham yo'q, nimaga yotibman bu yerda o'zi?
- Ichingni tozalashibdi, endi qoningni ham tozalashlari kerak ekan. Yana uch-to'rt kun yotadiganga o'xshaysan.
- Ishlarimiz nima bo'ldi?
- Ishlarimizmi? - Bazarov mug'ambirona jilmaydi. - Ha, durust, esing joyida ekan, ishlarimizni unutmabsan. Ishlarimiz - besh, og'ayni, bundan battar bo'lishi mumkin emas. Sen adashmagan ekansan. O'sha yerda chindan ham yadro sinovi o'tkazilgan. Hozir hukumatning rasmiy bayonoti tayyorlandi. Bugun-erta e'lon qilinishi kerak. Shtatlarning popugi sal pasayadigan bo'ldi. Indalmasa da'volari osmon baravar edi. Shunaqa, oshna, sen yengding. Baygildin senga alohida salom aytdi. Moslamani kuchaytirish haqidagi taklifing ham o'tadigan o'xshab turibdi.
- Hindqushga o'rnatish-chi?
- Bu taklif o'tmasa kerak. Afg'onistondan askarlar olib chiqib ketilsa-yu, Hindiqushga harbiy kuzatuv markazi qurilsa, aqlsizlikning o'zi-ku, bu? Kremlni ishontirdik shekilli.
- Viktor Bazarovich, men o'n-o'n besh kun Moskvada qolishim mumkinmi?
- Nima qilmoqchisan?
- Doktorlik dissertatsiyamga javob bo'lmayapti. Bir shug'ullanib ko'rsammikin, devdim. - Samandar shunday deb nigohini olib qochdi. Tabiatan yolg'ondan hazar qiluvchi bu odam ayni choqda asl maqsadini - uydagi fojiadan sal yiroqroqda yurish istagi borligini yashirmoqchi edi.
- Be, boshingni qotirmasangchi! - dedi Bazarov qo'l siltab, - Senga shu diplom zarurmi hozir. Sen yuzta fan doktorining ishini bir o'zing qilib o'tiribsan. Shuning o'zi yetarli emasmi?
- Harholda...
- Ha, kerak, diplom ham kerak. Lekin sen shoshilmay tur. Men bu ishlarning hammasidan xabardorman. Sening bu ishlaring bilan ba'zilar qiziqib turibdi. Shuning uchun ham himoyang masalasi noaniq muddatga surilgan. Shuning uchun hozircha uyingga qaytaver. Ha, aytmoqchi oila a'zolaring tinchmi?
Samandar bu savolni eshitib yengil titradi-yu, yana ko'zlarini olib qochdi. Nega so'rayapti? Xabar topganmi?, deb o'ylab dovdiradi.
- Sen bu yerga kelishingda uyingga kirmaganmiding? - deb so'radi Bazarov unga sinovchan tikilib.
- Yo'q, yo'q, - dedi Samandar, - to'g'ri kelaverganman.
- Yaxshi. Bizga xabar berishdi: xotining kasal emish. Bolalaring bormidi?
- Yo'q...
- Yaxshi...
Yaxshi? Nimasi yaxshi? Nega surishtiryapti? Xabar berishgan... Xabar berishgan...
Samandarning ruhida sarosima boshlanganini Bazarov sezdi. U hali fojiadan bexabar edi. Bilgani: Samandarning xotini o'ldirilgan. Bazarov unga achinib, ko'nglini ko'taruvchi gap izladi. Tabiatan qo'pol muomalali bo'lgan generaldan qalbni yumshata oluvchi, taskin bera oluvchi gapning chiqishi mushkul edi.
- Menga qara, u yerda dushmanlaring borligini bilasanmi? - dedi u xuddi tomdan tarasha tushganday tarzda.
Dushman? Qanaqa dushman? Ruh po'rtanasidagi sarsari Samandarga bu savol g'alat tuyulib, Bazarovga savol nazari bilan qaradi.
- Nima, dushmanlaring yo'qmi? - dedi Bazarov.
- Qanaqa dushman? Men birovga yomonlik qilmaganman?
- Dushman orttirish uchun birovga yomonlik qilish shart emas. Aqlli bo'lsang kifoya, daraxtning tagidan o'tsang ham tepangdan dushman yog'iladi. Agar bilsang, aql ham bir balo, boshqalarda kuchli rashk uyg'otadi. Rashk esa tuppa-tuzuk do'st odamni dushmanga aylantiradi. Men sinaganman: senlarda shunaqa kasallik kuchli. Bizlarda ham bor-u, ammo unchalik emas. Senlar bir odamning orqasidan qora chaplab yozishni yaxshi ko'rasanlar.
