Murik

Qamoq olamining ikki tartib-intizomi bor. Birinchisiga huquq idoralari tartib berganlar. Bunisi qog'ozga tushgan, muhrlangan. Unga ko'p holda amal qilinmaydi. Ikkinchisi qog'ozga yozilmagan, muhrlanmagan. Ammo unga bexato tarzda bo'ysuniladi. Qonundagi o'g'rilar tomonidan joriy etilgan tartib-qoidalarning buzilishi ulug' bir fojia sanalib, buzg'unchi kechirilmaydi.
Qamoqxonalar, lagerlar garchi simto'siqlar bilan o'ralib, qurolli soqchilar bilan qo'riqlansa-da, o'g'rilar turli o'lkalarga sochib yuborilgan bo'lsa-da, ularni bir-birlariga bog'lab turuvchi botiniy robita g'oyat mustahkam edi. Belorussiyadagi lagerda bo'layotgan gaplarni Moskvadagi generallardan avval Vorkutadagi mahbuslar eshitishardi. Lager teletaypi deb nomlanuvchi xabar xizmati bexato ishlardi. Generallar botiniy zanjir mavjudligini, uning har bir hal-qasini bilishsa-da, o'zlarini bilmaganga olishardi. Halqalarni uzib tashlash qo'llaridan kelsa-da, botina olishmas edi. Zero, ta'bir joiz bo'lsa, o'zlari ham shu zanjirning bir halqasi edilar.
Tartib etilgan qoidalarga ko'ra, lager teletaypi Murikning bu tomonlarga kelishini o'n besh kun avval ma'lum qilgan edi.
Daraxt kesiladigan joy o'zgarib, daryo sohilidagi chayla ham ko'chirilgan edi. Quyosh yoz fasliga xiyonat qilib, kuzning zaharli nafasi hukmini o'tkaza boshlagani uchun chaylaga joylashgan politbyuroning shtab-kvartirasi barakka ko'chirilgan edi. Bu yerlarning betayin havosi o'zini namoyish etgan - ezib yoqqan yomg'irdan so'ng oz fursat yuz ochuvchi oftob badanga harorat berishga ulgura olmas ham edi. Mahbuslarni qiyratib tashlagan chivinlar kelgusi yozda uchrashish umidida issiq uyalariga kirib ketganlar. Chivinlar azobidan qutulgan mahbuslar uchun shu shilta ayozli mavsum a'loroq tuyular edi.
Egniga paxtali kalta to'n, boshiga telpakni qiyshaytirib kiyib olgan Tengiz nam tortgan xashak ustida uzala tushib yotganicha pinakka ketgan edi. Pachoqburun kirib, uning oromini buzdi.
- Nima deysan?- Tengiz esnab, qaddini ko'tardi.
- Naxodkadan ksiva bor.
- O'qi, kimdan ekan?
- Garbuzdan.
- Garbuz? - Tengiz kim ekan u? deb o'yladi. Har qancha tirishsa ham Garbuzning kim ekanini eslay olmadi. Uning xotirasi yaxshi edi. Bir ko'rgan odamini, bir marta eshitgan ismni o'n yildan keyin ham qiynalmay eslardi. Leningradda o'qib yurgan kezlari u boshqa talabalar kabi daftar tutmas edi, mual-limlarning ma'ruzalarini yozmas edi, xotirasida saqlab qolardi. Mening darsimni mensimaysan, deb da'vo qilgan muallimga Leninning Falsafa daftaridan bir necha sahifani yoddan aytib bergach, do'stlari uni tirik kompyuter deb atay boshlagan edilar. Ana shunday mukammal xotira egasi Garbuzni eslay olmadi. Pachoqburun xatni o'qiy boshlagach, masala oydinlashdi. Pachoqburunning faqat burni emas, bilimi ham pachoqqina edi. Beshinchi sinfda ikki yil sabot bilan o'qigach, oltinchi sinfga bormay qo'ya qolgandi. Rus alifbosidagi o'ttiz uch harfning teng yarmidan ko'prog'ini, ya'ni naq o'n yetti harfni erkin o'qiy olish martabasiga yetgan bu donishning o'ziga o'xshash bir o'g'ri qo'li bilan yozilgan maktubini hij o'qishini tasavvur qiling-u, Tengizning chidamiga qoyil qolavering. Ammo Tengiz ham temirdan emas. Uch-to'rt jumla o'qilguncha chidadi, so'ng xatni Pachoqburunning qo'lidan yulqib oldi. Katak daftar sahifasining bir burchi yirtilib, Pachoqburunning barmoqlari orasida qoldi. Xatga ko'z yugurtirgan Tengizning yuragi battar siqildi. Bu odam qo'li bilan yozilgan xatmi yoki siyohga botirib qog'oz ustiga qo'yib yuborilgan o'rmon chumolisining izlarimi, buni eskpert aniqlab bermasa, oddiy odamning farqlashi qiyin edi. Tengiz unda-bunda harfni eslatuvchi belgilarni qo'shib, bir amallab o'qiy boshladi:
O'g'rilar omon bo'lsin!
