Oila

Eshik qo'ng'irog'ining asabiy jiringlashidan uyg'ongan Omonullo darrov soatiga qaradi. Telefon ishlamay qolgan kezlari hamkasblari yarim kechami yo erta tongmi, chaqirib kelaverishardi. U o'zi ishlaydigan sohada vaqtida hordiq chiqarish yoki bayramlarda dam olish yo'qligiga allaqachon ko'nikib ketgan. Qatorasiga ikki kun uxlamay, endi ko'zi ilinganda chorlashganida ham indamay turib ketishga odatlangan. Hozir ham tezda kiyinib, eshikni ochdi-yu, Safarni ko'rib, ajablandi:
- Ha, so'fi tahorat qilmay kelibsan? - dedi norozi ohangda.
- Ko'mirxonadan endi turdik. O'yin ja-a qizib ketdi. Uyga bormay, to'g'ri senikiga kelaverdim, - Safar shunday deb, taklifni kutmayoq ostona hatlab ichkari kirdi. - Sen ham erkaklarga o'xshab gapning oxirigacha o'tirsang, billalashib kelardik.
- Agar gapda o'tirishlaring hisobga olinmasa senlarning erkak ekanliklaringni bilib ham bo'lmaydi, - Omonullo shunday deb yuvinish maqsadi-da yon tomon o'tdi.
- Menga qara, hov erkak, - dedi Safar, - ma, kalitni ol, xohlasang men uyingda yota qolaman, rayoningga o'zing borib kel.
- Birga boramiz, - dedi Omonullo. - Meni himoya qilasan. Mabodo seni ham o'ldirib qo'yishsa, bahonada bitta medalli bo'lib ketasan bu dunyodan.
- Sen uchun o'lish biz uchun sharaf, okasi, - dedi Safar, kinoyaga kinoya bilan javob berib. - O'lishdan oldin bir uxlab olmasam bo'lmaydi. Men mashinada yotaman, uyg'otma. Qog'oz xaltaga u-bu solib berishgan. Xohlasang, ye-ich.
Omonullo yuvinib, yengil tamaddi qilib olgach, ko'chaga chiqdi. Orqa o'rindiqda ikki buklanib yotgan Safarning hurragini tashqaridan ham bemalol eshitish mumkin edi. Mashina o'rnidan siljigach, u bir silkinib, ko'zlarini yarim ochib qarab qo'ydi-yu, uyquni kelgan yeridan davom ettiraverdi.
Safarning bu qadar barvaqt kelishi, orqa o'rindiqda uxlab yotishi Omonullo uchun ma'qul keldi. Safar ko'ngliga yaqin do'sti bo'lsa-da, uning ba'zida meyoridan o'tuvchi safsatalari me'dasiga tegib ketardi. U kasalxonaga o'tib, tutingan otasining uyqusizlikdan kirtayib, qizargan ko'zlaridan opasining ahvoli uncha yaxshi emasligini tushundi. Kechki payt yana xabar olishini aytib, Matluba To'xtayeva bilan uchrashish niyatida cho'lga qarab yo'l oldi.
Ko'chada harakat siyrak bo'lgani uchun mashinani yeldek uchirdi. U Matluba bilan bo'lajak uchrashuvni, berajak savollarini xayolida yana bir pishirib olgach, kechagi uchrashuvni beixtiyor tarzda esladi. Omonullo Adolatni kuzatib qo'ygach, doktiloskopist bilan suhbatlashib, ayrim narsalarni yanada aniqlab oldi-da, Samandar Ochilovning birinchi xotini bilan uchrashishga otlandi. Mels Xo'jayev yozib bergan manzilga borib qo'nQiroq tugmasini bosdi. Eshikni qorachadan kelgan, yuzlari lo'ppi, ko'zlari kulib turuvchi istarali ayol ochdi. Pastga tushishga harakat qilayotgan jingalak sochli shiringina o'Qilchasini baQriga mahkam bosganicha kutilmagan mehmonga Keling? deb savol nazari bilan qaradi. Omonullo o'zini tanitgach, adamiz uyda yo'q edilar, dedi uzrli ohangda. Omonullo uyga kirmoqqa ijozat yo'qligini anglab, ostonada gaplashib qo'ya qoldi. Samandarning birinchi xotini tabiatan kamgapmidi yo savol-javoblarga hushi bo'lmadimi - Omonullo bilolmadi. Ayoldan ishga asqotadigan yangi gap ham ololmadi. Ajralishganlaridan so'ng bir yil o'tgach turmush qurgan ayol birinchi erini o'shandan beri ko'rmagan, uylanganini eshitmagan ham edi. Ajralishi sababini esa bir oz qiynalibroq aytdi. Farzandsizlikdan... - deb yerga qaradi. Omonullo Ochilov farzand ko'rolmaydigan erkak ekanmi? deb o'yladi. Bu o'yni o'qigandek ayol unga izoh berdi: Farzand ko'rishdan qo'rqardilar... Urush bo'lib qolsa bolalar azoblanadi, deb cho'chirdilar. Xayollarida ertami indinmi urush boshlanib, hamma yoqni atom bomba bosadigandek edi.
