Fitna
(Qotillikdan avvalroq sodir bo'lgan voqea)

Omonullo Berlin devorlari qismati haqida piching so'zlarni aytayotgandan, o'rtoqlari esa besh yuz kunga mo'ljallangan iqtisodiy rejani inkor qilib o'tirishgandanancha ilgari, tunda, qamoq lagerida bir fitnaga tayyorgarlik boshlangan edi.
Nuriddin o'sha kuni uyidan maktub olib avval quvondi, keyin ko'ngli cho'kdi. Maktubda dilga og'ir botuvchi satrlar yo'q edi. Qishloqdagi hammaning sihat-salomatligi haqida yozilib, oxirida o'rtog'ing Sherdor uylanyapti, degan xushxabar aytilgandi. Nuriddinning nazarida shu xushxabar botininda onasining armonlari yashiringanday bo'ldi. Harbiyga ketayotgan paytida onasining ma'yus uzori yana ko'z oldida gavdalandi. Nuriddinni sakkizinchi sinfdan so'ng o'qitishga qo'llari kaltalik qildi. Harbiydan olib qolishga esa undan-da kaltalik qildi. Shunda ham noshukr bo'lmay, umid bilan kuzatgan edi. Birortasini xushlab qolgan bo'lsang aytib ket, unashtirib qo'yay, kelishing bilan, Xudo hohlasa, to'y qilamiz, - degan edi. Nuriddinning hushlagani bor bo'lsa-da, onasiga dadil aytishga jur'ati yo'q edi. O'rtoqlari birin-sirin uylanyapti. Har birining to'yida onasining yarasi yangilanadi. Nuriddin onasining shu holatini ko'z oldiga keltirib, ezildi. Barcha uyquga ketganida ham u mijja qoqmay yotdi. Tun yarimlaganda mizg'iganday bo'ldi. Tush ham ko'rdi shekilli... Biroq, bu tushmi edi yo ro'yomi, farqlay olmadi. Nazarida ko'zlari ochiq edi. Darbadar to'satdan paydo bo'lmadi, barak eshigini ochib kirdi-da, taxtalarni g'ijirlatib yurib kelib, uning ro'parasida to'xtadi. Ha, taxtalarning g'ijirlaganini aniq eshitdi.
- Ha, toy bola, uyqu kelmayaptimi?
Nuriddin ajablandi: uni kichikligida toy bola, deb erkalashganini Darbadar qaydan bildi ekan?
- Sen bunda bedorsan, yurtda esa barcha g'aflat uyqusidadir. Ozodlik istovchi qalblar muhrlangandir. Qalblarning qullikka moyil ekanini bilurmisan, bo'tam? Uyg'onish fursati kelganini anglayurmisan, bo'tam? Yurak qonlari ila Vatan bog'in obod qilmoqni fahm etmasmisan, bo'tam?
Darbadar savollar berdi-yu, nechundir javob kutmadi. Balki Nuriddinning bu savollarga javob qaytarmog'iga aqli qosir ekanini bildimi ekan? U taxtalarni g'ijirlatib yurib kelgan edi, turgan yerida tutunga aylandiyu shipga ko'tarilib ko'zdan yo'qoldi. Nuriddin bu sir-sinoatni tushunolmay garang bo'lib yotganida mahbuslardan biri unga yaqinlashib, yelkasidan asta turtdi-da, tashqariga chiq, kutishyapti, deb tezgina iziga qaytdi. Nuriddin bu yerda kim chaqir-yapti, nima uchun? degan savol berilmasligini bilgani sababli indamadi. Bu yerlarda chaqirildingmi, bas, chiqishga majbursan. Yaxshilik bilan chaqirilgan bo'lsang, yaxshilik bilan qaytasan, tongni o'z o'rningda qarshilaysan. Yomonlik qasdida chorlangan bo'lsang, to'shaging yetim qoladi.
Nuriddin bir necha daqiqa harakatsiz yotgach, qaddini ko'tardi. Barakdan sal narida, maydon chekkasidagi daraxtga suyanib sigaret tutatayotgan Tengizni tanib, xavotirsiz ravishda o'sha tomon yurdi.
- Ha, Hamzat, - dedi Tengiz uning salomiga alik olib, - uyqungni harom qildimmi?
- Yo'q, uyqum kelmay yotuvdim, - dedi Nuriddin.
- Odamning ko'ngli sezgir bo'ladi, yomonlikni tez payqaydi.
- Yomonlikni? Qanaqa yomonlikni?
