Nomus

Omonullo shaharga qaytmay, avtobusga o'tirib Toshboltaning qishlog'iga yo'l oldi. Adolatning xotinini urib o'ldirgan, degan gapi unga yana bir muammo eshigini ochib bergan edi. Depara markaziga, so'ng ichki ishlar vakili hamrohligida qishloqqa borgunicha qosh qoraydi. Nafisaning fojiali o'limi haqidagi mish-mishlar bilan yashayotgan qishloq militsiya xodimlarining surishtirib kelishganidan o'sha zahotiyoq xabar topdi. Ikkita milisa surishtirib kelibdi, degan xabar qishloqning narigi boshiga yetguncha ikki moshin to'la milisa bosibdi, degan vahimaga aylanib, Yigitali yashaydigan ko'cha jonlanib qoldi. Hangoma-talablar hovliga kirishni istadilar-u, ammo darvoza ostonasida turgan yigitga yo'liqib izlariga qaytdilar. Biroq bu xonadondan uzoqlashmadilar. Ularning nazarida hozir bu uyda bir nima sodir bo'lishi kerak edi. Ular ana shu bir nimadan quruq qolmaslik uchun ham shikordagi ovchi misol sergak turdilar. Bu qiliqlari uchun ularni ayblash noo'rindir. Qishloqda har oydami, har yildami bir juvon o'ldirib ketilsa, surishtirib milisa kelib-ketib tursa, boshqa gap edi.
Odamlar bir nima sodir bo'lishini behuda kutdilar. Ichkarida hech qanaqa g'alati voqea yuz bermadi. Balki Omonullo bilan Yigitalining oddiy savol-javoblari bo'lib o'tdi. Omonullo gapni uzoqdan boshlamadi. O'zini qiziqtirayotgan muammolarni yecha olishga xizmat qiluvchi savoldan boshlab qo'ya qoldi:
- Jiyaningiz... Boltayeva bu yerga tez-tez kelib turarmidi?
- Yo'q...- dedi Yigitali shop mo'ylovini silab,- onam rahmatli hayotliklarida kelib-ketib turguvchi edi. Keyin oyog'ini torta qoldi. Erga tekkanidan ke-yin hecham kelmadi. Eri qo'ymadi shekilli-da.
- Erini taniysizmi, ko'rganmisiz?
- Yo'q, ko'rmaganman. To'yidan bexabar qog'onmiz. Toshbolta qishloqdan hech kimni aytmagan. Azaldan fe'li chatoqroq shu bolaning.
- Singlingizni... - Omonullo urib o'ldirganmi? deb so'ramoqchi bo'ldi-yu, tilini ehtiyot qilib boshqacha tarzda so'radi:-... biron kasal bo'lganmidi?
- Singlim kasalmasidi. Shu Toshbolta xunasa bir kuni deng, kelib uribdi-da. Men yo'g'akanman. Bor bo'g'animda o'zining jig'ini ezibla qo'yardim-a. Bu xunasa ichishni evlolmasidi. Ichdimi, tamom, ishkalning uyasini kavlardi-da. Qattiq urganidan singlim bechoraning ichagi uzilib ketibdi. Do'xtir shunaqa degan.
- Qamalishining sababi boshqa-ku?
- Ha-da, biz da'vo qilmadik-da. O'shanda bir nima deb qo'ysak umri qamoqda chirirdi. Shu Nafisani debla uni ayadik. Aslida Toshbolta o'shanda tuhmat bilan ketdi, Xudoning urgani shu, shuning o'zi yetarli, dedik. Ayamasdan ottirvorsak bo'larkan. Yo'q bo'lib ketovursa Nafisaning boshiga bu balolar ham yog'ilmasidi.
- Nega?
- Nega bo'lardi? O'zim tarbiya qilardim. Shu qishloqlik quling o'rgulsin yigitga erga berardim. Shaharga yubormasidim. E, endi gapirganning foydasi yo'q, - Yigitali shunday deb qo'l siltadi.
- Toshbolta akani tuhmat bilan ketgan dedingizmi?