Birinchi homilamni olib tashlattirmoqchi bo'ldilar. Men unamadim. Tug'ilganida xursand bo'ldilar baribir. Lekin... xavotirlari ko'tarilmadi... Bolamizning umri qisqa ekan, atom bombasiz ham bizni tashlab ketdi... Keyin shu masalada baribir chiqisha olmadik. O'zlari juda yaxshi odamlar, chivinga ham ozor bermaydilar... Lekin xayollari g'alati...
Omonullo xayrlashib qaytar mahalida ham bu gaplarni ko'p o'yladi. Bunaqa toifani uchratmagani uchun Samandarning qilig'iga sira tushunmadi.
Hozir cho'lga, Matluba bilan uchrashuvga oshiqayotgan damda ham kechagi suhbatini eslab, tushunishga urindi - uddasidan chiqolmadi...
Safar to manzilga qadar, to'g'rirog'i, mashina qishloqning notekis ko'chalariga kirib chayqala boshlagunga qadar uyQonmadi. Avval depara vakili bilan kelgan Omonullo Matlubaning uyini qiynalmay topib bordi.
Maktabga otlangan bolalarini kuzatib chiqqan Matluba yonginasida to'xtagan mashinaga xavotir bilan qaradi. Keyingi oylar ichi uning yuragi qush hadigi bilan uradigan bo'lib qolgan edi. Hovlidagi musichalar bexos patillab urishib ketsa ham, tomdagi mushuklar miyovlab, tunukalarni taraqlatib yugurib qolishsa ham, qo'shnining eshagi hangrab yuborsa ham bir titrab olardi. Bemahalda ko'chadan mashina ovozi kelsa iloyim to'xtamasin, deb yurak yutib o'tirardi. Mashina to'xtaguday bo'lsa, yuragi ham urishdan to'xtaganday bo'lardi. Bu tun ko'chalaridan ikki marta mashina o'tib uyqulari o'chib ketgan edi. O'sha vahmdan qutulmay turib, yonginasida shaharning mashinasi to'xtadi-yu, rosmanasiga cho'chitib yubordi.
Omonullo eshik og'zida turgan Matlubaga o'zini tanitishga ulgurmay, Safar ham mashinadan tushib, unga yaqinlashdi. Dumaloqdan kelgan, jingalak sochli, bo'yniga ham, o'ng bilagiga ham tilla zanjir osib olgan Safarga Matluba xavotir bilan qaradi. Safar uning xavotirli nigohini anglamay, tomdan tarasha tushgani kabi:
- Opa, xojatxona qayerda? - deb so'radi.
Omonullo do'stining befarosatligidan ranjib, unga norozi qiyofada qarab oldi-da, Matlubaga uzrli ohangda:
- Bu mening og'aynim, uzoq yo'lda hamroh bo'lib keldi, - dedi.
Matluba Milisaning o'rtog'i shunaqa bo'ladimi? deganday Safarga yana bir qarab olib, hovlisi tomon chekindi-da, etak tomonni imlab ko'rsatdi.
- Avvalgi kuni ham kelgan edim, yo'q ekansiz? - dedi Omonullo.
- O'a, ha, eshitdim kelib-ketganingizni. Men... shaharda edim. Dadamning marosimlari bor edi.
Omonullo Adolatning so'zlarini eslab Rostmi? deganday qarab turaverdi.
- Keling, ichkari kiring, - Matluba shunday deb ayvon sari yo'l boshladi.
Omonullo liqillab turgan, ammo bitta odamni ko'tarishga yaraydigan stulga omonat o'tirdi. Ikkinchi stulni Matluba egallab, qaynonasi oldida mulzam bo'lgan kelin kabi boshini quyi egib, barmoqlariga tikilib qoldi. Omonullo esa atrofga shoshqich razm solib direktorning uyi obodroq bo'lardi, mulkini musodara qilishganmi yo berkitib ulgurishganmi? deb o'ylab qo'ydi.
- Akamdan xat-xabar bormi, tinchmilar? - Omonullo o'zining nima maqsadda kelganini bildirib qo'yish uchun gapni shunday boshladi. Matluba esa militsiya bekorga surishtirmaydi, degan xavotir bilan titroq ovozda:
- Kimni so'rayapsiz? - dedi.
- Xo'jayiningizni so'rayapman, - dedi Omonullo yanada samimiy ohangda.
