Sizni kutib...

Sizni kutib, erib ketay Quyoshlarda,
Yig`lab-yig`lab, oqib ketay ko`zyoshlarda.
Chehrangizni bir bor ko`ray, keyin mayli
Parcha-parcha bo`lib ketay qarashlarda.

Keling aytay ko`nglimdagi orzularni,
Dilimdagi so`lg`in-so`lg`in tuyg`ularni.
Qarg`ang mayli, haydang mayli,
Bitta so`z deng,
Shodliklarga ko`mib tashlang qayg`ularni.

Yo`llar aytsin izingizdan qancha yurdim,
Yillar aytsin zor - intizor qancha turdim.
Quyosh o`ksib yuragimga botaverdi
Yulduzlarga ko`zimdagi nurni berdim.

Sizni kutib qolib ketay xazonlarda,
Yomg`irlarda, jalalarda, bo`ronlarda.
Chehrangizni bir bor ko`ray, keyin mayli
Mayda-mayda bo`lib ketay to`zonlarda...