- Ha-da, u traxtorini to'g'ri yo'ldan haydab borgan. Jigulidagi xunasaning o'zi kelib unga urilgan. U ham mast bo'g'on-da. Omma-lekigin uning puli bor edi. Ishni teskari qib yubordi, qiztaloq. Buni ko'rgan guvohlar bor edi-ku, omma-lekigin bir nima deyishga qo'rqishdi. Menga aytishdi. Men nima, prokurormidimki, bir nima qila olsam. Peshonasida qamalish bor ekan, ketvordi. Yanayam oson qutuldi. Omma-lekigin orada qiziga javr bo'ldi. Singlim ham ketdi, jiyanim ham ketdi, hech kim qolmadi... - Yigitali shunday deb uf tortdi-da, kaftiga bir chimdim nos to'kib, so'ng tilining tagiga tashlab, bosh chayqab qo'ydi.
- Jiyaningizning... dushmanlari bormidi?
- Iya, gapingiz qiziq, xotin kishida ham dushman bo'lami?
- Bo'lmaydi, deb o'ylaysizmi?
- Bo'lar-ku, omma-lekigin o'ldirib ketadaQon dushmani bo'lmasov.
- Unda kim o'ldirishi mumkin?
- Shunisini bilmayman, uka, - Yigitali g'o'diranib nosni tupurdi-da, mo'ylovini silab qo'ydi. - Men bundaqa gaplarni biladag'on prokuror emasman. Mening bilganim - kuni bitgan ekan, shunaqa o'lim topibdi. Hammamiz birin-sirin o'lib ketovramiz, dunyo esa orqamizda qolovradi.
- Jiyaningiz avvalgi sovxoz direktori bilan yaqin bo'lgan ekan, shuni siz bilarmidingiz?
- Kim aytdi? Toshboltanikiga boruvdingizmi? Ha... unda ashi shaytonning urg'ochisidan eshitgansiz. Bekorlarni aytibdi u shilta! Bizdi urug'dan bunaqasi chiqmagan! - Yigitali shunday deb shart o'rnidan turdi-da, xuddi to'nning etagini qoqayotgandek soniga urib qo'ydi. Omonullo uning bu holatidan ajablanmadi. Jiyanining axloqi xususida bunday noxush gap eshitgan har qanday tog'aning g'azablanishi tabiiy. Tag'in ham Omonullo yaqin bo'lgan ekan, deb pardalab aytdi, agar o'ynashi ekan, degandami, bu chapanisifat odam qay holga tushardiykin? Yon-atrofdagilarga so'z bermay yuruvchi erkak nomussizlik ko'lankasida qolguday bo'lsa chidashi nihoyatda qiyin. Jiyanining, hatto o'z farzandining o'limiga chidar, taqdir ekan, deb o'zini yupatar, ammo nomussizlik tamg'asini ko'tarishga har qanday baquvvat bel ham chidamas. Yigitali jiyanining qadam olishini bilmasdi emas, bilar edi. Ular yashayotgan sovxoz dunyoning narigi chekkasida bo'lsa ekanki, gap-so'z yetib kelmasa. Unda birov aksirib yuborsa, yonidagi sog' bo'ling, deyishga ulgurmay aks-sadosi qishloqqa yetib keladi. Yigitali bir eshitganida indamadi - g'iybat gap, deb o'zini tiydi, ikkinchisiga chidadi. Uchinchisida borib jiyaniga indamadi-ku, ammo Toshboltani yoqasidan oldi. Tuprog'i ko'pchib yotgan ko'chada og'zi-burnini qora qonga belab urdi ham, yumalatib tepdi ham. Xumordan-ku chiqmadi-ya, lekin endi tiyilar, deb umid qildi. Semirib ketgan qo'chqorni homilador gumon qilib tug'ib berishini kutgan odam qanchalar laqma bo'lsa, Yigitali ham bu sohada nodon edi: shiraga o'rgangan pashshani yaxshilik bilan qaytarish mumkinmasligini fahmlamasdi. Bora-bora g'ishtning qolipdan ko'chganini anglagach, jiyaniga qishloqqa kamroq kel, deb qo'ydi. Nafisa buvisining janozasiga kelib, yettisi o'tgunicha turmoqchi bo'lganida Yigitali xotinlarning visir-visirlaridan bezib, jiyaniga Endi qizim, bu yerda turganing bilan buving tirilib qaytib kelmaydilar. Yaqinda er qilgan odamsan, uyingdan uzoqma. Endi qishloqqa kelib ovora ham bo'lovurma. Sog'inganimda o'zim borib xabar olaman, deb kuzatib qo'ydi. Shundan so'ng u jiyanini soQinmadi, jiyan ham tog'am yo'qlamayaptilar, deb xavotirlanmadi. Yigitali jiyanining yashash joyini ham bilmasdi, bilishga qiziqmadi ham. Nafisa bilan birga o'sgan qizining bordi-keldi qilish haqidagi gapini ham shart bo'lib qo'ya qoldi. Otasining fe'lini bilgan qizi istagini bir aytdi-yu, boshqa tilga olmadi.