- Xo'jayinimning yana chala ishlari qolgan ekanmi? - Matluba shunday deb unga o'g'rincha qarab oldi. - Qamasalaring ham tinch qo'ymas ekansizlar-da, a?
Omonullo Adolatning gaplarini eslab:
- Mendan oldin ham so'rab kelishuvdimi? Kim edi, qachon keldi, nimaga kelishdi? - deb so'radi.
Matluba unga yalt etib qaradi-da, atay sinash uchun so'rayapsizmi, rostdan bilmaysizmi? degan savol muhrlangan nigohini unga qadadi. Matluba so'nggi tintuvda yuragim yorilib o'lib qolsam kerak, deb o'ylagan edi. Dastlab ko'ringanda nafratini qo'zg'otgan Xursanali o'shanda joniga oro kirgandi...

... O'shanda bolalari endigina uyquga yotishgan edi. Ko'chada, ularning darvozalari yonida mashina to'xtadi, ammo motori o'chirilmadi - Qirillab turaverdi. Jing'iroq ishlamas edi, mashinadan tushgan odam darvozani qattiq taqillatdi. Matluba o'rnidan turib tashqariga chiqishni ham, chiqmaslikni ham bilmay turganda tashqaridan Matluba! - degan ovoz keldi. Matluba ovoz egasini tanib, ham yengillik, ham xavotir bilan o'rnidan turdi. Tashqarida sovuq izg'irin ekanini unutib, egniga paltosini ilmay hovliga chiqdi. Besabr Sarvar esa yana darvozani taqillatib, bu safar opa! deb chaqirdi. U kamdan kam hollardagina opa derdi. Uning bu safargi lutfining sababi darvoza ochilgach bilindi: Sarvarning yonida Xursanali turardi. Begonaning huzurida opa deyishga majbur bo'lganini Matluba tushundi.
- Voy, tinchlikmi? - dedi u bir qadam ortga chekinib.
- Tinchlik, - dedi Sarvar ichkariga qadam bo-sib. - Bolalaringni kiyintir. Faqat hovliqma, lekin tez bo'l. Nima gapligini keyin aytaman.
Sarvar Xursanali bilan ichkari kirdi-da, ayvon zinasiga yetganda opasidan Podvalning chirog'i bormi? deb so'radi. Ha, degan javobni eshitgach, Yo'q! deb buyurdi.
Ayvon zinasining yon tomonidagi pastqam eshikni ochib, Sarvar, ketidan Xursanali yerto'laga tushishdi. Ayvon ensiz bo'lgani uchun to'sinlarning beliga tirgak qo'yilmagan edi. Bir oz egilgan holda katta uy yerto'lasiga o'tdilar: Xursanali olingan xabarda bayon qilingandek yettita ustun sanadi-da, o'rtasidagisiga yaqinlashib, engashdi:
- Shu yerda bo'lishi kerak, - dedi batartib terilgan g'ishtlar ustiga kaftini qo'yib. - Tesha olib tushing, opangizni ham chaqiring, tushuntirib qo'yay.
Sarvar xo'p, deganicha shoshilib chiqdi-yu, dam o'tmay kalta sopli eski teshani ko'tarib qaytdi. Xavotirdanmi yo sovuqdanmi titrayotgan Matluba unga ergashib keldi.
- Opaxon, xo'jayiningiz u yoqda gullab qo'yibdilar: shu ustun tagida xazina bormish.
Matlubaning xayoli yorishib, shu yerga ko'milgan ekanmi, aytib ham ketmabdi-ya, u g'alamis. Endi bularga yem bo'ladimi? degan fikr o'tdi. Tili esa:
- Xazinasini yer yutsin, - dedi.
- Xazina bo'lsa, yer yutmasin, opa. Xazina bo'lsa, odamlarning kuniga yarashi kerak. - Xursanali shunday deb gapirganicha ustunni dam yuqorisiga, dam pastiga urib-urib siljitdi-da, so'ng g'ishtlarni asta ko'chirdi. Keyin ikki qarichcha qalinlikdagi tuproqni teshada tatalab chiqardi. Teshaning uchi taxtaga tekkach, tuproqni kaftlari bilan sidirdi. Hali chirishga ulgurmagan taxtaqopqoq tutqichidan ushlab ko'tardi. Ke-yin yana bir qarich qalinlikdagi tuproqni oldi. Ikkinchi yog'och qopqoqni ham ko'targach, bir jomadon bemalol sig'adigan o'ra ko'rindi. Nomi xazina bo'lgan bu o'ra bo'mbo'sh edi.
- Akaxonga besh ketdim: aldabdi, - dedi Xursan-ali qaddini ko'tarib. - Bir-ikkita xarif xazinaning isini olib, pochchakamizning kekirdaklariga chang solgan ekan, shu yerda, deb gullabdi u ahmoq. Ahmoq deganimga xafa bo'lmang, opaxon, bugun-erta xazina bor bu yerda, deb laqillab kelib qolishadi.
