13-. URUSH YILLARIDA FAN,
MAORIF VA MADANIYAT

Ilm-fan g'alaba uchun
xizmatda

Urushning dastlabki kunlaridayoq
SSSR FAning
O'zbekiston filiali, respublikada
ishlab turgan 75 ta ilmiy muassasalar, shu
jumladan, 25 ta ilmiy-tadqiqot institutlari, 23 ta ilmiy
stansiya va boshqalar respublika xo'jalik hayotini harbiy
izga solish bilan aloqador muammolarni hal etishga
jalb etildi. Zavod-fabrikalar, temiryo'l va avtomobil
yo'llari transport korxonalari bilan bevosita aloqalar
o'rnatildi. Olimlarning tadqiqot ishlarini
muvofiqlashtirish maqsadida 1941-yil 29-noyabrda
O'zbekiston Ilmiy muhandis-texnika jamiyati tuzildi.

G'arbiy hududlardagi yirik shaharlardan ko'plab ilmiy
muassasalar O'zbekistonga ko'chirib keltirildi. SSSR
FAning tarix, iqtisodiyot va huquq, jahon xo'jaligi va jahon
siyosati, sharqshunoslik, jahon adabiyoti, moddiy madaniyat,
tuproqshunoslik, seysmologiya institutlari, bir qancha
muzeylar va kutubxonalar shular jumlasiga kiradi.
Akademiyaning 375 yirik olimlari va xodimlari ko'chib
keldilar.

O'zbekistonlik olimlar ko'chib kelgan yirik olimlar
bilan yaqin aloqa bog'ladilar, respublikamizda mavjud
bo'lgan va ko'chirib keltirilgan ilmiy muassasalarning
tadqiqot yo'nalishi qayta ko'rib chiqildi, urush talablariga
moslab o'zgartirildi. Olimlar o'zlarining asosiy
e'tiborini mudofaa sanoati uchun zarur bo'lgan tabiiy
resurslarni izlab topish va ulardan foydalanishni tashkil
etishga qaratdilar. Geolog olim H.M.Abdullayev
va boshqalarning tadqiqotlari natijasida qalay,
volfram, molibden, o'tga chidamli minerallar,
nodir metallar va boshqa turdagi xomashyo konlari
topildi va o'zlashtirildi. A. S. Ukionskiy boshchiligidagi
geologlar guruhining temir konini topishi, O'zbek
metallurgiya kombinati qurilishini loyihalashtirish va
ularni foydalanishga tushirishdagi xizmatlari katta
ahamiyatga ega boidi. D. M. Bogdanov va muhandis
G. S. Chikrizovlar Angrenda qidiruv ishlariga boshchilik
qildilar va ko'mir konining boy zaxiralarini topib
yangi shaxtalar qurishga ko'maklashdilar.
Sirdaryodagi Farhod GESning loyihasini ishlab
chiqishda mashhur irrigatorlar A. N. Askochenskiy,
V. V. Poslavitskiylar faol ishtirok etdilar, loyihachilarga
akademiklar G.O.Grafito va B. Y. Vedeneyevlar
qimmatli maslahatlar berdilar.
Kimyogar olimlar neftning suvini ketkazish, oltingugurtdan
tozalash, ko'mirni kokslash, paxta chiqindilaridan
xalq xo'jaligida foydalanishning, etil spirti,
soda, kislota olishning yangi samarali usullarini yaratdilar.
Dori-darmonlar tayyorlash borasidagi tadqiqotlar
natijasida aholi ehtiyojlari uchun zarur bo'lgan turli xil
dori-darmon ishlab chiqish yo'lga qo'yildi. Toshkentda
farmatsevtika zavodi qurilib ishga tushirildi.
Butunittifoq paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti
paxtaning yangi navlarini yetishtirish sohasida samarali
izlanishlar olib bordi. Seleksionerlar S. S. Kanash va
A. I. Avtonomov boshchiligida vilt kasalligini yuqtirmaydigan
yangi navini yaratdilar. S. S. Kanash yaratgan
S-460, L. V. Rumshevich yaratgan F-108 yuqori
hosilli navlar, shuningdek, boshqa uzun tolali navlar
paxtachilikning rivojida ulkan hissa bo'ldi. O'zbekistonda
ekilib kelingan amerika paxta navlarini yangi
navlar bilan almashtirish 1944-yilda tugallandi. Respublika
olimlari Samarqandda joylashtirilgan Timiryazev
nomidagi qishloq xo'jalik akademiyasi xodimlari
bilan hamkorlikda g'o'za, bug'doy va qand lavlagini
almashlab ekish usulini joriy etdilar, O'zbekiston sharoitida qand lavlagidan mo'l hosil olishga ko'maklashdilar.
Urush yillarida gumanitar fanlar ham ancha rivojlandi.
Yirik tarixchi, arxeolog, huquqshunos, sharqshunos,
adabiyotshunos olimlar o'zbekistonlik hamkasblari
bilan O'zbekiston xalqlari tarixi, madaniyati va
adabiyotining muhim masalalarini ishlab chiqdilar.
V.S.Struve, V. A. Shishkin, Y. E. Bertels, I. K. Dodonov,
V. Y. Zohidov, H. Sh. Inoyatov, A. Y. Yakubovskiy,
M. Y. Masson, S. P. Tolstov, Y. G'. G'ulomov
va boshqalar O'zbekistonning eng qadimgi va o'rta asrlar
tarixi, moddiy madaniyati va ma'naviyati, O'rta
Osiyo xalqlarining etnogenezi bo'yicha qator asarlar
tayyorladilar. Ikki jildlik O'zbekiston xalqlari tarixini
tayyorlashga kirishildi. Yozuvchi Aleksey Tolstoy rahbarligida
rus va o'zbek olimlari birgalikda O'zbek
adabiyoti tarixi asarini yaratdilar.

