Talvasa

Omonullo bir varaq qog'ozni to'rtga bo'ldi-da, biriga Samandar Ochilov, ikkinchisiga Toshbolta, uchinchisiga esa Matluba To'xtayeva, to'rtinchisiga esa kooperativ, deb yozib, so'roq belgisi qo'ydi. So'ng qarta chiylayotgandek aralashtirgach stol ustiga yoyib, bir narsa o'qimoqchi bo'layotgan folbinday tikilib o'tirdi. Keyin Toshbolta zikr etilgan qog'oz parchasini nari surdi. Dam o'tmay Matlubaning ismi yozilgani ham chetga surildi. Shu o'tirishida diqqati oshgandan oshib, to'rtinchi qog'oz parchasiga hisobsiz so'roq belgilari chizib tashladi-da, chuqur uf tortdi. Ana shunday tarzda siqilib o'tirgan chog'ida telefon jiringladi. Go'shakni istamaygina quloqqa tutdi-yu, beixtiyor sapchib turib ketdi. Chetdan qaragan odam u telefon go'shagini emas, adashib, qizib turgan dazmolni qulog'iga tutdi-yu, kuydi, deb o'ylashi ham mumkin edi. Aslida esa Omonulloni sapchib turishga boshliqning xabari majbur etgan edi. Bir necha daqiqada suratchi, kriminalistlar guruhining boshqa yigitlari hovlida to'planishdi-yu, navbatchi mashinada Samandar Ochilovning uyiga yo'l olishdi.
Uyning eshigi lang ochiq, qo'llari kishanlangan Samandar mehmonxonadagi deraza yonida ko'chaga tikilganicha tek turardi. Qadam ovozlarini eshitib burilib qaradi-yu, Omonulloning nigohiga ro'para bo'ldi. Omonullo qoshu-kipriklarigacha malla bo'lgan bu odamga bir zum tikildi-da, so'ng uyda poyloqchilik qilgan hamkasbiga qaradi. Hamkasb yigit bu qarash zamiridagi savolni o'qib qisqa tarzda axborot berdi:
- Xotirjam kelib qulfga kalit soldi. Eshikni ochib, ostonada bir pas qimirlamay turdi.
- Hech narsaga tegmadilaringmi? - deb so'radi Omonullo atrofga bir razm solib.
- Yo'q.
- Qo'llarini bo'shat.
Samandar kishandan bo'shagan bilaklariga ma'yus tikilib qoldi.
- O'tiring, Ochilov, - Omonullo ikkita stulni bir-biriga qarama-qarshi qo'ydi-da, o'zi derazaga orqa qilib o'tirdi. Samandar otasidan tarsaki tushib qolishidan qo'rqqan boladay hadiksirab turdi.
To uyiga yetib kelguniga qadar Samandarning ruhi go'yo behisob chayonlar hukmida bo'ldi. Uyida qandaydir noxushlik kutayotganini yuragi sezib, ezilgan bo'lsa-da, militsiya xodimiga duch kelarman, ostona hatlashim bilan qo'llarimga kishan solinar, deb o'ylamagan edi. Poyloqchi yigitga Ochilov kelishi bilan qimirlatmaysan, deb buyurilgan, u Samandarning kimligidan bexabar bo'lgani sababli uni ashaddiy qotil gumon qilib, qo'lini kishanlab qo'ya qolgan edi. Samandar esa buni uzil-kesil hukm deb tushunib o'zidan ketayozdi.
- O'tiring, - dedi Omonullo bu safar qat'iyroq tarzda.
Samandar stulning suyanchig'ini ushlab astalik bilan o'tirgach, Omonullo o'zini tanitdi-da, so'rog'ini boshladi:
- Moskvada hamisha ko'p qolib ketasizmi?
- Ishga qarab, - dedi Samandar unga tik qaray olmay, - ba'zan ertalab borib, kechqurun kelaman. Bu safar sal tobim qochdi...
- Nima bo'ldi?
- Yoqmaydigan narsa yeganman shekilli... sal zaharlanibman.
- Sizni olim deyishdi... Nima bilan shug'ullanasiz?
- Buni aniq aytishim mumkin emas.
- Umumiy tarzda-chi?
- Umumiy tarzda... zilzilaga oid desam ham bo'ladi.
- Bu ishga chet elliklar ham qiziqsa kerak?
- Bilmadim... balki qiziqar...
- Sizga birov shu ish bo'yicha taklif qilganmi yo...
- Yo'q. Nega so'rayapsiz?
- Dushmaningiz yo'qmi, demoqchiman.
- Dushman... bilmadim... bo'lmasa kerak.
- Nafisa Boltayeva sizning ikkinchi xotiningizmi?
- Ha... - Samandar shunday deb nigohini olib qochdi.
- Hozir u qayerda?
- Bilmayman... uyda bo'lishi kerak edi.
- Oxirgi marta qachon, qayerda ko'rgansiz?
- Esimda yo'q...
- Qiziq... xotiningizni qachon ko'rganingizni ham eslolmasangiz... Bizni bu yerda ko'rib hayron bo'lmadingizmi?
- Hayronman...
- Moskvaga ketishingizdan oldin bir polkovnik hamrohligida kelib uyingizga kirib chiqqansiz, qo'lingiz nima uchun qon edi?
Bu savol Samandarning boshiga og'ir gurzi misol urilib, tovoniga qadar zirillatdi, hushini yo'qotib, aqldan ozgan devonaday baqrayib qoldi. Aftodavash bu odamning ko'zlariga Omonullo jon olg'uvchi Azroil bo'lib ko'rindi. O'shanda polkovnik so'raganida savol o'qidan shisha tilib ketdi, deb qutulgan edi. Hozir tiliga shu javob ham kelmay, soqov holida turaverdi. Omonullo savolni yana qaytargach: esimda yo'q, balki kesib olgandirman, deb g'o'dirandi.
- Chap qo'lingizni kesuvdingizmi yo o'nginimi?
Samandar ajablanib, qo'llariga qaradi: darvoqe, qaysi qo'li qon edi? Savol yana takrorlangach, o'ng qo'lim, dedi.
- Yaxshi, buni hali mutaxassislarimiz aniqlab berishadi. Nima bilan, qanday kesganingizni ham eslab turing. Endi asosiy gapga o'taylik: uyga kirganingizda kim bor edi?
- Bugunmi? - deb so'radi Samandar.
- Yo'q, o'sha kuni.
- Hech... hech kim yo'q edi.
- Xotiningiz, men ikkinchisini nazarda tutyapman, hozir qayerda?
