Tengiz

U hayoti yo'lida tikanlar, toshlar borligini bilardi-yu, ammo olovlarga duch kelarman, deb o'ylamagan edi. Tengiz Koshak bilan vazifamiz bir bo'lsa, u haromi bilan uchrashaman, deb yanglishdi. Vazifa o'taladigan joy bir bo'lgani bilan, bajariluvi lozim bo'lgan yumush boshqa-boshqa edi. Ta'bir joiz bo'lsa, xuddi bolalarning Oq va Qizil o'yiniga o'xshardi. Bir guruh bola Oq, bir guruhi Qizilga ayrilganidek, Koshak bilan Tengiz ham bo'lingan edilar. Koshak yerli xalq nomidan vahshiylikni boshlagach, Tengiz tog'liklar nomidan qarshi zulmni ko'tarishi lozim edi.
Tengiz o'zining guruhi bilan shahar turmasida vazifa boshlanish onlarini kutdi. Ularni shanba kuni kechqurun shahar yonboshidagi tog'liklar zich yashaydigan mahallaga olib kelib, pastqamroq uyga joyladilar. Koshak guruhidan farqli o'laroq, ular makon topgan hovliga qurolli soqchilar qo'ydilar. Tengiz va uning sheriklari sodiq xizmat qilmoqqa va'da berganlari bilan, ularga to'la ishonch yo'q edi. Shanba oqshomida vazifa bilan tanishtirishgach, agar bajarishdan bosh tortsangiz yoki qochmoqchi bo'lsangiz, jo-yida otib tashlaymiz, deb ogohlantirishdi.
Kechasi Tengiz uxlay olmadi. Chekish bahonasida hovliga chiqqanida bir odamning darvoza ustuniga mato bog'layotganini ko'rib soqchiga ajablanib qaradi. Soqchi unga ishing bo'lmasin! deganday qo'l siltab qo'ydi.
Kun yoyilganda boshlashdi.
Avval bir to'da o'tdi. Uylardan qora tutun o'rlay boshladi.
So'ng kichik to'da paydo bo'ldi. Oldindagi Koshakni ko'rib Tengiz darvozadan otilib chiqay dedi. Soqchi hali vaqt bor, deb ko'kragidan itardi.
Ko'chaga qo'yilishi bilan Koshakni izladi. Topdi.
Sandiq kavlayotgan Koshak orqasida sharpa sezib o'girildi, ammo o'zini himoya qila olmadi - Tengizning qo'lidagi pichoq bo'g'ziga qadaldi-yu, tomog'idan otilgan qon sandiq ichidagi pullarni qizilga bo'yadi. Dam o'tmay uning jasadi o'zi o'ldirgan uy egalarining murdalari bilan birga yona boshladi...
O'sha daqiqalardayoq mish-mishlar alangasi hamma yoqni qamrab oldi:
- Yerliklar tog'liklarni tiriklayin yondirishibdi...
- Tog'liklar avtomatlar bilan qurollanib katta kuch bilan shaharga yopirilishibdi...
Tahlika, vahimada qolgan aholi lochin changalidan qo'rqqan polaponlarday najot tilab qaqshar edilar.
Televizorda esa mosh yutgan xo'rozday bo'lib olgan notiq kulimsiragan holda va'z aytardi:
- Hamma janjal qulupnoydan chiqibdi... Odamlar ham nodon... 
