O'lsam, janozamni bulbul o'qisin,
Kuyib o'tgan umrim sharhini aytsin.
Bardoshim haqida ash'or to'qisin,
Mendan norozilar fikridan qaytsin.

O'lsam, janozamni bulbul o'qisin,
Aytolmay qolganim desin Ollohga,
Salovatlar aytsin to'plab bor kuchin,
Bilmagan bilganim desin Ollohga.

O'lsam, olov tanim muz bilan yuving,
Toki, kafanlarim ketmasin kuyib,
Yuvgach, yuragimga parcha muz qoying,
Boray huzuriga ozgina sovib.

O'lsam, kafanimni bulutdan qiling,
Yomg'irga aylansin, yonsam qabrda.
Qabrimni qazsangiz sal kengroq oling,
Gunohkor bandaga tor gor jabrda

O'lsam, chinor eking qabrim boshiga,
Toki, soyasida tilovat o'qing.
Cho'milib yashadim kozim yoshiga,
Yig'lamang, siz faqat salovat o'qing.

Kichkina yasating qabrtoshimni,
Qur'on oyatlarin yozdiring o'yib,
Yozmang qabrtoshga umrim, yoshimni,
Men safarga ketdim chorig'im kiyib.

O'lsam, oyoq tomon, o'ng tomonimga,
To'rt kishi sig'arlik kursi yasating,
Sog'inib kelsangiz ixlosla o'qing,
Qabrimni gul emas, Qur'on bezasin.

O'ng tarafdan keling, oyoq tarafdan,
Toki, ko'rsin sizni ochiq ko'zlarim,
O'lim haq ekanin olasizda tan,
Quvonay, keldi, deb o'g'il-qizlarim.

O'lsam yo'qlab turing. Biling, kutaman,
Chunki, siz deb o'tdim o'zimdan kechib,
Yo'qlamay qo'ysangiz, zardob yutaman,
Yotaman go'rda ham ko'z yoshim ichib,

O'lsam, umrim sharhin nabiralarga,
Yashirmay, o'chirmay borini so'zlang.
Intiq kutganimni ularni hamda,
Yonib o'tgan ko'nglim zorini so'zlang.

Olsam, she'rlarimni avaylab asrang,
Imkonin topib topshiring elga.
Bilaman, el o'qir sog'inib, sevib,
O'tar yozganlarim qo'llardan qo'lga.

O'lsam, faxr bo'ling, mexribon bo'ling,
Imkonin topsangiz to'lang qarzimni,
Duosini oling men sevgan elni,
Meros qoldiraman sizga sabrimni.
O'lsam, janozamni bulbul o'qisin
WWW.ZAMONAVIY.UZ