Siz bor...
Muhabbatning kengliklarida
Tonglarni kutmasman ilhaq, umidvor.
Axir, yashab turib Baxtning bag'rida
Baxtni izlamoqqa nima hojat bor?!
Siz bor...

Siz bor...
"Taqdir" degan tushimning o'ngi,
Sinov chaqmog'idan yongan kamalak.
Iztirob yo'g'rilgan kunimning so'ngi,
Hayotga aylangan sehrli ertak 
Siz bor...

Siz bor...
Baxtiyorman, ishqdan sarxushman,
Armon xotiridan manguga o'chdim.
Endi hijron menga yuz ko'rmas dushman,
Yetim dunyolarning bahridan kechdim...
Siz bor...

Siz bor...
Yashayapman Baxtning bag'rida,
Quyoshni bag'rimga bosib, shod, masrur.
Taqdirning rostligi, bari-bariga,
Sizga uchrashtirgan Ollohga shukur!
Siz bor...
WWW.ZAMONAVIY.UZ