Poklik

- Qo'lingni ko'tar! g'iring desang, otaman!
Gardaniga sovuq bigiz uchi tiralganday bo'lib, Omonulloning eti bir seskandi. Lekin tanish ovoz uni jilmaygan tarzda orqaga o'girilishga majbur etdi. Sinfdosh do'sti Safarning qilig'i unga ma'lum: poylab turib, orqadan pisib kelib, shunaqa deyishni yaxshi ko'radi.
- Otadigan odam to'pponchani biqinga tiraydi, qalamni gardanga sanchmaydi, harif! - dedi do'stining qo'lini ehtiyotlik bilan qayirgan bo'lib. Keyin ularning harakatini kulimsirab kuzatayotgan navbatchiga qaradi: - Meni shoshilinch tarzda yo'qlayotgan xotin shumi? Serjant, bu yolg'on uchun nima qilaman, bilasanmi?
- O'zimizning akaxonimiz-ku?
- Bo'ldi, ukaxonga sasima. Sen kapitan bo'lsang, men - Nishonovman! Nishonov deganda hozir kapitan tugul generallaringning ham ichi o'tib ketadi. Bo'ldi, yur, ketdik.
- Qayoqqa?
- Bugun qanaqa kun? Ikkinchi payshanbami? Ikki marta shtrafga tushib turibsan o'zing.
- Yo'g'-e?
- Ha-e! Endi seni himoya qilmayman. Bolalar po'stagingni qoqib olishadi.
- Avvalgi gap kuni kasal edim.
- Kasal-pasaling bilan ishimiz yo'q. Ahmadjon nima degan? Kasal tugul o'lib qolsang ham o'ligingni gap bo'layotgan uy yonidan olib o'tishlari kerak. Ketdik.
- Ishim bor.
- Ish-pishing bilan ishim yo'q. Serjant ukaxon, xo'jayinga aytib qo'ying: o'rtoq Safar Nishonov shaxsan kelib, muhim bir ish bilan olib ketdilar deng. Nishonovga qarshi bir nima deydigan odam hali tuQilmagan.
Omonullo Safarning odatini biladi. Tanaga yopishgan kanani yoki zulukni olib tashlash mumkin-ku, ammo Safar bir nima deb yopishdimi, undan o'lib ham qutulib bo'lmaydi.
- Xo'p, mashinadamisan?
- Mashinadaman, xizmat bormi?
- Bor. Hozir dadamnikiga kirib o'tamiz.
- Tushunarli. Qaynonangni sog'inibsan, u yerga kirib o'tishimiz ham tayin, a? Uyalmay aytaver, men atay bir yarim soat oldin keldim. Sening qilig'ingni bilaman.
- Ertaga bo'shmisan?
- G'irt bo'shman, o'g'ri oviga olib borasanmi? Benzin topib bersang bo'ldi, dunyoning narigi chetiga ham ketaveraman.
Omonullo xonasiga kirib stol ustidagi qog'ozlarni tartibga keltirib, tortmasiga solgach, tezgina iziga qaytdi.
Tabiatan serg'ayrat bo'lgan Safar mashinani ham behalovat tarzda haydardi. Yashil chiroqning o'chganiga parvo qilmay chorrahadan o'tishi bilan yo'l harakati nazoratchisi ola tayog'ini ko'tarib, to'xtashga ishora qildi.
- Qizilga o'tmadim shekilli? - dedi Safar to'ng'illab. - Mashinada milisa olib yurishning hech hosiyati yo'q, shunaqa ishkalga ro'para bo'laveraman.
- Naq qizilning o'zida o'tding. Men guvohman. Hujjat ketdi, deyaver, - dedi Omonullo tegajaklik qilib, - ovora bo'lma, yoningni olmayman.
- Senga ahmoq odam yalinadi. Qarab tur, hozir to'xtatganiga pushaymon qildirvoraman.
Safar shunday deb mashinani to'xtatdi-yu, ammo pastga tushmay, o'tiraverdi. Haydovchilarning yugurib kelib, qo'shqo'llab ko'rishishiga ko'nikkan nazoratchi bir oz kutdi, so'ng mashinaga yaqinlashdi. Safar oynakni tushirib bosh chiqardi.
- Ha, ukaxon, tinchlikmi?
- Tinchlik, hujjatlaringizni ko'rsating?
- O'zing kimsan, nega tanitmaysan?
- Inspektor Nuriyev. Hujjatingiz?
- Meni tanimadingmi?
- Tanimadim, aka. Hujjatingiz? Iltimos, mashinadan tushing. - Nuriyev shunday deb Omonullo tomonga qaragan edi, u bopla, qo'ymaysan! deganday imlab qo'ydi. Safar esa, sumkasidan hujjatini olib, mashinadan tushdi. Nazoratchi hujjatlarni ko'rib chiqqach:
- Safar aka, nega qizilga o'tdingiz?- deb so'radi.
- Nima deding? - Safar shunday deb xuddi bemorni ko'rayotgan tabib kabi unga tikildi. - Men ko'k bilan qizilni farqiga bormaydigan ahmoqqa o'xshaymanmi? Menga qara, mabodo o'zing daltonik (ranglarni farqlay olmaydigan odam) emasmisan?
- Haqorat qilmang, aka.