- Bu yoqqa yur, - Tengiz shunday deb uni barakning chiroq nuri tushmaydigan qorong'u tomoniga boshladi. - Bir fitna tayyorlanyapti. Yomonlikni bizning qo'limiz bilan amalga oshirishmoqchi.
- Birovni o'ldirish kerakmi?
- Birovni o'ldirish uchun bosh qotirib fitna yasash shart emas. Bir janjalning uyasini kavlab berishimiz kerak.
- Biz deganingiz kim?
- Sen, men, mening atrofimdagilar, yana besh-oltita ahmaq. Bir-ikki kun ichida Yanis amakingga o'xshab Boltiq bo'ylaridan kelganlar yoppasiga do'pposlanishi kerak. Ular ham kaltak yeyishlari kerak, ham janjal boshlagan, degan aybni bo'yinlariga olishlari shart. Balki biz tomondan odamlar yaralanar, balki o'lar. Menga aniq aytishmagan bo'lsa ham ko'nglim shuni sezib turibdi. Agar ko'nglim aldamasa, odam o'ldirilsa, eng avvalida Yanis amaking ketadi.
Tengiz Yanis amaking deb aytayotgan odam bilan Nuriddin ko'pincha birga ishlardi. Tursunalidan bezib, uzoqlashgan paytda unga shu muloyim odam bilan sherik bo'lib ishlash ma'qul kelib qolgan edi. Yoshi oltmishdan oshib, kuchdan qolgan, ba'zan xastalik huruj qilganda azob chekuvchi bu odam o'zini mehnatdan olib qochmasdi. Imkoni boricha o'z vazifasini bajarishga intilardi. Nuriddin ko'maklashmoqchi bo'lganida har kim o'z aravasini o'zi tortishi kerak, deb unamas edi. Ana shu beozor odam nima gunoh qilibdi-ki, uni do'pposlashsa, so'ng esa qotil degan tuhmat bilan ayblashsa...
- Gapimga tushunmading-a? - dedi Tengiz. - Sen juda xomsan, bola. Ha, xomsan! Yanis amaking nima uchun qamalgan, bilasanmi?
- Ha, ishxonasida elektr choynakdan o't chiqqan ekan...
- Bu bir bahona, Hamzat. Yanis amaking aslida siyosiy mahbus. Lekin bizning erkin va ulug' Sovetlar mamlakatidan siyosiy qarashlar uchun qamash mumkin emas. Uning tajribaxonasiga o't qo'yishib, tuhmat bilan qamashgan. Aslida u zo'r fizik olim bo'lgan. Vatanini ruslar bosib olganini ochiq aytgan, xalqini ozodlik yurishiga da'vat etgan. Mana, sening ham, mening ham yurtimni ruslar bosib olishgan. Biz shuni ochiq ayta olamizmi? Yo'q. Mayli, men bir o'g'riman, bunaqa gaplarga aqlim yetmas. Sen ham g'o'rsan, yoshsan, ilmi yo'q bir qovoq kallasan. Seni ham ayblab bo'lmaydi. Lekin olimman, zo'rman, deb kerilib yurganlarimiz aytishadimi? Yo xalqiga yuzlanib, turlaring, ozodlik uchun kurashlaring, deydimi? Shuning uchun ham Yanis amakingni hurmat qilaman. Hozir Moskvada Yanisga o'xshaganlar rus hukumati bilan teppa-teng olishadigan bo'lib qolishgan. Nazarimda ular siyosiy mahbuslarini ozod etishni talab qilishyapti. Bu hukumatni chaqayotgan eng muhim narsa - ular Sovet Ittifoqidan ajralib chiqay deb turishibdi. Moskva endi ularni shirin yolg'onlari bilan ushlab turolmaydi. Fitnasiz ish bitirishi qiyin. Shuning uchun hamma yerda har turli fitnalar ko'tarishga buyruq kelganga o'xshaydi. Bu yerdagi fitna bizning qo'limiz bilan bo'ladi.
- Ko'nmasakchi? Ur, desa uraveramizmi? O'g'rilarning or-nomusiga to'g'ri kelmaydi-ku, bu? Siz tomondan xoinlik bo'lmaydimi?
- Bu gaplarni qo'y, Hamzat. O'g'rilar hech qachon bularga xizmat qilmagan va qilmaydi ham. Gap yanislarning taqdiri ustida ketyapti. Ularni urmasak bo'lmaydi.
- Nega? - Nuriddin ajablanganidan ovozini bir parda ko'targanini o'zi ham sezmay qoldi.