- Kim?
- Kimligini Xudo biladi. Lekin kelishlari aniq. Agarda bu yerda hech narsa topilmasa, avval sizlarga qiyin bo'ladi. Akaxon esa, chiqqan joylariga kirib ketaveradilar.
- Quribgina ketsin, shu boyligiyam! O'lar bo'lsam o'lib bo'ldim! - dedi Matluba yig'lab.
- To'xtang, opaxon, o'lmay turing. Avval bu ishlarni bir yoqlik qilib olaylik. Hozir hammamiz ketamiz. Bolalaringizni ukangiznikiga tashlab, ertalab qaytib kelasiz. Sarvar ham bir-ikki kun siz bilan shu yerda turadi. Biz ham shu atrofda bo'lamiz. Ishni bexit qilish kerak. Mabodo ishkal chiqsa, o'zimiz tinchitamiz. Opaxon, mana bu suratga qarab, yaxshilab tanib oling bu ta'viyani, - Xursanali ichki yon cho'ntagidan surat chiqarib ko'rsatdi. - Chap oyog'i kaltaroq bu odamning. So'rashsa, eng avvalo cho'loqligini aytasiz. Chap qulog'ining yarmi yo'q, burni pachoq. Gapirganda pishillaydi. Nima deganini o'risi ham, chulchiti ham tushunmaydi. Panjalari katta-katta, menikiga ikkita keladi. Xullas, bir kuni kechqurun shu cho'loq badbashara bostirib kirgan. Yonida bir malla xotin ham bo'lgan. Pichoq chiqarib, do'q urgan. Sizni bolalaringiz bilan birga uyga qamashgan. Podvalda bir nimalarning taqillaganini eshitgansiz. Ular indamay ketishgan. Siz podvalga tushishga qo'rqasiz o'shandan buyon. Shularni aytsangiz bas.
- Kim o'zi bu? - dedi Matluba titroq ovozda.
- Ko'nglingiz aynisa ham bu taviyaga yaxshilab to'yib oling. Uch-to'rtta suratga aralashtirib ko'rsatishlari mumkin. Tanib olishingiz shart. Adashmang. Bu odam xo'jayiningiz bilan zekvagon (mahbuslarni tashuvchi qamoq vagoni) da birga bo'lgan. Zonaga borganda qochgan. Bu tomonlarga kelib ishkal chiqaruvdi, o'zimiz tinchitib qo'ya qoldik. Xitlar buni bilishmaydi, qidirib yurishibdi hali ham. Xazinani shu olgan, desak, siz ham tinchsiz, u yoqda akaxonga ham chivin qo'nmaydi. Biz sizni himoya qilamiz, deb shartlashganmizmi, demak, sizni birovning chertishga ham haqqi yo'q, - Xursanali cho'ntagidan tanga chiqarib kaftiga qo'ydi. Matluba buni avval besh tiyinlik deb o'yladi. Sinchiklab qaragan edi, Nikolay podshoning tilla tangasini ko'rdi.
- Toza tilla, - dedi Xursanali izoh berib. - Siz uchun qurbon qilamiz.
Tanga o'ra ostiga terilgan pishgan g'isht ustiga tushib, jiringladi, xira chiroq nurida ojiz tovlandi. So'ng ustiga bir sidra tuproq tashlanib, qopqoqlar avvalgisiday qilib berkitildi.
- Opaxon, siz chiqib bolalaringizni kiyintiravering. - Xursanali shunday degach tuproqni tortib, oyoqlari bilan shibbaladi, g'ishtlarni batartib terdi, ustunni joyiga o'rnatdi.
Ular kutgan mehmonlar uzoq kuttirishmadi - ertasigayoq kelishdi. Lager teletaypining tezligi shu o'rinda ish berdi. Kelganlar o'zlarini SSSR prokuraturasidanmiz, deb tanishtirishdi, hujjatlarini ham ko'rsatishdi. Uyni tintishdi. So'ng har ehtimolga qarshi yerto'lani ham ko'rib qo'yaylik, deb pastga tushishdi. Matluba o'zini bosishga qancha tirishmasin, ularning maqsadlarini avvaldan bilgani uchun ham titrayverdi. Tintuvga ruxsatnomangiz qani? Ikkita xolis guvoh qani? degan talab esa xayoliga ham kelmadi. U-ku, xotin kishi, xavotirda o'zini yo'qotadi. Opasiga dalda berishi lozim bo'lgan Sarvar ham dovdirab qoldi. Bir ozdan so'ng ularni pastga chaqirishdi. O'rtadagi ustun atrofini, sochilgan tuproqni ko'zdan kechirayotgan qirraburun:
- Bu yerda nima bor? - deb so'radi.
