12-. O'ZBEKISTON SANOATI VA QISHLOQ
XO'JALIGI FRONT XIZMATIDA

O'zbekiston sanoati

Urush respublika sanoat tarmoqlarining
yo'nalishini
ham, sanoat xodimlarining ishini ham tubdan o'zgartirdi.
Korxonalarda yangi mehnat rejimi joriy qilindi,
ish kuni uzaytirildi, ishdan keyin qolib ishlash joriy etildi,
mehnat tatillari, dam olish kunlari bekor qilindi.
Sanoat korxonalari qisqa vaqt ichida harbiy izga
solinib, minomyot va avtomatlar, samolyot va tanklar
uchun ehtiyot qismlari va boshqa harbiy qurollar ishlab
chiqara boshladilar. Qishloq xo'jalik mashinalari
ishlab chiqarayotgan Toshkent qishloq xo'jalik
mashinasozligi zavodi harbiy qurollar ishlab chiqara
boshladi. Andijondagi Kommunar, Stroymashina
zavodlarida samolyot va tanklarga kerakli mahsulotlar,
Qo'qon shahridagi Oxunboboyev nomli tikuvchilik
fabrikasi harbiy kiyimlar ishlab chiqaradigan bo'ldi.
1941-yil dekabrigacha Toshkentdagi 137 sanoat
korxonalarining 64 tasi qurol-yarog'lar, front uchun
zarur mahsulotlar ishlab chiqarishga kirishdi.

Respublika bo'yicha 1941-yil oxirlariga kelib 300 ta
sanoat korxonasi faqat harbiy mahsulot bera boshladi.

O'zbekiston sanoatchilari korxonalarni harbiy izga
tushirishdek ishlarni ko'chirib keltirilgan korxonalarni
joylashtirish va ishga tushirishdek yanada og'irroq ishlar
bilan qo'shib olib bordilar. O'zbekiston rahbari
Usmon Yusupovning O'zbekiston - bu front orqasi
emas, O'zbekiston - jang maydoni, degan so'zlarida
jon bor edi.

O'zbekistonliklar frontdagidek harakat qildilar, har
qanday resurslarni izlab topdilar, ular bitta fashist
marazining boshi uchun bittadan aviabomba, bittadan
snaryad va granata, yuzlab o'q, fashistlardan go'sht ham,
suyak ham qoldirmaydigan Katyushalar yetkazib berish
uchun mardona mehnat qildilar.