- Vey, men seni haqorat qildimmi? Guvohing bormi? O'zing menga ikki marta tuhmat qilyapsan. Men seni daltonik dedim. Bu so'kish emas, ma'nosini xo'jayiningdan so'rab ol.
- Aka, nima desangiz deng, qizilga o'tdingiz. Protokol yozaman.
- Uka, sen hujjatni ko'rdingmi?
- Ko'rdim.
- Familiyani ko'rdingmi? Familiyani?
- Ko'rdim.
- Nima deb yozibdi?
- Nishonov.
- Nima degani bu?
- Bilmayman, Nishonboy akaning yo o'g'li, yo nabirasi deganidir-da.
Safarning doimiy quroli ish bermay, Omonulloga qarab qo'ydi.
- Mashinadagi akangni taniysanmi?
- Tanimayman. Protokol tuzaman, - Nuriyev shunday deb qog'ozlarini chiqardi.
- To'xta, hovliqma, anavi akang o'zlaringdan, podpolkovnik. Mening qiz o'rtog'im bo'ladi. Vey, Omon, tush bu yoqqa.
Omonullo kulimsiraganicha tushib, nazoratchi bilan ko'rishdi.
- Starshina, sigaretdan oling, - dedi bir ko'zini qisib qo'yib. Chekmaydigan Safar ham nazoratchi uzatgan sigaretdan olib labiga qistirdi. Omonullo starshinaga o't tutib, so'ng o'zi ham tutatdi-da, Safarga qaramadi. - Starshina siz haqsiz: bu o'rtoq chindan ham qizilga o'tdi. Agar protokol yozmasangiz, o'zingizdan ko'ravering. Bu o'rtoq ikki marta aldayapti: men podpolkovnik emasman.
Omonullo ko'z qisib qo'ygani bilan bu gaplarning hazilmi yo chin ekanini anglay olmayotgan nazoratchi Safarga ajablanib qaradi.
- Omon, qo'y, bu gaplarni. Podpolkovnik bo'lmasang mayordirsan, mayor bo'lmasang kapitansan. Lekin mening nazarim tushgan bolasan. Podshozodalarning nazari tushgan milisa erta-indin general bo'lib ketadi. Sen bu bolalarga hazillashma, bular hazilni tushunishmaydi.
- Nimasi hazil ekan? Qonun hamma uchun bir. Qoidani buzganingdan keyin jazosini ol.
- Shunaqami? Dodam rohmatli milisadan oshnang bo'lsa, yoningda oyboltang bo'lsin, deganlarida ishonmagan ekanman, - dedi Safar piching ohangida.
- Ikkita oshna o'zlaring kelishib olaveringlar. Men protokol yozaman, - dedi nazoratchi.
- Ha, yozing, - dedi Omonullo atay qitiqlab.
- Yozsinmi? - dedi Safar po'pisa ohangida.
- Yozaman, aka, oshnachilik o'z yo'liga, ish o'z yo'liga.
- Bo'lmasa, ma! - Safar shunday deb unga mashina kalitini uzatdi. - Xo'jayiningga berib qo'y. Mashinani shaxsan o'zi olib borib beradi.
Nazoratchi kalitni oldi-yu, savol nazari bilan Omonulloga qaradi. Omonullo yana ko'z qisib qo'yib, sigaretini tutataverdi. Safar esa qo'ying aka, hazillashdim, degan lutfni bir oz kutib, labiga qistirig'lik tutatilmagan sigaretni chetga uloqtirdi-da, qo'l siltaganicha nari keta boshladi. Shundan so'ng Omonnullo o'zining guvohnomasini ko'rsatib, uzr so'ragach, mashina hujjatlari bilan kalitni olib, haydovchi o'rindig'iga o'tirdi. Safar o'n besh-yigirma qadamcha yurib to'xtab, o'tayotgan mashinalarga qo'l ko'tara boshladi. Omonullo undan uch-to'rt qadam o'tib mashinani to'xtatdi-da, pastga tushib so'radi:
- Akaxon, qaysi tomonga borasiz? Yo'l-yo'lakay bo'lsa olib ketay, harna benzin puli chiqsin.
- Ukaxon, katta xolangiznikiga ketyatuvdim, naq yo'limning o'zi, - Safar shunday deb to'ng'illadi-da, haydovchi yonidagi o'rindiqqa o'tirdi.
- Sariqmassan-ku, buncha tutab ketding? - dedi Omonullo mashinani yurg'izgach.
- Hazil deb gapiraverasanmi? GAI hazilni tushunadimi?
- Unaqada o'zing ham katta ketma.
- Katta ketib nima debman?
- Senga yalingan - ahmoq, degan kim edi? Endi ahmoqligingni tan oldingmi?
- Seni oshnam deb yurgan odam ahmoq bo'lmay nima bo'lardi?
- Bo'pti, ming'illama. Bir joyda zo'r pivo bor, olib boraymi?
- Pivoning dodaxo'jasini hozir borib ichasan. Bavariyanikidan topib qo'ygan.
Pivo bahonasida chalg'igan Safar arazni unutdi. Omonulloning tutingan otasinikiga borishgach, u o'zing kirib chiqaver, deb mashinadan tushmadi.