Omonulloning avvalgi sovxoz direktori bilan yaqin bo'lgan ekan, degan savoli Yigitalining yarasini tirnab qo'ydi. U savoldan norozi bo'lib emas, ana shu tirnalgan yara azobiga chidolmaganidan o'rnidan turib ketgan edi. Yigitali shu savol-javobdan so'ng tumtayib oldi. Buni sezgan Omonullo ezmalanib o'tirmadi. Soatiga qaradi-da, kechki poezdga ulgurish maqsadida o'rnidan turib, xayrlashdi.
Tongda poezddan tushib, yuvinib, kiyimlarini almashtirish niyatida uyiga bordi. Qaynonasi yuvib-dazmollagan ko'ylaklarni javondagi ilgichlarga ilib, uyni yig'ishtirib, stol ustidagi kaftdek qog'ozga qisqagina maktub yozib qoldirgan ekan: Fotimangiz telpon qilib, salom aytdi. Ishlari tezlashyaptiykan. Dadangiz ikki-uch kelib-ketibdilar. Xavotir olyaptilar. Keyingi so'zlarni o'qib, Omonullo jilmayib qo'ydi. Qaynona dadangiz deganda Omonulloning tutingan otasini nazarda tutgan, xavotir olyaptilar, deb borib ko'rishga da'vat qilgan edi. Tutingan otasi ulardan to'rt eshik narida turadi. Uni borib ko'radigan bo'lsa, qaynota-qaynonani yo'qlashi ham tabiiy. Qaynonasi biznikiga kirib o'ting, demay, chiroyli tarzda maqsadni bayon qilib ketgan edi. Ona mehriga zor o'sgan Omonullo yumshoqko'ngil, shirinmuomala qaynonasini kuyov emas, chin o'g'il muhabbati bilan izzat qilardi. Qaynonasi esa onalik mehrini bergan edi. Omonullo bilan Fotima orasida jiddiy to'qnashuv bo'lmasa-da, ikir-chikir masalalarda ham doimiy ravishda kuyovining yonini olib, qiziga qarshi turardi. Shunaqa paytlarda Fotima Oyi, men qizingizmanmi yo keliningizmanmi? deb kulardi. Qaynotasining ezmaligi yoqmasligini hisobga olmaganda Omonullo uni ham yaxshi ko'rardi. Vaqti bemalol bo'lsa, gaplarini indamay eshitardi. Ba'zan o'tirgan yerida mizg'ib ham olardi. Qaynotasining eng yaxshi odati - men shuncha gapirdim-ku, hamsuhbatim indamadi-ya, yoki gapimni yoqtirmay uxladi-ya, deb sira ranjimasdi. Omonullo salom berib Qalay ada, yaxshi yuribsizmi? deyishga ulgursa ulgurdi, ulgurmasa jim o'tirishga hukm bo'lardi. Qaynotasi gapira-gapira xumordan chiqardi-yu, mehmon ketgach, xotinining dashnom o'qlariga uchrab yana kamgap, mo'minga aylanardi. Fotima ba'zan gapga tushib ketsa Omonullo Ha, ota qizi! deb tegajoqlik qilib, uning jig'iga tegishni yaxshi ko'rardi.