Salom, Tengiz, salom qorindoshim! Senga yetib ma'lum bo'lsinkim, bu men - Oleg Garbuzman. Senga va Irkutsk tsentralidagi barcha o'g'rilarga, politbyuro a'zolariga, sizlarning yelkadoshlaringizga birodarlik salomlarim bo'lsin! Qimmatbaho salomatliklar qalay? Xudo barchalaringizga uzoq yillar omonlik bersin.
Qorindoshlar, jondosh o'g'rilar, bizning Naxodkada mendan tashqari Valdemar Olov, Boris Shimol ham bor. Biz uch o'g'rimiz, ammo haligacha birontamiz toj kiyish baxtiga muyassar bo'lmaganmiz. Malyavamning dastlabki satrlaridayoq o'z murodu maqsadimni bayon qila qolay: men siz mehribon o'g'rilarning biringizga uka, biringizga do'st, ulug'larga esa o'g'il yoki jiyan bo'lib, mo'tabar o'g'rilar oilasining teng a'zosi sifatida qatorlaringizga kirmoqlikni orzu qilyapman. Men bundan buyongi hayotimni o'g'rilik mehrobiga atadim. Bundan buyon siz mehribon zotlar bilan yelkama yelka turib, barcha dardu alamlarni birga totmoqqa, teng baham ko'rmoqqa qaror qildim.
Qadrdonim Tengiz! Men qamoqda hali ko'p o'tiraman. O'g'rilarning muqaddas oilasiga a'zo bo'lsam, qonundagi o'g'ri tojiga lozim ko'rilsam, balki qolgan umrimni ham qamoqda o'tkazarman. Bu masalada sizlar nima iroda qilsangiz, shu bo'ladi. Men ozodlikda yurganimda sizlar haqingizda ko'p eshitganman. Sizlar tomonga intilganman. Biroq, sizlar bilan yuzma-yuz uchrashish baxti menga nasib etmadi. Xatimni o'qib bo'lgach, barcha kamchiligu gunohlarimni yozib yuborarsizlar. Sizlarning ko'rsatmalaringizga amal qilib, bundan keyingi hayotim masalalarini o'g'rilar qoidasiga xilof qilmagan holda yechib borayin. Men qanday og'ir kunlarda sizlarni bezovta qilayotganimni bilib turibman. Iltimosim qabul qilingan taqdirda ro'paramda qanday mashaqqatlar turganini ham his etyapman. Bu satrlarni yozish ham menga oson bo'lmadi. Bu xat o'zimning hayotim xususidagi bir hukmdir. So'nggi nafasimga qadar o'g'rilarning ulug' oilasiga sodiq qul bo'lib xizmat qilaman. Agar u dunyoda ham o'g'rilik hayotini davom ettirish lozim bo'lsa, u dunyoda ham faqat o'g'rilar oilasiga qulman.
