Kundoshlar

Dunyo ham ajoyibotlarga boy. Yaxshi buzoq ikki onani emadi, deganlaridek, ayrim mamlakatlarning bir emas, ikkita rahbari bo'ladi. Birini qonuniy prezident, deydilar. Halolmi, g'irrom yo'l bilan-mi - harholda saylanadi. Bu rahbarni yoqtirmaganlar o'zlarini muxolifot, deb e'lon qiladilaru bironta xorij yurtga borib, o'zlariga yoqqan odamni muvaqqat taxtga o'tqazadilar. Bu endi norasmiy prezident bo'ladi. Bu holat kichikroq doiraga keltirilsa, ya'ni oila deb atalmish o'ziga xos mamlakatga qiyoslansa, kundoshlarni eslatadi. Shunga ko'ra, Matluba qonuniy prezident deyilsa, Nafisani norasmiy boshliq deb atash mumkin bo'lar? Ba'zan xolis bir kuch ularni murosaga keltirishga urinadi. O'rtada taxt masalasi turganda ularning murosaga kelmoqlari it ila mushukning ittifoqini eslatadi, xalos.
Matluba bilan Nafisa orasida taxt muammosi yo'q. Biroq, orada taxtdan ham muhimroq masala, talashsa arzigulik narsa bor. Odamga nisbatan narsa so'zini ishlatish noo'rin, lekin ikki ayol - biri qonuniy, ikkinchisi norasmiy xotin bir erkakni xuddi narsa kabi talashadilar. Agar xolis bir kuch - jallod o'rtaga chiqib, unga ham bo'lmasin, senga ham bo'lmasin, kallasini uzib tashlay qolay, desa ikkala xotinning bu taklifga ko'nishi tayin. Er o'lsa-o'lib ketaversin, birovi egalik qilib olmasa, bas. Er birovning to'shagidan ko'ra lahadda yotsa ming karra a'lo! Mayli, shu erim kundoshimga bo'la qolsin, deydigan xotin topilgudek bo'lsa, dunyodagi qahramon ayollardan biri bo'ladi. Shoirlar unga bag'ishlab qasidalar yozadilar. Bunaqa xotin shoir zotiga ham yoqadi-da...
Matluba xolis kuch - Valijon hamrohligida kundoshi bilan ittifoq tuzish uchun emas, yuzma-yuz jangga kirish uchun borar edi. Viloyat markaziga yetganlarida boshkentga boruvchi so'nggi avtobus ham jo'nab ketgan ekan. Ortga qaytishni ma'qul ko'rmay, chiqim sal ko'proq bo'lsa ham, yo'lovchi mashinaga o'tirdilar. Yo'l-yo'lakay churq etmasdan ketdilar. Ikkovi ham gaplashadigan ahvolda emas edi. Matlubaning xayoli bo'lajak olishuv rejalari bilan band edi. Valijon esa kutilmagan bu ofatdan qutulish choralarini izlardi.
Nafisaning uyiga yetib borishganda shahar qorong'ulik chodirida orom olishga hozir edi. To'rt qavatli bino yaqinida to'xtagan Valijon:
- Uxlab qolishmaganmikin? - deb Matlubaga yuzlandi.
- Uxlasa uxlar, o'lib qolishmagandir? - dedi Matluba zarda bilan.
Valijon gapim yoqmadi shekilli, deb o'yladi. Aslida esa, Matluba bo'lajak uchrashuvni o'ylab, asabiylashib turgan edi. Valijon bu savoli bilan qizib, cho'qqa aylangan temir ustiga suv sachratgandek bo'ldi.
Eshikni Nafisaning eri Samandar ochdi. Matlubani ko'rib, avvaliga ajablandi. Bir necha soniyalik taradduddan so'ng esa, orziqib kutgan mehmoniga yetishgan baxtiyor mezbon qiyofasiga kirib, jilmaydi.