Toshkentda zudlik bilan joylashtirilgan Rostselmash
 zavodi Katyusha va minomyot snaryadlari,
aviatsiya zavodi jangovar samolyotlar, Kolchuginskdan
keltirilgan kabel zavodi harbiy aloqa mahsulotlari
yetkazib bera boshladi.
Odamlar irodasiga bog'liq bo'lmagan yetishmovchiliklar
sezilardi. Yuk ko'taruvchi kranlar yo'q
edi, maxsus asbob-uskunalar, elektr quvvatlari, ko'mir
va neft kabi yoqilg'ilar, xomashyo va boshqa materiallar
yetishmas edi. 1941-yil 5-7-dekabr kunlari bo'lib
o'tgan O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo'mitasining
V plenumida respublika sanoatini harbiy izga
solish, ko'chirib keltirilgan asbob-uskunalarni joylashtirish
sohasidagi ishlarga yakun yasalib, korxonalarda
qurol-yarog'larning muhim turlari - samolyotlar,
tanklar, bronepoyezdlar, aviabombalar, to'p va
zambaraklar, granatalar, minalar, snaryadlar ishlab
chiqarishni yo'lga qo'yish vazifasi ilgari surildi. Buning
uchun yetarli darajada metall qirquvchi stanoklar va
aniq o'lchovchi uskunalar ishlab chiqishni tashkil
etish, nodir metallar qazib olishni kuchaytirish hamda
qora va rangli metallurgiya sanoatini yaratish, elektr
energetika bazasini kengaytirish, neft qazib olishni 2-
3 barobar oshirish, ko'mir qazib olishni kuchaytirish,
yirik qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarini
barpo etish, qisqa muddatda 30 ming malakali
ishchilar tayyorlash tadbirlari belgilandi.
Ko'chirib keltirilgan korxonalar tarixda misli ko'rilmagan
qisqa muddatlarda 4-5 oyda, ayrimlari hatto
1-2 oy davomida qurib bitkazilib, front uchun harbiy
mahsulotlar bera boshladilar. Ularning eng yiriklari
Chkalov nomli 84-aviatsiya zavodi, Moskva kabel
zavodi, Xarkov elektrostanok zavodi, ko'tarma kranlar
zavodi, Rostovdan keltirilgan E?aniue Aenae,
Sulsk nasos zavodi, Vagon-remont zavodi, E?aniue
ioou zavodi, Kiyev O?ainneaiae zavodi va boshqalar
edi. Bu korxonalarning har biri o'rta hisobda 20
foizgacha ishchi va injener-texnik xodimlar bilangina
keltirilgan edi. Qolgan 80 foizi respublikamizning fabrika-
zavod talimi maktablarida, turli kurslarda tayyorlangan
ishchi va texnik xodimlar bilan taminlandi.
Harbiy izga tushirilgan respublikamiz korxonalari
ham anchagina kengaytirildi. Tashselmash zavodi,
boshqa korxonalardan keltirilgan 438 stanok, 200 dan
ortiq yuqori malakali ishchilar hisobiga kengaydi.
Qodirov, Hakimov, Yusupov, Ismoilov va boshqa
ustalar kunlik normalarini 200-300 foizga oshirib
bajardilar.

Xotin-qizlar, keksalar, yoshlar korxonalardagi turli xil
ishlarga jalb etildi. Urushning bir yarim yili mobaynida
O'zbekiston sanoatida xotin-qizlar salmog'i 29 foizdan
ziyod oshdi va 1943-yilda 63,5 foizni tashkil qildi.

Respublika sanoat korxonalari quvvatlarining
kengayishi, ko'chirib keltirilgan zavodlarning ishga
tushishi birinchi navbatda elektr energiyasi va yoqilg'i
ishlab chiqarishni keskin oshirishni talab qildi, mavjud
energetika quvvatlari bunday talabga javob berolmas
edi. O'zbekiston partiya va hukumati Ittifoq hukumatiga
xat yo'llab bu muammoni hal etishda ko'mak
so'radi. Tez orada, 1942-yil 18-noyabrda VKP(b) MQ
va SSSR Xalq Komissarlar Soveti O'zbekiston SSRda
beshta gidroelektrostansiya qurilishi to'g'risida qaror
qabul qildi. O'zbekistonda metallurgiya zavodi qurish,
ko'mir va neft qazib olishni ko'paytirish tadbirlari ham
belgilandi. O'zbekistonda yangi sanoat korxonalari va
energetika tarmoqlari qurilishi uchun 1 milliard so'm
ajratildi.
1943-yilda O'zbekistonning eng yirik gidroelektrostansiyasi
- Farhod GESi qurilishi boshlandi,
qurilish zarur materiallar va ishchi kuchi bilan taminlandi.
Farhod qurilishi umumxalq qurilishiga aylandi,
binokorlik ishlari hashar yo'li bilan bajarildi. 10 oylik
fidokorona mehnat natijasida Sirdaryo jilovlandi.

Urush yillarida Bo'zsuv daryosi o'zanlarida Tovoqsoy,
Oqqovoq, Salor, Quyibo'zsuv, Oqtepa, Qibray GESIari,
Samarqand viloyatida Taligulyan GESi, 30 ga yaqin kichik
kolxoz GESIari qurilib ishga tushirildi. O'zbekistonda
elektr energiyasi ishlab chiqarish qariyb 2,5 baravarga,
yani 1940-yilda 482 mln kilovatt-soatdan 1945-yilda 1187
mln kilovatt-soatga ko'paydi.