- Bilmasam, - dedi Matluba. - Qo'yadigan narsamiz ko'pam yo'q, hadeb tushavermayman bu yerga.
- Bu yer kavlangan. Nega kavlangan? - dedi qirraburun qaddini rostlab.
- Bilmadim.. balki...
- Nima balki?
- Aytaverayinmi?
- Bizni chalg'itishga urinmang, biz hammasini bilamiz.
- Bilsangiz... aytmay qo'ya qolaymi?
- Bilganlaringizni gapiring!
- Bilganlarim... Ancha vaqt o'tdi-da... kuz paytida edi, kechasi bir erkak, bir ayol uyimizga bostirib kirishdi. Darvoza qulf edi, hovliga qanday tushishganini bilmayman. Erkagi cho'loq ekan. Vish-vish qiladi, gapiga tushunmayman... - Shu zaylda Xursanali o'rgatgan gaplar aytildi. Ular ishonib-ishonmay bir-birlariga qarab qo'yishdi.
- Militsiyaga xabar qildingizmi? - deb so'radi qirraburun. Bunaqa savol Xursanalining rejasida yo'q edi. Shu sababli Matluba dovdiradi.
- Militsiyaga nima uchun xabar bermadingiz? - dedi bu safar qirraburun dag'allik bilan.
- Militsiyaga aytsang, o'ldiramiz deyishgan, bolalarni ham... - Matlubaning tiliga kelgan bu gapdan ular qoniqishib, boshqa narsa so'rashmadi. Ularning buyrug'i bilan Sarvar ustunni chetga surdi, g'ishtlarni ko'chirdi, tuproqni surdi, qopqoqlarni ochdi. Ochdi-yu, agar titishmasa tanga qoladi, deb umid qildi. Qirraburun bo'sh o'raga bir oz qarab turdi-da, so'ng engashib, barmoqlari bilan tuproqni titib, tilla tangani topdi. Qaddini ko'tarmay turib tangani chiroq yorug'iga tutdi, tishlab ko'rdi. Keyin yana tuproq titdi. So'ng ketishdi. Ertasiga qirraburunning o'zi keldi. Beshta odamning suratini ko'rsatdi. Matluba Xursanali ko'rsatganni tanidi. Tanidi-yu:
- Faqat bitta joyi o'xshamaydi, - dedi.
- Qayeri? - dedi qirraburun unga qattiq tikilib.
- Qulog'ining yarmi yo'q edi. Yo bu eski rasmimikin?
Qirraburun suratlarni cho'ntagiga solib xayr ham demay iziga qaytgan edi...
Hozir Omonulloning kim edi, qachon keldi, nimaga keldi? degan savoli o'sha voqeani chaqmoq umrichalik lahzada eslashga majbur etdi. Esladi-yu, ammo sirtiga chiqarmadi: Xursanalining amrini bajardi.
Omonullo suhbatini boshlamay, Safar kelib ayvon panjarasiga o'tirib oldi. Matluba unga qarab qo'yib, o'ng'aysizlandi.
- Safar, kalit mashinada qolibdi, - dedi Omonullo ma'nodor ohangda.
Safar do'stining maqsadini anglab, o'rnidan turdi-da, ko'chaga chiqib ketdi. Ranjiganini sezdirmadi, ammo ichida do'stini avra-astarini ag'darar darajada bo'ralab so'kdi.
Omonullo arqonni uzun tashladi. Tursunali To'xtayev bilan qachon tanishgansiz, qachon turmush qurgansiz, bolalar... kabi savollarga olinajak javoblar u uchun muhim emasdi. Shu sababli bu ayol to'g'ri gapir-yaptimi yo yo'qmi? deb tahlil etmadi. Matluba to'g'ri javoblardan chekinib, o'zi istagan gaplarnigina aytmoqchi bo'layotgani bilan qarmoqdagi xo'rakka aldanajagini bilmas edi. U Nafisaning o'limidan xabar topgani bilan, o'zining bu fojiaga aloqador deb gumon qilinayotganidan, Omonullo aynan shu ish tufayli kelganidan bexabar edi. Erimni qamab ham tinchishmas ekan, degan fikr uni chalg'itib qo'ygandi.
- Savolimga javob bermadingiz, opa, mendan oldin ham birov keldimi? - Omonullo ayoldagi sarosimani sezgani uchun savolini takrorladi.
Xursanali bo'lib o'tgan tintuvning isini chiqarmaslikni tayinlagani sababli Matluba sir boy bermaslik uchun nigohini olib qochdi.
- Adamizni ushlashganidan beri nechtasi kelib, nechtasi so'roq qildi, nechtasi tintdi. Hisobi yo'q bularning. O'lar bo'lsam o'lib bo'ldim. Adamizning ayblari bor ekan, qamadilar. Bizning gunohimiz nima? Bolalarimning gunohi nimada? Aybimiz bo'lsa, bizlarni ham qamanglar, otinglar, - Matluba shunday degach, yig'lay boshladi.