- O, Matlubaxonim! Salomlar, salomlarim bo'lsin! Qarang, niyatning xolisligini, bugun o'ylab turuvdim. Aslida bizlar odam emas, bemehr dinozavrlarmiz. Sizni bi-ir yo'qlab qo'yishga arzimadik. Lekin siz hamisha biz bilan birgasiz.
Matluba qoshu-kipriklarigacha malla bo'lgan Samandarning gaplariga e'tibor bermay, beliga bog'lab olgan guldor peshbandga ajablanib qarab oldi. Samandar bu qarashning ma'nosini anglab, xijolatlik bilan izoh berdi:
- Oshxonada... ozgina xizmat bor ekan.
- Xotiningiz... yo'qmi uyda? - dedi Matluba, ichkariga o'g'rincha nazar tashlab.
- Bor. Uyda... Ie, nega ostonada turibsizlar? Qani, Matlubaxonim, ichkariga marhamat, - Samandar shunday degach orqasiga chekinib, yo'l bo'shatdi-da, boshini burib, xotinini chaqirdi:
- Nafis, jonim, bu yoqqa qarang. Aziz mehmonlar kelishdi.
Matluba dahlizga o'tib, poyafzalini yechishga shoshilmadi. Dovdiragan Valijon esa, kirishni ham, orqasiga qaytib ketishni ham bilmay ostona ortida turaverdi. U vazifasini ado etib bo'lgan edi. Ammo bolalarini garovga qo'yishga qodir bu xotindan ijozatsiz keta olmasdi.
Erining hayajonli ovozini eshitgan Nafisa hayallamadi. Ichkari xonaga olib kiruvchi eshikni ochdi-yu, dahlizda turgan kundoshini ko'rib toshdek qotdi. Ular uydagi o'sha sharmandali to'qnashuvdan so'ng yuzma-yuz uchrashishmagan edi. Nafisa o'ynashi qamalganidan so'ng kundoshi bilan bu holda, o'z uyida uchrashishi mumkinligini o'ylab ham ko'rmagan edi. Nimaga keldi ekan, bu xotin, degan savolga javob izlab, ostonada shumshayib turgan Valijonga qarab oldi. Valijon bu qarashning ma'nosini uqib Xudo ursin, bilmayman, deganday yelka qisdi.
Matluba ularning bu ishoralarini sezib, kundoshidan ko'z uzmagan holda:
- Vali, sen ketaver, - dedi.
Bu ijozat Valijonning yuziga urilgan tarsakiday bo'ldi. Oh, shu paytda xojasining qadri o'tdi-ya! Xojasi bunaqa paytda hotamtoy bo'lib, ichkariga olib kirardi, qornini to'yg'izardi-da, falon paytgacha bo'shsan, derdi. Ana shunda Valijon ham ayshini surib olardi. Xo'jayinning o'ynashiday bo'lmasa-da, unda ham o'ziga yarashuqli erkalaguvchilari bor edi... E, u dorulamon zamonlar beqaror shamoldayin o'tdi-yu ketdi. Endi xo'jayin qamoqda, u esa, ostonada egasiz qolgan itday shumshayib turibdi.
Ketaver, deydi. Bu begona shaharda qorong'uda qayga ham boradi, deymaydi Valijon shu alamli fikr bilan burilganda norasmiy yangasi joniga aro kirdi:
- Valijon aka, kiring, ovqat tayyor-a...
- Vali, boraver, bolalaring kutib qoldi.
Avvalgisi taklif edi, bunisi esa buyruq. Buyruqdan esa qo'rqqulik. Valijon turgan yerida norasmiy yangasiga yengil ta'zim qildi-da, orqasiga o'girildi.
- Valijon aka, kiring...
Kirish u yoqda tursin, endi to'xtasa, orqasiga o'girilsa, baloga qolishi tayin, shu sababli taklifni eshitmaganday zinapoya tomon shoshildi.