Yoqilg'i sanoatini rivojlantirishga ham katta kuch
va mablag'lar sarflandi. 1940-yil oxirlarida Ohangaron
daryosi oqimidagi Qurama tog' tizmasida dastlabki
ko'mir qazib oladigan shaxta qurilgan edi. Urush
davrida Angrenugol ko'mir konida yana uchta shaxta
va ochiq usulda ko'mir qazib olinadigan karyer
bunyod etildi. O'zbekiston va Qirg'iziston chegarasida
Qizilqiya ko'mir koni foydalanishga tushirildi, o'ta
issiqlik quvvatiga ega bo'lgan qo'ng'ir ko'mir qazib
olindi.

1940-yilda O'zbekistonda atigi 3,4 ming tonna ko'mir
qazib olingan bo'lsa, 1945-yilda 103 ming tonna ko'mir
qazib olindi. Natijada respublikada sanoatning yangi tarmog'
i - ko'mir sanoati barpo qilindi.

Neft-geologiya qidiruv tresti, neft tarmog'i qurilish-
montaj tresti, neft qazib oluvchi ikkita trest, neft
qazib chiqarish asbob-uskunalarni tamirlash zavodi,
neft mashinasozligi zavodi barpo etildi. Andijon,
Polvontosh, Changartosh, Chimyon neft konlarida
mahsulot ishlab chiqarish ko'paytirildi.
Urush yillarida Chuqurlangar, Tolmozor, Nayman,
Shahrixon, Xo'jaobod, Janubiy Olamushuk va boshqa
yangi neft konlari ishga tushirildi. Neft tozalash zavodi,
ozokerit ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Urush yillarida
respublikada neft ishlab chiqarish 4 marta ko'paydi va
1945-yilda 478 ming tonnadan ortdi.

Energetika va yoqilg'i sanoatining o'sishi mashinasozlik
sanoatining rivojlanishiga qulay baza yaratdi.
G'arbdan ko'chirib keltirilgan zavodlar bazasida 16 ta
stanoksozlik, to'qimachilik va mashinasozlik korxonalari
tashkil etildi. Urushdan oldingi respublikamizdagi
ko'pgina zavodlar ham turli asbob-uskunalar,
mashinalar, jangovar texnika ishlab chiqarishga moslab
qayta qurilgan edi. Bu korxonalarning noni -metall
hisoblanadi. Shu bois metallga bo'lgan talab tobora
oshib bordi.
O'zbekiston Xalq Komissarlar Soveti 1942-yil 17-
iyunda Bekobodda metallurgiya zavodi qurishga qaror
qabul qildi. Rossiya va Qozog'iston sanoat korxonalaridan
ko'plab asbob-uskunalar keltirildi. Metallurgiya
zavodini qurish butun respublika mehnatkashlarining
ishiga aylandi. Sanoat korxonalari zarur miqdorda
mutaxassislar ajratishdi, kolxoz-sovxozlar ishchi kuchi
bilan taminlandi. Zavod qurilishida 30 mingdan
ko'proq kishilar ishtirok etdilar. Beloretsk, Dobryanka,
Guryev, Makeyevka zavodlaridan po'lat erituvchi
mutaxassislar keldilar. Yuzlab o'zbekistonlik yigitqizlar
Ural va Sibirning sanoat korxonalarida marten
va prokat ishlarini o'rganib keldilar.

O'zbekistonning birinchi metallurgiya zavodi 1944-yil
5-mart kuni dastlabki metall mahsulotlarini bera boshladi
va tez kunlarda zavodning birinchi navbati, 1945-yil fevraldan
ikkinchi navbati ishga tushirildi.

