Ko'rku nafosatin ta'riflash mahol,
Go'zallik, poklikka eng loyiq timsol.
Mexru-muhabbati chashmadek zilol,
Sadoqat, vafoga har doim misol.

Chin so'zni aytganda olmangiz malol,
Dunyoda eng aziz siymodir ayol.
Ismin tilga olsam yorishar osmon,
Lutfin e'zozlasam yarashar har on.

Qalbin gar tinglasam jo'sh urar tug'yon,
Dardin kuyga solib dilim bo'ldi qon.
Tilagim, hech mahal ko'rmasin zavol,
Dunyoda eng aziz siymodir ayol.

Hayotda past-baland dovonlar ko'pdir,
Dilni o'rtaguvchi armonlar ko'pdir.
Bir manzil izlagan karvonlar ko'pdir,
Rost deb aytilguvchi yolg'onlar ko'pdir.

Har zamon ortidan ergashsin iqbol,
Dunyoda eng aziz siymodir ayol.
Unsiz oylar ichra g'arq bo'lib goho,
Xayollarim sokin suzganda tanho.

Ko'ngil tublaridan chiqarib sado,
Muattar sas bilan berganda ma'no.
Nafis jilolarin korsatar xayol,
Dunyoda eng aziz siymodir ayol.

Qalblarni yashnatar guldek nafasi,
Olamda yagona mehrin shu'lasi.
YAratganni bizga ulug' tuhfasi,
Baxtiyor onlarning orzu-havasi.

Hamisha ortidan nur sochsin bahor,
Dunyoda eng aziz siymodir ayol.
WWW.ZAMONAVIY.UZ