Muhabbat, kimga baxt berursan o`zing?

Kimlar tiz cho`kmadi sening qoshingda,
Tilak osmonining so`nmas yulduzi.
To`kis baxt toji bor kimning boshida,
Muhabbat, kimga baxt berursan o`zing?

Zaynabni devona etdi ko`r taqdir,
Kumush kundoshlikning bo`ldi qurboni.
Otabek yor qabrin ashk-la yuvadir
Sen eding muhabbat ishonch imoni.

G`aribni bo`zlatib avloq ko`chada
Yigit deyin sanamni yig`latding achchiq.
Tohir oqib ketdi sandiq ichida
Zuhro qoldi bo`zlab qo`llari ochiq.

Vafoning ko`ksiga qadading tig`lar,
Ohu tutding go`zal Guliga  kulib.
Besh asrdan buyon Navoiy yig`lar,
Goh Farhod, goh Majnun, goh Bahrom bo`lib.

Ne buyuk zotlarni aylamading qul,
Tilak osmonining so`nmas yulduzi.
Bormi armon ko`zi tushmagan ko`ngil,
Muhabbat, kimga baxt berursan o`zing?