I bob. Turkistonda sovetlar
istibdodining o'rnatilishi.
Sovet hokimiyatiga qarshi harakat


1-. TURKISTONDA 1917-YILGI IJTIMOIYSIYOSIY
O'ZGARISHLAR

Turkiston xalqlarining
asriy orzusi

Ma'lumki, Turkiston o'lkasi
Rossiya imperiyasi mustamlakasiga
aylantirilib, bu
hududda o'zga davlat hukmdorlarining zo'rlikka
asoslangan boshqaruv tizimi va siyosati yurgizila boshlaganidan
e'tiboran uning mazlum va jabrdiyda
xalqlari o'z erki, ozodligidan mahrum etilib, birovlar
qo'l ostiga tobe bo'lib qoldilar. Hattoki Turkistonning
so'nggi general-gubernatori A. Kuropatkindek yuqori
martabali zot ham: Biz 50 yil tub joy aholini
taraqqiyotdan jilovladik, uni maktablar va rus hayotidan
chetda tutdik, deb e'tirof etgan edi. Biroq shu
narsa haqiqatki, bu o'lkaning tabiatan mag'rur xalqlari
hech qachon o'zlarining chor-nochor qismatiga tan
berib, o'zgalar jiloviga bo'ysunib yashashga rozi
bo'lmaganlar, balki, aksincha, o'z erki, milliy mustaqilligi
yo'lida mardonavor kurashganlar.
Olis ko'hna tariximiz zarvaraqlaridan munosib
o'rin egallagan, aziz nomlari mangulikka muhrlangan
To'maris, Shiroq, Spitamen, Muqanna, Jaloliddin
Manguberdi, Temur Malik, Shayx Najmiddin Kubro,
Mahmud Torobiy, Mavlonzoda, Abubakr Kalaviy,
Amir Temur, Muhammadali Eshon (Dukchi Eshon),
Namozbotir Pirimqulov singari nomdor bahodirlarning
el boshiga mushkul kunlar tushgan qaltis tarixiy
jarayonlarda ko'rsatgan favqulodda jasoratlari bunga
jonli guvohdir. Ular yurt ozodligi, mustaqilligini jon
qadar e'zozlab, shu muqaddas maqsad yo'lida aziz jonlarini
qurbon qildilar. Yurt milliy istiqloli uchun kurash
darg'alaridan biri, qatag'onlik qurboni, buyuk ma'rifatparvar A. Fitratning Vatan sajdagohimdir, degan
bir kalima iborasida olamjahon teran ma'no aks
etganini anglash qiyin emas.

Biz ona O'zbekiston istiqlolini, uning sha'ni, shavkatini
qanday himoya etishni ota-bobolarimizdan meros qilib
olishimiz va uning himoyasiga hamisha tayyor turmog'imiz
darkor.
Ulug' ajdodlarimizdan muqaddas meros bo'lib kelayotgan
vatanga muhabbat tuyg'usi, farzandlarimiz, bugungi
va kelajak avlodlarimiz uchun chinakam e'tiqodga, chinakam
aqidaga aylansin.
Karimov I. A. Asarlar. 3-jild, T.,
O'zbekiston, 1996, 82-bet.

Darhaqiqat, Rossiya mustamlakachiligi o'zining
behad zulmkorligi, qabohati bilan yurtimiz, uning
jafokash odamlari dilida o'chmas dog'-hasrat qoldirdi.
U ajdodlarimizni ma'nan va ruhan qo'llab-quvvatlab
kelgan asl ma'naviy qadriyatlarni zavol toptira borib,
ularning jismi-jonida mavj urib kelgan milliy istiqlol
va erk tuyg'ularini asta-sekin so'ndirishga urinib keldi.
Yurtimiz tuprog'ini qonga belagan podsho zobitlaridan
biri, qonxo'r general Skobelevning: Millatni yo'q
qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini,
san'atini, tilini yo'q qilsang bas, tez orada o'zi
tanazzulga uchraydi, deb aytgan behayo so'zlari
bekorga aytilmagan, albatta.
Lekin shunga qaramay yurt o'g'lonlari ajnabiylar
zo'ravonligiga tik boqib, o'lka xalqlarining erki va
ozodligi uchun kurashganlar. 1898-yilgi Andijon
qo'zg'oloni yetakchisi Muhammadali Eshon va uning
ko'p sonli hammaslaklari ustidan podsho ma'murlari
uyushtirgan sud jarayoni paytida Rossiya amaldorlaridan
birining eshonga qarata, seni avom xalqqa bosh
bo'lib, oq podsho tuzumiga qarshi chiqishga nima
majbur etdi, qabilidagi savoliga, u o'sha zahoti:
Sizlarning mahalliy xalq boshiga solgan behad zulmingiz,
uning erkini, qadr-qimmatini tahqirlayotganingiz...
 deya dangal javob berganligi fakti ham
bunga yaqqol dalildir. Turkiston xalqlarining erk,
ozodlik uchun kurash g'oyasi XX asr boshlariga kelib
yangi pallaga kirdi. Yangi asr boshlarida jadidlar nomi
bilan mashhur bo'Igan, o'z ongli hayotini, butun
borlig'ini yurt, millat ozodligi, hurligi va ravnaqiga
baxsh etgan istiqlol darg'alari yetishib chiqdi.

Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Fayzulla
Xo'jayev, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov,
Abdulqodir Shakuriy singari yurt ilg'or peshvolarining
Turkiston ozodligi, istiqloli yo'lida qilgan ulkan sa'yharakatlari,
millat farzandlari ta'limi, tarbiyasini isloh qilish,
yaxshilash, uni yuksak zamon talablari darajasiga ko'tarish
borasidagi zahmatlari tahsinga loyiqdir. Eng muhimi, ular
xalqimiz ongi, tafakkurini ziyo nuri bilan yoritish, o'zligini
anglatish, yorqin kelajakka komil ishonch bilan qarash, o'z
erki, mustaqilligi uchun izchil kurashish bobida benazir
faoliyat ko'rsatdilar.

O'lka jadidlarining rahnamosi M. Behbudiyning
Haq olinur, berilmas! shiorida ozodlik uchun kurash
g'oyasining muqarrarligi o'z yorqin ifodasini topgan edi.
Butun Turkistonni larzaga keltirgan hamda
Rossiya mustamlakachilarini sarosimaga solgan o'lka
xalqlarirting 1916-yilgi milliy-ozodlik harakati ham
yurt ozodligi yo'liga bag'ishlangan edi.
Muxtasar qilib aytganda, Vatan ozodligini, davlat
mustaqilligini qo'lga kiritish Turkiston xalqlarining
asriy orzusi edi.