Omonullo bugun ishdan barvaqtroq chiqib, ularni yo'qlashni ko'ngliga tugib, choy qo'yib ichdi-da, xizmatga yo'l oldi. Yo'l-yo'lakay prokuraturaga kirib, Mels Xo'jayevga uchradi. Safarga ketishdan avval ko'rishganida bu kibor yigit uni lol qoldirgan edi:
- Aka, siz haqingizda men ko'p yaxshi gaplarni eshitib, xursand bo'ldim, - degandi. - Men bu sohada yangiman. Tajribam yo'q, bilimim ham yetarli emas. Lekin shu ishni yoqtiraman. O'zim xohlab tanlaganman. Menga ish o'rgating, iltimos, ish buyuravering.
- Ishni prokuratura buyuradi bizga, - degan edi Omonullo piching ohangida.
- Shunaqa demang-da. Odamlar falonchining o'g'li deb menga havas qilishadi. Aka, bilsangiz shu narsa meni ko'p qiynaydi, menga ko'p zarar beradi. O'qishda ham uchib yurib o'qidim. Ba'zi domlalar ko'ngil uchun ham so'rab qo'yishmasdi. Bu yerda ham qiynagilari kelmaydi. Falonchining o'g'li bo'lganim uchun men aybdor emasman-ku? Qachongacha uchib yuraman. Bir kunmas bir kun qo'nganimda nima degan odam bo'laman?
Omonullo taajjubini yashirmay unga tikilib qolgan, Mels Xo'jayev ham gapim - gap! deganday tik qaragan edi.
Omonullo unga Samandar Ochilovga tegishli yangi fikrlarini aytib, ekspertiza xulosalarini bayon qildi. Mels Xo'jayev harbiy prokuror orqali bitadigan navbatdagi ishlar bilan shug'ullanishga va'da bergan edi. Omonullo safar xulosalarini bayon qilgach, u biz ham bekor o'tirmadik, aka, degan ohangda hisobot bera boshladi:
- Shaxsan okrug harbiy prokurori bilan gaplashdim, - Mels Xo'jayev bu gapni bolalarcha zavq, bolalarcha g'urur bilan aytib, xuddi olqish kutganday Omonulloga qarab qo'ydi. Chakki emassan, deb o'yladi Omonullo, biroq, bu gapni tiliga ko'chirmadi. Mels Xo'jayev yana shu zavq bilan gapini davom ettirdi: - Ochilovni kuzatib borgan polkovnik bilan suhbatlashganingizdan okrug harbiy prokurorining xabari bor ekan. U shundan boshqa yordam berishga ojizmiz, deb aytdi. Ochilov harbiy sohaga oid ilmiy ish bilan shug'ullangani bilan o'zi harbiy hisoblanmas ekan. Uning qayerdaligini surishtirishga yoki bizga tutib berishga ularning haqlari yo'q ekan.
Shunga aqling yetibdi, boqsa odam bo'lasan. Qani, davom etaver-chi, deb o'yladi Omonullo. Uning jimgina tinglashi Mels Xo'jayevda shubha uyg'otib, bir nafas tin oldi. Biron nima dermikin, deb kutdi. Omonullodan sado chiqmagach, davom etdi:
- Mening amakim shunga yaqin boshqa idorada ishlaydilar. Amakim orqali Ochilovning Moskvada ekanini aniqladim. U hozir harbiy gospitalda ekan. Yaqin kunlarda qaytar ekan.
Yaxshi, qaytaversin, kutib olamiz, deb o'yladi Omonullo.
- Lekin biz uni kutib ololmaymiz, - dedi Mels Xo'jayev, uning fikrini o'qiganday, - Uni harbiylar samolyotida olib kelishadi. Samolyot harbiy aerodromga qo'nadi.
- Biz uni o'zining uyida kutamiz, - dedi Omonullo qat'iy ohangda.
- Men ham shunaqa deb o'ylovdim, - dedi Mels Xo'jayev. - Agar xohlasangiz shaxsini aniqlashtirish uchun bir odam bilan uchrashtirishim mumkin.
- Kim bilan?
- Ochilov bilan birga ishlaydigan odam. U amakim bilan maxfiy hamkorlik qilar ekan. U bilan uchrashasiz-u, ammo o'zining kimligini surishtirmaysiz.