Samandar bularning kundosh ekanini bilsa-da, dardini ichiga yutib, o'zini go'yo hech nimadan xabari yo'q odamday ko'rsatishga intilardi. Oshnasining marhamat qilib, o'z o'ynashiga uylantirib qo'yganini to'ydan keyin fahmlagan, o'shanda Nafisani tashlab ketay ham degan, ammo Endi menga kim ham tegardi, deb taqdirga tan bergan edi. Ayniqsa, bu uyning in'om etilishi uning ko'p muammolarini hal etgan edi. U ilmiy safarlarda ko'p bo'lardi. Ba'zan ikki-uch haftalab qolib ketardi. Uyda yo'qligida oshnasining ser-qatnov bo'lishini sezib bir qaynardi-yu, so'ng sovurdi.
Hozir Matlubaning tashrifi zamirida noxushlik yotganini sezdi. Kundoshlarning bir-birlariga tikilib qolishganini vulqon arafasidagi sukunat deb bilib, portlash yuz bermasidan o'zini chetga olishni ma'qul ko'rdi. Qaysi erkak ikki xotinning (ayniqsa kundoshlarning) orasiga tushib, baraka topibdi-ki, Samandar topsin? Bir kuni yuragi siqilib ketgan Nafisa Siz ilmdan boshqa narsani ham bilasizmi? deb zorlanganida Samandar Men hayotni ham bilaman, deb javob qaytargan edi. Mana ayni damda o'zi bilgan hayot qoidasiga amal qilib, suzishmoqqa shaylanayotgan ikki kundoshdan nari bo'lishni istadi:
- Ha, Nafis, siz mehmonga qarang, men ishlarimni tugata qolay, - deb oshxonaga kirdi.
Shu onda Nafisaning ortida otasi ko'rindi. Mana shunisi Matluba uchun kutilmagan, ayni choqda noxush hol bo'ldi. Asli ismi Toshbolta bo'lgan bu odam sovxoz direktoriga oshpazlik qilgani uchun ko'pchilik uni Oshbolta der edi. Matluba esa fohishaxona iti deb undan nafratlanardi. Ayniqsa, qizining nomusini ham xojasiga in'om etgach, Matluba u bilan salomlashmay ham qo'ygan edi.
- Ha, kim kelibdi? - dedi Toshbolta mensimagan bir ohang bilan. So'ng esa piching qildi: - Ie, aziz mehmonmi? Ha, keling, kelin poshsha?
Uning ha, keling... degani zamirida Nega kelding, ket! degan ma'noni o'qib, Matluba ichida Turqing qursin sening! deb qarg'adi.
- Ha, gapir, ish-pish bilan keldingmi yo eringni qidirib keldingmi? Ering yo'q bu yerda. U hov... Sibirda ayshini surib yurgandir.
- Dada! - Nafisa shunday deb otasiga o'girildi.
- Nima dada! - deb o'shqirdi Toshbolta. - Nima bor unga bu uyda? Gaplashib o'zingni pastga urma. Uyga ham qo'yma. Bu uy eridan qolgan matoh emas.
Matluba bu uy ostonasini bosib o'tishi bilan hujumga tashlanishni reja qilib, aytadigan gaplarini yo'l-yo'lakay pishitib olgan edi. Matlubaning xom xayoli bo'yicha eshikni itdan tarqagan Nafisa ochardiyu uni ko'rib qo'rqib ketardi, orqasiga tisarilib, titray boshlardi... Ana shunda Matluba hujumga o'tardi. Yulmas edi-yu, ammo undan battar qilardi... o'ylaganlari amalga oshmadi. Ustiga ustak fohishaxona iti vovullab turibdi.
- Erimning... - Matluba erimning degan so'zga urg'u bermoqchi edi, ammo ovozi titrab chiqib so'zini yamlab yubordi. Ovozi titragani uchun o'zidan o'zi nafratlandi. Bu maxluqlar oldida past ketishim mutlaqo mumkinmas, deb o'ziga dalda berdi. bir necha nafas sukut qilib, so'ng gapini qaytadan boshladi: - Erimning Sibirda ekanliklarini yaxshi bilaman. Lekin bu yerga itlarini bog'lab ketganlarini bilmapman.