Ikki tabaqali eshik qiya ochiq edi. Omonullo qo'ng'iroq chalib o'tirmay ichkari kirdi. Uch oyoqli kalta narvon ustiga chiqib olib, gilos terayotgan Bobomurod Omonullo ovoz bermaguniga qadar uning kirib kelganini sezmadi. Omonullo ana shundan ajablandi. Tabiatan sezgir bo'lgan Bobomurod ichkari uyda o'tirsa ham ko'cha eshigi ochilganini bilardi.
Tutingan o'g'lining ovozini eshitishi bilan gilosga uzatgan qo'lini tushirib, pastga qaradi. Omonullo uning qarashida ham sustlik sezib qariyaptilar, deb ko'nglidan o'tkazdi. Otasining holatidagi o'zgarish sababini keyinroq bildi, Omonullo so'ramasa ham Bobomurodning o'zi aytdi:
- Opangning mazasi qochib qoldi, ertalab kasalxonaga tashlab kelganman. Hozir yana ketaman. Kechasi yonida bo'lishim kerak. Harna dalda-da.
- Safar og'aynimning mashinasidamiz. Kuzatib qo'yamiz, - dedi Omonullo.
-E, yo'q, hali ovqat qilishim kerak. Vaqting bo'lsa, ertalab xabar ol.
Bobomurod opang deb atagan ayol Omonulloga yetti yot begona edi. Oxirgi marta qamoqdan chiqib qaytayotgan Bobomurod Penza bekatida g'aribgina kiyingan, sochlari to'zib, ko'zlari kirtaygan ayolni ko'rib, e'tiborsiz o'tib keta olmadi. Ruslarga o'xshamaydi-ku bu ayol, degan o'y bilan qaraganida vagonlarga tikilib, kiprik qoqmay turgan ayol behosdan gapirib qoldi:
- Biz uch kishi edik: Valya Namanganskaya, Gulya va men. To'g'ri, o'g'irlik qilmaslik kerak edi...
Ayolning o'zbekchalab gapirib qolishi Bobomurodni to'xtatdi.
- Singlim, sizga nima bo'ldi? - deb so'radi.
Ayol uning gaplarini eshitmadi, holatini o'zgartirmay, kiprik qoqmagan holda yana o'sha gapini takrorladi:
- Biz uch kishi edik...
Bobomurod yana qayta so'radi. Ayol o'zgarishsiz o'tiraverdi.
O'tirib chiqqanga o'xshaydi, - deb o'yladi Bobomurod. - Boshiga urishgan bo'lsa, esi og'ib qolganmi...
Bobomurod nima qilishini bilmay turganida militsiya mayori unga yaqinlashib hujjatlarini ko'rsatishni so'radi. Hujjatlarni sinchiklab tekshirgach, qaytarishga shoshilmay, Bobomurodga sinovchan boqdi-da:
- Hamyurting shekilli? - deb so'radi.
- Shunaqaga o'xshaydi, - dedi Bobomurod.
-Hamkasbing bo'lishi ham mumkin, - dedi mayor.
- Ha, shunaqaga o'xshaydi.
- Bu ham qamoqdan chiqqan. Ikki-uch kundan beri shu yerda. Jinnixonaga berib yuborsammikin, deb turuvdim. Agar odamgarchilik qilish qo'lingdan kelsa, o'zing bilan olib ket. Yurtida qarindoshlari bordir. Jinnining millati bo'lmaydiku-ya, ammo xor bo'lib o'lishi yaxshi emas.
Bobomurod militsiya xodimlarini yoqtirmas edi, deyilsa juda yumshoq qilib aytilgan bo'ladi. O'n to'rt yoshidan beri to'rt marta qamoq lagerlarining tuzini totgan odamning nafratini hech nima bilan o'lchab bo'lmaydi. Shunday bo'lsa-da, mayorning hozirgi gaplari ko'ngliga yoqdi. Nahot senda tuyg'u bo'lsa? degan ma'noda unga qarab oldi-da:
- Bir amallab olib ketaman, - dedi.
- Sen bu o'tirishiga qarama, saldan keyin o'ziga keladi, - mayor shunday deb hujjatlarni qaytarib berdi-da, nari ketdi.
Ayol kipriklarini pirpirata boshlagach, Bobomurod:
- Singlim, Toshkentga ketyapman, birga ketaylik, - dedi.
Ayol unga yalt etib qaradi-da, yaqin mehribonini ko'rgan odamday suyunib, jilmaydi:
- Men uyimga ketaman! - deb kafti bilan burnini artdi.
Bobomurod yoshi o'ttizga yetmagan, ko'rinishidan esa elliklarni qoralagan ayolning fe'li, tabiati qanday ekanini yo'l-yo'lakay bilib oldi. Ayol militsionerni ko'rsa qalqib ketardi, jinoyatdan yoki qamoqdan so'z ochilsa, lablari oshkora titrardi. Bobomurod shu sababli manzilga kelgunicha ham bu mavzuda so'z ochmadi. Ayol turar joyini unutgan edi. Bobomurod hujjatiga qarab uni qishlog'iga boshlab bordi. Ayol tug'ilib o'sgan uy ostonasiga yetishganda hali shom namoziga azon chaqirilmagan edi. Bobomurod eshikni taqillatgach, qirq yoshlardagi odam chiqib Ayolni ko'rdi-yu, ostona hatlagan yerida turib qoldi. Ayol ham unga qarab kipriklarini pirpiratganicha tek qotdi.