- Bilmasam... uni toqqa olib ketsam, deb keluvdim.
- Shu gapingizga o'zingiz ishonasizmi?
- Meni nima uchun bunday so'roq qilyapsiz? Aybim nima?
- Aybim, dedingizmi? Sizning tilingizda bu ayb deyilsa, bizningcha jinoyat deb yuritiladi, - Omonullo shunday deb portfelidan murdalarning suratini olib ko'rsatdi. Samandar bir qaradi-yu, darrov ko'zlarini olib qochdi. - Qarang, nima uchun qaragingiz kelmayapti? Nima uchun ularni o'ldirdingiz? Rashk qildingizmi yo boshqa sabab bormi?
Samandar bu savollarni eshitgach, ko'zlarini katta-katta ochib Omonulloga qaradi. Omonullo uni kuzatib, bamaylixotir o'tiraverdi, boshqa so'z aytmadi. Mana shu qisqa muddatli sukut Samandarga ajal o'qining azoblaridan ham battar tuyuldi. U o'shanda o'liklardan qo'rqib qochgan edi, bu qochqinligi, bu qo'rqoqligi evaziga qotil degan nishonga erishuvini o'ylab ko'rmagandi. Bo'yniga sirtmoq osongina tusha qolishi yetti uxlab, bir tushiga kirmagan edi. Nima uchun o'ldirdingiz? degan savol uy devorlariga urilib aks-sado beraverdi.
- Nima deyapsiz?... Men.. o'ldirganim yo'q, - deb pichirlashi bilan dardini to'sib turgan to'g'on buzilib, yig'lay boshladi.
Birinchi xotini to'g'ri aytgan ekan, deb o'yladi Omonullo.
- Siz o'ldirmagan bo'lsangiz... kim qilishi mumkin bu ishni?
- Bilmayman...
- Pichoq sopida barmoq izlaringiz bor, - Omonullo buni taxminiga asoslanib aytdi. Pichoq sopi, eshik tutqichi, temir javon, yana ayrim buyumlardagi bir xil iz Ochilovga tegishli, deb gumon qilingan edi. Gumon haqiqatga aylanishi uchun bir necha daqiqadan so'ng Samandarning barmoq izlari olinadi. Unga qadar esa taxminga suyanib ish ko'rish ham mumkin.
- Men o'ldirganim yo'q, ishoning. Men kirganimda ular...
- O'lganmidi?
Samandar bosh irg'aganicha go'dak kabi yig'layverdi.
- Unda nima uchun ko'rmadim dedingiz?
- Qo'rqdim...
- Nimadan... yoki kimdan?
- O'likdan... o'likdan qo'rqaman.
- Qiziq... siz qo'rqsangiz, men qo'rqsam, murdani kimdir ko'mishi kerak-ku? O'likni ko'ra turib qochib qolganingiz aqlga sig'maydigan ish. Deylik, siz qotil emassiz. Lekin kirdingiz, ko'rdingiz, xotiningiz bu ahvolda, yonida esa bir erkak. Tanirmidingiz uni?
- Yo'q, yo'q, tanimayman.
- Xotinim bilan o'lib yotgan bu erkak kim ekan, deb qiziqib qaradingizmi o'zi?
- Yo'q... ochig'ini aytsam... qaradimu yuzini ko'rmadim. U... yuztuban yotgan ekan.
- Nima? Yuztuban? Adashmayapsizmi?
Samandar bir oz o'ylanib, so'ng aytganini takrorladi. Omonullo esa ajablanib chalqancha yotgan murdaning suratiga qarab oldi. Agar bu o'ldirmagan bo'lsa, demak, qotil uyda edimi, u chiqib ketganidan keyin murdani o'girib qo'ydimi? Omonullo bu masalada turli gumonlarga bordi. Biroq, bu ishni Toshbolta ham qilgan bo'lishi mumkin degan fikr unga xiyonat qil-di - gumonni oydinlashtirmadi.
- Demak, siz kirganda bular o'lib yotishgan ekan. Eslangchi, pichoqdagi qon iliqmidi yo qotib qolganmidi?
- Iliq edi... seskanib ketdim, qo'rqdim.
- Barmoqlaridagi uzuklarni, quloqlaridagi ziraklarni nega olib qo'ydingiz?
- Nima deyapsiz? O'likdan yechib olamanmi?!
- Balki yechib olib seyfga qo'ygandirsiz?
- Siz... tuhmat qilyapsiz, meni kechiring...
- Unda seyfni nima uchun ochdingiz?
- Moskvaga olib boradigan hisob-kitob hujjatlarim bor edi. Shuni deb atay keluvdim. Bo'lmasa to'g'ri uchaverar edim.
- Seyfning kaliti xotiningizda ham bormidi?
- Yo'q. U yerda faqat mening qog'ozlarim turadi.
- Oching.
Sarosima to'ridagi Samandar cho'ntaklarini paypaslab kalitni qidirdi. So'ng diplomatini ochib yo'g'on kalitni olgach temir javonni ochdi-da, o'zi ikki qadam chekindi. Omonullo temir javon ichida titilgan qog'ozlarga diqqat bilan razm solib ayrim sahifalardagi qonli dog'ni ko'rdi. Javonda pul ham, qimmatbaho buyum ham yo'q edi.
- Qarangchi, hech nimangiz yo'qolmaganmi?
Samandar narsalarni ko'zdan kechirib hammasi joyida degach, Omonullo ekspertlarni chaqirib qon tekkan qog'ozlarni ajratib olib, ularga bermoqchi bo'ldi. Samandar bunga e'tiroz bildirgach, qog'ozning dog' qismini qaychida ehtiyotlik bilan qirqib olishdi. Shundan so'ng Omonullo Samandarni dahlizga boshlab chiqdi.
- Endi shoshilmay, bir boshdan aytib, ko'rsatasiz. Aytadigan har bir so'zingiz yo foyda beradi yoki aksincha, o'zingizga zarar keltiradi. Olim odam ekansiz, mayli, suhbatimiz boshidagi dovdiraganingizni kechiray, ammo bundan buyog'iga esingizni yig'ib oling. Sizni qotil degim kelmayotgan bo'lsa ham dalillar baribir sizga qarshi turibdi. Demak, siz zinadan ko'tarilib chiqdingiz. Yo'lda kimni ko'rdingiz? Ro'parangizdan notanish odam o'tmadimi?
- Yo'q... to'xtang... ha, qo'shni xotinni ko'rdim shekilli?
- Eshigingiz qulf edimi, uni kalit bilan ochdingizmi?