- O'zingiz ko'rishmadingizmi?
- To'g'risini aytsam... ko'rdim. Amakim gaplashdilar, o'zim indamadim. Uning qotillikdan xabari yo'q ekan. Gaplariga qaraganda Ochilovni yoqtirmaydiganga o'xshaydi. Jamiyat uchun zararli shaxs deb ochiq aytdi.
- Nimasi zararli ekan?
- Ikkita xotini bormish.
- Ikkita xotinli odam jamiyatga zarar keltira olmaydi, - dedi Omonullo kulimsirab.
- Nega? - deb ajablandi Mels Xo'jayev bu gapning chinmi yo hazil ekanini farqlay olmay.
- Nega bo'lardi? - Omonullo shuni ham bilmaysizmi? deganday kuldi. - Bunaqa odam ikkita xotinni eplash bilan ovora bo'lib dunyoda sovet jamiyati borligini ham unutib yuboradi. Hayron bo'lmang, hazillashdim. Agar u odamingizning gapi rost bo'lsa, ikkita xotinli odam jamiyatga zarar keltirsa, uchtami to'rtta xotin olganlar jamiyatga o't qo'yar ekan-da. Siz to'g'ri fahmlagansiz: ichi qora odamga o'xshaydi. Yana nima deydi?
- Boshqalarning ilmiy ishlarini o'zlashtirib olar ekan. O'zini Davlat mukofotiga qo'yib, ololmabdi.
- Bo'ldi, tushunarli. U bilan hozir gaplashmasak ham bo'ladi. Zarurat bo'lsa, keyinroq uchrashamiz.
- Siz... Ochilovning birinchi xotini bilan ko'rishdingizmi?
Omonulloning shunday rejasi bor edi. Biroq, prokuratura xodimining jig'iga tekkisi kelib atay:
- Shartmi? - deb so'radi.
Mels Xo'jayev Omonulloning quvlik qilayotganini sezib, yelka qisib qo'ydi-da, ranjigansimon tarzda dedi:
- O'zingiz bilasiz, men sizga buyura olmayman.
Omonullo fikrlaringiz durust, men shunchaki hazillashdim, deb ovutmoqchi bo'ldi-yu, past-balandga ko'niksin, degan xayolda indamadi. Xayrlashish uchun qo'l uzatganda Mels Xo'jayev unga bir parcha qog'oz uzatdi:
- Nima bu? - dedi Omonullo ajablanib.
- Ochilovning birinchi xotini shu manzilda tu-radi, - dedi Mels Xo'jayev, bu safar kiborlarcha boqib. Omonullo uning qarashidagi bunisiga nima deysiz? degan ma'noni o'qib, jilmaygancha javob qildi:
- Qoyilman, gap yo'q!
Omonullo ishxonasiga kiraverishdagi navbatchi uychasi yonida turgan Adolatni ko'rib, ajablandi. Bu ayolning kelishiga amin ediku-ya, biroq bu qadar tez yo'qlar deb kutmagandi. Adolat uni ko'rdi-yu, kuyoviga peshvoz chiqqan qaynonaday jilmayib qarshi oldi. U yaltiroq ipli sariq kuylak kiyib olgan, oyog'ida yoshlarga rasm bo'lgan poshnali qora tufli, qoshu ko'zlariga qalam tortgan, labiga och qizil bo'yoq surtib olgan edi. Qilig'i o'ziga yarashmagan bo'lsa-da, harholda avvalgi ko'rinishiga qaraganda sal odambashararoq edi.
- Voy Xudoyimga shukr-ey, - dedi u salomlashgach, - kelmay qolarmikinsiz deb yuragim taka-puka edi-ya.
- Keling opa, tinchlikmi? Xo'jayin tuzukmilar?
- Ha, yotibdi, g'o'ldir-g'o'ldir qilib. Nafisaning uyidagi mollarni olib kel, deb yubordilar.
- Iye, shunaqami, gapirayaptilarmi?
- Qayoqda? Til o'sha-o'sha - ketgan.
- Til ketgan bo'lsa qanaqasiga mollarni olib kel, dedilar?