Omonullo ovutishni istamay, bir oz kutdi. Matluba yonog'iga yumalagan ko'z yoshlarini kafti bilan artib, xo'rsingach, so'rog'ini davom etdi:
- Tursunali aka bilan munosabatingiz yaxshi edimi?
- Bu nima deganingiz? - Matluba ajablangan holda unga tik qaradi.
- Oralaringizdan ola mushuk o'tmaganmidi?
- Ola mushuk? U kishi... bolalarimning otasi... ko'z ochib ko'rganim. Ola mushuk deganingiz hammaning uyida bor. Er-xotinning orasidan gap qochmay iloji yo'q. Savolingizga qaraganda odamlardan bir ig'vo eshitganga o'xshaysiz. Indamasangiz odamlar nimalar to'qimaydi?
- To'g'ri aytasiz, ba'zan odamlar ko'pirtirib yuborishadi. Lekin... shamol bo'lmasa daraxtning uchi ham qimirlamaydi.
- Maqsadingiz nima, ochiq aytavering?
- Tursunali aka... sizga xiyonat qilarmidilar?
Bu savoldan so'ng Matlubaning egilgan boshi yanada egildi. Titroq barmoqlariga tikilib jim qoldi.
- Ochiq aytavering. Agar sir bo'lsa, oramizda qo-ladi.
- Sir... bilmayman, odamlar ig'vo qilaverishadi. Bolalarimning otasi axir...
Omonullo tushundi. Tursunalining xiyonati faqat bu ayolga emas, voyaga yetib borayotgan bolalarga ham isnod keltiradi. Ayniqsa xonadondagi qizning bo'yi yetib qolgan bo'lsa og'ir, yanada og'ir. Erta-indin sovchi eshik qoqib kelsayu otasi buzuq ekan, deb iziga qaytsa naqadar fojia... Xiyonatdan xabar topgan ayol qanchalik qonsiramasin, farzandlari taqdirini o'ylab, dardini ichiga yutadi.
Omonullo iztirob cho'g'lari ustida o'tirgan ayolni qiynamaslik uchun muddao o'qlarini aniq nishonga ola qoldi:
- Nafisa Boltayevani tanirmidingiz?
- Nafisa... - yer yutsin uni, deb o'yladi Matluba, ammo tili boshqa gapni aytdi: - eshitganman...
- O'zini ko'rmaganmisiz?
- Ko'rganman. Lekin... yaxshi tanimayman.
- Odamlarning gaplariga qaraganda...
- Odamlarning gaplarini menga aytmang. O'zingiz ko'rib, qo'l bilan ushlagan bo'lsangiz ayting. Adamizga shuncha azob kammi? Endi nomlarini ham bulg'ashyaptimi?
- Begonalar emas, Boltayevaning onasi ham aytyapti.
- Adolmi? Juvonmarg bo'lsin, u ofat! O'zining qizlari o'tirib qolganiga alamini o'gay qizidan oladi. Nafisaning boshida eri bor. Uning buzuqligini birov ko'rmagan.
- Boltayevaning erini tanirmidingiz?
- Sal-pal taniyman. Adamizning o'rtoqlari.
- Bu yerga ko'p kelarmidi?
- Yo'q.
- Kasbi nima, bilasizmi?
- Olim shekilli?..
- Oilalari tinch edimi?
- Buni o'zlaridan so'rang. Men ularnikiga qadam bosmaganman.
- Nega?
- Savolingiz g'alati-ku? Hozir yaqin qarindoshlar ham bordi-keldiga vaqt topolmaydilar.
- Tursunali aka borib turarmidilar, har holda oshna ekanlar?
- Bilmayman.
- Siz hozir qadam bosmaganman, dedingiz. Ikki oymi, uch oymi avval, kuz paytlarida borgansiz-ku?
- Kim aytdi?
- Kerak bo'lsa guvoh bilan yuzlashtiramiz. Ungacha savolimga javob bering: nima uchun bordingiz? Siz o'sha kuni qattiq g'azabda bo'lgansiz. Nimadan norozi edingiz?
- Esimda yo'q.
- Hatto o'ldirtirib yuboraman, degansiz?
- Yolg'on!
- Men shu yolg'onni aytish uchun kelibmanmi? Bir narsadan shubham bo'lmasa gapirmayman.
- Shubha?.. Hali... uni men o'ldiribmanmi?
- Kimni?
- Nafisani aytyapsizmi?
- O'lganini bilasizmi? - Omonullo shunday deb Matlubaga ajablanayotgan odam ko'zi bilan qaradi.