Aziz va qondosh o'g'rilar! Endi o'zim haqimdagi ma'lumotni yozay: men tulalikman. Birinchi marta 1978 yil 2 mart kuni mashina o'g'irlash paytida qo'lga tushib, olti yilga qamaldim. Bir yildan so'ng o'smirlar qamoq lageridan kattalarnikiga o'tdim. Ikki yil Yaroslavlda o'tirdim. So'ng Etap bilan Lvovga yuborildim. Zekvagonda Seryoja Oqqush bilan tanishdim. U menga ko'p narsalarni o'rgatdi. Lvovda ekanimda o'g'rilar qurultoyi bo'ldi. Sakson to'rtinchi yilda ozodlikka chiqdim. O'n besh kundan so'ng 212-moddaning uchinchi bandi bilan yana besh yil berishdi. Hali Tuladagi qamoqda ekanimda o'g'rilarning qurultoyi bo'ldi. Vitya Kalina, Sulton Chechen bilan shunda tanishdim. (Sultonni Xudo rahmat qilsin, yotgan yeri momiq bo'lsin!) Sulton meni lagerdagi tartibga boshliq qilib ketdi. Ko'p o'tmay promzona komendanti o'ldirilib, hamma yoq ag'dar-to'ntar bo'ldi. Komendant zonada qanjiq-musorlarning qurultoyini o'tkazmoqchi edi. Mening bo'ynimga hech nima ilisha olmadi. Ammo Tverga borgach, yana bir yarim yilni bo'ynimga ilishdi. Bu yerda boshqa o'g'rilar bo'lmagani sababli sizlarinng birodaringiz Ostap Janjal bu yerdagi tartib-intizomni boshqarishni menga topshirdi. Bu ishonch men uchun katta baxt edi!
Uchinchi marta bankka hujum qilganimda qo'lga tushib, mana shu yerda o'tiribman.
Iltimosimga javobni sabrsizlik bilan kutaman.
Siz - eng mehribon, eng halol o'g'rilarga mustahkam sog'liq va ozodlik tilayman.
Siz ulug' zotlarni g'oyibona bir-bir bag'riga bosuvchi tulalik Oleg Garbuz. 26.08.1988. Naxodka.

Tengiz xatni o'qib bo'lgunicha ko'zlari tinib, gardanida og'riq paydo bo'ldi. Avval mijjalarini yengil uqalab, so'ng gardanini siladi. Bitxat bo'lsa ham gaplarni topib yozarkan. Agar o'zining kallasidan chiqarib yozgan bo'lsa, ahmoqqa o'xshamaydi, - deb o'yladi Tengiz. - Lekin... Nima uchun shu paytgacha u haqda eshitmagan ekanman? Tengiz shu xayol bilan Pachoqburunga qaradi. U buyruqqa mahtal holda somelik ila turardi.
- Politbyuroni to'pla.
E'tiborli o'g'rilarni yarim soat ichida to'plab kelish uchun Pachoqburunga shu qisqa buyruqning o'zi kifoya qildi.
Politbyuro deganlari tojdor o'g'rilardan iborat kengash edi. Garchi Tengizning obro'yi qamoq lageri boshlig'idan ham balandroq bo'lsa-da, ayrim masalalarda bu kengash hukmiga xilof ish ko'rishga huquqi yo'q edi.
Bifshteks o'ldirilganidan beri politbyuro yig'ilmagan edi. Ha, o'shanda Tengiz bir adashdi. U aslida Nuriddinning adabini berib qo'ymoqchi edi, so'ng o'zi tomon og'dirmoqchi edi. Hirsday Bifshteksning bir tepki bilan o'lib qolishi hayoliga ham kelmagan edi.
Lagerda Bifshteksning qochgani haqida xabar tarqalishi bilan Valera Qo'tos deb laqab olgan politbyuro oqsoqoli Tengizni chaqirtirdi. Qo'tos qolgan umrini qamoq lageriga bag'ishlagan o'g'rilardan edi. U ozodlikka chiqishni istamasdi. Qamoq muddati nihoyasiga yetay deganda bir qiliq chiqarardi-yu, o'zining ta'biri bilan aytilganda, kurort mavsumi cho'zilardi. Uning asosiy vazifasi - kelajakda ulug' o'g'ri bo'lib yetishishi mumkin bo'lgan yigitlarni aniqlab, tarbiyalash edi. Shu jihatdan qaralganda Nuriddinning tarbiyasi bilan avval Qo'tos shug'ullanishi lozim edi.
Qo'tosning yo'qlovi Tengiz uchun kutilmagan bo'lmadi. Bugunmi-ertami baribir ro'para bo'lishini bilib, javoblarni tayyorlab qo'ygan edi. Ammo Qo'tosning belgilangan barakda yakka o'zi emas, politbyuro a'zolari bilan birgalikda kutib olgani Tengiz uchun kutilmagan hol bo'ldi. Xayoliga nima bu, to'ntarishmi? degan fikr chaqmoq nuriday urildi-yu, o'sha zahoti so'ndi. Chunki Tengiz shunday bo'lgan taqdirda ham og'ir ahvolda qolmasligini bilardi. Bunga o'xshash isyonlarning hisob-kitobini qilib qo'ygani uchun xotirjamligini yo'qotmadi.