- Sen kimsan, erimisan yo sherigimisan? - dedi uy egasi dabdurustdan.
- Eri ham emasman, sherigi ham emasman. Yo'lda uchratib qolib, qog'ozlariga qarab boshlab kelyapman. O'zing kimsan?
- Hech kimi.
- Hech kimi? Tanimaysanmi bu ayolni?
- Taniyman... - dedi uy egasi mujmal ohangda,- men... akasi edim.
- Akasi edim? Endi-chi, akasi emasmisan?
- Ota-onam oq qilishgan, men ham oq qilganman.
- Nega oq qilasan?
- Ishing bo'lmasin, bu isqirtni olu jo'na bu yerdan. Isnodga qoldirma bizlarni. - U shunday deb o'girilmoqchi bo'lganida Bobomurod giribonidan oldi-da, qorniga musht urdi:
- Menga qara, hey harom! Singlingni Penzada ko'rib qolib, yetaklab keldim. O'sha yerda bir o'ris, o'ris bo'lganda ham bir ment singlingga rahm qildi. Bu yerlarda xor bo'lib o'lib ketmasin, dedi. Sen nima deyapsan? Men to'rt marta o'tirib chiqqan odamman. Beshinchisida nima uchun o'tirarkinman, deb yuruvdim. Sening qoningni ichib o'tiraman shekilli? Qani, joningni sug'urib olmasimdan ayt-chi, nima uchun oq qilgansan?
- Shaharda o'qiyapman, deb o'g'rilarga qo'shilib ketibdi. Bizlarni nomusga qo'ydi.
- Senda hali nomus ham bormi, harom! Kasal singlingni oq qildim deb, ko'chaga haydab qo'yib, yana nomusdan gapirasanmi! Ota-onang qani?
- O'lib ketishdi.
- Qovurg'angning orasiga panjamni tiqib yuragingni sug'urib olgim kelyapti. Lekin shu singlingning hurmati uchun hozircha tirik qolasan. Seni yo'qlab alohida kelaman. Nomus nima, insof nima, vijdon nima - gaplashib olamiz. Hozir esa, hamma qo'shnilaringni chaqir.
Aka avvaliga ko'nmadi, biroq yumshoq yeriga uch-to'rt tepki tushgach, buyruqni bajardi. Ayrim qo'shni ayollar toshdek qotib turgan Ayol bilan ko'rishmoqchi bo'lishdi. Ba'zilari esa, ostonalaridan uzoqlashmay cho'chigan holda qarab turaverishdi.
- Qo'shnilar, bilib olinglar: mana bu harom odam aka ekan. Bu iflos odam singlisini oq qilganmish. Qamalgan qizlar oq qilinsa, ko'chalarda xor bo'lib o'lsin, degan qonun bormi o'zi? Qaranglar, singlisi kasal. Shu ayolga bir o'risning rahmi keldi, akasining esa rahmi kelmaydi. Endi men shu ayolning nomidan gapiraman: u akasini oq qildi, bilib qo'yinglar! Endi men unga aka, u menga singil! Omin! Fotiha beringlar!
Birov fotiha qilgan bo'ldi, birov qimir etmadi.
- Biz uch kishi edik: Valya Namanganskaya, Gulya va men. To'g'ri, o'g'rilik qilmaslik kerak edi...
Ayol bu gapni avval sekinroq aytdi, so'ng baland ovozda qaytardi-da, qah-qah otib kuldi, kulaverdi...
Bobomurod hayron bo'ldi: shu paytgacha Ayol kulmagan edi.
Qo'shnilar birin-sirin uylariga daf bo'ldilar. Akaning ham qorasi o'chdi. Bir piyola choyga taklif etuvchi insof egasi topilmadi.
Qishloqdan chiqishganda qosh qoraygan edi. Bobomurod biron xonadon eshigini taqillatib boshpana so'rashni istamadi. O'z mayliga qo'yib berilgan keksa tulpor kabi yo'lning o'rtasidan asta yurib boraverdi. Ayol ikki qadam orqada, unga mutelik bilan ergashgan edi. Bobomurod ko'p zulm ko'rgan - zulm ham qilgan, oqibatsizlik tuzini totgan - o'zi ham oqibatsizlik zahrini boshqalarga yalatgan, oz bo'lsa-da, mehr sharobidan lazzat olgan - oz bo'lsa-da, boshqalarga ham ilingan, insonning hayvondan ham tubanroq tarzda xorlanishi mumkinligini ko'rgan, vaqti kelsa, bosh-qalarga ham ko'rsatib qo'ygan odam edi. Ammo bugungiday holatni uchratish nima ekan, eshitmagan, hatto xayoliga ham keltirmagan edi.