- Qulf... - Samandar shunday deb, xuddi qo'lida kalit turganday kaftiga qarab oldi. - Ochiq edi shekilli... Ha, aniq... ochiq edi. Eshikdan kirishim bilan dimog'imga gaz hidi urildi. Nafisaxonning g'alati odatlari bor edi. Ikkita-uchta chovgumni eritib, o'zlarini Xudo bir asragan. Qishloqda gazga o'rganmaganlarda, chovgumni olovga qo'yib esdan chiqarib ketaverganlar. Yana shunaqa bo'ptimikin, deb o'ylabman. Xayolim gazda bo'lib, xavotirda oyog'im ostiga qaramabman. Oshxonaga o'taman, deb bu... o'likka qoqildim...
- Yiqildingizmi?
- Yo'-o'q... yiqilmadimu... lekin Nafisaxonga ko'zim tushdi.
Samandar Omonulloning buyrug'iga itoat etib, murdalarning qay holatda yotganini ko'rsatib berayotganida suratchi chaqqonlik bilan suratga olib turdi.
- Xo'p, xotiningizni siz o'ldirmabsiz, lekin pichoq sopini nega ushladingiz?
- Sug'urib olmoqchi bo'lgandirman... Ha... lekin ushladimu tortib olishga qo'rqdim. Keyin... gaz na-fasimni bo'g'ib qo'ydi. Derazani ochib, gazni berkitdim.
Omonullo ochiq derazaga qaradi. Dastlab bu oshxonaga kirganida ham deraza tabaqalarining ochiqligiga e'tibor bergan edi, ammo murdalarning hididan behalovat bo'lgan hamkasblar xonani shamollatish uchun ochgandirlar, deb o'ylagandi. Omonullo gaz plitasiga ham diqqat bilan qarab uchchala buragichning ochiq turganini ko'rdi. Samandar Omonulloning nazarini uqib, tezlik bilan izoh berdi:
- Men yuqoridan burab berkitdim. O'zimning odatim shu: uydan chiqadigan bo'lsam albatta yuqorisini burab o'chiraman, shunisi ishonchliroq bo'ladi. Nafisaxonga gapiraverib hech o'rgatolmadim...
Chindan ham plita ulangan quvur belidagi buragich gaz yo'lini to'sgan edi. Bu Omonullo uchun katta jumboq bo'ldi: Nafisa Boltayeva ochsa bitta buragich buralardi. Bunda esa uchchalasi ochiq... Demak... to'rtinchi odammi? Bu olim piqillab yig'layotgani bilan o'z ishiga puxta bo'lsa-chi? Aybsizligini isbotlovchi dalillarni pishitib qo'ygandir balki?..
Shu jumboq to'riga o'ralayotgan damda Mels Xo'jayev kirib keldi. Omonullo uni Samandarga tanishtirdi. Samandar beixtiyor tarzda tanishganimdan xursandman, deb lutf qilib, qo'l uzatdi. Faqat Mels Xo'jayev emas, hatto Omonullo ham bunday tanishuvga endi duch kelishi edi. Jinoyatga aloqadorlikka gumon qilina-yotgan odamning prokuror bilan tanishgandan xursand-ligi bu soha odamlari uchun g'alati tuyuluvchi hol edi. Yolg'on manziratdan uzoq bo'lgan Samandar tanishganidan xursandligini chin dildan aytgan edi. Zero, u prokuratura vakili bilan jinoyatga oid qidiruv inspektorining vazifalarini aniq farqlay olmasdi. U olamga tatigulik olim martabasiga yetgani bilan huquq sohasida deyarli hech narsa bilmasdi. Hozir maxsus vakil emas, prokuratura bog'boni yoki farroshi kelib siquvga olsa ham menga savol berishga haqqingiz bormi? deb o'tirmay javob qaytaraverishi mumkin edi.
Samandarni oshxonada qoldirib, Omonullo Mels Xo'jayevni mehmonxonaga boshlab o'tdi-da, savol-javobning bayoni bilan tanishtirdi.
- Qo'rqoqligi ayon, lekin qo'rqoqning ham nayrangi bo'ladi. Bu uyga begona odamning yashirincha kirishi mumkinmi? Harbiy sir hisoblangan ish bilan mash-g'ul odamni narigi idora nega qo'riqlamas ekan? Bir surishtirib ko'rolmaysizmi?
- So'rab-surishtirdim, - dedi Mels Xo'jayev mag'rur ohangda. - Faqat uning o'zini poylasharkan.
- Tushunmadim?
- Agar uyda bo'lsa, uy atrofida bo'lisharkan. Uyda yo'qligida kuzatishmas ekan. Tog'da bo'lgani uchun o'sha kunlari qarashmabdi.
- Nima qildik? Hibsga olsak, jinoiy ish ochsak...
- Hozircha boshqarmadagi vaqtincha hibsxonaga tashlang. Boshqa idora aralashsa, o'zlari bilishadi. Bosh-qacha ehtiyot chorasini qo'llash mumkin emas.
Samandarning gaplarini eshita turib shahardan chiqmaslik haqida tilxat olib, uyida qoldiraveraylik degan fikr kelgan, ammo bu fikr zaif tuyulib, qaror darajasiga yetmagan edi. Mels Xo'jayevning gapidan so'ng, ma'qul deb bosh irg'adi.
Mels Xo'jayev prokuraturada kutishayotganini aytib, iziga qaytgach, Omonullo deraza yoniga borib ko'chaga qaradi. Uning o'yga tolganini ko'rib, Samandar mening ishim bitdi shekilli, bu jinoyatga aloqam yo'qligiga ishondi, degan xulosaga kelib:
- Endi ketaveraymi? - deb so'radi.
Bu savoldan Omonullo ajablandi. Esi joyidami bu odamning? deb o'ylab unga tikilib qoldi.
- Qayoqqa ketmoqchisiz?
- Toqqa... u yerda kutishyapti.
- Kutishyapti?.. Kuta turishadi.
- Bu nima deganingiz? - ko'ngli yomonlikni sezgan Samandarning ovozi titradi.
- Siz... masala oydinlashgunicha bizning... - Omonullo hibsxonada o'tira turasiz, demoqchi bo'ldi-yu, fikridan qaytib yumshoqroq ohangga ko'chdi: - mehmonimizsiz...
- Qamaysizmi?
- Bizning vazifamiz qamash emas, jinoyatchini tutish. Sud degan idora bor, qamashadimi yo otishadimi, o'shalar hukm chiqarishadi.