- Baqirma, - dedi Tengiz yelkasini mushtlab. - Aqlingni ishlat: biz urmasak, boshqalar o'ladigan qilib uradi. Avval menga topshirishdi bu ishni. Keyin Koshakni ham chaqirishdi. Unga nima deyishgani noma'lum. Agar yo'q, desak payimizga tushishadi. Men-ku, bundan qo'rqmayman, sendan havotirdaman. Erta-indin muddati tugaydigan ahmaqlar bilan Koshak ishga kirishguday bo'lsa, yomon qiladi. Shuning uchun seni chaqirib aytishsa, haqiqat talashma, jig'iga tegma. Yaxshi bo'ldi, qo'lim qichib turuvdi, deb qo'ya qol. Urush chiqsa sen Yanis amakingni urasan. Unga tayinlab qo'y, u boshqalarga aytsin, olishib, mushtlashib yurishmasin, qo'llariga hatto temir qoshiq ham olishmasin. Faqat o'zlarini himoya qilishsin, boshlari bilan biqinlarini ehtiyot qilishsin. O'zing ham ehtiyot bo'l. Ola-tasirda Koshakka o'xshagan bir ahmaq sengami yo mengami pichoq tiqvolishi mumkin. Angladingmi? Bor, endi uxla.
Shu gaplardan keyin odamning uyqusi kelar ekanmi? Nuriddin bir to'p chaqirtikanak ustida yalang'och yotganday qiynalib chiqdi. Siyosat bobida ongi past darajada bo'lgan bu yigit qamoqdagi bir keksa odamning Moskvadagi hukumatga qanday yomonlik qilishi mumkinligini bilolmay garang edi. Har qanday raqib uchun, ayniqsa siyosiy muxolif uchun odamning jismigina emas, balki fikri, ruhi ham xavfli ekanini anglash martabasiga yetmagan edi. Buni Darbadar tushunishi mumkin edi. U yo'qlik dunyosida, fikrlari esa muhojirot tuproqlariga singganicha qoldi. Faryod-larini tog'u toshlar bag'riga ololmadi, ko'zlaridan oqqan alamli yoshlardan zamin seskandi.
Nuriddin Darbadar bilan Yanis taqdirida o'xshashlik topmadi. Zohiran shunday, u haq edi. Biroq qalblar yarasi ikkovida birday edi. Darbadar Oh, Vatan! deb jon berdi. Yanis ham shu qalb faryodi bilan bu azoblarga yo'liqdi. Endi esa yana bir do'zax azobiga hukm qilinib turibdi.
Nuriddinning izidan qarab qolgan Tengiz barakka, yotar joyiga kirmadi. Qamoq lagerining hamma uchun majbur bo'lgan qat'iy qoidalariga amal qilmaslik uning odatiy holi edi. Faqat o'zi emas, balki uning iltifotiga sazovor bo'lganlar ham bu qoidalarni buzishga haqli edilar. Ana shuning uchun ham Nuriddin tunda barakdan, kunduzi esa ish joyidan nari ketsa birov tanbeh bermasdi. Tengizning o'ziga-ku bu yer nomigagina qamoq edi. U o'ziga xon, o'ziga bek bo'lsa-da, bosar tusarini bilmay qadam bosmasdi. Qamoq lageri hojalariga bo'ysunmaganday yursa-da, ular tomondan tasodifiy zarbani kutib yashardi. Bu oqshom Yanislarga uyushtirilayotgan fitna uni sergak torttirdi. Qamoq lageri boshlig'ining muovini chaynalib, gapni aylantirdi. Yuqoridan buyruq kelganini, bajarishga majbur ekanini afsus bilan aytdi. Aslida yanislarga hech bir da'vosi yo'qligini bildirib qo'yishni ham unutmadi.
Tengiz yuqoridan buyruq kelgach, bu bechoralarning bajarishga mahkum ekanliklarini yaxshi bilardi. Shuning barobarinda ulug' og'alarning kichikroq xalqlar vakillariga zug'um qilishdan lazzat olishlari ham ma'lum unga. Yanislarga qarshi fitnani ular afsus bilan emas, bil'aks, rohat bilan, bajonidil bajaradilar. Agar bu buyruq o'zlarinikiga nisbatan bo'lsami, chindan ham afsusda qolishlari muqarrar.
Bugun - yanislar, ertaga kimlar? - deb o'yladi Tengiz, - balki mendirman, balki ozarbayjonlar...