Geologik-qidiruv ishlari natijasida ko'plab qora va
rangli metall konlari ochildi. Urush yillaridayoq
Langar, Ingichka, Qo'ytosh, G'ortepa, Olmaliq rangli
metall konlari, Oqtosh boksit konini o'zlashtirish ishlari
boshlanib ketdi. Ulardan qazib olingan volfram,
molibden, mis, alyumin va boshqa mahsulotlarni
qayta ishlash korxonalari qurildi.
Kimyo sanoati rivojlandi. 1944-yil yanvaridayoq
Gorkiy va Stalinogorsk kimyo kombinatlaridan ko'-
chirib keltirilgan uskunalar asosida qurilgan Chirchiq
elektrokimyo kombinatining ikkinchi navbati muhim
kimyo mahsuloti ammiak ishlab chiqara boshladi.
1943-yilda Quvasoy kimyo zavodi, Qo'qon superfosfat
zavodi, Farg'ona gidroliz zavodi qurilib ishga tushirildi.
Kimyo sanoati mahsulotlari salmog'i 1940-yilga
nisbatan 1945-yilda 6,1 baravarga ko'paydi.
Urush yillarida qurilish materiallari sanoati,
to'qimachilik va poyabzal sanoati, oziq-ovqat sanoati,
mahalliy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish tadbirlari
amalga oshirildi. Faqat 1943-yilda 12 ta yog' zavodi,
3 ta paxta tozalash zavodi, 4 ta qand va 4 ta konserva
zavodlari qurilib ishga tushirildi.
Sanoat korxonalarining kengayishi, yangi qurilgan
zavod-fabrikalarning ishi, muvaffaqiyati ularni malakali
ishchilar bilan taminlashga bog'liq edi. Yuz
minglab kishilarning, xususan, tajribali xodimlarning
frontga safarbar etilishi katta qiyinchiliklar tug'dirardi.
Keksalar, ayollar, ayniqsa armiyaga chaqirish yoshiga
yetmagan o'smirlar va qizlar korxonalarga jalb etildi,
ularga hunar o'rgatildi, respublikada 100 mingdan
ko'proq malakali ishchilar tayyorlandi. Faqat hunar va
temiryo'l bilim yurtlari, fabrika-zavod talim maktablari
57 mingdan ziyod yosh ishchi kadrlarni tayyorlab
berdilar. Korxonalar zimmasiga yuklangan
katta topshiriqlar kishilardan jismoniy zo'riqish, hatto
holdan toyguncha ishlashni talab qilardi. O'zbekistonliklar
g'alaba uchun har qanday og'irlikni, qiyinchiliklarni
yengib o'tdilar, respublikani qizil armiyaning
qurol-aslahaxonasiga aylantirdilar.

Urush yillarida O'zbekistonda 280 ta yangi sanoat
korxonalari qurilib ishga tushirildi. Sanoatning yangi tarmoqlari
- aviatsiya, stanoksozlik, og'ir mashinasozlik,
qora va rangli metallurgiya va boshqa tarmoqlari vujudga
keldi. 1940-yilda yalpi sanoat mahsulotida og'ir sanoatning
hissasi 13,9 foizni tashkil etgan bo'lsa, 1945-yilda
47,5 foizni tashkil etdi.

Toshkent SSSRning eng katta sanoat markazlaridan
biri bo'lib qoldi. Bekobod sanoat shahri sifatida
vujudga keldi. Yangiyo'l, Chirchiq kabi yosh shaharlar
yanada rivoj topdi.

Sanoatchilarimizning fidokorona mehnati tufayli O'zbekiston
sovet armiyasining qurol aslahaxonasiga aylandi.
O'zbekiston frontga 2090 samolyot, 17342 aviamotor, 2318
ming aviabomba, 1,7 mingdan ortiq minomyot, 22 mln dona
mina, 560 ming snaryad, milliontacha granata, 330 ming
dona parashyut, harbiy ehtiyojlar uchun 100 ming km dan
ortiq maxsus sim, 125 ming km telefon kabellari va boshqa
mahsulotlar yetkazib berdi. Bu o'zbekistonliklarning fashist
bosqinchilarini tor-mor etishga qo'shgan ulkan hissasi
sifatida jahon tarixidan munosib o'rin oldi.