U ham, izidan kelayotgan ma'suma ham, Bobomurodga fotiha berganlar ham, bermaganlar ham Ollohni tanishmas edi. Buning uchun ularga ayb jandasini kiydirmoq noinsoflik bo'lar. Tug'ilganlaridan to ayni damga qadar biron bir imon egasi Yaratgan tangrini tanishga da'vat etmadi. Yaxshilik bilan yashaganlarga jannat eshiklari ochilajagiyu, yomonlik qilganlarga bu dunyodagi qamoqdan tashqari do'zax azoblari borligini hech kim aytmadi, tushuntirmadi. Ularning har birlari insof, vijdon, iymon, mehr-oqibat tushunchalarini o'zlaricha anglashardi. Bu dunyo sinovli dunyo ekanini, har bir harakat, har bir so'z imtihon tarozusida tortilajagini o'ylab ko'rishmagan edi. Ayni damda zo'r bir imtihon sodir bo'layotganidan ham bu g'ofil bandalar bexabar edilar.
Qo'shnilar uy-uylariga kirgach, sodir bo'lgan voqeani o'zlaricha muhokama etib, o'zlaricha baholar edilar:
- Xudo yomon uribdi, bechorani. Ota-onaning qarg'ishi yomon-da.
- Xudo jazolabdi...
- Jazosini beribdi...
Alhol, Tangrining jazosiga uchragan kim? Ayolmi, akasimi yo shu qo'shnilarmi? Vallohi a'lam, bissavob...
Yo'lda borayotgan Bobomurod bularni o'ylamaydi. Ruhoniy masalalar, ruhoniy hukmlardan uzoq bo'lgan bu odamning o'z dunyosi, o'z o'lchamlari, o'z hukmi, nihoyat... hukmning ijrosi bor. U Xudoga soldim, Bir kunmas bir kun ularni Xudo uradi yoki Xudoyim, o'zing jazolarini ber, deb o'tirmaydi. Masalani o'zicha osongina hal etadi: o'zi hukm chiqarib, o'zi ijro etib qo'ya qoladi. Hozir ham shart iziga qaytgisi, akaning yuragini sug'urib olgisi, bu bemehr yurakni itlarga tashlagisi keldi. Juda-juda istadi shunday qilishni. Biroq, og'ir-og'ir qadam tashlab kelayotgan chorasiz Ayolning qismatini o'ylab, o'zini bosdi. Hozir qaytib Akani chertsa ham qamalib qolishi oqibatida Ayol ko'chada xorlanishi yoki jinnixonada azob chekib yotishi mumkinligini u bilardi.
Tuni bilan yurish foydasizligini anglab, tashlandiq shiypon yaqinida to'xtadi. Bir oz o'ylanib turgach, shiyponga qarab yurdi. Xas-xashaklarni oyog'i bilan sidirib tozalagan bo'ldi-da, o'tirdi. Ayol Bobomurodga yaqin kelishdan qo'rqqandek shiypon yonida turaverdi. Bobomurod avvaliga indamadi. So'ng:
- O'tir, - deb qo'ydi.
Ayol taklifni eshitmagandek tek turaverdi.
- O'tir, singlim, - dedi Bobomurod yumshoqroq ohangda. - Ertalabgacha dam olamiz shu yerda.
Ayol go'yo shiyponni qimirlatib yubormay debmi, ehtiyotlik bilan qadam bosib chiqdi-da, nariroqqa borib cho'nqaydi.
- Endi men akangman. Endi sen xor bo'lmaysan. Sen ulardan ranjima. Ular o'g'rini odam o'rnida ko'rishmaydi. Men esa, ularning o'zlarini odam qatoriga qo'shmayman.
- Men o'g'ri emasman!
Sekingina aytilgan bu so'z aslida qalbning portlashidan hosil bo'lgan nido edi. Bu uchtagina so'z ko'p yillik g'am-anduhlar zanjirini uzib tilga chiqqan edi. Bu gapni uyi oldida akasiga aytmoqchi edi. Baribir ishonmaydi, deb aytmadi. Yangi akasiga aytdi. Qonsiz lablardan uchgan bu so'zlarni Bobomurod eshitdi.
- O'g'ri emasligini bir qarashimdayoq bilganman, - dedi u. - O'g'ri bo'lganingda seni yetaklab yurmas edim, o'zingni o'zing eplarding. Sendan yashirmayman: men o'g'riman. To'g'rirog'i, o'g'ri edim. Qamoqda ont ichdim: bu hunarni tashlayman. Mening bir o'g'lim bor, shu yurishim bo'lsa, uni baxtsiz qilib qo'yaman. U yaxshi bola... endi u sening jiyaning. Sen hali yoshsan, singlim, hadeb siqilaverma. Siqilgan bilan birov senga rahm qilmaydi. Undan ko'ra mazza qilib yashayverginu odamlarning gaplariga ham, qiliqlariga ham e'tibor berma. O'ylab ko'r-chi, seni o'g'ri deganlarning o'zlari tozamikin? Agar tozasi shunaqa bo'lsa, nahs bosgani qanaqa bo'larkin? Biz endi bir-birovimizga suyanib yashaymiz. Bu ham katta bir baxt. Dunyoda suyanchig'i yo'q yakka maxov odamlar tiqilib yotibdi.
Bobomurod shu gaplarni aytib ancha yengil tortdi. Ayol esa unga javob qaytarmadi.
