Bismillahir Rohmanir Rohiym

...Ana o'shalar hidoyatga zalolatni sotib olgandirlar. Va tijoratlari foyda keltirmadi hamda hidoyat topganlardan bo'lmadilar. Ular misoli bir o't (mash'ala) yoquvchiga o'xshaydilar. Olov endi atrofini yoritganida Olloh yorug'likni ketkazib, ularni hech narsani ko'rmaydigan holda zulmatlarda qoldiradi. Ular kar, soqov va ko'rdirlar. Bas, ular hidoyatga qaytmaslar...
Baqara surasi, 16-18-oyatlar
 

Butun olamlar Parvardigori Ollohga behad hamd bo'lsin va payg'ambarlarning oxirgisi - sayyidimiz Muhammad alayhissalomga salovot va salomlar bo'lsin.
Albatta, hamd Ollohga xosdir. Biz unga hamd aytamiz, Undan yordam so'raymiz. Va Ollohdan nafsimizning yomonliklaridan panoh berishini so'rab iltijo qilurmiz. Kimni Olloh hidoyat qilsa, uni adashtiruvchi yo'q. Kimni Olloh adashtirsa, uni hidoyat qilguvchi yo'qdur.
Eng ulug' so'zlaru eng bilimli suhbatlar ham shubhasiz, Tangri-taologa shukrimizni keragicha ifoda eta olmaydi.
Yaratgan Robbimizga shukrlar bo'lsinkim, siz - aziz nafis adabiyot muhiblari bilan yana dillashish nasib etyapti. Bu safar ham adashgan bandalar hayotidan ayanchli lavhani bayon etishni niyat qildim. Chunki bu sinovli dunyoda adashgan bandalar ko'p. Ulug' va qudratli Robbimiz marhamat qilib derki: Odamlarga ayollardan, bolalardan, to'p-to'p tillo va kumushdan, go'zal otlardan, chorvadan, ekin-tikindan iborat shahvatlarning muhabbati ziynatlandi. Ular dunyo hayotining matohidir. Ollohning huzurida esa husnli qaytar joy bor. (Oli Imron surasi, 14-oyat).
Tafsirchi ulamolarning fikricha, Shahvat so'zi urfda jinsga oid ma'noda ishlatilsa-da, aslida o'zagi ishtaha so'zidan olingan bo'lib, ko'ngil tusashi, xohlashini bildirar ekan. Shunga ko'ra, oyati karimada insonning ayollarga, farzandlarga, boylikka ishtahasi mavjudligi, ya'ni shu narsalarga muhabbati chiroyli tarzda ziynatlangani ta'kid etilmoqda. Demak, bu muhabbat insonning asl tabiatida bor ekan. Bunday holatning bo'lishi tabiiy bir hol ekan. Modomiki, ushbu rag'batlar inson tabiatida bor ekan, Ollohning o'zi insonni shunday yaratgan ekan, bu narsalar inson hayotini muhofaza qilishda, uning go'zal va zavqli kechishida xizmat qilmog'i lozim. Shuning uchun Islom dini mazkur narsalarni xarom qilgan emas, balki muboh qilgan. Bu narsalarni man' qilishni emas, tartibga solishni yo'lga qo'ygan. Islom kishilarni tarbiya qilib, shahvat daryosida halok bo'lmaslikka chaqiradi. Inson mazkur shahvatlarning quli bo'lib qolmasligi kerak. Balki ularning hojasi bo'lib, o'z tasarrufiga olishi darkor. Oyati karima Ollohning huzurida esa husnli qaytar joy bor, deb yakunlanadi. Bu joy - jannati naimdir!
Moziyda o'tgan valilardan biri Dunyo - o'tkinchi mehmonxonadir. Dunyodagi eng ulug' boylik - dunyoga, berilmaslikdir. Dunyoni afzal bilgan kishi zillatga, xorlikka hukm etilib, halok bo'lur, degan ekan. Yana roviylar derlarki: dunyo yasatilgan kelinchakka o'xshaydir. Ko'zlar unga termulgan, qalblar unga mushtoq, nafslar esa unga oshiqdur. U makkor esa, barcha oshiqlarni shafqatsiz holda birma-bir halok qiladir. O'ayotdagi tiriklar o'lganlardan, keyingilar oldingilardan ibrat olmaslar...
Hisob-kitob qilinmasdan burun nafsini tiygan kishi yutadi. Nafsi bilan g'aflatda qolgan esa, zararga uchraydi.
G'aflatda qolib nadomat chekkanlar qancha?
Qabriston bizga sukunat olami bo'lib ko'rinadi. Aslida ohu-faryodlar o'lkasidir! Biz bu faryodlarni eshitmaymiz, bilmaymiz. Shu bois biz mayyitlarning kechmishidan ibrat olmaymiz. Agar tinglay olganimizda edi...
Murdalar gapirmaydilar, deymiz. Bizga shunday tuyular? Balki ular gapirarlar, biz eshitmasmiz? Eshitsakmi edi... 