Transport

Urushda g'alabaga erishish
transport ishi bilan bog'liq
edi. 1943-yil 25-yanvarda Toshkent temiryo'li ishi
to'g'risida maxsus qaror qabul qilindi. Temiryo'l harbiy
holatga o'tkazildi, unda ishlovchilar safarbar etilgan
deb hisoblandi, harbiy xizmatchilar kabi qattiq
intizomga rioya etish majbur qilib qo'yildi. Poyezdlar
harakatining qo'shinlar va harbiy yuklarni birinchi
navbatda o'tkazib yuborishni ko'zda tutuvchi harbiy
grafik joriy etildi. Toshkent temiryo'l transportchilari
ko'chirib keltirilayotgan korxonalarning asbob-uskunalarini
va millionlab kishilarni G'arbdan Sharqqa,
jangovar texnika va qurol-yarog'larni Sharqdan G'arbga
o'z vaqtida to'xtovsiz o'tkazib turish topshirig'ini
bajardilar. Faqat 1941-1942-yillarda O'zbekiston
temiryo'lchilari 2700 sostavdagi passajir poyezdlarini,
ko'chirilgan korxonalarning asbob-uskunalari ortilgan
17600 vagonlarni mo'ljalga yetkazishdi, o'q-dorilar,
yoqilg'i, oziq-ovqat, kiyim-kechaklar ortilgan minglab
vagonlarni frontga yetkazishdi.

O'zbekistonda yangi temiryo'llar qurilishi jadal olib
borildi, 1941-1945-yillarda temiryo'l liniyalari 2 baravar
uzaydi. Toshkent - Angren-ugol, Boysun-Otquloq-
Turangli - Toshkent tovar stansiyasi temiryo'llari qurilib
ishga tushirildi.

Aloqa vositalari

Aloqa telefon, telegraf xodimlari
ham urush talablariga
moslashib ishladilar. Aloqa xodimlari O'zbekistonning
Markaz bilan, respublika rahbariyatining viloyat,
shahar, tumanlar, yuzlab sanoat korxonalari bilan
telefon aloqasini yo'lga qo'ydilar. Toshkent-Samarqand-
Ashxobod, Toshkent-Samarqand-Boku,
Toshkent-Samarqand-Krasnovodsk telefon liniyasi,
ikkita Toshkent-Samarqand-Buxoro telefon
aloqa yo'llari qurildi. 1943-yilda qurib ishga tushirilgan
500 kilometrlik telefon yo'li Toshkentni
Xorazm viloyati va Qoraqalpog'iston bilan bog'ladi.
Yirik korxonalarning o'zlarida ham 50-100 o'rinli
telefon stansiyalari qurildi. Natijada xo'jaliklarga rahbarlik
qilish, ularga o'z vaqtida ko'maklashish ishlari
yaxshilandi.
Pochta bo'limlarida ish hajmlari oshib bordi. Agar
1941-yilda o'rta hisobda bitta pochta xodimi tomonidan
50 ming xat-xabarlar jo'natilgan bo'lsa, bu
ko'rsatkich 1942-yilda 74,5 mingga, 1943-yilda - 77,5
mingga yetdi. Pochta xodimlari frontdagi jangchilar
bilan ularning ota-onalari, rafiqalari, qarindoshlari
o'rtasida aloqa bog'lovchi ko'prik rolini bajardilar.