1917-yilgi fevral
inqilobi va Turkiston

Rossiya samoderjaviyasi zulmi,
hukmronligiga qarshi uzluksiz
davom etib kelgan kurash,
nihoyat 1917-yil fevraliga kelib g'alaba qozondi. Uch
asr davomida Rossiya saltanatini to'xtovsiz boshqarib
kelgan Romanovlar sulolasi hukmronligi ag'darildi.
Mutlaq monarxiya tuzumi quladi. Mart oyi boshlarida
Rossiya burjuaziyasi doiralari vakillaridan tashkil topgan
Muvaqqat hukumat faoliyat ko'rsata boshladi. Ayni
chog'da Petrogradda va boshqa joylarda ishchi, askar
va dehqon deputatlari sovetlari tuzilib, hokimiyat organlari
sifatida ish yurita boshladi. Shu tariqa, Rossiyada
tarixda nihoyatda kamdan kam uchraydigan
noyob hodisa  ikki hokimiyatchilik boshqaruvi vujudga
keldi. Bu hol o'sha vaqtdagi mamlakatda vujudga
kelgan siyosiy kuchlar nisbatini o'zida aks ettirardi.
Rossiyada fevral inqilobining amalga oshishi, siyosiy
tuzumning o'zgarishi, demokratik jarayonlarning yuzaga kelishi uchun qulay imkoniyatlarning ochilishi
Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy voqealarning borishiga
ijobiy ta'sir ko'rsatdi. O'lka hayotida yuz bergan
muhim siyosiy o'zgarishlardan biri  bu Rossiya mustamlakachiligi
boshqaruvi ramzi bo'lib kelgan Turkiston
general-gubernatorligi mahkamasining tugatilganligi
bo'ldi. Uning o'rniga Muvaqqat hukumatga
bo'ysunuvchi Turkiston qo'mitasi tashkil etildi. Ayni
chog'da viloyatlardagi harbiy gubernatorlik ham
tugatildi. Ularning o'rniga viloyat komissarliklari tuzildi.
Eng muhimi, fevral o'zgarishi Turkiston o'lkasi
xalqlari hayotiga muayyan demokratik jarayonlarni
baxsh eta bordi. Endilikda keng xalq ommasi, uning
turli ijtimoiy qatlamlari faol harakatga kela boshladi.
O'lkaning yirik shaharlarida tashkil topgan va asosiy
tarkibi mahalliy millat vakillaridan iborat kasaba
uyushmalari, chunonchi, binokorlar, quruvchilar,
ko'nchilar, duradgorlar va boshqa kasb kishilarini birlashtirgan
uyushmalar ham aholining tub manfaatlari,
ularning iqtisodiy va siyosiy talablarini himoya qilib
faoliyat yuritdilar. 1917-yilning may oyiga kelib Turkiston
o'lkasidan mardikorlikka zo'rlik bilan olinib,
Rossiyaning g'arbiy hududlariga safarbar qilingan
ko'plab yurtdoshlarimizning o'z ona zaminlariga qaytib
kelishlari ham, shubhasiz, demokratik kuchlar safini
to'ldira bordi. Bu o'rinda fevral o'zgarishidan keyin
o'lka xalqlari hayotida muhim rol o'ynagan, ularning
siyosiy faolligini oshirishga xizmat qilgan ko'plab
inqilobiy-demokratik tashkilotlar, siyosiy firqalar,
kasaba uyushmalari faoliyatiga alohida urg'u bermoq
kerak bo'ladi. Gap shundaki, bu davrda Rossiyada
faoliyat yuritayotgan ko'plab siyosiy partiyalar, jumladan,
eserlar, sotsial-demokratlar va boshqa partiyalarning
mahalliy tashkilotlari Turkistonda ham o'z
faoliyatlarini kuchaytirib, aholining turli ijtimoiy
tabaqalarini o'zlariga jalb qilish, o'z dasturiy g'oyalarini
ularning ongi, shuuriga singdirishga harakat etardilar.
Toshkentda 1917-yil mart oyida ishchi va soldat
deputatlari soveti tashkil etildi. Mart oyi oxirlarida
o'lkada ishchi va soldat deputatlarining 75 soveti faoliyat
yuritdi. Biroq ulardagi deputatlarning asosiy ko'pchiligi yevropalik millatlar vakillari edi. Bu davrda Turkistonda
kechayotgan barcha alg'ov-dalg'ovli voqealar,
jiddiy o'zgarishlarning chinakam yalovbardorlari
istiqlol uchun kurashning tolmas darg'alari bo'lgan jadid
rahnamolari edilar. O'lka hayotining past-u balandini
teran bilgan, mustamlakachilarning riyokorlik
siyosatidan, uning tez o'zgaruvchan mohiyatidan boxabar
va o'z kurash dasturlariga ega bo'lgan Turkiston
jadidlari mahalliy aholining siyosiy ongini o'stirish, uni
katta tarixiy o'zgarishlarga tayyorlashda bosh-qosh
bo'ldilar. Ayniqsa, Rossiya Muvaqqat hukumatining
ikkiyuzlamachilik siyosati, uning inqilobning tub masalalarini,
chunonchi, urush va tinchlik, 8 soatlik ish
kuni, agrar va milliy masalalarni hal etishni turli bahonalar
bilan chetga surishi ilg'or jadid arboblarini inqilobiy-
demokratik yo'nalishda izchillik bilan kurash olib
borishga da'vat etdi.
Bu kezlarda to'la kuch bilan namoyon bo'lgan
jadidlar faoliyatida vaqtli matbuot nashrlarini yo'lga
qo'yish, ularda inqilobiy-demokratik ruhdagi maqola,
materiallarni muntazam chop etish, ularni ommaga
yetkazish muhim o'rin tutgan. Ularning sa'y-harakati
bilan Turkistonning bir qator yirik shaharlarida gazeta
va jurnallar nashr etila boshlandi. Jumladan, Toshkentda
Turk eli, Najot, Kengash, Ulug' Turkiston,
Turon, Samarqandda Hurriyat vaqtli nashrlari
chiqa boshladi. Ular orqali e'lon qilingan materiallarda
kechayotgan davrning o'ziga xos xususiyatlari, o'tkir
ijtimoiy-siyosiy masalalar, joylardagi ahvol, ommaning
flkri-dilini to'lqinlantirayotgan muammolar va boshqa
shu kabi dolzarb hayotiy masalalar aks ettirildi.  