- Haqqingiz yo'q... men jinoyatchi emasman. Keyin afsuslanasiz!
- To'g'ri aytdingiz. Keyinroq afsuslanmaslik uchun biz bilan birga bo'lib turasiz. Aybingiz bo'lmasa sizni hech kim ushlab tura olmaydi. Gunohsiz ekaninigizni isbotlash uchun esa vaqt kerak.
Bu gaplarni eshitib, Samandarning lablari titradi, ko'zlari pirpiradi-yu, yig'lamadi, o'zini tutdi - taqdiriga tan berdi.
Olti kishiga mo'ljallangan vaqtinchalik hibsxonadagi derazaga yaqin karavotda bir yigit chordana qurganicha ovqatlanib o'tirardi. Yozug'lik dasturxon ustidagi oshu kabob, somsayu olma-anor, pomidoru bodringga qaraganda uning maishati chakki emasdi. Dasturxonni kim kiritgan bo'lsa ham yigitning hamxonalari nafsini nazarda tutgan ko'rinadi. Yigit Samandarni ko'rib, o'rnidan turib so'rashdi-da, dasturxonga taklif qildi. Samandar bu xonaga bir zumgagina kirgan odamday karavot chetiga omonatgina o'tirdi. Yigit sermanzirat ekan, oling, oling deb undayvergach, Samandar noiloj kabob go'shtidan olib og'ziga soldi. Qorin och bo'lsa-da, luqmaning tomog'idan o'tishi qiyin bo'ldi. Shunda yigit yostiq ostidan shisha chiqardi-da:
- Qittak-qittakka tobingiz bormi?- deb so'radi.
Moskvadagi harbiylar shifoxonasida Samandarga ichish qat'iyan mumkin emasligini aytishgan edi. Ular ogohlantirishmasa ham aroqni o'ylasa ko'ngli ayniydigan bo'lib qolgandi. Hozir esa yigitning taklifidan so'ng ichgisi keldi. Shisha ichida jilva qilayotgan suyuqlik uni darddan qutqaruvchi xaloskor bo'lib ko'rindi-da, quying, dedi. Yigit piyolani to'ldirib uzatdi. Samandar ikki qultumdan ortiq icha olmay, qalqib ketdi. Piyolani dasturxon chekkasiga qo'yib yigitga uzrli nigohi bilan qaradi. Yigit uni hijolatdan qutqarish uchun yana taomga taklif qildi.
- Olim odamga o'xshaysiz, aka, siqilavermang. Boshga tushganni ko'z ko'radi, - dedi kulimsirab.
Samandar bu gapdan ajablanib, yigitga qarab qoldi.
- Ha, akaxon, menga tikilib qoldingiz? Qaysi baloga uchrabdi, deyapsizmi? - yigit Samandarning fikrini o'qiganday kuldi. - Yosh yigit tuhmatga uchragandir, deyapsizmi? Yo'q, tuhmat bo'lmadi. O'zim ahmoqman. Garovda yutaman, deb qo'lga tushib qoldim. Kechgacha chiqib ketaman. Nari borsa ertaga ertalab qo'yib yuborishadi. Suyanadigan tog'imiz ja-a mustahkam, ha!
Samandar garov bog'lab qamoqqa tushish mumkinligini sira eshitmagani uchun ajablandi. Yigit esa kulganicha izoh berdi:
- Mening gulday hunarim bor, aka, hech qachon xor bo'lmayman. Men mashina o'g'risiman. Lekin siz mendan qo'rqmang. Aslida men o'g'rimasman. Men qulfni ochib beraman, boshqalar o'g'irlaydi. Qulfning ming xili bo'lsa mingtasini, million xili bo'lsa milliontasini ochib tashlayman. O'tgan kuni qittak-qittakning ustida og'aynim bilan bahslashib qoldik. Oling, akaxon, sovumasin, ichib qo'ying, dardingiz yengillashadi. Xafa bo'lavermang. Bu yerning nomi xunuk, o'zi yomon joy emas, bir-ikki kun dam olsa bo'ladi. Shunday qilib o'sha og'aynim bilan garov o'ynadim. Garovga yangi, moyi qurimagan Gaz-31 tikildi. Shunaqa mashinadan kechadigan ahmoqmasman-ku, to'g'rimi? Bir uyga bexitgina kirib, seyfni ochib, kalitni olib, mashinani ochib berishim kerak ekan. Ha, mashinaga ham, garajiga ham chet eldan olib kelgan allambalo qulf o'rnatilgan ekan. Shu ham menga ish bo'libdimi? Lekin og'aynim nomardlik qildi. Qorong'ida qaramagan edim, orqada ment yashirinib yotgan ekan. G'ip tomog'imdan olib, shu yerga tashladi. Xuddi kinodagiga o'xshaydi, to'g'rimi? Menga-ku baribir, o'sha og'aynimga qiyin bo'ldi-da. Oling, okaxon, oxirigacha ichib qo'ying, dunyoning tagiga yetasiz. Bir pasdan so'ng yana dasturxon kiradi, qarab turasiz. Oshna-og'aynilar omon bo'lishsin, meni xorlatib qo'yishmaydi.
Bu gapni Samandar sizda ham oshna-og'ayni bormi? degan savol ma'nosida tushundi. Ilgari xayoliga shunday savol kelmagan ekan. Boshimga tashvish tushsa dalda beruvchi do'stim bormi? deb fikr qilgan Samandar hozir o'zini sahro o'rtasidagi yakka daraxt kabi his etdi. Endi bu daraxt suvsab, oftob nurida qovjiraydimi? Bu yigit bir necha soatdan so'ng chiqib ketishini bilyapti. Samandar esa hibsxonada necha kun yoki necha yil bo'lishidan bexabar. Bu yer bir necha kunlik qamoqxona ekanini, ayb sirtmog'i bo'yniga astoydil solinadigan bo'lsa boshqa joyda alamlar tuzini totmog'ini ham bilmaydi. Uni hozir iztirobga tashlayotgan narsa - o'n yil yotsa ham, hatto qotil deb otib tashlansa ham birov bilmay qolishi mumkin. Bilganda ham afsuslanmasligi, kuymasligi aniq. Opa-singillarining kelishi ham mahol. Ular o'z oilalari, o'z tashvishlari bilan band. Bu shaharga hali biron marta ham kelmagan to'ng'ich opasining turmush tashvishlaridan ortib, qamoqdagi ukasini yo'qlashini tasavvur qilish qiyin. Qishloqqa ikki yildan beri bormayotgani inobatga olinsa, mehr-oqibat iplarining zaiflashib, balki chirib, uzilishga moyil bo'lib qolgani tabiiydir. Amakivachchalariyu xolavachchalari bilan qachondan beri bordi-keldi qilmasligimni hatto eslay olmaydi.