Qorong'i osmonga yulduzlar toshib, samo husnini bezadi. Bobomurod jag'ini tizzasiga tirab bu mo'jizaga boqdi. Yulduzlar - sayyoralarmi yo katta-kichik samoviy jismlarmi - u bilmaydi. Unga ma'lumi - yulduz uchgani kimningdir jon uzilganidan nishona. O'ali o'zini tutolmay Akani o'ldirib qo'ysa hozir bitta yulduz uchgan bo'larmidi... Nahotki hammaning joni shu yulduzlarda bo'lsa, - deb o'yladi u. - Nahotki iflos odamlarning ham joni shunday beg'ubor, shunday pokiza osmonda bo'lsa. Bunaqa odamlarning joni hojatxonaga tashlansa, hojatxona ham bulg'anadi... Yo'-o'q, yulduzlar odamlarning joni emasdir. Balki... shu ayolga o'xshab xo'rlanganlarning ko'zlaridagi yosh osmonga uchib, yulduzlarga aylangandir... Qiziq... bu nima uchun yig'lamaydi? Shuncha gapdan keyin ham yiQlamadi. Yig'lasa bo'lardi, yengil tortardi...
- Singlim, sen mendan tortinma, yiQlaging kelayotgan bo'lsa yig'layver. Erkak bo'lsam ham ba'zan yig'lagim keladi...
Ayol javob bermadi.
Tun yarimlaganda Bobomurodning uyqusi keldi. Tizzasiga bosh qo'yganicha mizg'idi. Besh-o'n daqiqadan so'ng cho'chib uyg'ondi-da, ketib qolmadimikin? degan xavotirda Ayol tomon qaradi. Ayol toshdek qotib o'tirardi. Bobomurod bir necha marta mizg'idi. Har safar cho'chib uyg'onib, xavotirlangan tarzda Ayol tomon qarardi.
Tongni shu zaylda qarshi oldilar...
O'shandan beri Ayol shu uyda yashaydi. Omonullo uni dastlab ko'rganida Otam u yoqlarda uylanibdi-da, deb o'yladi. So'ng boshqa-boshqa xonalarda yotishlarini bilib, muomalalarida er-xotinlik mehri yo'qligini sezib, ajablandi. Otasidan Kim bu? deb so'ramadi. Bobomurod esa Singlim, deb gapni qisqa qilib qo'ya qoldi. Ayolning Biz uch kishi edik... degan gaplarini eshitgach, qanaqa singil ekanini o'zicha taxmin etdi. Taxmin noto'g'ri ekanini keyinroq bildi. Bir kuni Bobomurod uning tiliga chiqarolmay yurgan barcha savollariga bira to'la javob berdi:
- Men hammasini aniqladim: bu qiz bir nomardning qo'liga tushib qolgan. Bir o'g'irlikni shu bechoraning bo'yniga qo'yib yuborishgan. Tuhmat bilan ketgan. Hammasini aniqladim, hammasi hal bo'ldi.
Omonullo:
- Nima hal bo'ldi? - deb so'raganida Bobomurod:
- Tuhmat qilganlar jazolarini oldilar. Bu pok ayol, istasang amma degin, istasang opa - degan edi.
Omonullo otasining ko'ngliga qarab opa dedi. Ayolni har ko'rganida unga achinardi. Keyinchalik Ayolning rang-ro'yi yaxshi tomonga o'zgardi. Chehrasida yoqimli nur ham paydo bo'ldi. Lekin Biz uch kishi edik... boshlanganida betlari birdan qorayib, ko'zlaridan nur qochib xunuk holatga kelib qolar edi.
Bu Ayolning kelganiga o'n ikki-o'n uch yil bo'ldimi yo undan oshdimi, Omonullo aniq eslolmaydi. Qamoqdaligida o'g'lim, bundan bu yog'iga faqat sen bilan birga bo'laman, deb xatlar yo'llagan odam Ayolning atrofida parvona bo'lishdan ortmay qoldi. Ayol ko'p gapirmasdi, ovoz chiqarib kulmasdi. Bir narsadan xursand bo'lsa salgina jilmayib qo'yardi xalos. U jilmayganida Bobomurodning nazarida butun olam charog'onlashib ketardi. Tundlashsa esa uning yuragi siqilib ketardi. Shunday paytlarda ba'zan Hoy, gapirsangchi, soqov emassan-ku axir! deb koyib ham berardi. Shunda Ayol zaifgina jilmayish hadya etib, uning ko'ngligini ravshanlantirmoqchi bo'lardi.
Omonullo otasining bugungi kayfiyatidan sezdiki, Ayolning kasali shunchaki o'tkinchi xastalik emas. Shu bois Omonullo Otamga dalda bo'lar, deb bir oz gaplashib o'tirmoqchi edi, Bobomurod unamadi. O'rtog'i bilan kelgan bo'lsa, hoynahoy biron yoqqa ketishayotgandir, degan xayolda menga halaqit berasan, deb kuzatdi.
Qaynonasinikiga Safar ham kirib, bir-ikki piyola choy ichishgach, izlariga qaytishdi.
- Xafa bo'lmaginu og'ayni, opangni ko'rsam yuragim siqilib ketadi, - dedi Safar mashinaga o'tirgach.
Omonullo unga bir qaradi-yu, indamadi. Safarning bu ayolga achinganidan emas, irgangani uchun kirmaganini bilardi.