O'zbekiston qishloq
xo'jaligi

Urush, respublika qishloq
xo'jalik xodimlarini qattiq
sinovdan o'tkazdi. Ular oldida
sanoatni xomashyo bilan, aholini oziq-ovqat,
kiyim-kechak bilan uzluksiz taminlashdek ulkan,
murakkab vazifa turar edi. Vaziyatning murakkabligi
shundan iborat ediki, birinchidan, respublika qishloq
xo'jaligi asosan paxta yetishtirishga yo'naltirilgan
bo'lib, oziq-ovqat mahsulotlari Ittifoq fondidan keltirilar
edi. Urush boshlangach, oziq-ovqat keltirish
to'xtadi, aholini boqish uchun ichki imkoniyatlarni
topish zarur bo'lib qoldi. Ikkinchidan, evakuatsiya
qilingan aholi hisobiga shaharlar aholisining ko'payishi
oziq-ovqatga bo'lgan talabni yanada oshirdi.
Uchinchidan, kuch-quvvatga to'lgan dehqonlar frontga
va harbiy sanoatda ishlashga safarbar etilgan,
dehqonchilikning mashaqqatli ishlari keksalar, ayollar,
o'smirlar zimmasiga tushgan edi. To'rtinchidan,
MTS va sovxozlarga G'arbdan yangi traktorlar,
qishloq xo'jalik mashinalari va ularga ehtiyot qismlar
keltirish to'xtab qolgan, bugina emas, xo'jaliklardagi
traktorlar, avtomobillar, otlarning bir qismi qizil
armiya ehtiyojlari uchun olib ketilgan edi.
Qishloq xo'jaligining barcha bo'g'inlarida qatiy ish
tartibi belgilandi. Eng kam miqdordagi majburiy
mehnat kunlari 1,5 baravarga oshirildi, o'smirlar
uchun ham 12 yoshdan boshlab mehnat kunlari belgilandi.
Belgilangan miqdordagi mehnat kunlarini
bajarish majburiy qilib qo'yildi.
Urush yillarida respublika dehqonchiligining strukturasi
keskin o'zgardi. Paxtachilikni asosiy tarmoq
sifatida saqlab qolgan holda don, qand lavlagi, kanop,
pilla, sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirishni ko'-
paytirish tadbirlari ko'rildi. Birinchi navbatda ekin ekiladigan
maydonlarni kengaytirish, irrigatsiya quvvatlarini
oshirish ishlari yuksak suratlar bilan olib borildi.

1942-yil fevralmartda barpo etilgan Shimoliy Toshkent
kanali 15 ming gektar yerni sug'orish imkonini berdi.
Kattaqo'rg'on, Kosonsoy, Rudasoy suv omborlari, Yuqori
Chirchiq, Shimoliy Farg'ona, So'xShohimardon, Uchqo'rg'
on kanallari qurildi. Natijada respublikaning sug'oriladigan
yer maydonlari 454,7 ming gektarga kengaydi.

Usmon Yusupov O'zKP(b) MQning 1941-yil
dekabrida o'tgan V plenumida O'zbekistonda g'alla
masalasini hal qilish, o'zimizni o'zimiz un-non bilan
taminlashimiz kerak, degan vazifani ilgari surdi. Don
ekiladigan sug'oriladigan yer maydonlari kengaytirildi.
Zarang yerlar, qo'riqlar, to'qaylar, lalmikor yerlardan
ham foydalanildi. 1942-yilda 1408,1 ming gektar,
1943-yilda 2090,2 ming gektar yerga g'alla va dukkakli
ekinlar ekildi. Natijada don mahsulotlari yetishtirish
ko'payib, 1941-yilgi 4,8 mln so'm o'rniga 1943-yilda
5,3 mln so'm olindi, respublika ehtiyojlari qondirildi.
Qishloq xo'jaligida O'zbekiston uchun yangi tarmoq
- qand lavlagi yetishtirish yo'lga qo'yildi. Samarqand,
Farg'ona, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari
lavlagi yetishtirish bo'yicha ixtisoslashtirilib,
1942-yildayoq 65 ming gektarga, keyingi yillarda 70
ming gektardan ortiqroq hosildor yerlarga qand lavla
gi ekildi. Jizzax, Pastdarg'om tumanlarida har gektardan
400- 800 sentnerdan lavlagi hosili olindi.