Abdulla Avloniy tomonidan Toshkentda 1917-yil aprelidan
chiqarila boshlagan Turon gazetasining ilk sonida
Yashasin xalq jumhuriyati shiori birinchi bor yangragan
edi. Unda aniq maslak-maqsad: Musulmonlar orasida
ko'p yillardan beri davom etgan umumga zo'rlik, bid'at
odatlarni bitirmak, kelajakda bo'ladirg'on jumhuriy idoraga
xalqni tayyorlamoq g'oyasi ilgari surilgan edi.
Munavvarqorining o'sha yili Najot gazetasining 26-
mart sonida bosilgan: Hurriyat berilmas, olinur. Hech
narsa ila olib bo'lmas, faqat qon va qurbon ilagina olib
bo'lur degan xitobi ham jadidlarning xalq ozodligi yo'lida
jiddiy kurashga bel bog'laganliklaridan dalolat beradi.

Sho'royi Islomiya va
Sho'royi Ulamo

1917-yil boshlarida Turkistonda
yuz berayotgan
tarixiy o'zgarishlar silsilasida mahalliy vatanparvar va
taraqqiyparvar kuchlarning bo'lg'usi jang-u jadal
kurashlar oldidan birlashish sari intilishi ustuvor bo'lib
bordi. Yerli tub aholining asosiy ko'pchiligi ham
yevropalik siyosatchilar, firqalar arboblari ketidan
emas, balki jadid yo'lboshchilari yo'lidan uyushib bordilar.
Buning uchun esa obro'li siyosiy tashkilot tuzish
zaruriyati tug'ilgandi. Negaki, shunday tashkilotgina
bo'lg'usi o'lka milliy hokimiyatining birdan bir nufuzli,
vakolatli organi bo'la olardi. 1917-yil 14-martda
Toshkentda jadid arboblari tashabbusi bilan tuzilgan
Sho'royi Islomiya shunday tashkilotlardan bo'ldi.
15 kishidan iborat rayosat tarkibidan Munavvarqori
Abdurashidxonov (yetakchi), Abduvohid qori, Mirkomilboy
Mo'minboyev, Ahmadbek hoji Temirbekov,
Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev, Salimxon Tillaxonov
singari sinalgan yurt rahnamolari o'rin olgan edilar.
Sho'royi Islomiya musulmon aholining vakolatli
organi (musulmonlar kengashi) sifatida uning irodasini
ifoda etdi, manfaatlarini himoya qildi.
O'lkaning turli joylarida Sho'royi Islomiyaning
quyi shu'balari tuzilib, ular mahalliy aholi orasida
qizg'in faoliyat yuritdilar. Shuningdek, Sho'royi
Islomiya ta'sirida joylarda turli nomlarda tashkilotlar
vujudga keldi. Toshkentda Turon, Ittihodi taraqqiy
, Andijonda Ozod xalq, Hurriyat, Ma'rifat,
Samarqandda Mirvaj-ul Islom, Klub Islomiya,
Musulmon mehnatkashlari ittifoqi, Kattaqo'rg'onda
Ravnaqul Islom, Guliston va boshqalar shular
jumlasidandir. Bu tashkilotlar va ularning rahnamolari
ilg'or jadidchilik g'oyalari ta'sirida ish yuritdilar.
M.Behbudiyning Haq olinur, berilmas!, Munavvarqorining
Hurriyat berilmas, olinur! shiorlari ularning
chinakam kurash bayrog'iga aylangan edi.
Turkiston milliy istiqloli uchun kurashga bel
bog'lagan va avvalboshdan Sho'royi Islomiya ta'sirida
bo'lgan ulamolarning bir qismi qadimchilar nomi
bilan atalardi. Ular islom ta'limoti va aqidalarining
murosasiz tarafdorlari sifatida siyosiy vaziyatni o'zlaricha tushunar, muxtoriyat talabiga qarshi chiqqanlar.
1917-yil iyuniga kelib qadimchilarning Sho'royi Islomiya
 tarafdorlari bilan uzil-kesil aloqani uzib, bo'linishining
asosiy sababi, eng avvalo, Turkistonning milliy
mustaqilligiga erishish yo'lidagi ikki xil qaramaqarshi
taktik yondashuvning kelib chiqqanligidadir.
Konservativ, mutaassiblik qarashlar nuqtayi nazaridan
yondashgan ulamochilar Turkiston mustaqilligini faqat
hukmron mustamlakachilarga qarshi g'azovot boshlash,
ya'ni qurolli qarshilik ko'rsatish yo'li bilan qo'lga
kiritishni yoqlardilar. Ilg'or ziyolilar  jadidlar esa
Rossiyada yuzaga kelgan qulay shart-sharoitlardan,
siyosiy vositalardan foydalanib, behuda qon to'kmasdan
bosqichma-bosqich yurt mustaqilligiga erishishni
yoqlardi. Ularning Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi
Turkiston Muxtoriyati talabi ham shu maqsadni ko'zda
tutardi. O'lkaning milliy kuchlari o'rtasida yuz bergan
bu ajralish va g'oyaviy ixtiloflar, shubhasiz, ularning
harakat birligiga raxna solar, uning istiqboliga jiddiy
putur yetkazardi. Ayniqsa, Sho'royi Ulamochilarning
nashri  Al-Izoh jurnali sahifalarida millatning
ilg'or kuchlariga, vatanparvar milliy ziyolilarga nisbatan
adovat va xusumat urug'i sepildi. Bu esa aslida
dushman tegirmoniga suv quyish bilan barobar edi.
Zero, milliy istiqlol uchun kurash yangi, hal qiluvchi
bosqichga kirib borayotgan mas'uliyatli bir vaziyatda
milliy kuchlar o'rtasida davom etayotgan bunday
behuda bahs va olishuvlar oxir-oqibatda noxush oqibatlarga
olib kelishi tabiiy edi. Negaki bundan o'lkada
faoliyat yuritayotgan yot begona siyosiy kuchlar o'z
maqsadlari yolida foydalanishlari ehtimoldan xoli emas
edi. Afsuski, oqibatda shunday bo'lib chiqdi ham.