Ayol bu uyda paydo bo'lganida shu atrofda yashovchilarning ayrimlari undan hayiqishdi, ba'zilari esa irganishdi. Shu ko'chada, shu uyda tug'ilib unib-o'sgan Bobomuroddan barcha hayiqardi. Qamoqdan qutulib kelib, keyin yana qamalib ketguniga qadar birov unga yurak yutib tik qaray olmasdi. Bobomurod bu mahallada birovning cho'pini olmagan, birovni chertmagan, birovni so'kmagan bo'lsa-da, o'g'ri degan nom bilan yurgani uchunoq hamma hayiqardi. Ayoldan hayiqishlariga sabab ham aynan shu edi. Ayol ko'chaga kam chiqardi. Chiqqan mahalida o'ziga xavotir bilan qarab turganlarini sezsa, jilmayishga harakat qilardi. Irganayotganlarini sezsa yuzini teskari burib olardi. Bir yili Omonullo Safar bilan kirganida opasi kasallik hurujidan endi holi bo'lib turgan payti ekan. Esi o'ziga qaytgani bilan rangidagi tundlik tarqamagan, parishon sochlarini tarashga hali ulgurmagan ekan. O'shanda Ayol Safarning qarashidanoq uning irganayotganini sezdi. Ular uyga kirib o'tirishgach, xonasiga o'tib o'ziga oro berdi. So'ng dasturxon tuzadi. Choy quyib avval Bobomurodga, keyin Omonulloga uzatdi-da o'rtog'ingizga deb pichirlab qo'ydi. Omonullo shundan so'ng Safarning irganganini ham fahmladi, opasining odatini ham bildi.
O'shandan beri ancha yillar o'tdi. Safar bilan yana bir necha marta keldi. O'shandan beri Safar ostonaga qadar keladi-yu, ichkari kirmaydi. Har gal yuragi siqilib ketishini aytadi. Safar qanchalik yaxshi do'st hisoblanmasin, mana shu kabi odatlari, kibrga bandaligi Omonulloga yoqmaydi. Ba'zilar do'st tanlash imkoniyatiga ega bo'ladilar. Ba'zilar esa boriga shukr qilib yuradilar. Omonullo ana shu ikkinchi toifaga mansub. Bolalar uyida orttirgan do'stlari turli tomonlarga tarqab ketishdi. Ikkitasi xastalik tufayli, uchtasi esa jinoyatchilarga qo'shilib qolib bu dunyoni tark etdi. Institutdagilar ham turli shaharlarda ishlashadi. Birining bo'sh vaqti ikkinchisiga to'g'ri kelmagani uchun ham kam uchrashishadi. Oyda bir uchrashib turadigani - shu sinfdoshlari. Xudo unga sinfdoshlarni tanlab-tanlab bergan. Kibrli, xudbin, dardi mol-dunyo bo'lgan bolalarning bir sinfga qanday jamlanib qolganini Yaratgan bilmasa, bandasi bilolmaydi.
Bularning ichida xokisori ana shu Omonullo edi. Sinfdoshlar uni oshkora tarzda mensishmadi. Bular orasida faqat Safargina mehribon edi unga. Ota-onasi ham Omonullo kirguday bo'lsa ko'kragidan itarmay, o'g'lining suyumli mehmoni sifatida izzat qilishardi. Maktabni bitirgach, besh-olti yilmikin, sinfdoshlari bilan deyarli ko'rishmadi. Militsiyada ishlay boshlagach, ulardan birining ishi tushdi-yu, gap deb atalmish ziyofatga chorlanadigan bo'ldi. O'shandan beri har oyning ikkinchi payshanbasida ular bilan gap yeydi. Garchi ular bilan maktabda birga o'qigan bo'lsa-da, o'zining bu davraga begonaligini his qilib turadi. Ularning yashash tarzlari, dunyoqarashlari, fikrlarini hazm qila olmaydi. Ayniqsa keyingi paytlarda o'zini tortishga bahona qidiradigan bo'lib qolgan. Davrada hol-ahvol so'rashayotganida bola-chaqalar omonmi? deyilganida uning yuragi uvishadigan odat chiqargan. O'rtoqlari unga xotining nega tug'mayapti? deb dashnom berishmasa ham shu savol ko'ndalang turganday o'ng'aysizlanaveradi. Ayrimlar beixtiyor ravishda, savolni kimga berayotganini, oqibati nima bo'lishini o'ylab ko'rmagan tarzda bola-chaqalar qalay? deyishganda Omonulloning yuragidan bir tomir uzilganday bo'laveradi.
Hozir Omonullo ruhini temir iskanjaga oluvchi davra sari borardi. Safar o'zi kelmay telefonda eslatganida bormaslikning chorasini topardi. Otasinikiga kelgunicha do'stiga qitmirlik qilib, ko'nglini xushlamoqchi edi. Safarning yuragi siqilganini eshitib o'zining ham ko'ngli xufton pardasiga o'rala boshladi. Tumtayib olmasa-da, gapirgisi kelmadi. Safar unga qarab-qarab qo'yib:
- Mendan xafa bo'ldingmi? - dedi uzrli ohangda.
- Sen xafa bo'lishga arziydigan odammassan, - dedi Omonullo zardali piching bilan.