Sermanzirat yigitning gaplaridan keyin xayolini o'zidan uzoqlashgan do'stlari, qarindoshlari to'la egallamadi. O'zini yo'qlovchi mehribon yo'qligidan bir oz o'ksindi-yu, so'ng bo'lajak taqdirini o'yladi. Yigitning manziratlari ham, ezmaligi ham yoqmay qoldi. Uzr aytdi-da, eshikka yaqin karavotga o'tib, cho'zildi. Yigit ham nafsini qondirib bo'lgach, taomlarni dasturxonga o'rab qo'ydi-da, bo'sh karavotga o'tib yotdi. Yotgan joyida kerishib, rohatlandi. Dam o'tmay yengil xurrak ota boshladi.
Samandar esa shu topda o'z siriga mahram bo'la olguvchi odamga hojat sezdi. Ahbobga muhtojlikning qamoq azoblaridan ham battarroq ekanini fahmladi. Odamning fojiasi o'lim emas, vohidlik ekanini anglab yetmoq mushkul. Odam bolasi istaydimi-yo'qmi, qochmaydimi yo qochadimi farqsiz - o'lim sharobini ichadi. Vohidlik esa o'zining ixtiyori bilan yuzaga keluvchi ofatdir. Hozir Samandar bu ofatning tariqday mevasini totdi. Bir necha soatdan so'ng tamaki hidiga to'lib ketgan bu dim xonani tark etib uchoqqa o'tirganida, Moskva sari uchganida esa bu azoblarni, bu fojialarni yana unuta boshlaydi.
Hozir esa hamqishloq do'sti Tursunali bilan shaharda uchrashib qolgan onlarini la'natlay boshladi. Moskvalik mehmonlar bilan restoranda o'tirganida maishat qilish maqsadida kirgan oshnasi bilan uchrashgan edi. Keyin sovxoziga taklif qildi. Bog'da maishat qilishdi. Choy ko'tarib kirayotgan Nafisaga suqlanib qaradi. Bu qarashning ma'nosini uqqan Tursunali shu tunning o'zidayoq kayfi oshgan do'stining nafsini qondirish choralarini qildi. Chora amal berdi-yu, o'sha tun bahonasida Samandar xotinlik bo'lib oldi. Endi esa... o'sha tunni ham la'natladi...
Umrining turli nuqtalariga la'nat toshlari otib o'tirganida eshik ochilib soqchi kirib keldi-da, yigitni turtib uyg'otgach:
- Qo'lingni orqaga qil! - deb buyurdi.
- Nega endi okaxon? - dedi yigit uyqusiragan holda.
Soqchi unga javob bermay qo'lini qayirib kishanladi-da:
- Endi uka, shahar turmasiga ko'chadigan bo'lding. Prokuror senga ish ochganga o'xshaydi, - deb afsusini bildirib qo'ydi.
- Menga ish ochadimi, menga ish ochadigan prokuror hali onasining qornida yotibdi!
- Bo'ldi, baqirma, yur, - soqchi shunday deb uni yelkasiga turtib, olib chiqib ketdi.
Ozod bo'lishga ishonchi komil bo'lgan yigitning ahvoli shu bo'lganidan keyin Samandarning ahvoliga maymunlar yig'lamasmikin? Samandar shu fikrda ezilib yotganida yana eshik ochildi, ammo soqchi emas notanish bir yigit kirib salom berdi-da:
- O'rtoq Ochilov, yuring, anglashilmovchilik bo'libdi, - dedi.
Shu anglashilmovchilik tufayli, Samandar kutganidek uning holiga maymunlar yig'lamaydigan bo'lishdi.
Samandar hibsxonada ezilib o'tirganida Omonullo Nafisa bilan Sanjar ishlagan kooperativga yana bordi. Bu korxona moliyaviy ahvolining tekshiriluvi Omonulloga zarar yetkazdi: xodimlar u bilan yanada cho'chibroq gaplashishdi. Oqibatda Nafisa bilan Sanjar munosabatlarini oydinlashtira olmadi. Nima uchun uyga borganlari u uchun mavhum bo'lib qolave-radi.
Ertalabdan beri quyosh bilan berkinmachoq o'ynayotgan o'rkach-o'rkach bulutlar osmonu zaminga hukmronlik o'tkazish qasdida birlashmoqqa kirishgan edilar. Oftob nuridan bebahra yer yuzi momaqaldiroqlarni kutib dim bo'lib oldi. Azaldan dim havoga toqatsiz Omonulloni ter bosdi, nafas olishi esa og'irlashdi. Qo'nalg'adagi joyidan jilayotgan avtobusni ko'rib hushtak chalgan edi, haydovchi insof qilib to'xtadi. Omonullo oldingi qatordagi bo'sh o'rindiqqa o'tirishdan oldin oynani yon tomonga surib, ochdi. Shabada iliq bo'lsa ham ko'kragiga rohat berdi. Bo'yniga oq chit ro'mol tashlab olgan haydovchi radio ovozini balandlatib, ashulaga mast bo'ldi. To'ylarni gullatayotgan bu qo'shiq Omonulloga ham ma'qul kelib, xufton dili jindek yorishdi. Ashuladan so'ng bir shoir bosiq, dardli ovozda she'r o'qiy boshladi:
- Qaytayapman, o'zimni ko'mib...
She'rning birinchi satriyoq Omonulloning diqqatini o'ziga jalb qildi:
Tog'lar - g'arib, bog'lar - tashlandiq.
Men ko'milgan tuproq it bo'lib
Yuzlarimni yalay boshladi.
Bu satrlarni eshitib Omonulloning eti seskandi. Haydovchi radio ovozini pastlagan edi, Og'ayni, eshitaylik! deb iltimos qildi.

Ey so'qir zot, ko'zlaringni och!
Ko'zlarimda qonim qaynaydi.
Qaro kiygan qaro qayrag'och
Bu kun mendan tona olmaydi.
... Siynalari pajmurda, zahil
Daraxtlarga termular ayol...

Tiriklik holida ko'rinmagan Nafisa nechundir Omonulloning nigohi oldida gavdalandi: o'lik ayol emas, ko'zlari ochiq juvon ko'rindi. Dardli nigohi, savolli nazari bilan qaradi: Nafisaning ko'zlari Meni kim o'ldirdi? Nima uchun o'ldirdi? deb so'rar, radioda esa shoir bo'g'ilib she'r o'qirdi;
Odam - hissiz buyuk haqiqat,
Odam - go'rda tirilgan armon...