Tengiz o'limdan qo'rqmaydigan mard o'g'ridir, demoqlik ta'rifning ko'pigidir. Chunki odamga, o'g'rimi yo to'g'rimi, farqi yo'q - jon shirin! Qamoqdami yo erkinlikdami, yigitmi yo cholmi, farqsiz o'laroq, yashagisi kelaveradi. Qamoq lageri rahbariyatining iltimosini qabul qilishi, Nuriddin aytganidek, u uchun isnod edi. Halollik ila mulohaza qilinsa Murik bilan uning orasida farq chegarasi sezilmas edi. Tengiz buni bilgani uchun ham, boshqa chorasi bo'lmagani uchun ham o'zicha ezildi. Bu masalani politbyuroga qo'ygan taqdirda ham blatkomitetning ma'qullashi aniq edi. Ular buni hukumatga xizmat qilish emas, o'g'rilar olamini dahlsiz saqlab qolish deb ta'riflagan bo'lishardi. Bu shunday g'alati olamki, uni bir qal'a tasavvur etilsa, kiraverishidagi ark peshtoqiga Harna qilsang qilaver, va ijozatimizsiz hech narsa qilishing mumkin emas, degan shior yozib qo'ysa ham bo'lardi. Bu olam arki juda hashamatli, fusunkor. Bokira qiz kabi o'ziga chorlaydi. Qizning husnidan bahramand bo'laman, kiramanu chiqaman, degan xushtor odam esa yanglishadi. Chunki bu bokira ko'rinishidagi olam eshigi bittagina. Kirmoq boru, o'z oyoqlari bilan yurib chiqmoq yo'q. Ortga faqat tobut ichida qaytiladi.
Tengiz bu haqiqatni avvaldan bilardi. Bu olam uning ko'zlariga bokira bo'lib ko'rinmagan. U bor fasodlarini, mavjud botqog'u balchiqlarini bilgani holda qadam qo'ygan bu olamga. Bir boshga - bir o'lim bo'lgach, qayerda va qanday holatda jon berishning nima farqi bor? Eng muhimi - dunyodan ko'ngling talab qilgan darajada lazzatlanasan, dunyodan o'zing istagancha qasos olasan. Tengiz kashf etgan falsafa mag'zi shu edi. Ammo bu falsafaga zid o'laroq, ko'ngil o'tmish hayotini qo'msab turardi. Shunda u ikki kemaga ikki oyoQini qo'yganday his etadi o'zini. Bu holatda uzoq suza olmasligini, g'arq bo'lajagini biladi. Bilsa-da, holatini o'zgartirmoqni istamaydi.
Tengiz kimsasiz maydon chetida junjikkanday qunishib turdi-da, to'rtinchi barakka borib, Koshakni chaqirtirdi. Koshak maykachan chiqib, Tengizga yaqinlashgach og'zini baralla ochib esnadi. Dimog'idan ufurilgan qo'lansa hiddan Tengiz aftini burishtirdi. Xo'jayin bo'ktirib ichiribdi-da, deb o'ylab g'ashlandi.
- Nima deysan, Knyaz? - dedi Koshak junjikib.
- Enzedan (ehtiyotdan yashirib qo'yilgan aroq nazarda tutilyapti) ol, uyqu qochdi, - dedi Tengiz ham homuza tortib.
Koshak menda yo'q, demoqchi bo'ldi-yu, Tengizning o'tkir nigohiga qarshi bora olmay, ichkariga qaytdi-da, uch kesim kolbasa bilan yarmi ichilgan aroq shishani ko'tarib chiqdi. Tengiz chindan ham ichgisi kelayotgan odam kabi shishani uning qo'lidan tortib olib ko'tardi. Koshak uzatgan kolbasani olmay kuf degach, labini kafti bilan artib qo'ydi.
- Koshak, ko'ngil Sochini, Yaltani qo'msayapti. Dengiz... Sohil... Jononlar... restoranlar... - Tengiz shunday deb yana ikki qultum ichdi.
Shu turganicha aroqni asta-sekin ichib bo'shatish asnosida gapni chuvaladi. Koshak chaqirilgan zahotiyoq Knyaz xo'jayinlarning gapini so'raydi, deb gumon qilgan edi. Biroq uning kutgani bo'lmadi: Tengiz chaqiruv sababini so'ramadi. Aroq ko'ngil taftini bosganday bo'lgach, xayrlashib, o'zi yotadigan barakka qarab ketdi.
