Na yurt

Na yurt, shahar so`radim sendan,
Na dur, gavhar so`radim sendan.
So`raganim qizg`onma mendan
So`raganim mehr-muhabbat.

Uzuk bo`lay, sen unga ko`z bo`l,
Kecham emas, yorug` kunduz bo`l,
Yonimdagi Zuhro yulduz bo`l,
So`raganim sevgi, sadoqat.

Gul va bulbul topishar dunyo,
Ham ikki dil topishar dunyo,
Kel, tilakka yetishar dunyo,
So`raganim baxtu-saodat.

Osmonga yarashar to`lin Oy,
Pariro`yga buyursin chiroy,
Oshiq orzu qilmas ko`shk-saroy,
So`raganim ishqdan imorat.

Ko`nglim ko`ngil rozlaring istar,
Sevdim degan so`zlaring istar,
Sevgi to`la hislaring istar,
So`raganim sendan inoyat.

Kel, muhabbat armon bo`lmasin,
Ikki dunyo sarson bo`lmasin,
Qo`rqadirman tag`in qolmasin
So`raganim vasling qiyomat!