- Nima deding, voy enag'ar!
- Dada! - Nafisa otasining ko'kragidan yengil itardi, - Dada, ichkari kiring, aralashmang.
- Sen!.. - Toshbolta unga ham ikki og'iz shirin gaplaridan aytmoqchi edi, qizining ko'zlariga ko'zi tushib, shashtidan qaytdi.
- Bu safar siz xo'p deng...
- Yaxshi, omma, gapni kalta qil. Sen uning erini bilmaysan, tanimaysan... Hech qanaqa qog'oziga qo'l qo'yma, - shunday deb iziga qaytgach, Nafisa eshikni yopdi.
Matluba o'sha sharmandali kunda, g'azab olovida yonayotgan damda unga tuzukroq qaramagan ham edi. Hozir o'g'rincha emas, dabdurustdan tikilib qaradi. Xushbichim, xushro'y ekanini tan olgisi kelmadi. Erim bekorga ilakishmagan ekan, menga yoshingga yarashadigan qiliq qil, deb bejiz aytmagan ekan. Bu ishva qilib turganda men yoqarmidim, degan fikrni xayolidan quvdi.
Nafisa mayli, to'yganicha qarab olsin, deb indamadi. Oxiri sabri chidamadi:
- Keling, opa...
- Opa? - Matluba zaharli iljaydi. - Men qachondan beri senga opa bo'lib qoldim? Men sendaqa singilni bilasanmi, nima qilaman?
Nafisa qaydan bilsin buni. To'g'risi aytilsa, Matlubaning o'zi ham bilmaydi. Hozir Nafisa xo'sh, nima qilardingiz? deb so'rasa dovdirashi tayin edi.
- Singlingiz emasman. yoshingizni hurmat qilib aytuvdim. Boshqa demayman. Menga bir nima demoqchimisiz?
- Bir nima demoqchimisiz?.. - Matluba kundoshiga o'tli nigohini qadadi. - Sen menga qaysi xushtoringni yubording?
- Nima deyapsiz? - Nafisa ajablanib, kaftini yuziga bosdi.
- Erimni kanadek so'rganlaring yetmaganday endi menga yopishmoqchimisanlar?
- Tushunmayapman, nimaga unaqa deyapsiz?
- Sen o'zingni merovlikka solma. Bilib qo'y, o'sha xushtoringni ham, o'zingni ham o'ldirtirib yuboraman!
Bu gapdan keyin oshxona eshigi qiya ochilib, Samandarning boshi ko'rindi:
- Qizlar, nima gap, tinchlikmi?
- Eshikni yoping! - dedi Nafisa zarda bilan. Amri shu zahoti bajarilgach, Matlubaga qaradi. Endi uning ko'zlarida ham g'azab uchqunlari ko'rindi. - Qo'lingizdan kelsa o'ldiring, lekin menga tuhmat qilmang.
- Tuhmatmi? Mana bu ham tuhmatmi? - Matluba shunday deb sumkachasidan xatni chiqarib uzatdi. Nafisa xatni o'qiyotganida undan ko'zini uzmadi.
- Bu... Tursunali akamning xatlari-ku? - dedi Nafisa ajablanib. - Sizga kim berdi?
- Xushtoring.
- Tuhmat qilmang, dedim sizga! Xudo ursin, bu xatni endi ko'rib turibman.
Matluba rost aytyaptimi yo tonyaptimi? degan fikrda unga tikilib qoldi. Mo'ljalidagi hujum kuchi zaif bo'ldi. Natijasi esa, undanda zaif bo'ladiganga o'xshab turibdi.
Nafisa o'ylab bir to'xtamga kelishi uchun kundoshiga sharoit yaratib berdi. Ichkaridan esa Toshbolta yolg'on yo'tali bilan qizini shoshirdi. Dadam ham ba'zida oshirib yuboradilar-da, deb g'ijindi Nafisa, Matluba ham yo'talning ma'nisini tushundi. He, o'pkaginangga qurt tushsin, iloyim shu yo'tal olib ketsin-a... deb qarg'adi.