U Nuriddin kabi uxlay olmay qiynalmadi. Aroqning quvvati allalaganday bo'lib, kipriklariga uyqu qo'na qoldi.
Nuriddin ertasi kuni chekish bahonasida dam ola-yotgan Yanisni kutilajak ofatdan xabardor etdi. Yanis Nuriddin kutganidek sapchib tushmadi, G'azablanmadi ham. Shimolliklarga xos sovuqqonlik bilan o'zgarishsiz o'tiraverdi. Nuriddin bu fitnada o'zining ishtirok etishi mumkinligini aytmadi. Aksincha:
- Siz xafa bo'lmang, biz sizni himoya qilamiz, - deb uning ko'ngliga dalda bergisi keldi. Bu shunchaki manzirat emas, yigit qalbining ahdi edi. Uyqusiz kechgan tun uni shu qaror bilan tongga yetkazgan edi. Tengizning ogohlantirishiga qaramay, shu maqsadda to'xtaldi.
- Yo'q, Nuriddin, kerakmas,- dedi Yanis,- qamoqda har bir odam o'zini o'zi himoya qilishi kerak.
- Odam odamga bo'ri bo'lib yashashi kerak, demoqchimisiz?
- Bo'rimi...- Yanis shunday deb kulimsiradi. Uning bu nim kulgusi quvonch yeli bilan emas, afsus shamoli bilan uyg'ongan edi. - Bo'rilarni kamsitma, Nuriddin, agar odamlarda bo'ri tuyg'usi bo'lsaydi, odam boshqacha yashardi.
Nuriddin Yanisning bu gaplarini fahm etmadi, tushunmaganini yashirmay so'radi:
- Odamlar bo'riga o'xshasa deysizmi?
- Ha, bo'riga o'xshasa... Bo'rilar odamlar kabi bir-birlarini g'ajimaydilar. Ular ahil yashaydilar. Ular ozodliklarini hech nimaga alishmaydilar. Bunday ahillik, bunday mag'rurlik boshqa hech bir jonzotda yo'q. Sen tsirkda bo'rini o'ynatganlarini hech ko'rganmisan? Ha, ko'rmagansan. Fildan tortib ilongacha bir luqma ovqat uchun insonlarga masxara bo'ladi. Faqatgina bo'ri bo'ysunmaydi. Sen turkiylardansan. Ajdodlaring e'tiqod qilgan ramz nima bo'lgan, bilasanmi?
Nuriddin aybdor odam kabi nigohini olib qochib, yelka qisib qo'ya qoldi.
- Qurt, ya'ni bo'ri. Turkiylar bayrog'ida bo'ri tasviri bo'lgan, deb eshitganman. Turkiylar qadimda shunday erksevar bo'lgan ekanlar. E, u zamonlar o'tib ketdi. - Yanis shunday deb xo'rsindi. - Biz ham ozodlik sevuchi xalqmiz. Men bu qamoqni nazarda tutayotganim yo'q. Meningda, seningda vataning ulkan bir qamoqqa aylantirilgan. Bizlarning yurtdoshlarimiz esa tutqunlar. Mening xalqim tutqunlikka ko'nikib yashaydigan toifadan emas. Sen hozir Yanis amakimga yangilik aytdim, deb o'ylayapsanmi? Men shunday bo'lishini kutardim. Bugun bo'lmasa ertaga albatta qilishardi shu ishni. Seni bo'lmasa boshqalarni yollashardi. Nafsga qul bo'lganlar ozmi bu dunyoda?
- Men yollanganim yo'q, - Nuriddin shunday dedi-yu, ammo unga tik qaray olmadi.