- Men kecha osmondan tushganim yo'q-ku? Eshitmaymanmi?
- Qanday holatda o'lganini ham eshitdingizmi?
- Eshitdim... bittasi bilan... ekan.
- Ishondingizmi?
- Ishondim nimayu, ishonmadim nima?
- Kim o'ldirgan bo'lishi mumkin?
- Bilmayman.
- Har holda... nima uchun o'ldirgingiz kelgan edi?
Matluba qafasga qamalgan qush holiga tushdi. Nodonligi tufayli qafasga tushdi, endi yana nodonlik qilib, o'zini qafasga urib qanotlarini yaralashni istamadi. Bir oz sukut qilgach, eridan olgan o'sha maktubdan gap boshladi.
Matluba bir yig'lab, bir sukut qilib, bir g'azab jilovida ezilib gapirardi. Nafisaning o'limini eshitganida battar bo'lsin! deb quvongan edi. Bunday o'limdan battarroq yana nima bo'lishi mumkinligini o'ylab o'tirmay, birovning o'limidan quvonishning gunoh ekanini fahmlamay shunday degan, shunday xursand bo'lgan edi. Xudo mening rahmimni yebdi, deb ham fikr qilgandi. Hozir o'tmish kunlarni eslay turib nechundir unga achindi. Norasmiy kundoshining o'limidan o'ziga zarracha naf yo'qligini endi angladi. Uning o'limini istagani rost, qarg'agani rost, o'ldirish yoki o'ldirtirish uchun harakat qilmagani ham rost. Ammo rost gapga bu odam ishonarmikin? Matluba shu armon, shu o'kinch bilan Omonulloga qarab-qarab qo'yardi.
Omonullo uning gaplarini bo'lmay eshitdi. Shu ayol o'ldirgandir degan gumon unga hukmini o'tkazmagan bo'lsa-da, fikrdan uzoqlashishga haqqi ham yo'q edi. To chin qotil topilmagunicha shu ma'sumadan ham shubhalanishga haqli edi.
Omonullo Matlubaning so'zlarini eshitish asnosida beixtiyor Adolatni ko'z oldiga keltirdi. O'shandan gumonsiraganda ham tinch qo'ymas edi. Bu ayol... boshqachaga o'xshaydi. Ezilgan ruhi, toptalgan umidi uchun xun talab qilsa ham arzir. Ammo... bolalarining otasi bo'lgani uchun ham uning nomini himoya qilyapti, uni umid bilan kutyapti. Har qanday ayol erini qiz-g'anadi. Qalbini yiring bosgan Matlubaning ham qizg'anishi tayin. Ammo bu rashk, bu qizg'anish qotillikka undashi mumkinmi? Omonullo uchun bu mubham bo'lib qolaveradi.
U Matlubadan erining maktublarini ko'rsatishni iltimos qildi. Matluba bir oz ikkilangan holda uyga kirib to'rt-beshta maktub olib chiqdi-da, soliq to'lashga undovchi xatni ajratib berdi. Omonullo satrlarga ko'z yugurtirgandayoq, lager qamoqxonasidagi ahvolni angladi.
- Boltayevadan shubhalanganingiz o'rinsiz. Eringiz qamoqdagi katta baliqlarga yem bo'lgan.
- Bilasizmi shuni? Bilsangiz... nega yo'l qo'yib berasiz?
- Buni o'sha yoqdagilardan so'rash kerak. Bizning vazifamiz boshqa. Agar biror kishi pul talab qilib kelgan bo'lsa, ayting. Ular bilan shug'ullanamiz.
Matluba Xursanalining ogohlantirishini eslab: Yo'q, yo'q, hali hech kim kelmadi, deb qo'ydi.
Omonullo bunga ishonganday bo'ldi-yu, yana uchrashishga shama' qilib ko'cha tomon yurdi. Matluba ostonaga qadar kuzatib borib, Omonulloning ortidan eshikni yopdi.
Safar orqa o'rindiqda kavshanib o'tirardi. Omonullo mashina eshigini ochishi bilan dimog'iga aroq, kolbasa hidi urildi.
- Ha, ochofat, darrov yutdingmi? - dedi Omonullo unga qovoq uyub qarab.
- Boshga quvvat bo'ladi, senam qittakkina olvol.
