O`ylar edim.

O`ylar edim, hayot bizni siylaydi, deb
Biz kuylagan qo`shiqlarni kuylaydi, deb.
Bugun bo`m-bo`sh yuragimni siylayapman,
Hayot qanday aytsa, shunday kuylayapman.

O`ylar edim, so`nmas mening g`ururlarim,
Ko`ksimdagi g`ayratlarim, sururlarim.
Bugun qoldim ikki o`tning ozorida
Yig`layapman g`ururimning mozorida.

O`ylar edim, do`stlarim bor - dil chog` etar,
Yo`limdagi chohlarimdan ogoh etar.
Yo rab, bugun bu o`yinda o`zim chiqdim
Do`stim tashlab ketgan chohdan uzib chiqdim.

O`ylar edim, sevgan yorim tashlab ketmas
Jondan sevar, ko`zlarimni yoshlab ketmas.
O`ylar edim, men deb unday ado yo`qdir,
Bugun undan sado yo`qdir.

O`ylar edim, tog`day baland yashayman, deb
Qirchalarga qanday nazar tashlayman, deb.
Tog`dek ch o`kdim, nelar larza soldi menga?
Bugun tog`lar qirdek bo`lib qoldi menga.

Dunyo ekan - tog`laringni qir qilguvchi,
Dunyo ekan - osmonlaring Yer qilguvchi.
Kelishmadim toshu-yolg`on savdo bilan
Yigit bo`lib, bo`lolmadim dunyo bilan.
Dunyo ekan.