Qofqazlik tojdor o'g'rilar bilan hazillashib bo'lmasligini bilgan politbyuro a'zolarida Tengizga qarshi bir ish yuritish fikri yo'q edi. Ular faqat Bifshteks taqdirini oydinlashtirib olmoqchi edilar.
Tengiz ostona hatlashi bilan Qo'tos o'rnidan turdi-da, unga peshvoz chiqdi.
- Knyaz, sen xafa bo'lma, favqulodda hol bizni to'planishga majbur etdi, - dedi u, Tengizga qo'l uzatib.
Qofqazlik tojdor o'g'rilar o'zlarining kelib chiqishlarini mashhur knyazlarga bog'laganliklari uchun asosiy laqablari qolib, hurmat yuzasidan ularga knyaz deb murojaat qilish o'g'rilar olamida odat tusiga kirgan edi. Bu odat barcha knyazlar qatorida Tengizga ham yoqar edi. Yetti pushti oliymaqom xonadonga yo'lamasa ham u o'zini chinakam knyaz his qilardi. Qo'tosning knyaz deb murojaat qilishi esa vaziyatning aytarli keskin emasligiga dalolat edi.
Tengiz yig'ilganlar bilan birma-bir ko'rishgach, to'rga o'tdi. Qo'tos uning yoniga o'tirdi. Tengiz sigaret tutatgach, Qo'tosga yuzlandi:
- Nima bo'ldi?
- Bizni Bifshteks qiziqtiryapti. U hamisha sening yoningda bo'lardi?
- Ha, bo'lardi, - dedi Tengiz xotirjam ravishda. So'ng xuddi oddiy bir xabarni eslaganday qo'shib qo'ydi: - O'lmasidan ilgari...
- O'ldimi? - Qo'tos ajablanib, to'planganlarga qarab oldi. Ular ham hayratlarini yashirmay Tengizga tikilishdi. Lager hayotida birovni o'ldirish, yoki itday o'lib ketish aytarli ajablanarli hol emas. Tojdor o'g'rilarni hayratga solgan narsa - yaqin odamlarining o'limi tafsilotidan vaqtida xabar topmaganlarida edi. Agar sheriklariga bu olamga begona kimsa qasd qilgan bo'lsa, kechiktirmay jazolashlari shart. Tengiz ularning bu fikrini ham uqsa-da, javobga shoshilmadi. Sigaretni yana ikki-uch, chuqur-chuqur tortib, nafsini orom toptirgandan keyingina javob berdi:
- Ha, o'ldi. Bir mishiqini eplay olmadi. Adabini berib qo'y, devdim, bir tepkini ko'tara olmay o'ldi. Bola balo ekan.
- Kim? Sen uni o'ldirdingmi? - Bu safar Qo'tosning ovozida tahdid sezildi.
- Ayb u bolada emas.
- Kimligini ayt bizga!
- Bilishga qiziqayotgan bo'lsalaring aytaman: Eshshak, Bublikka egilmagan bola.
- Uni menga qo'yib berishing kerak edi?
- Bo'lar ish bo'ldi endi. Men sinab qo'rdim - mard bola ekan. Yaxshilab tarbiya qilsang zo'r o'g'ri chiqadi undan. Ammo u endi u esh-shak emas, nomi Hamzat bo'ladi.
- Nega?
- Men shuni xohladim.
- Knyaz, sen haddingdan oshma! - Ukraina tomonlarda Koshak nomi bilan mashhur bo'lgan o'g'ri Tengizning so'zini dag'allik bilan uzdi: - Sen musulmoningni himoya qilib, zo'r yigitni o'ldirtirib yubording!