Omonullo nafsing qursin, dedi-da, mashinani yurg'izdi. U direktor bilan uchrashib yangi gap ololmagach, bog' qorovuli bilan gaplashishni ixtiyor qildi. Direktor obkomdan vakil kelayotganini aytib, unga bir yugurdagini qo'shib berdi. Nomi bog' qorovuli, aslida xo'jayinning ham mahrami, ham oshpazi bo'lmish ukkiko'z Karvon Tursunali bilan qizini shu yerda ko'rganini aytdi. Aravakash otasining Karvon laqabini meros qilib olgan bu odam bilganlarini yashirmadi: Direktor buva Toshkentda edilar. Xo'jayin yo'qliklarida ishlarimni qilvolay deb rayon markaziga tushuvdim. Qaytib kelayotsam, Oshbolta bilan qizi chiqib kelishyapti. Oshboltaning da'vosi katta - u o'zini menga ustoz deb biladi. O'choqni harom qilibsan, buzib tashladim, ertamatan kelib yangisini qurib beraman, deydi. Nimasi harom? desam, O'choqning ichida it yotibdi, deydi. It ilgari ham yotardi, harom-parom demasdi, qachondan beri haromni haloldan ajratadigan bo'libdiyikin, deb qolovurdim. Nazarimda u qizini yangi direktorga qo'shgani olib kelganu, ishi unmagach, alamdan o'choqni buzib tashlagan. O'choqni o'sha kuniyoq o'zimla o'nglab qo'ydim. Xo'jayin yarim kechada qaytib, ovqat qil, deb buyursalar Ertalab Oshbolta o'choq qurib bersin, keyin ovqat pishiray, deymanmi?
Omonullo Karvonning gaplarida bir ilmoqni sezdi-yu, bo'lib o'tgan voqeani oydinlashtirishga ojizlik qildi. Savollarni qalashtirgani bilan kerakli javoblarni ololmadi. Nafisaning qishloqqa kelishi, boqqa borishi, o'choqning buzilishi... Quloqlariga tilla ziraklar, barmoqlariga tilla uzuklar taqib qaytishi... da sir yashirin edi. Bu sirdan voqif odamning biri tuproq ostida, ikkinchisi tildan qolgan...

.. O'sha kech Matlubaning nogahoniy tashrifidan so'ng Samandar ishim bor, deb xonasiga kirib ketdi. Ota-bola televizorda zerikarli bir tamoshani yarmiga qadar toqat qilib ko'rishgach, Toshbolta qizidan:
- Tursunalining boyligi ko'p edi, milisa topolmadi. Xotini bilmasa... qayga berkitdi ekan? - deb so'radi.
Nafisaning ko'zlari teleekranda bo'lsa-da, xayoliga shu savol hukmron edi. Otasiga qarab bilmayman deb yelka qisib qo'ydi-yu... keyin so'nggi kechalardan birida yuz bergan voqeani esladi. Aslida o'sha voqeani unutmagan, lekin qama-qama boshlanib, boqqa borishga qo'rqib yurgan edi. Televizorni yana bir oz tomosha qilgan bo'lib, so'ng o'sha voqeani otasiga bayon qildi...
... Tursunalining kayfiyati xush edi. Maishatni boshlashdan avval Nafisaning quloqlariga tilla zirak, barmoqlariga tilla uzuklar taqdi. So'ng nafs qongach, tongga yaqin yechib oldi. Avvallari bunaqa odati yo'q edi - sovg'alarini qaytib olmasdi. Zamon nozik bo'lib turibdi. Taqib yursang, odamlar gap qiladi, ering ham shubhalanadi. Shu yerda tura tursin, dedi-da, tashqariga chiqdi. Nafisa o'rnidan turib yelkasiga choyshab tashlaganicha, derazaga yaqinlashib, tash-qariga o'g'rincha qaradi. Tursunalining o'choqboshi tomon qayrilganini ko'rdi. Karvon shu yerda bo'lsa bu ahvolda duch kelmay, deb tashqariga chiqishga qo'rqdi. Tursunali o'choqboshidami yo etakdagi qo'yxonadami, Nafisa aniq bilolmadi, ancha qolib ketdi. Mehmonxonaga kirishdan oldin qo'llarini yuvdi. Ichkari kirib yotdi-yu, kun yoyilgunicha uxladi...
Bu voqeadan avvalroq boxabar qilmagani uchun Tursunali qizini g'adabladi. Ertasiga tongdayoq ota-bola yo'lga otlandilar.
O'choq ostidan topilgan ziraklar, uzuklarni Nafisa joni uzilganiga qadar taqib yurdi. Adolat bu taqinchoqlarni yangi o'ynashning hadyasi deb o'yladi. Samandar esa dastlabki kunlari xotinida yangi taqinchoqlar paydo bo'lganini hatto payqamadi ham. Nafisa erim so'rasa dadam olib berdilar, deyman, deb javobni naqd qilib qo'ygan edi. Sinchkovlik, xotinlarga e'tibor degan tushunchalardan begona Samandar taqinchoqlarni ko'rganda ham indamadi. Maoshlarini yig'ib olgandir, deb qo'ya qoldi.
Taqinchoqlar tarixidan bexabar Omonullo issiq kunda aroqning kuchi bilan yanada qizib olgan Safarning ezmaligidan horigan holda uyiga qaytdi. 