- Voy... - Adolat tilidan ilinganini bilib sal sarosimalandi-yu, lekin sir boy bermay, o'zini qo'lga oldi: - til o'lgur bo'lmasa ham ko'zlari ochiq-ku? Imo-ishora bilan gapiryaptilar. Shuncha yil birga yashagandan keyin ko'zlariga qarab turib, nima demoqchi bo'layotganlarini bilib olaman.
- Ovora bo'lib kelibsiz, opa, mol egasiga beriladi.
- Voy, shoshmang, nachalnik uka. Men sizga bir muhim gap aytaman.
- Xo'p, ayting.
- Bu yerda idorangiz bormi? Ko'chada aytadigan gap emas.
Omonullo uni xonasiga boshlab kirdi. Adolat stulga o'tirayotib tor xonaga bir razm soldi-da:
- O'ldirgan odamni qidiryapsiz-a? - deb so'radi.
- Qidiryapmiz, - dedi Omonullo.
- Hali topmadingiz-a?
- Zehningizga qoyilman: topmadim.
- Topa olasizmi?
- Bilmadim. Harholda burun bo'lsa, ro'molcha topiladi, degan gap bor.
- Men sizga bir gapni aytsam, osongina topasiz.
- Shunaqami? Menga aytib o'tirmay o'zingiz topa qolmaysizmi?
- Oposi, siz menga bunaqa piching qilmang. Men sizga qishloqda tappi changallab yurgan savodsiz xotin emasman. Bilmasangiz bilib oling: ikki marta raysovetga deputat bo'lganman. Bir narsani bilmasam shundan shunga ahmoq bo'lib kelmasiydim. Yer yutkurning sirini men bilmay, yana kim bilsin?
- Yer yutkur... kim? Otasimi yo qizimi?
- Ikkoviyam bir go'r.
- Qanaqa sir ekan, ayting-chi?
- To'xtang, oldin kelishib olaylik. Men sizga bilganlarimni aytaman. Siz esa menga mollarni olib ketishimga ruxsat berasiz.
- Aytadiganlaringiz shunchaki g'iybat bo'lsa-chi?
- Voy savil, men g'iybatchiga o'xshaymanmi?
- Nafisa Boltayeva avvalgi direktor bilan don olishardi, devdingiz. Tog'asi bo'lmagan gap, deb rad etdi.
- Tog'asimi? Anavi mo'ylov jinnimi? U qayoqdan bilarkan? Jiyanini abort qildirgani kim olib borgan ekan, so'ramabsiz-da. Bir marta bo'lsa ham go'rga edi. Uch marta olib borganman. Men g'iybatchi bo'lsam Matlubadan so'rang. Juvonmarg bo'lgurni ko'rdingizmi o'zi?
- Sobiq direktorning xotinini aytyapsizmi? Borsam uyida yo'q ekan, shaharda deyishdi.
- Voy savil qolsin, shaharda balo bor ekanmi? Uyidan atay chiqmagan. O'lguday qo'rqadi.
- Nimadan qo'rqadi?
- Eri qamalganidan beri rosa obiska (tintuv demoqchi) qilishyapti. Anavinda ham kelib-ketishgan ekan.
- Qachon?
- To'xtang, avval kelishib olaylik, keyin so'rang savolingizni.
- Boltayeva!
- Men Boltayeva emasman, Xudoga shukr, Nizombekovaman! U yergina yutkurning familiyasiga o'tmaganman.
- Nizombekova, bu yer sizga bozor emas. Savdolashmang. Agar bilganingizni yashirsangiz yo chalg'itmoqchi bo'lsangiz, qonun bo'yicha jazolanasiz.
- Voy o'layin, holvani hokim yeb, kaltakni yetim yeydimi endi? Birov kelib qizimni o'ldirib ketsin-da, siz o'ldirganni topmang-da, men jazo olayinmi? O'lmay o'la qolsin, bu qiz o'lgur, boshginamga bitgan balo bo'ldi. U yoqda otasi yotibdi ana o'laman, mana o'laman, deb. Bu yoqda bu kishim o'tiribdilar aytmasangiz qamayman, deb. Hoy, menga qarang, qamashga mendan boshqa odamingiz yo'qmi?