Tengiz sigaretini tutatib, unga tutun orasidan ko'zini sal qisibroq qaradi:
- Koshak, bilmasang bilib qo'y: mening dinim ham, millatim ham - o'g'ri! Qo'tos, sen bunga tushuntirib qo'y. - Tengiz shunday deb o'rnidan turdi. Ostonaga yetganida to'xtab, orqasiga o'girildi. - Koshak, bilib qo'y, bu olamda faqat bittagina o'g'ri degan millat bor. Bu millat oldida boshqalari sariq chaqa. Agar shunga aqling yetmasa, sen o'g'ri emassan, mujiksan! - Tengiz eshikni bir tepib ochdi-da, tashqariga chiqdi. Uch-to'rt qadam yurib, to'xtadi. Uning fikricha, hozir ortidan Qo'tos chiqib kelishi lozim edi - yanglishmadi.
- Knyaz, sen xafa bo'lma. Koshakka yetadigan ahmoq bu dunyoda kam topiladi. Ahmoqona gaplarni ko'p gapiradi-yu, ammo yuragi toza bola. Ko'nglida kiri yo'q. Sening nima uchun achchiqlanganingni tushunmay o'tiribdi, u ahmoq! Tushunganidan so'ng o'zi kelib sendan kechirim so'raydi.
- Xafa emasman,- Tengiz shunday deb jilmaydi,- oilamizga bir-ikkita shunaqa dovdir ham kerak. Bo'lmasa, yashashning qizig'i qolmaydi.
- To'g'ri aytasan. Unga shu yerlarda chidash mumkin. Ozodlikda bunga sherik bo'lganning sho'ri quriydi.
Qo'tos to'g'ri aytgan edi - Koshak ikki kundan so'ng Tengizdan uzr so'radi. O'zining ham dunyoda yagona o'g'ri millatidan ekanini bayon qildi.
Ana o'sha voqeadan beri politbyuro endi rasmiy kengashga chorlangan edi. Oleg Garbuzning iltimosnomasini o'qishdan avvalroq Tengiz, politbyuroni chaqirishni reja qilib qo'ygan edi. Kecha oqshomda qo'liga yetib kelgan bir xabar uni politbyuro bilan maslahatlashishga undagan edi.
Politbyuro to'plangach, Tengiz o'tirgan yerida ularga bir-bir qarab chiqdi.
- Knyazlarim, - garchi qofqazliklardan boshqalar bu nomga da'vo qilmasalar-da, Tengiz ularga bo'lgan hurmatining baland ekanini bildirib qo'yish uchun gapini shunday boshladi, - knyazlarim, bugun biz ikki muhim masalada yagona qarorga kelishimiz kerak.
Tengiz birinchi masala deb Oleg Garbuz iltimosini bayon qildi. U gapini tugatmayoq Koshak e'tiroz bildirdi:
- Onasi o'n marta qayta tug'sa ham undan o'g'ri chiqmaydi, - dedi u stolga kafti bilan urib-urib qo'yib. - Kozel u! Boshqa gap yo'q! Tulada nima uchun suvdan quruq chiqqan? Kozel edi! Promzona komendanti bizning odam edi. Hech qanaqangi qanjiq-musorlarga aloqasi yo'q edi.
- Aniq bilasanmi? - deb so'radi Qo'tos.
- O'shanda men Kurskda edim. Aniq bilaman.
- Men Garbuz deganini endi eshityapman. Kozel bo'lsa nima uchun shu paytgacha jazosiz yuribdi?
- Tutqich bermayotgandirda. Agar unga toj kiydirsak, hammamiz rasvo bo'lamiz.
- Agar kozel bo'lsa... agar ayyor bo'lsa... - Tengiz o'ylanib qoldi. - Boshqa lagerlarga ham shunaqa xat yozgandir? Tezda aniqlash kerak. Qo'tos, o'zing shug'ullan bu ish bilan. Agar shunday qilgan bo'lsa, boshiga toj o'rniga sirtmoq ilish kerak. Ilganda ham pinhona emas, shov-shuv bilan osib o'ldirish kerak. Boshqa kozellar o'zlarini nima kutayotganini bilib qo'yishsin. Birinchi masala - tamom! Endi ikkinchisi - biz tomonlarga Murik kelayotgan emish, - Tengiz shunday deb o'tirganlarga savol nazari bilan boqdi.
- Murik? Kim u? - deb so'radi Qo'tos.
- Bilmaysizlarmi? - Tengiz istehzoli jilmayib, yon cho'ntagidan bir varaq qog'oz oldi.- Cho'mich- Slava Galiulin. MURga xizmat qila boshlagani uchun laqabini o'zgartirib, Murik deb qo'yishibdi. Ma, o'qi, - u shunday deb, xatni Qo'tosga uzatdi.
