Nafisa

Bu dunyodagi hayot qilko'prik emas, undanda xavfli, undanda battaroqdir. Balki ustara tig'i ustida yalang-oyoq yurishga qiyoslash o'rinlidir? Voqean shunday. Ustara tig'i desakda, qilko'prik desakda farqsiz - Nafisa bu yo'lda yura olmadi - toydi. Unga bu yo'lda qanday yurmoq lozimligini o'rgatmadilar. Zaharni asal dedilar - ishondi, zulmatni oydinlik dedilar - ko'ndi, azobni rohat dedilar - ma'qulladi... Sassiq ko'lni mavjli dengiz deb xayol qilib adashganini, oydin yo'l degani baxt saroyiga emas, do'zax qopqasiga yetaklaganini kech angladi. Agar uyida o'lim topmaganida balki kech angladi demog'imiz o'rinsiz bo'lardi. Harom-halolning farqiga endigina borayotgan juvon uchun pokiza dengiz yo'llari ochilarmi endi?..
Bir kuni ishxonasidagi ayolning Har bibi seshanba kuni osh damlab muhtojlarga chiqaraman, shuning uchun Xudo mushkullarimni oson qiladi, degan gapi Nafisaga ta'sir qildi. Farishtali oila deb atalmish baxtdan boshqa hamma narsasi bor Nafisa keyingi haftalarda o'zi sezmagan, o'zi istamagan holda ezila boshlagan edi. Tursunali akasi u yoqda, eri tog'da bo'lgan juvonning yolg'iz qolishi azob edi. Yo'q, Nafisa o'gay onasi ta'rif etgan darajadagi toifadan emasdi. Ersirab qolgani ham yo'q edi. Faqat ayollar oilalaridan gapirishsa, hatto turmush qiyinchiliklaridan nolishsa ham ularga havasi keladigan bo'lgan edi. U er hukmron bo'lgan ko'p bolali oilaga ega bo'lish orzusida yashay boshlagan edi. Chiroyli yoki puldor er havasi shamolda qolgan shamchiroq singari umri poyoniga qarab borardi. Shinam oila orzusida u osh damladi. Ikki yon qo'shnisinikiga bir kosadan chiqardi, bir kosani olib yuqori qavatga ko'tarildi. Abduqayum uyda yolg'iz edi. Nafisa ochiq eshikdan kirib, kosani aravachaga moslangan stol ustiga qo'ydi. Nafisa qo'shni ayollarning bu xonadonga kirib, gaplashib o'tirishlarini bilardi, bu bola ko'p kitob o'qiydi, bola emas - balo! degan ta'rifni ham eshitgan edi. Shu sababli Abduqayumning Nafisa opa, bir pas gaplashib o'tiring, degan taklifini rad etgisi kelmadi.
Shundan so'ng yolg'izlik azobiga Abduqayumning suhbatlari malham bo'la boshladi. Shu yerda uning tosh yuragi yumshaganday bo'lib, zulmatdagi qalbiga iymon nuri asta mo'raladi.
Omonullo Nafisaning ishxonasiga borganida stoli tortmasidan o'n ikki varaqli daftar olinganini bilmas edi. Nafisa bu daftarga nimalarnidir yozar, keyin uzoq tikilib o'tirar edi. Bu holatga qiziqqan hamxona ayol uning o'limidan so'ng daftarni olib o'qidi-yu, ammo joyiga vaqtida qo'yishni unutdi. Omonullo kelganida esa daftarni uning qo'liga tutqazishdan cho'chidi. Shu bois Nafisaning qalbidan o'tganlari sir bo'lib qolaverdi.
Nafisa Abduqayumning kitoblardan o'qib berganlarini eslab, ayrim gaplarni esa yozib qo'yishni odat qilgan edi.
Seni haqiqatdan uzoqlashtirib, yomon odatlarga yaqinlashtirgan kimsa eng iflos odamdir... - Abduqayum shunday dedilar. Unda... Eng yaqin odamlarim... eng iflos odamlar ekan-da... Voy, Xudoyim, bu ne ko'rgulik...
Ey Odam farzandi! Dunyoga yomonlik tarqatganni aslo olqishlama! Bu olqishing seni zulmlarning eng dahshatlisiga olib boradi... - Men shunday qildimmi? Endi zulmning eng dahshatlisiga uchraymanmi? Voy, Xudoyim, bu ne ko'rgulik...
Ey boyligi bilan mag'rur bo'lgan inson! Falonchiman! deb kibrlanma, balki Asli o'zim kimman?... deb fikrla. Bugun moliga maftun, avlodiga majnun bo'lgan ey inson! Ko'z yumgan kuning achchiq-achchiq haqiqatni ko'rgach tushunasan... Mol-dunyong ko'pligidan sevinma, halol qo'lga kiritganingdan sevin. Chunki harom daromad seni oqibat azobga duchor qiladi... - Bu azoblar hali menga kammidi... Voy, Xudoyim, bu ne ko'rgulik...
Qalbida iymon nuri bo'lmagan inson - uyqudadir. Uni faqat o'lim uyg'otadi. Shu sababli Rasulluloh insonlar uyquda, o'lganlarida uyg'onadilar, degan ekanlar... - Men qanday uyg'onar ekanman, Voy Xudoyim...
Hamxona ayol bu satrlarni o'qib ko'p ham ta'sirlanmagan, eskichaga o'qiyotgan ekanda, deb qo'ya qolgan edi. Qalbning nurlanishi degan tushunchadan uzoq bo'lgani uchun ham Nafisaning satrlariga ko'chgan tuyg'ulariga hamroz bo'la olmagandi. Daftarni Omonullo o'qigan taqdirda ham qotilni aniqlashga yordam beruvchi dalil yo'q, deb qo'ya qolar edi.
Idora xo'jayini milisaga g'ing desalaring onalaringni ko'rsataman, degani sababli hamxona ayol Omonulloga bor gapni aytishdan qo'rqdi.
... Nafisa o'sha kuni ertalab bozorga kirib issiq non, qulupnay ko'tarib kelib idoradagilarni mehmon qildi. Mehnat ta'tilini tog'da, eri bilan o'tkazajagini hamxona ayolga aytdi. Shunda yo bugun, yo ertaga olib ketishlari kerak, hammomda kran o'lgurdan suv oqyapti. Usta chaqirsam kelmayapti, yo'g'imda suv sharillab oqib ketsa qo'shnilarimdan balolarga qolaman, deb nolidi. Shunda hamxona ayol: Voy, Sanjarga ayta qolmaysizmi, menikini bir pasta tuzatib bergan, asli kasbi santexnik-ku, bilmasmidingiz? dedi-da, chaqqonlik bilan turib yigitni chaqirib keldi.
- Ishdan keyin borolmayman. Agar xo'p desangiz hozir borib tuzatib kela qolay...
Taklif ma'qul bo'lib yo'lga tushdilar...
Ularning birga kelayotganlarini Abduqayum ko'rdi...
Ko'rdi-yu, ko'ngliga shubha oralamadi, yomon fikrga bormadi...
Uch kundan keyin Nafisani qarg'adilar:
- O'ynashi bilan yotgan ekan, sharmanda!
... Sharmanda... Sharmanda...
Uch kundan keyin Sanjarni la'natladilar:
- Suyuqoyoqqa ilakishgan ekan, yigit o'lgur!
... Yigit o'lgur... Yigit o'lgur...
Hamxona ayol ham bu gaplarga ishondi va aytdiki:
- Ilgaritdan ko'z suzishib yurardi-da... 