Qand lavlagini qayta ishlash, shakar, qand ishlab chiqarish
uchun Zirabuloq, Qo'qon, Yangiyo'l qand zavodlari
qurildi. Respublika bo'yicha 1944-yilda davlatga 1 mln 373
ming so'mlik, 1945-yilda 1 mln 646 ming so'mlik qand lavlagi
topshirildi. Urush yillarida O'zbekiston butun Ittifoqda ishlab
chiqarilgan qandning to'rtdan bir qismini berdi.

Urush yillarida mehnatkashlar chorvachilik, jun,
qorako'l teri yetishtirish, pillachilik jabhalarida ham
fidokorona mehnat qildilar. Go'sht, yog', sut, kartoshka,
sabzavot va poliz mahsulotlari, meva tayyorlashda
ko'rsatilgan g'ayrat-shijoat tufayli mustahkam
oziq-ovqat bazasi yaratildi.

Respublikamiz qishloq xo'jaligi xodimlari urush yillarida
davlatga 1262 ming tonna don, 54,1 ming tonna pilla, 482
ming tonna kartoshka va sabzavot, 57,5 ming tonna meva
va uzum, 36 ming tonna quruq meva, 159 ming tonna
go'sht, 22,3 ming tonna jun yetkazib berdilar.

Urush yillarida ham paxtachilik qishloq xo'jaligining
muhim sohasi bo'lib qoldi. Paxtakorlar jonbozlik
bilan ishlaganlariga qaramay, 1942-1943-yillarda
paxta tayyorlash rejasi bajarilmay qoldi. Davlatga 1
ming tonna paxta kam topshirildi. Bunga bir qator
obyektiv holatlar sabab bo'ldi: paxta ekiladigan maydonlar
1941-1943-yillarda 927650 gektardan 625343
gektarga kamaydi; mexanizatsiya vositalari yetishmasdi;
mineral o'g'itlar, yoqilg'i kamaygan edi; yerni haydash,
chopiq, sug'orish, irrigatsiya tarmoqlarini tozalash
ishlarini o'z vaqtida muntazam olib borish uchun
ishchi kuchi yetishmasligidan paxta yetishtirish agrotexnikasi
yomonlashgan edi. Respublika rahbariyati
buni yaxshi tushunardi. Paxta maydonlarini qisqartirish,
buning hisobiga don, qand lavlagi va boshqa
oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan ekin maydonlarini
ko'paytirishga majbur bo'lgan edi.
Biroq Markazdagi rahbarlar bu obyektiv omillarni
hisobga olmadi. Shu bois respublika rahbarlari
Moskvaga chaqirilib muhokama qilindilar, ularni
paxta tayyorlash ishini o'z holiga tashlab qo'yishda,
layoqatsizlikda aybladilar. Ulardan har qanday yo'l
bilan bo'lsa ham paxta tayyorlash rejasini bajarish,
yanada ko'paytirish talab qilindi. Bu boshqarishning
mamuriy-buyruqbozlik usullarini yanada kuchaytirishdan
boshqa narsa emasdi. Bunday zug'um natijalari
VKP(b) MQning 1944-yil 6-martda qabul qilingan
O'zbekiston KP(b) MQning ishi to'g'risidagi
qarorida o'z ifodasini topgandi.
O'zKP MQning 1944-yil aprel oyida bo'lgan X
plenumi mazkur qarorni bajarishga doir tadbirlarni ishlab
chiqdi. Kolxozlar tashkiliy-xo'jalik jihatdan mustahkamlandi,
brigada va zvenolar qayta tiklandi. Donli
ekin yetishtirishga o'tib olgan xo'jaliklarning anchagina
qismi paxtachilikka qaytarildi. Kolxozchilar uchun
majburiy mehnat kunlari soni yana oshirildi. Ittifoq
hukumati O'zbekiston paxtakorlari uchun 2300 yangi
traktor, 300 yuk avtomobili, 375 ming tonna mineral
o'g'it va boshqa qishloq xo'jalik uskunalari ajratdi.
1944-yilgi paxta tayyorlash rejasi bajarildi, davlatga
1943-yilga nisbatan 325 ming tonna ko'p paxta topshirildi,
1945-yilda ham paxta tayyorlash rejasi bajarildi.
Urush yillarida respublika paxtakorlari davlatga 4 mln
806 ming tonna paxta xomashyosi yetkazib berdilar.
Urush yillarida ishchilar bilan dehqonlar o'rtasidagi
jipslik, o'zaro yordam yanada kuchaydi. Sanoat
korxonalari kolxozlarni otaliqqa olib, ularga qishloq
xo'jalik texnikalari, ehtiyot qismlar bilan yordamlashdilar.
Shaharliklar qishloq xo'jalik mahsulotlarini
yig'ishtirib olishda faol qatnashdilar. Kolxozchi
dehqonlar esa sanoat sohasidagi umumxalq qurilishlarida
faol ishtirok etdilar. Masalan, Farhod GESi
qurilishining o'zidagina 70 mingga yaqin kolxozchi
qatnashdi. O'zbekiston ishchilari va dehqonlari jipslashib,
fidokorona ishlab, fashistlar ustidan qozonilgan
g'alabaga salmoqli hissa qo'shdilar. 160 mingga yaqin
kishi front orqasidagi fidokorona mehnati uchun
Shuhrat medali bilan mukofotlandi.