Qo'tos maktubga ko'z yugurtirib, bosh chayqadi-da, so'ng ovoz chiqarib o'qiy boshladi:
- Irkutsk tsentralidagi halol birodarlarimizga salomlar bo'lsin. Salom yo'llovchilar - Pskov lageridagi o'g'rilar - sizlarga omonlik tilaydilar. Qadrdon o'g'rilar, bu shoshqich xatimiz bilan sizlarni ogoh etamiz: biz bilan Cho'mich - Galiulin birga bo'ldi. Bilib qo'yinglarki, u bizning pok va muqaddas nomimiz - o'g'ri nomi bilan yashirinib yurgan bir qanjiqdir. Ha, bilib qo'ying, u O'G'RI emas, u qanjiqdir! O'g'ri nomiga isnod keltirgani uchun uni faqat qanjiq yoki ABLAH deb atash mumkin. O'zini hurmat qiluvchi har bir o'g'ri, har bir mahbus u bilan shu nomiga yarasha muomalada bo'lishi kerak. Shu bilan birga barcha qanjiqliklari uchun jazosini olishi shart! Yana bilib qo'yinglarki, Moskvada o'g'rilar qurultoyi bo'lib o'tdi va Cho'michga nisbatan qaror qabul qilindi. Qarorga binoan, u QANJIQ deb e'lon qilindi. Moskva pupkarlariga xizmat qilgani uchun unga MURIK deb nom berildi. Uni qabul qilganlaringda shu qaror yoddan ko'tarilmasin.
Pskovda biz olti o'g'rimiz: Kato, Kuyov, Yo'lbars, Sibir, Avliyo va Olov barchalaringizga ozodlik tilab qoladilar.
Qo'tos o'qishni yakunlamay, Koshak stol ustiga musht urib, to'ng'illadi:
- Cho'mich kelishi bilan menga berasanlar. U bilan ozgina hisob-kitobim bor.
Bu gapni eshitib, Tengiz unga tikilib qoldi.So'ng kengash a'zolariga savol nazari bilan bir-bir qaradi:
- Xo'sh, Murikni Koshakka beramizmi? - Tengiz shu savolni o'rtaga tashlab, sukut qildi.O'tirganlardan sado chiqmagach, davom qildi: - Biz o'g'rilarning bir ahmaqligimiz bor. Faqat o'zimizning hisob-kitobimiz bilan qiziqamiz. O'g'rilarning muqaddas olami bilan esa, ishimiz yo'q. Oilamiz qanjiqlar bilan to'lib ketyaptimi, irib ketyaptimi, sasib ketyaptimi - ishimiz yo'q. Xo'sh, Koshak, Murik seniki. Nima qilasan, o'ldirasanmi?
- Qiynab o'ldiraman.
- Ana shu-da! Nima uchun qanjiqlik qilgan, nima uchun qamalib bu yoqlarga yuborildi? Bilish kerakmi? Gap shu: Murik kelaversin. Yuraversin. Biz esa, go'yo hech nima bilmaymiz. Biladiganimizni bilib olaylik, ana undan keyin u Koshakniki. Istasa homicha yesin, istasa pishirib yesin. Boshqa gap yo'q. Takliflaring bo'lsa aytlaring.
- Taklif bor, - dedi Koshak tirjayib. U majlis qaroridan mamnun edi, shu bois bir hazil qilgisi keldi. So'zlashga ijozat berilgach, o'rnidan turib, yoqasini tuzatgan bo'ldi: - O'rtoq kommunistlar, majlisimiz nomidan KPSS bosh kotibi Gorbachga tabrik telegrammasi yuborsak.
Bu hazil to'mtoq bolta bilan o'tin yorishni eslatsada, o'tirganlar Koshakka qarab jilmayib qo'yishdi. Tengiz ham kulimsirab, uning bu haziliga yakun yasadi:
- Yaxshi taklif. Telegramma yoz-da, yumaloq muhr o'rniga nozik yeringni bosa qol.
Politbyuro majlisi shu tarzda kulgu bilan yakunlandi. Oradan to'rt kun o'tib, Murik tashrif buyurdi. Unga qadar lager teletaypi orqali Tengiz muhim ma'lumotlar oldi.