- Men shunchaki misol tariqasida aytyapman. Sen bilan biz ikki tomonlama mahkummiz. Bundan qutularmiz, biroq Vatan tutqunligichi? Sen bularni nima uchun qiynasharkin? deb garang bo'layotgandirsan? Bilib qo'y: biz uchun dunyoda eng shirin so'z - ozodlik! Ular shu so'zni aytuvchi tillarni kesadilar. Erkin nurga tashna ko'zlarni o'yib oladilar. Bunga ajablanmaslik kerak. Axir sen mol so'ygan qassobga qarab ajablanmaysan-ku? Nuriddin, sen hali yoshsan, ko'p narsalarga tushunmaysan. Tutqunlikda tug'ilganing uchun ko'zlaringni ocha olmaysan. Men esam vatanimning qanday tutqun bo'lishini o'z ko'zlarim bilan ko'rdim. Bir tasavvur qilgin-a, qassob o'z onangni ko'z oldingda bo'g'izlasa... Men ana shunday odamman. O'lganimdan so'ng yuragimni tilib, ochishsa, qon o'rnida zardob ko'rishadi. Sizlar buni taqdir deysizlar. Biz esa bunga murosa qila olmaymiz. Men, agar bilsang, shu azoblarga duch kelganimdan xursandman. Uyida qorin g'amida yotgan tuyg'usiz odam qatoriga tushib qolmaganimdan quvonaman. O'lib ketsam ham ranjimayman, axir ruhim ozod tarzda qoladi-ku? Agar mening o'limim vatanim ozodlik onlarini bir daqiqaga ham yaqinlashtira olsa ming-million martabalab qayta-qayta o'lib berishga roziman. Agar bilsang, yer yuzidagi hamma jonzotlar o'z uyasini qadrlaydi, himoya qiladi. Biz esa... shularchalik ham emasmiz, mening armonim shu xalos. Ovqat yeyishni bilamiz, kiyinishni bilamiz, maishatni bilamiz, chiroyli so'zlashga ustamiz, ammo Vatan qadrini bilmaymiz. Uyimizga o'g'ri tushsa dod solamiz, Vatanni talasalar indamaymiz. Sen bularni tushungin, Nuriddin. Bu yerdan chiqib borganingdan keyin sen ham qorin g'amiga tushib qolmagin. Ular bizlarni xuddi tramvay kabi o'z izlaridan yurmog'imizni, ular istagan yerda to'xtab o'tmog'imizni xohlaydilar. Biz tramvay emas, unutma, bizlar erkin qushlarmiz. Qani edi, burgut bo'la olsak...
Nuriddin bu gaplarni eshitib, ajablandi. Bugunmi yo erta-indinmi boshiga kulfat yog'ilay deb turgan odam o'z qayg'usini o'ylamay, shu gaplarni aytib o'tirsa. Kulfatni tik turib qarshi olish - mutelikmi yo mardlikmi? Alhol Nuriddin bu savolga javob topa olmadi. Shundan so'ng qo'li ishda, xayoli esa Yanisda bo'ldi. O'zi istamasa-da, beixtiyor ravishda unga tez-tez qarayverdi. Nuriddinning holatini anglagan Yanis sir boy bermay, sovuqqonlik odatiga xilof qilmagan tarzda ishi bilan mashg'ul bo'laverdi. Yana bir chekish bahonasida hordiq chiqarishayotganda:
- Sharqliklarning juda zo'r hikoyasi bor, aytaymi, eshitasanmi? - deb qoldi. Nuriddin Yanisning indamay ishlayotganidan siqila boshlagan, hozir hikoya aytadimi yo boshqa bir balonimi, unga farqsiz, sherigi gapirsa bas edi. Shu bois ayting, deb darrov ko'na qoldi.
- Taqdir degan bir odamning fahm-farosatda tengi yo'q, oqila va go'zal qizi bor ekan. Taqdir qiziga qarab: Aql, Davlat va Umid degan uch odamdan sovchi kelyapti, qaysi biriga rozi bo'lasan? deb so'rabdi. Shunda qiz: Dada, aql - insondagi eng ulug' fazilatdir, Aqlga suyanib turib do'stni dushmandan, hushyorni devonadan farqlash mumkin. Lekin aqlning bir aybi bor: kishini chalg'itib, xatarli yo'llarga solib qo'yishi mumkin. Davlat esa ham ishbilarmon, ham hukmdordir. Lekin Davlat hech qachon, hech kimga vafo qilmaydi. Men Umidni ixtiyor qilaman. Chunki Umid hech qachon Insonga xiyonat qilmaydi, undan ajralmaydi. Butun jahon undan manfaatdor, degan ekan. Biz ham o'sha Taqdirning dono qiziga o'xshab Umidni tanlasak, adashmaymiz.
Yanisning bu gaplari Nuriddinga qiziqarli, ayni damda sirli tuyuldi. Shu sababli yana qaytarishni iltimos qildi. Yanis ensasi qotmasdan, bu safar soddaroq qilib tushuntirdi. Garchi u Taqdirning dono qizi kabi Umidni tanladim, degan bo'lsa-da, aslida o'zi birdaniga ikki erni ixtiyor qilgan qiz kabi edi. U Umiddan avval Aqlni tanlagan edi. Aql uni shu holatga soldi, endi esa ko'z ochib ko'rganim - Umid, deb o'tiribdi. 