Bu kasal millat tanlamaydi, hammada bor, - deb o'yladi Samandar. U hozir bu mavzuda bahslashishni istamas edi. Shu sababli fikrini ochiq bayon qilib, hamsuhbatiga e'tiroz bildirmadi. Gapini kalta qilib chiqib keta qolsa edi, deb umid qildi. Bazarov esa bu sukutni fikrining tasdig'i sifatida qabul qilib, xotirjam tarzda gapini davom ettirdi:
- Bilaman, sen boshqalar ham xuddi shunday, deyishing mumkin. Lekin yanglishasan. Masalan, gruzinlar, armanilar, latishlar bunday qilishmaydi. Kotrikadzeni bilasan, a? O'zi yomon olim emas. Lekin, to'g'risini aytsam, ishi Davlat mukofotiga arzimaydi. Nomzodi quyiladigan bo'lganda men shaxsan qarshi bo'lganman. Lekin Gruziya tomondan shunday himoya dovuli yopirildi-ki, oxiri oldi o'sha mukofotni. Bultur seni mukofotga o'zimiz tavsiya etdik. O'zbekistondan shunday qarshilik dovuli yopirildiki, oxiri ololmading. Hatto Vasiliy Ignatevich ham ajablanib, hech nima qilolmay qoldi. Yana mukofotga nomzoding qo'yilganini tor doiragina bilardi. Ochilov - Davlat mukofotiga nomzod, deb matbuotda e'lon qilinsa, bilmadim, nima bo'lardi? Nega shunaqasanlar, a? - dedi Bazarov norozi ohangda bosh chayqab.
- Bilmayman, - dedi Samandar g'udranib. Hozir uni mukofot ham, dushmanlari ham qiziqtirmas edi. Gapning bu tarzda kalta qilinganini Bazarov yana bosh-qacha tushundi:
- Sen bilmasang men bilamanmi? Men tushunmayman, Ochilov, bitta xotinni qo'yib, ikkinchisini olishning ilmiy ishga nima dahli bor? Seni qoloq feodal deb yozishdi. Shaxsan menga kashfiyot muhim, ilm muhim. Kashfiyotni feodal qiladimi, burjua qiladimi - farqi yo'q. Dushmanlaring uchun esa bu muhim, juda muhim. Senlarda bosh konstruktorning ikkinchi xotinni olishga sira haqqi yo'q. Esingdami, Sharifxo'jayev deganning dissertatsiyasi uchun kuyib yurgan eding. Do'stim, deb menga tanishtirganding. Seni hurmatingni qilib, unga yordam beruvdim. Esing-da, a?
- Esimda.
- Xo'p, bilib qo'y endi: o'sha do'sting ham yozgan edi. Bu kashfiyot faqat Ochilovniki emas, deb yozibdi. Menga emas, to'g'ri SKga yozgan. Nima men ahmoqmanmi yoki Baygildin ahmoqmi? Kashfiyotda ilmiy guruhning xizmati borligini bilmaymizmi? Lekin boshsiz tana nima qila olishi mumkin? O'sha Sharifxo'jayeving bu tanada kim? Bir barmoqmi? Yoki bir tukmi? Dushmanim yo'q, deysan-a! Menga qara, balki Moskvaga butunlay ko'chib kela qolarsan, a?
- Moskvaga? Nima qilaman bu yerda?
- Nima qilarding? Ishlaysan. Sharoit yaratib beraman. Ochig'ini aytsam, Baygildin bilan shu maslahatni pishirdim. O'ylab ko'r.
- Bu yerda aqllilik balosi yo'qmi?
- Bor, to'g'ri, ammo senlardagi darajada emas.
- Bu yerga kelsam, u yerdagi ilmiy guruh tarqatiladimi?
- Shubhasiz. Ammo yaxshi odamlaringni olib kelishing mumkin.
- Yo'q, u yerda hozir kuchli ilmiy guruh to'plangan. Bitta-ikkita ahmoqni deb tarqatib yubora olmayman.
- Ahmoqlik qilyapsan, bilib qo'y. Sen bu yerda eng kuchli guruhni tashkil etishing mumkin. Istagan odamingni, istagan respublikadan chaqirtiramiz. Moskva markazidan joy bersak, har qanday olim ham uchib keladi. Yo'q, deyishga shoshilma.
- Xo'p, - dedi Samandar suhbatga yakun yasash uchun. Bazarov esa buni rizolik alomati deb tushunib, yelkasiga urib qo'ydi:
- Mana bu boshqa masala. Sen uyingga borib kelaver. Qolgan ishlarni menga qo'yib ber.
Bazarov shu gaplarni aytgach, xotirjam ravishda o'rnidan turib xayrlashdi. U ketgach, Samandar o'zini tamoman yo'qotdi: xotini kasal... dushmanlari bor... Moskvaga ko'chib kelish... Generalning gaplari chiroqqa urilgan parvonalar kabi xayollarini to'zitib yubordi. Nima qilardim uyga kirib, to'g'ri kelaversam bo'lmasmidi? deb o'zini o'zi koyidi. Uydagi manzara ko'z oldida gavdalanib, haykal kabi qotdi. Kirib kelgan hamshiraga ham ruhsiz tarzda qarab qo'ydi. Bilak tomiriga sanchilgan ignaga ham parvo qilmadi. O'ylay-o'ylay general balki to'g'ri aytayotgandir, Moskvaga ko'chib kelganim ma'quldir, degan fikrda to'xtaldi. Bu fikr bora-bora qarorga aylandi. Oila, bola-chaqa menga nasib etmagan ekan, Xudo menga faqat ilm bergan ekan, oilam bo'lmaganidan keyin shu yerda qolaverganim ma'qul... Yana ikki kun shu qaror atrofida taraddudlanib, uchinchi kuni Bazarovga telefon qildi-da, ahdini bildirdi. Bu orada muolaja yakun topib, uni harbiy aerodromga kuzatib qo'ydilar.
Aniq bir qaror bilan qaytayotgan Samandar Omonulloning intiq kutayotganidan bexabar edi. 