- Agar ishonmasangiz, - dedi Nafisa kundoshiga tik qarab, - turmaga borib kelamiz. O'zlaridan so'raymiz.
- Nima? - Matluba bunaqangi taklifni sira kutmagan edi.
- Sibirga birga borib kelamiz! - Nafisa shunday deb taklifiga aniqlik kiritgach oshxona eshigini ochdi. - Samandar aka, Irkutskka ikkita bilet olib kelasiz.
- Hozirmi? - dedi Samandar ajablanib.
- Ertaga... ertalab. Borish-kelishga olasiz. U yoqda sarson bo'lib yurmaylik.
- To'xta, - dedi Matluba. - Senga Sibirga boraman dedimmi? Menga qara, sen erimning Irkutskda ekanini qayerdan bilasan? - Matluba savolni Nafisaga berib, ko'rib qo'y, xotiningni deganday Samandarga qaradi.
Nafisani bu savol dovdiratmadi:
- Odamlardan eshitdim, - dedi xotirjam ravishda.
- Odamlar qayerdan eshitishibdi? Radiodan aytibdimi? Yo gazetda chiqibdimi?
- Endi maydalashmay qo'yaqoling. Avval manavini hal etaylik, - Nafisa shunday deb xatni eriga uzatdi. - O'qing, o'rtog'ingizdan.
Samandar xatni o'qib, boshini qashidi. Malla kipriklari pirpiradi.
- Matlubaxonim... Men bilmadim-u, ammo Nafisdan bekor gumonsirayapsiz. Xohlasangiz Tursunalining oldiga o'zim borib kelaman. Agar yanglishmasam, bu xatni o'z xohishi bilan yozmagan. Aniqlash kerak. Turmalarda har xil voqealar bo'lib turadi.
- Aniqladingiz nimayu aniqlamadingiz nima?
- Qanchadan to'lash kerak ekan?
Matluba aytdi.
- Har oydami? - dedi Samandar ajablanib. - Bu butun bir kapital-ku? Bilasizmi, Matlubaxonim, bunday qilamiz: birinchi vznosni biz beramiz.
- Yo'q!
- Rad etishga shoshilmang. Axir Tursunali menga begona emas. Biz aka-ukadaymiz, axir.
Aka-ukadaymisan, yo kundoshmisan? deb o'yladi Matluba. Bu yerda ortiq to'xtagisi kelmadi. Bularga uchrashgani uchun o'zidan o'zi nafratlandi. Xuddi tilanib kelganday his qilib, o'zini o'zi yulib tashlashni istadi. Shart burilib, eshik tutqichiga qo'l yuborganida Samandar uni yelkasidan ushlab to'xtatdi.
- Bunday qilishga haqqingiz yo'q. Menda pul bor. Bu yil baribir kurortga bormaymiz. Ishdan menga ijozat yo'q. Undan tashqari biz puldan sira qiynalmaymiz. Do'stim uchun men ham nimadir qilishim kerak.
- Siz do'stingiz uchun juda ko'p ish qilib qo'ygansiz, xayr, - dedi Matluba eshikni ochib. So'ng ostona hatlab, orqasiga o'girildi: - Bilib qo'ying: men tilanchi emasman. Erimni ham, nomusimni ham o'zim himoya qila olaman.
Matluba shunday deb eshikni yopdi-da, tez-tez yurib zinapoyadan tusha boshladi. Samandar ham, Nafisa ham uning ortidan yurmadilar. Samandar Erini himoya qilishi tushunarli, ammo nomusni nima uchun aralashtiradi? degan xayol bilan xotiniga qaradi. Nomus masalasi bekorga eslanmaganini tushungan Nafisa eridan ko'zini olib qochib, yo'tali bosilib qolgan otasi huzuriga yurdi. 