I va II Umumturkiston
qurultoylari

Turkistonda inqilobiy-demokratik
harakatlarning o'sib
borishi, undagi turli ijtimoiy
qatlamlar va tabaqalarni yanada istiqlol kurashi bayrog'
i ostida birlashtirishda 1917-yil davomida bo'lib
o'tgan Umumturkiston musulmonlari I va II qurultoylari
va ular tomonidan ishlab chiqilgan hamda qabul
qilingan dasturiy hujjatlarning roli katta bo'lgan.
Sho'royi Islomiya tashkiloti tashabbusi bilan 1917-yil
16-aprelda Umumturkiston musulmonlarining I qurultoyi
chaqiriladi. Qurultoy ancha vakolatli anjuman
bo'lib, uning ishida Turkistonning ko'plab atoqli kishilari,
taniqli siyosiy arboblar qatnashgan edilar. Ular
orasida Mustafo Cho'qay, Munavvarqori, Behbudiy,
Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev, Sherali Lapin, Toshpo'
latbek Norbo'tabekov, Validiy, Sobir Yusupov, Islom
Shoahmedov va boshqalar bor edi. Qurultoy kun
tartibiga 16 ta masalaning qo'yilishining o'zi ham uning
katta ahamiyatidan darak berardi. Qurultoyda o'lkaning
bo'lajak davlat qurilishiga alohida to'xtalinib,
Turkistonga keng muxtoriyat huquqini beradigan
demokratik Rossiya Federatsiyasi tuzilishi g'oyasi ilgari
surildi. Qurultoyda Markaziy rahbar organ  Turkiston
o'lka musulmonlar sho'rosini tuzish to'g'risida qaror
qabul qilindi. Uning birinchi yig'ilishida ijroiya organi
 Markaziy Sho'ro tuzildi. Mustafo Cho'qay Markaz
raisi, Munavvarqori rais muovini, Ahmad Zakiy
Validiy kotib, Behbudiy, U. Asadullaxo'jayev va boshqalar
a'zolar etib saylandilar. Markaziy sho'ro zimmasiga
o'lkadagi barcha tarqoq, o'z holicha ish yuritayotgan,
nizom va dasturlariga ega bo'lmagan uyushma
va tashkilotlarni birlashtirish, ularning faoliyatini
muvofiqlashtirish vazifasi yuklandi. Bu vazifani
uddalashda Markaziy Sho'roning joylarda tashkil etilgan
shu'ba (bo'lim)lari muhim o'rin tutdi. Jumladan,
Toshkent shu'basini Munavvarqori, Samarqand shu'-
basini Behbudiy, Farg'ona shu'basini esa Nosirxon
To'ra Kamolxon To'ra o'g'li boshqardi. Shu tariqa Turkistonda
uch hokimiyatchilik  Muvaqqat hukumatning
Turkiston qo'mitasi, ishchi va soldat deputatlari soveti va
Turkiston o'lka musulmonlar sho'rosi vujudga keldi.
O'lka xalqlarining sobitqadam rahnamolari bo'lgan
jadidlar, ruhoniyat arboblari o'z sa'y-harakatlarida
faqat mahalliy, hududiy manfaatlar, qiziqishlar bilan
cheklanib qolmay, shu bilan birlikda boshqa mintaqalardagi
musulmonlar ommasi, ularning ilg'or vakillari
bilan ham yaqindan hamjihat bo'lishga intildilar.
Shu maqsadda ular 1917-yilning 12-mayida Moskvada
bo'lib o'tgan Butunrossiya musulmonlari I qurultoyida
ishtirok etdilar. Unda musulmonlar manfaa
