Koshak

Koshak necha marta etapga qo'yilgan bo'lsa ham bunchalik quvonmagan edi. Hali toj kiyish darajasiga yetmagan, ammo Ot! desa otishdan, Os! desa osishdan, Bo'g'ib tashla! desa bo'g'ib tashlashdan qaytmaydigan ikki yigitning ikki qanotiga kirishi unga baxt va omad darvozalarini lang ochib beradiganday bo'ldi. U yo'l-yo'lakay Parijda yashaganim yaxshimi yo Floridadami? degan masalada ham bosh qotirishga ulgurdi. U o'zi yoqqan zulm o'tida o'zining qovrilajagini bilmay xom xayollariga bandi bo'lib maza qildi.
Ularni shahar chetidagi to'rt qavatli uyning uchinchi qavatidagi besh xonali uyga joylashtirdilar. Derazalariga o'rnatilgan yangi panjaralarga qaraganda uy bularning tashrifi uchun maxsus jihozlangan edi. Ertasiga yana yetti kishi kelib, uy to'lib qoldi. Ko'ngil istagan barcha narsalar: aroq deyilsa - aroq, nasha deyilsa - nasha, qora dori deyilsa - qora dori muhayyo etib turildi. Koshak hatto Boquv shunaqa bo'lsa, chet elga jo'nashning hojati ham yo'q, degan xayolga bordi. Bo'lajak ish rejasi bilan tanishtirishga shoshilishmadi. Shunda Koshak ularni kuzatib turgan boshliqdan bir uydagi omonatini olib kelish uchun ruxsat so'radi. Boshliq kattalari bilan maslahatlashib unga ikki kunga ijozat berdi. Koshak o'zi bilan kelgan yigitlarning birini yoniga olib Samandarning uyini topdi. Kuzatdi. Ertasiga slesar qiyofasida kirdi. Kichik xona polining taxtalarini ko'chirdi. Ko'chirdi-yu, laqqa tushganiga amin bo'lib, g'azab bilan mushtumini qisdi. Qo'lida uchli burama mixni ushlab turganini ham unutdi. Mix barmog'i uchiga sanchilgandan keyingina o'ziga keldi...
Jahl otiga minganicha chiqib ketmoqchi edi, ammo boshliqning birorta iz qolsa, o'zingdan ko'r, u yer sen o'ylagan onangning uyi emas, degan topshirig'ini eslab, taxtachalarni joyiga qo'ydi. Javonni o'rniga surishga esa ulgurmadi. Eshikdan tashqarida ovozlar kelgach, o'zini hammomga urdi...
Tugmali buklama pichoq bilan erkakni bir hamlada o'ldirdi.
Ayol dod solib oshxona tomonga qochdi. Chap qo'li bilan og'zini yumib, o'ng qo'lidagi pichoqni qovurg'asi ostiga sanchdi. Ayol yiqilib tipirchilay boshladi. Uning qulog'idagi zirak ko'zi yaltillab ketdi - ikkala zirakni shart quloqdan uzib ola qoldi. So'ng barmoqdagi uzuklarni oldi - har holda quruq ketmayotganidan quvondi. Ayolning jon berishi og'ir bo'ldi. Unga rahmi keldi - stol ustidagi pichoqni olib, yuragiga sanchib, bu dunyo azoblaridan qutqardi. Pichoq sopini ro'molchasi bilan artib qo'yishni unutmadi. Boshliqning iz qoldirmaslik haqidagi topshirig'ini eslab, buning ham chorasini topdi - gaz yo'llarini ochdi.
Shanba kuni ularning vazifalari ayon bo'ldi. Shaharchadagi qaysi uylarda badavlatroq odamlar turishini alohida ko'rsatishdi. Guruh ikkiga bo'lindi. Birinchi guruh - keyin kelgan yetti yigit - uchragan odamlarni o'ldirib, uylarni yoqib ketishi kerak edi. Koshak esa ikki sherigi bilan badavlat xonadonlarni talab, so'ng o't qo'yishni zimmasiga oldi. Qo'lga kiritilgan boylik o'n kishiga teppa-teng halol bo'linishi qayd etildi. Vazifa yashin tezligida bajarilishi shart edi. Shanba kuni kechqurun ularni shu ko'chalardan ikki marta olib o'tishdi. Ertasiga kun yoyilganda, uzoqda olomon ko'rinishi bilan ular vazifalarini bajarishga kirishdilar. Aldangani uchun g'azab otiga mingan Koshak bu vazifalarni keragidan ortiqroq darajada bajarishga harakat qildi. Birinchi uyga bostirib kirganidayoq xonadon sohibi uning ko'ziga dam Tursunali, dam Tengiz bo'lib ko'rinib pichog'ini sanchaverdi... sanchaverdi... Har tig' urganida ko'ngli rohatdan yayrayverdi... yayrayverdi...
To'mtoq aqli esa hademay o'zining qoni ham oqajagini idrok etmadi.
Vazifalar ado etilib, hamma yuz bergan fojia haqida bosh qotirayotgan kunlarning birida Tengiz oilasidan xabar olish uchun ijozat so'rab Tursun-alining ota uyiga bordi. Amakivachchalar SSSR prokuraturasidan kelgan Tengizga monelik qilishmadi. Bog' o'rtasi kavlanib, temir quticha olindi. Akt yozilib, amakivachchalar guvoh sifatida imzo chekdilar. Bir necha yil tuproq ostida jon saqlagan temir quticha ertasigayoq yana Tengiz uchun ishonchli bo'lgan joyga ko'milib, egasi ozod bo'lib qaytguniga qadar kutdi... 
