Omonullo

Ishxonada televizor tomosha qilib o'tirgan Omonullo bu gaplarga ishondi. Ikki kundan so'ng u moskvalik tergovchilarga qo'shilib fojia sodir bo'lgan shaharga uchdi. U ketgach, so'roviga javob keldi: So'rovingizga binoan shuni ma'lum qilamizki, Pavel Onopko (laqabi Koshak) qamoq lageridan qochishga uringanida 1989 yil 20 may kuni otib o'ldirilgan.
Uch oy davomida moskavaliklarga yordam bergan Omonullo ishxonaga qaytib bu javobni o'qidiyu nimanidir sezganday bo'ldi. Irkutskka borib kelishni iltimos qildi. Avval ijozat berishdi, keyin esa ovora bo'lmay ishni yopib qo'ya qoling, degan maslahatda to'xtashdi.
Shu to'xtamga kelingan kuni oqshomda prokuraturadan Mels Xo'jayev qo'ng'iroq qilib Aka, Irkutskka bormoqchi emishsiz, agar maslahatimga ko'nsangiz - bormang. Sababini keyinroq bafurja gaplasharmiz, dedi.
Bu orada Fotima Hindistondan qaytdi.
Va'dagi binoan bahorga chiqib o'g'il tug'ib berdi.
Dissertatsiyasini himoya qilayotganda Omonullo beshikdagi o'g'lini so'rg'ichda ovqatlantirib o'tirar edi. Boltayevaning o'limiga oid ishni to'xtatishdan voz kecholmagani uchun iste'foga chiqishga majbur bo'lgan Omonullo uchun o'g'il boqib o'tirish ulug' bir baxt bo'lib tuyular edi... 
