Muqaddima

Nafisani qarg'adilar:
- O'ynashi bilan yotgan ekan, sharmanda!
...sharmanda... sharmanda...
- So'yib o'ldiribdi. Xudoning o'zi jazolabdi!
...o'zi jazolabdi... jazolabdi...
Nafisaga achindilar:
- Tirnoqqa zor o'tdi, bechora...
...bechora... bechora...
Sanjarni la'natladilar:
- Suyuqoyoqqa ilakishib yurgan ekan, yigit o'lgur!
...yigit o'lgur... yigit o'lgur...
- To'rt bolasi ko'ziga ko'rinmabdi-da, haromxo'rga!
... haromxo'rga... haromxo'rga...
Sanjarga achindilar:
- Qo'y og'zidan cho'p olmagan bola edi, bechora!
...bechora... bechora...
- O'zi pokiza edi, shayton yo'ldan urgan!
...pokiza edi... shayton yo'ldan urmagan... urmagan...
Ikki murda o'likxonada tekshiruvchilarning o'tkir tig'ini kutib yotibdi. Hademay o'tkir tig' ularning qorni, ko'kragi, boshini yoradi. O'lik hujayralarda yashiringan haqiqatni o'qimoqchi bo'lganday titkilashadi. So'ng, yorilgan yerlarini tikib, murdalarni egalariga beradilar.
Nima uchun o'lim topganlaridan bexabar qolgan ikki odam esa, qiyomatni kutib yotmog'i uchun qorong'u lahadga qo'yiladi.
So'ng pichir-pichirlar:
Xotinlarga aralashadigan odati yo'q edi-ku?..
G'arko'z edi bu juvon...
Kim o'ldirgan ekan?
Eri avval ham bir-ikki ushlab, kechirgan ekan. Lalaygan bir erkak-da! Bu safar chidolmabdi, boyaqish... 