tini himoya qiluvchi davlat qurilishi shaklan milliyhududiy,
federatsiya asosidagi demokratik respublika
bo'lishi hamda Butunrossiya Musulmonlar sho'rosining
Ijroiya qo'mitasi ta'sis etildi. Ijroiya Qo'mitaga
Turkistondan U. Asadullaxo'jayev va I. Shoahmedovlar
a'zo etib saylandilar.
Xuddi shuningdek, Turkiston vakillari ishtirok etgan
va 1917-yilning 2131-iyul kunlari Qozon
shahrida bo'lib o'tgan Butunrossiya musulmonlarining
II qurultoyi ham Rossiya musulmon aholisining ozodlik
va mustaqillik sari harakatlanish yo'lini muvofiqlashtirish
borasida muhim qadam bo'ldi. Unda
Turkiston, Kavkaz va Qrimda davlat boshqaruvini
mehnatkashlarning o'zlari hal etishi, musulmonlar
kurashini tashkil etish uchun Butunrossiya harbiy
sho'rosini ta'sis etish to'g'risida qarorlar qabul qilindi.
Shubhasizki, Rossiya musulmonlari vakillarining bu
xildagi sa'y-harakatlari mazkur mazlum xalqlarning
mushtarak manfaatlari, milliy mustaqilligi, ichki davlat
qurilishi masalalarining hal etilishiga muhim turtki
bo'lib xizmat qilardi.
1917-yilning 1720-sentabr kunlari Toshkentda
bo'lib o'tgan Umumturkiston musulmonlari vakillarining
II qurultoyi o'lka xalqlari hayotida muhim rol
o'ynadi. Unda 500 nafar vakillar ishtirok etdi. Qurultoyning
maxsus qarorida tarkibi 12 kishilik Turkiston
o'lka qo'mitasi, 24 kishilik Mahkamayi Shar'iya
(parlament) tashkil etilishi va ularning Rossiya davlati
konstitutsiyasiga muvofiq keladigan shariat qonunlari
asosida faoliyat yuritishi ta'kidlangan edi. Qurultoyda
Sho'royi Islomiya, Sho'royi Ulamo, Turon va
shu kabi boshqa manalliy milliy tashkilotlarni birlashtirib,
ular negizida yagona Ittifoqi Muslimin (Musulmonlar
Ittifoqi) siyosiy partiyasini tuzish g'oyasi
ilgari surildi. Qurultoyda Behbudiy nutq so'zlab, hammani
birlikka, jipslashishga da'vat etgandi. Ulug'
Turkiston gazetasi mazkur qurultoy ruhini aks ettirib,
Turkistonning o'z ichki ishlarini mustaqil hal etishga
qodir bo'lgan o'lkaning milliy muxtoriyatini tuzish
g'oyasini asosiy o'ringa qo'ygan edi.
Shunday qilib, Turkistonning ilg'or ziyolilari,
uning asl yurtsevar, erksevar o'g'lonlari milliy istiqlolga
erishish yo'lida o'lkadagi barcha sog'lom, vatanparvar
kuchlarni birlashib harakat qilishga da'vat
etgandilar. Biroq, afsuski, Turkistonda ayricha faoliyat
yuritgan, o'z nafsoniyatiga berilgan hamda o'zaro qarashlarida
muxolifatchilik ustuvor bo'lgan ayrim mahalliy
tashkilotlar mana shu yuzaga kelgan noyob imkoniyatlardan
foydalana olmadilar. Bu esa, vaziyatni
ustamonlik bilan o'z izmiga burib yuborishga urinayotgan
bolsheviklarga qo'l keldi.