- Men qamayman, demadim, jazo olasiz, deb ogohlantirdim.
- Qamayman, deysizmi yo jazo olasan, deysizmi - bir go'r emasmi? Hech nima bilmayman, deb turib olsam-chi? Ichimdagi gapni yorib olasizmi? Undan ko'ra molimizni berib yuboring, men sizga kerakli gaplarni aytay.
Omonullo bu shayton qamchisi bilan savdo pishishi qiyinligini anglab, telefon go'shagini ko'tardi-da, qo'shni bo'limga qo'ng'iroq qildi:
- Hafizxon aka, Boltayevaning uyida ro'yxatga olingan mollarni hozir berib yuborish mumkinmi?- Omonullo shunday deb Adolatga qarab oldi. Adolat masala o'zining foydasiga hal bo'layotganidan mamnun holda bir qimirlab oldi. Omonullo esa suhbatini davom etdi: - Ha, odam keldi. Boltayevaning o'gay onasi, - Omonullo bu qo'pol gap ta'sir qilarmikin? deb Adolatga tikildi. Adolatda norozilik alomati sezilmadi. - Mumkin emasmi? - Shu savoldan so'ng Adolat bir chayqalab oldi. - Ilojini qilish kerak. Eridan tilxat olib kelsa-chi? Ha, albatta, guvohlar ishtirokida. - Omonullo shunday deb go'shakni joyiga ildi. - Tushundingizmi? Bir haftadan so'ng tilxat bilan kelasiz. Qani, endi ayting gapingizni.
- Kecha siz ketganingizdan keyin esimga tushdi. Xotiram o'lgur sal o'tmaslashib qolibdi, - deb gap boshladi Adolat. Omonullo esa o'zicha o'tmaslashgan aqlda o'tkir xotira bo'larkanmi? deb xayolidan o'tkazdi.
- Uch oymi, to'rt oymi avval Valijonni ko'ruvdim.
- Kim u? - Omonullo shu savolni berib qog'ozga Valijon deb yozdi.
- Valijonmi? Tursunalining ishongan sho'piri. Tursunalini bilasiz, qamalib ketgan direktor. Qorang o'chgur Matluba eri qamalsa ham ko'chib ketmadi.
- Ko'chishi kerakmidi?
- Eri qamalganidan keyin ketmaydimi kelgan joyiga. Bir nimadan ilinji bor u megajinning. Hozirgi direktor erining yaqin odami edi. Uyiga ham tegmadi. Nega tegmadi, bilasizmi? Yer yutkur Tursunali Nafisani surib yurganida, Matluba bu odamning ko'ngilchasini ovlab yurgan.
- Ko'rganmisiz?
- Nimani?
- Ko'ngilchasini ovlaganini?
- Ko'rib nima, men uning lozimiga qorovulmanmi, qachon yechib, qachon kiyganini poylab yuribmanmi?
- Xo'p, bu gaplarni qo'ying, siz Valijonni ko'ruvdingiz?
- Ha, ko'rdim, - Adolat shunday deb g'ashi kelganini bildirish maqsadida bir chimirilib oldi: - Bir kuni Matluba chaqirib, to'ppa-to'satdan shaharga boramiz, debdi. Valijon ertaga boraylik, kech bo'ldi, desa ham ko'nmabdi. Keyin Valijon uni yer yutkur Nafisanikiga boshlab boribdi. Borishganidan keyin Matluba Valijonga sen chiqib tur, debdi. Nafis o'lgur esa O'tiring, Valijon aka, choy iching, osh pishyapti, desa ham ko'nmabdi. Xullas, Valijonni chiqarib yuborib, janjalning uyasini qo'zg'abdi.
- Nega?
- Unisini bilmadim. Eri qamalmasidan ilgari jimgina pisib yurardi.
- Erining o'ynashi borligini bilmasmidi?
- Baloni bilardi, u yergina yutkur. Qip-yalang'och ustidan chiqib qolganida ham damini chiqarmagan.
- Unda nima uchun janjal qiladi?
- Bilmadim-u, ammo bir nima talashgan.
- Erini talashmagan xotin endi nimani talashishi mumkin?