Odam - qatra zardobrang hasrat...
Odam - beun, besukun xayol...
Odam - boshi kesilgan bulut...
Odam - og'ir oyoqli Ayol...
Odam - armon va...
Odam - umid...
Omonulloning ko'z oldida o'sha savolli nigoh: nima uchun meni o'ldirdilar? Gunohim nima edi? Omonullo buni bilsa edi, aytardi. Holbuki bilmaydi, alhol uning asosiy vazifasi buni bilish ham emas. U eng avvalo kim o'ldirdi? degan savolga javob topishi zarur. Gunohim nima edi? degan savoliga esa Nafisa qiyomatda javob oladi... Hozir esa Omonulloning xayolini shoirning dardli ovozi band etgan:

... Xayr endi, mening xazonim,
Tanho go'rga sig'dik ikkimiz.
Yig'layotir, kuylayotir jim,
Joni kuzda chiqqan jismimiz.
Xayr endi, mening yaprog'im,
Bir dunyoga sig'dik hammamiz.
Yosh to'kmasin biz uchun hech kim -
Biz qaytamiz,
Bir kun qaytamiz.
Xayr endi

She'rdan so'ng dardli kuy berilib, Omonulloning ko'ngliga xazinlik ega chiqdi. Shu xazinlik hukmida ishxonasiga qaytdi. Navbatchi yigit uni kutilmagan noxush xabar bilan qarshi oldi: kimdir qora Volgada kelib, Samandarni olib ketibdi. Xo'jayin Omonulloni kutayotganmish...
Boshliq huzuriga kirmasidanoq Omonullo Samandar Ochilovni kim olib ketganini taxmin qildi. Shunday bo'lishini kutgan edi, ammo kutgani bu qadar tez amalga oshuvi uning aqlini shoshirdi. Boshliq Omonulloga hayratomuz yangilik aytmadi - uning gumonini tasdiqladi xalos. Ishga tikib qo'y, deb bir varaq qog'oz uzatdi. Samandarning shahardan chetga chiqmay turishi haqidagi tilxatiga Omonullo e'tiborsiz qarab qo'yib chiqib ketmoqchi edi. Boshliq to'xtatib, so'radi;
- Boshqalardan gumoning yo'qmi?
Omonullo darrov javob qaytarmadi. Kooperativ boshlig'i bilan Matluba To'xtayevaga oid ojiz gumonlarini aytgisi kelmadi. Shu bois bir oz o'ylanib turib:
- Dalillar yetarli emas, - deb qo'ydi.
- Ochilov ekanini isbot qilib bera olarmiding?
Begona uy ostonasiga qadam qo'yayotgan odam ichkaridagi jihozlarni ta'rifu tavsif qilishdan ojiz bo'lganidek, Omonullo bu savolga javob berishga qodir emasdi. Boshliq uning ahvolini sezib, javob talab qilmadi, aksincha dalda berdi:
- Bo'pti, ishingni davom ettiraver. Biror gap chiqsa, huzurimga kirarsan. Sen xafa bo'laverma. Uni bir marta so'roq qilishga ulguribsan, shu ham katta gap! Agar dalillar Ochilovga qadalib qolaversa... sen zo'riqma... biz ilojsizmiz. Boraver...
Bir necha kun avval Samandarning ishxonasidagi suhbatda qonun oldida hamma teng, deb katta ketgan Omonulloning quloqlari ostida tepakalning hayotda esa, azizim, butunlay boshqa. Shuni hali ham tushunib yetmadingizmi? degan gaplari jarangladi. Omonullo o'zini og'zidagi luqmasini oldirib qo'ygan anqov holida deb hisoblamadi - o'ksinmadi.
Omonulloning ish uslubi hamkasblaridan ozgina farq qilardi: u biron jinoyatga aloqador deb ikki kishidan gumon qilsa, uchinchi, noma'lum odam uchun ham joy qoldirardi. Mazkur uslub foyda bergan damlar ham bo'lgan: gumondagilar ozod qilinib, mo'ljalda yo'q noma'lum odamning iziga tushilgan. Agar Samandarning gaz masalasidagi gaplari nayrang mahsuli bo'lmasa, Omonullo kalavaning bir uchini topdi, deyish mumkin. Kimdir chindan ham gazni ochib qo'ygan bo'lsa, demak, o'sha kimdirni qidirish kerak. Samandar Ochilovga da'vo yo'q - o'likni ko'rib qochgan odam jinoyatchi hisoblanmaydi. Xotinining o'ligini ko'mmasa ham, dafn etilgan yerini ziyorat qilmasa ham jamiyat ayblamaydi. Bularning ajri ham qiyomatda beriladi.
Omonullo xonasiga qaytib joyiga o'tirdi-da, stol g'aladonidan ismlar yozilgan qog'oz parchalarini olib, yana folbin kabi yoydi. Keyin to'rtinchi qog'ozdagi so'roq belgilari yoniga undov belgilari qo'ygach, Samandar Ochilov deb yozilgan varaqni chizib-chizib tashladi-da, jahl bilan g'ijimlab, yelimto'rsavatga uloqtirdi. Ko'zlarini yumib, behol odam kabi harakatsiz o'tirdi. Keyin o'rnidan turib g'ijim qog'ozni olgach kaftlari bilan silab, tekislab joyiga qo'ydi.
Derazaga o'rnatilgan sovutgichdan iliq havo ufurilayotganday nafasi bo'g'ilib, tashqariga chiqdi. Hovlida harakatsiz turishidan bir ma'no ko'rmagach, ko'chaga yo'naldi. Bozorga borib qog'oz xaltani to'ldirdi-da, shifoxonaga qarab yo'l oldi. Opasining ahvoli yaxshilangani uchun umumxonaga o'tkazilgan ekan, kirib uni ziyorat qildiyu so'ng otasini, shu bahonada qaynona-qaynotasini ham yo'qlashni maqsad qildi.
Hovliga suv sepib salqinlatgan Bobomurod Omonullo kirib kelganida bo'y cho'zib qolgan rayhonlarning gullarini chimdib uzayotgan edi. Tutingan o'g'lini ko'rib chehrasi ochildi. Bu dunyoda bir tutingan singlisiyu bir tutingan o'g'liga suyanib yashayotgan Bobomurodning quvonishi uchun ko'p narsa zarur emas: singlisining ochiq yuz bilan gaplashib o'tirishi yoki Omonulloning eshikdan kirib kelishi uning uchun baxtli daqiqalar hisoblanardi.