Aholi turmushi

Urush o'zbekistonliklarni
og'ir muhtojlikka duchor
etdi. Hamma narsaning frontga safarbar etilishi natijasida
oziq-ovqat tanqisligi vujudga keldi. Shaharlarda
oziq-ovqatlarni, sanoat mollarini kartochka asosida
taqsimlash joriy etildi. Ishchi va xizmatchilarga kuniga
400-500 grammdan, oila azolariga esa 300
grammdan non berish belgilandi. Amalda esa aholi
belgilangan meyorlardan ham kam non olardi.
Go'sht, yog', baliq, makaron, yormalar ham meyorlangan
tartibda taqsimlanar, ko'p hollarda kartochkada
ko'rsatilgan miqdorda berilmasdi.
Qishloq aholisining turmushi yanada og'irlashdi.
Oziq-ovqat va sanoat mollarini meyorlangan tarzda
taqsimlash qishloq aholisiga joriy etilmadi. Ular ishlagan
mehnat kunlari uchun deyarli haq ololmasdi.
Ularga oziq-ovqat mollari matlubot kooperatsiyasi
do'konlarida davlatga topshirilgan qishloq xo'jalik
mahsulotlari miqdoriga qarab qatiy meyorlangan
miqdorda berilardi.
Aholini oziq-ovqatlar bilan taminlashni yaxshilash
maqsadida sanoat korxonalari qoshida yordamchi
xo'jaliklar tashkil etishga ruxsat berildi. Ularga vaqtincha
foydalanish uchun 53 ming gektar yer ajratildi.
Oziq-ovqat tanqisligi sharoitida pul tobora qadrsizlanib
bordi, chayqovchilik avj oldi. Muhtojliklarga
qaramay sanoat va qishloq xo'jalik xodimlari g'alaba
uchun fidokorona mehnat qildilar. Qiyinchiliklarga
qaramay frontga ketgan jangchilarning oilalariga har
tomonlama g'amxo'rlik qilindi, bolalari yasli va
bog'chalarga joylashtirildi. Kolxoz va sovxozlar jangchilarning
oilalariga oziq-ovqat, ekin ekish uchun yer
ajratib berardi.

Mamlakat ichkarisida urush yillarida mehnat qilgan yuz
minglab vatandoshlarimiz chekkan zahmatlarni, keksa-yu
yosh akalarimiz, opa-singillarimiz qish qahratonida diydirab,
saraton olovida yonib, o'zi yemasdan, o'zi kiymasdan
topgan nasibasini frontga jo'natganini, azob-uqubatlar
chekib, fidoyilik ko'rsatganini esdan chiqarib bo'ladimi?!
Karimov I. A. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. T.3.
T.: O'zbekiston, 1996, 80-bet.