- Nimani talashardi? Boylikni-da. Juvonmarg bo'lgur Tursunali topganlarini yashirib ketganga o'xshaydi. Yer yutkur Nafis oxirgi kelganida otasi bilan pichirlashib qoldi. Sekin quloq soldim. Qulog'imga kirgani Nafis o'lgur nimanidir topish kerak, dedi. Keyin o'sha kechasi oshxona tomonga qarab yuruvdi, dedi. Keyin ikkoviyam ketdi, bilsam o'shanda boqqa borishibdi. Juvonmarg o'lgur boqqa nimaga boradi? Erkaksirab boradi-da. O'ynashi qamoqda bo'lsa, er jonivor haftalab yo'q bo'lib ketsa... Maishatni sog'inadi-da. Direktor o'lgur ham bularga laqqa tusha qoldi. Qaytishganida qarasam, qulog'ida yangi zirak, barmog'ida qo'sh uzuk. Naq tilla! Ko'zlari naq javhar! Ko'rdim-u, indamadim.
Omonullo bu gapni eshitib ekspertiza xulosalarini esladi: quloqlaridan zirak yulib olingan, barmoqlarida to'rtta uzuk izlari bor...
- Barmoqlaridagi uzuklar ikkitamidi?
- O'zi azaldan ikkita bor edi. Bittasi nikoh uzugi, yana bittasi yoqut ko'zli tilla uzuk edi. Bog'dan qaytishganda yana ikkitasi paydo bo'ldi, deyapman-ku, tushunmadingizmi? Erkak zoti ham g'irt ahmoq bo'ladi. Nafis o'lgur kim edi? It g'ajib tashlagan bir suyak edi. Shu sarqitning barmog'iga ikkita uzuk taqasanmi? Shunaqa sarf qilar ekansan, svejiylaridan topmaysanmi?
Adolat yangi direktorni laqmalikda ayblab, yana bir-ikki gap aytdi. Omonullo esa yangi direktor bilan bo'lgan uchrashuvini ko'z oldiga keltirdi. Nafisa Boltayevani ko'rganim yo'q, deb tonganini esladi. Sovxozda ishni xom bajarganini anglab, yana borishni diliga tugdi-da:
- Xo'sh, endi Valijonning gapi chala qoldi-ku? - dedi.
- Ha-ya, Valijon o'lgur ham laqma-da, chiq desa chiqib ketaveribdi. Kundoshlarning qir-pichoq bo'lishlarini mazza qilib ko'rmaysanmi! Matluba shumshukkina bo'lib yurgani bilan balo-da. Nafis o'lgur-ku tog'asiga o'xshagan jinni. Yulib tashlashdan ham toymaydi. Bir marta meni yulgan u qo'ling singur. Omma men ham haqqimni qo'ymaganman.
- Xo'p, qoyilman, opa, Valijon nima dedi?
- U juvonmang aytdiki, Matluba chiqqanida vajohati juda ham yomon ekan. Shu ni o'ldirtirib yubormasam yurgan ekanman, debdi.
- Valijonga shunday debdimi?
- Yo'q, Valijonga aytarmidi shunaqa gapni. Uydan chiqib kelayotganda o'ziga o'zi gapirib kelayotgan ekan, yer yutkur sho'pir qulog'ini ding qilib eshitib qolibdi. Keyin menga aytdi, shunaqa, shunaqa gaplar bo'ldi, qizingizni ehtiyot qiling, deb qo'ydi. Endi tushundingizmi?
- Tushundim. Aytadigan gaplaringiz shumidi?
- Ha, shuncha gapim kammi sizga? Bo'pti, agar kamlik qilgan bo'lsa, yana eshitsam yo eslasam kelib aytaman, - Adolat shunday deb o'rnidan turib xayrlashdi. Lekin darrov chiqib ketmadi. Ostonada turganicha er yutkur va o'lgurlar haqida yana allaqancha gaplarni aytib tashladi. Omonullo uni bilagidan ushlab, yo'lga boshlamasa, kechgacha gapirishdan ham toymaydigan edi.
Adolatni kuzatgach, Omonullo boshliq huzuriga kirib qotillik yuz bergan uyni nazorat ostiga olish masalasida kelishib oldi. 