Omonullo ichkari kirishga unamay ikki qulochli uzun taxtadan yasalgan o'rindiqqa o'tirdi. Bobomurod ichkari kirib likopchada gilos ko'tarib qaytdi-da, Omonulloning yoniga o'tirib, likopchani o'rtaga qo'y-di, Omonullo otasining ko'ngli uchun gilosdan totib ko'rdi.
- Opangni Xudo bir qaytib berdi, hozir tuzuk. Dardini ichiga yutaverib, yutaverib yuragini abjaq qilib tashlagan.
- Kirib ko'rdim, ruhlari tetik.
- Balki shu bahona bo'lib anavi kasallaridan ham qutulib ketar, a?
- Kim biladi?..
Omonullo shunday deyishga dedi-yu, tilini tishladi. Otasi umid bilan so'ragan edi, Ha, tuzalib ketadi, desa bu umid quvvat olardi. U esa mujmal javobi bilan o'sha umidni ham bo'g'a qoldi.
- Shunaqa hodisalar bo'lgan, eshitganman, - dedi-yu, ammo fursat o'tgan, umid chinnisi allaqachon yerga tushib, darz ketgan edi. Keyingi gap darzni chegalagani bilan izni yo'qotmasdi.
- O'zing qalaysan? Ishingning mazasi yo'q shekilli, a?
- Ishlab yuribman...
- Menga qara-chi? - Bobomurod shunday deb uning ko'zlariga tikildi.
Yo'q, Omonullo bu o'tkir nigohga dosh berolmaydi. Dastlab uchrashganida ham qaray olmagan.
O'shanda ovozi rasta bo'layotgan yoshda edi. Qo'shni sinfdagi qizga ko'ngil qo'ydi. Yursa ham, tursa ham faqat o'sha qizni o'ylardi. Hatto ota-ona sog'inchini ham unutgan edi. Qizlar bayrami yaqinlashib, uni sov-g'a masalasi qiynab qo'ydi. Uning nazarida bayram sovg'asi barcha muammolarni hal qilib berishi lozim edi. Yechilajak muammolardan biri - qizdan hech bo'lmaganda bittagina o'pich olishga erishmoqlik edi. Aynan shu birinchi o'pich umid daryosini to'sib turgan to'g'onni buzar, visolning nurli cho'qqisini in'om etar edi. Ammo... ota-onasidan ajrab yetimxonaga tushgan o'smirda pul nima qilsin? O'ylay-o'ylay chorasini topdi: umrida bir marta, ha, faqat bir martagina o'g'irlik qilish ahdi bilan avtobusga chiqdi. Qaysi cho'ntakda pul borligini aniqlash san'atidan mahrum bu bolaning o'sha kuniyoq qo'lga tushib, qamalib ketishi hech gap emas edi.
O'sha kuni, o'sha daqiqada, xuddi o'sha avtobusda Bobomurod ham bor edi. Uning ziyrak nigohi qo'nalg'ada javdirab turgan Omonulloga tushganidayoq, bolaning shum niyatini payqadi. Shu sababli odamlar orasidan o'tib, orqa eshikka yaqinlashdi-da bolaning yoniga turib oldi. Omonullo titroq qo'llari bilan duch kelgan cho'ntakka tushmoqchi bo'lganida bilagidan mahkam ushladi-da, avtobus to'xtagunicha qo'yib yubormadi. Avtobus to'xtagach, qani, yur, dedi-da, bolani qariyb sudrab tushdi. Qo'rqib ketgan Omonullo qarshilik bildirolmadi. U milisa ushlab oldi, tamom, endi qamaydi, deb o'ylagan, o'g'rining qo'liga tushgani xayoliga ham kelmagan edi.
Bobomurod uni bog' tomon boshlab borib, o'zi o'rindiqqa o'tirdi-da, bolaning ko'ziga tikildi:
- Qani, menga qara-chi, faqat to'g'risini ayt, nimaga o'g'irlik qilmoqchiyding?
Omonullo piqillab yig'lay boshladi.
- O'chir! Mishig'ingni art! - deb do'q urdi Bobomurod. - Soqol-mo'yloving chiqib qolibdi-ku, erkakmisan o'zing?! Nimaga yig'lyapsan?
- Qo'limni qo'yib yuboring...
Qo'yib yuborish o'rniga Bobomurod uning bilagini yanada qattiqroq qisdi:
- Ayt, deyapman: nimaga birovning cho'ntagiga tushmoqchi bo'lding?
- Tushmoqchimasiydim.
- Sen o'g'il bola bo'lsang - mard bo'l, to'g'ri gapdan qochma. To'g'risini aytsang, qo'yib yuboraman, aldamoqchi bo'lsang - o'zingga qiyin. Shu qo'lingni avval kuydirib, keyin terisini shilib olaman. Kissavurning jazosi shu bo'ladi. Aslida-ku, kesish kerak, mayli, yosh ekansan, ayayman, kuydirib qo'yaqolaman.
Bobomurod xuddi shu ishga jazm qilganday ishonarli ohangda aytib, bolaning esxonasini chiqarib yubordi.
Omonullo bu odamdan osonlikcha qutula olmasligini anglab, yig'lamsiragan holda:
- Oyim og'ir kasallar, doriga pul yo'q... - dedi.
U ham o'z xayolida bu gapni ishonarli ohangda aytgan bo'ldi. Titroq ovozi ishontirishga undasa-da, ko'zlari alday olmadi.
- Qani, menga qarachi, - dedi Bobomurod, bolaning dahanini ushlab. - Yana yolg'on gapiryapsanmi? Mening ko'zlarimga bir qaragin: bular ko'z emas, rent-gen. To'g'risini aytsang, kerakli pulni o'zim beraman. O'g'il bola gap - shu!
Omonullo yana bir marta aldagach, Bobomurod uning yuziga tarsaki tortib yubordi.
- Sen o'g'ri emassan, sen qo'rqoqsan, sen hezalaksan! O'g'irlik ham qo'lingdan kelmaydi!
Bu gaplar Omonulloning qo'rquvdan yarador qush kabi potrayotgan yuragiga dalda bo'ldi-da, to'g'risini ayta qoldi. Ammo shunda ham qo'li bo'shamadi.
- Endi qo'yvoring, - dedi yalinib.