- Xo'p, hisob, - biru-bir. Arazlagan - o'g'ri, - Safar shunday deb kaftini uzatdi. Omonullo ruhsiz holda shapati urib qo'ydi-da:
- Opam kasal ekanlar, - dedi. - Ertalab kirib o'tamiz.
- Bo'pti, - dedi Safar jonlanib. - Zo'r kabobning o'g'il bolasi mendan.
- Kabob yemasalar kerak. Reanimatsiyada ekanlar.
- O'zlari yemasalar do'xtirlar yeyishadi. Do'xtirlarning tomoQini yog'lab tursang, yaxshiroq qarashadi. O'zingdan ibrat olmaysanmi? Do'xtir nimayu milisa nima? Milisani moylamasang - qamoqqa jo'natadi, do'xtirni moylamasang, undan ham battar - narigi dunyoga jo'natadi. - Aytgan gapi Safarning o'ziga xush yoqib, huzurlanib kuldi. - Gapim yoqmasa ham ko'ngil uchun salgina tirjayib qo'y, hey kayfitang.
Yo'lning qolgan qismi Safarning mazali-mazasiz, yoqimli-yoqimsiz hazillari bilan bosib o'tildi. Gap deb atalmish ziyofatga barvaqtroq borib qolishgan ekan, Safar maqtagan pivoning dodoxo'jasini ichib rohatlanib o'tirishdi. Uy egasi paytdan foydalanib, o'zini qiziqtirgan siyosiy masalalarni oydinlashtirish maqsadida Omonulloni gapga soldi:
- Vremyani ko'rdingmi, Berlin devorlarini yiqitishibdi-ya! - dedi ajablangansimon. - Men bultur boruvdim o'sha yerga. Zo'r do'konlari bor edi. Ular ham ketganmikin?
Omonullo darrov javob bermadi. Pivoni simirib unga qarab oldi. Berlin devorlarining yiqilishidan, yarim asrdan ziyodroq ayri-ayri yashagan xalqning qo'shilishidan dunyo nima tashvishda-yu, nima quvonchda? Buning g'ami esa devorga yaqin yerdagi mayda do'konlarda.
- Devorni nimaga buzishyapti, bilasanmi o'zing?- dedi Omonullo g'ashlangan tarzda.
- g'ish-pishi kerak bo'lib qolgandir yo paxsa devor ekanmi? - dedi Safar qitmirlik bilan.
- Sen jim tur, - dedi uy egasi uni jerkib, keyin Omonulloga qarab yelka qisdi: - shunga hayronman. Tuppa-tuzuk baland devorlar edi.
- Kallani ishlat: o'sha yerda ko'rgan do'konlaring kichiklik qilib qolibdi. Devorni buzib o'rniga katta do'konlar qurishadi. Ikkita eshigi bo'ladi. Bir tomondan g'arbiy berlinliklar kiradi, ikkinchisidan sharqliklar.
- Gapni ham ezvorasan-da, a? Vey, milisa bo'lmasam ham u-buga aqlim yetadi. harbiy Berlinni uzoqdan bo'lsa ham ko'rganman. U yoqda zo'r importniy mollar bo'larkan. Ana endi boradigan bo'ldi Berlinga.
Ulfatlar birin-sirin kelishib, Berlin devori masalasi surildi. Buning o'rniga besh yuz kun deb nom olgan iqtisodiy reja muhokama qilinib, bu reja eski shahardagi go'sht bozori talablariga javob berolmagani uchun inkor etilgach, somsalarni yeb, sho'rvalarni ichishdi-yu:
- Qani, ko'mirxonaga o'tdik,- degan taklif bilan dasturxondan picha uzoqlashib, uy burchagida davra qurishdi.
Ko'mirxona - qimor o'ynaladigan joy. Bir-biriga ahil, bir-biridan jonini ayamaydigan do'stlar besh-o'n tiyin tikishdan boshlab so'mlarga o'tadilar. Ko'mirxonada faoliyat boshlamay turib bir-birlarining hatto necha yuz so'mlik qarzlaridan kechib yuboradigan mard, mehribonlar qimorda o'n-yigirma tiyin ustida so'kishib, yoqa bo'g'ishib ketadilar. Gapga kechikibroq kelgan do'stlariga qalay, yaxshimisan? deb, o'tirgan yerlarida qo'l uzatib qo'ya qoladilar. Bola-chaqa yaxshimi? deb hol-ahvol so'rashga fursatlari ham, farosatlari ham yetmaydi. Omonullo qartaga usta bo'lgani uchun ko'mirxonadan umrbod badarg'a qilingan. Qaysidir yili Omonullo Moskvaga borganida to'rtta bir xil ko'rinishdagi qarta to'plami olib kelib, har bir to'plamdagi tuzlarni aralashtirib tashladi. O'ttiz oltita qartada to'rtta o'rniga o'n oltita tuz mavjudligini ko'mirxonadagilar keyinroq bilib qolishdi. Mana shu hazil bahona bo'lib Omonullo jazolandi - o'yindan tamoman chetlashtirildi. U hatto birovga maslahat berish huquqidan ham mahrum edi.
Omonullo o'yin qizimay turib Safar bilan ertalab uchrashishni kelishib oldi. O'yin sen g'irrom qilib yutyapsan, deydigan darajaga yetganda sekingina turib, chiqib ketdi. 