- Hali bizning savdomiz pishmadi, bola-paqir. Senga va'da berdimmi, demak, bajaraman. Qo'linga-ku, pul bermayman. Magazinga boramizu ko'nglingga yoqqan narsani ko'rsatasan, narxiga qaramaysan, million so'm bo'lsa ham olib beraman, o'g'il bola gap bitta bo'ladi! Ungacha bitta-ikkita narsani so'rayman, javob berasan: nima uchun otangga yo onangga aytmading, yo uyaldingmi, a?
Ota-onasiga doir har qanday savol Omonullo uchun g'oyat og'ir yuk edi. Yetti yoshida yetim qolganini aytish chog'ida go'yo uning yuragi to'xtab qolganday bo'laverardi. Otasi bilan onasi ishdan qaytayotganda tushgan avtobus muzlagan yo'lda tiyg'anib, chuqur jarlik tubida oquvchi anhorga qulagan, ularning murdalari ertasiga chiqarib olingan, er-xotinning jasadi uyda bir kecha mehmon bo'lib, tongda yerga qo'yilgan edi. Beli bog'langan yetti yoshli Omonullo ikki tobut oldida bo'zlab borgandi.
Hozir notanish odamga shularni aytib berishi kerakmi? Og'ir bo'lsa ham aytgisi keldi. Rahmi kelib qo'yib yuborar degan niyatda uzuq-yuluq so'zlar bilan holini bayon qildi. Amakisinikida yarim yil yashab, so'ng bolalar uyiga berilganini ham yashirmadi. Bu safar Omonullo adashmadi: chindan ham Bobomurodning unga rahmi keldi. Chap qo'li bilan boshini siladi-da, yoniga o'tirg'izdi.
- Sen faqat qochib ketma, bola-paqir, - dedi horg'in ovozda, - men milisa emasman. Teringni ham shilmayman. Shunchaki seni qo'rqitish uchun aytgandim. Agar rost gapirayotgan bo'lsang, hayoting menikiga o'xshab ketarkan. Men ham senga o'xshab g'irt yetimman. Sen bir pas qimirlamay o'tir. - Bobomurod shunday deb sigaret tutatdi.
Dastlab bola o'zi istab shu ko'chaga kiryapti, shogirdlikka bop ekan, deb o'yladi. Sigareta chekib bo'lgach, do'konga borib, sovg'ani olib berdi, so'ng Omonulloni bolalar uyiga kuzatib qo'ydi. Eshik og'-zida:
- Biron nimaga muhtoj bo'lsang, menga ayt, - deb tayinladi. Keyin: - agar xohlasang, meni amaki, de. Xohlasang, tarbiyachilaringdan so'rab uyimga olib ketay, bugun mehmonim bo'l, - dedi.
Omonulloga bu taklif ma'qul keldi. Omonullo bu odamning ota-onasi ham bir kunda halok bo'lishgan ekan, deb o'yladi. Bobomurodning o'smir chog'ida ilk marta qamalganida isnod o'tida kuygan ota-onaning bir yil ichida oldinma-keyin qaytish qilganini ancha keyin, aniqrog'i, Fotimaga uylangach, qaynotasidan eshitib bildi. Bobomurodning o'g'ri ekanini esa bu xonadonga ikkinchi marta kelgan tuni tasodifan bilib qoldi. Yarim tunda behos uyg'onib, sherigi bilan maslahatlashayotgan Bobomurodning gaplariga quloq tutdi. Avvaliga qo'rqdi. Ertalab nonushta ham qilmay qochvormoqchi edi, Bobomurod qo'lini ushlab, to'xtatdi:
- Hech qachon birovlarning gaplariga o'g'rincha quloq solma, xo'pmi? - dedi po'pisa ohangida. - Gap poylamasang ham kimligimni o'zim aytardim. Men g'irrom o'ynaydigan dayuslardan emasman.
- Endi men ham o'g'ri bo'lamanmi?
Kechasi bilan o'ylab chiqqan shu gapini aytishi bilan yuziga zarbli tarsaki tushdi. So'ng Bobomurod sochini changallab tortdi. Omonulloning ko'zlarida tirqirab yosh chiqdi.
- Kim aytdi buni senga, ahmoq! Bilib qo'y: sen o'g'ri bo'lmaysan, o'qiysan, sen odam bo'lasan!
Bobomurod shunday degach, Omonulloning sochini qo'yib yubordi. U Sening odam bo'lishing uchun hamma narsadan voz kechaman, hatto hunarimni ham yig'ishtiraman, demoqchi bo'ldi-yu, bola buni tushunmaydi, degan fikrda tilini tiydi-da, O'tir, choyingni ich! deb buyurdi.
Chindan ham Omonulloni deb o'g'irlikni tashlamoqchi edi. To qamalguniga qadar ahdida turolmadi. Qamalgach, ozodlikda qolgan sheriklariga xat chiqarib, Omonullodan xabar olib turishni tayinladi. Qamoqdan boshqa hunar qilish ahdi bilan chiqdi. Yo'lda Ayolni uchratgach, bu ahdi qat'iylashdi.
Omonullo mustaqil ish boshlaganida Bobomurod unga maslahatlar berib turdi. Tabib - tabib emas, boshidan o'tgan - tabib, deganlaridek, jinoyat olamining nozik yerlarini Bobomurod yaxshi bilardi.
- Menga qara-chi, menga qara, deyapman, - Bobomurod o'ng qo'li bilan Omonulloning iyagini ushlab, ko'zlariga tikildi: - Ishlaring beshga o'xshamayapti, bola-paqir?
- Besh bo'lmasa, to'rtdir-da, - deb hazillashmoqchi bo'ldi Omonullo.
- To'rtga ham tortmaydi. Qanaqa ish ko'ryapsan?
- Qotillik. Ikki kishi o'ldirilgan.
Omonullo shunday deb ishning bayoni, gumonu taxminlarini ma'lum qildi.
- Hali ham xomsan, - dedi Bobomurod bir-ikki savol berib, javob olgach. - Sen, bola-paqir, o'qishda yo yomon o'qigansan, yo darslardan qochib yurgansan, yo eski pichoqqa sop ham bo'la olmaydigan domlalardan ilm olgansan. Har holda bo'sh kallang, bo'shligicha qolgan. Menga o'sha uyni bir ko'rsatmaysanmi?
- Mumkin emas.
- Men sendan mumkinmi yo mumkin emasmi? deb so'raganim yo'q. Odam bo'laman desang, harakatingni o'sha mumkin bo'lmagan ishlardan boshla. Sen menga uyni ko'rsat, men sening xomligingni isbotlab beraman. Tur, ketdik. 