1943-yil 4-noyabrda O'zbekiston Fanlar akademiyasi
ochildi, uning birinchi prezidenti etib taniqli olim T. N. Qori
Niyoziy saylandi.

Fanlar akademiyasining ochilishi respublika hayotida
muhim voqea bo'ldi, ilm-fanning yanada
taraqqiy etishi uchun mustahkam poydevor yaratildi.
Tez orada yangi ilmiy muassasalar vujudga keldi. Til,
adabiyot va tarix instituti bazasida Tarix va arxeologiya,
Til va adabiyot institutiari, Sharqshunoslik
instituti, Iqtisodiyot, Matematika va mexanika,
Tuproqshunoslik, Fizika-texnika institutiari va boshqa
laboratoriyalar tashkil etildi.

1945-yilga kelib Fanlar akademiyasi tarkibida 23 ta
ilmiy muassasa, shu jumladan, 2 ta ilmiy tadqiqot institutlari,
2 ta laboratoriya, tajriba stansiyalari faoliyat ko'rsatdi.
O'zbekiston Fanlar akademiyasining uch faxriy a'zosi, 15
haqiqiy a'zosi, 20 muxbir a'zosi va 1265 ilmiy xodimi, shu
jumladan, 54 ta fan doktori va 172 ta fan nomzodi ilmiy
tadqiqot ishlari olib bordi. Ular orasida fizika-matematika
fanlari doktorlari T. A. Sarimsoqov va V. I. Romanovskiy,
geolog olim H. M. Abdullayev, fizik olim S. U. Umarov, faylasuf
I. Mo'minov, adib S. Ayniy, yozuvchi Oybek, shoir
G'. G'ulom va boshqalar bor edi.
Sharqshunoslik instituti olimlarining Sharq qo'lyozmalarini
o'rganish asosida tayyorlagan fors, arab
va turkiy tillarda yozilgan qo'lyozmalar to'plami
jahondagi eng boy to'plamlardan biri bo'lib qoldi.
To'plam 3 jilddan iborat bo'lib, ularda 300 ga yaqin
qo'lyozma tavsiflab va ilmiy jihatdan baholab berildi.
1944-yilda O'zFA Prezidiumida aspirantura tashkil
etildi va o'sha yili 60 kishi, shu jumladan, 41 o'zbek
qabul qilindi. 1944-yilda Akademiya institutlarida 2 ta
doktorlik, 17 ta nomzodlik dissertatsiyalari yoqlandi.
Urush yillarida o'zbekistonlik olimlar mingdan
ortiq ilmiy ishlarni bajardilar, ularning ko'pchiligi
xalq xo'jalik va mudofaa ahamiyatiga ega bo'ldi.

Maorif va oliy ta'lim

O'zbekiston xalq ta'limi,
jumladan, oliy o'quv yurtlari
og'ir sinovlardan o'tdi. Ko'pchilik professoro'
qituvchilar, talabalar frontga safarbar etildi. Samarqand
kooperativ instituti bilan Toshkent moliyaiqtisodiyot
instituti, Toshkent va Samarqand tibbiyot
institutlari, O'zbek va O'rta Osiyo davlat universitetlari
birlashtirildi. Ularning bo'shagan binolariga harbiy
muassasalar, gospitallar joylashtirildi.

Moskva, Leningrad, Kiyev, Xarkov, Voronej, Odessa va
boshqa shaharlardan 1941-1943-yillarda ko'chirib keltirilgan
35 oliy o'quv yurti va 7 harbiy akademiya qabul qilib
olindi, ularning ba'zilari o'zaro yoki O'zbekiston oliy o'quv
yurtlari bilan birlashtirildi.

O'z professor-i'qituvchilari bilan ko'chirib keltirilgan
oliy o'quv yurtlarining faoliyati respublikada oliy
ta'limning yanada rivojlanishiga ijobiy ta'sir etdi.
Moskvalik va leningradlik olimlar talabalarga yangi
kurslar bo'yicha ma'ruzalar o'qidilar, mahalliy millat
vakillaridan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga
ko'maklashdilar, yangi mutaxassislik bo'yicha kadrlar
tayyorlash yo'lga qo'yildi. Ular xalq xo'jalik va harbiy
ahamiyatga molik mavzularda tadqiqot ishlarini
uyushtirdilar. Toshkent industriya instituti ilmiy jamoasi,
masalan, Bekobodda metallurgiya zavodini qurish,
mis va boshqa mahalliy rudalarni eritish usullarini
ishlab chiqish, metallar korroziyasiga qarshi
kurashning samarali yo'llarini topish, yangi zavodlar
loyihasini ishlab chiqish va qurish borasida faol qatnashdilar.
O'zbekiston hukumati oliy o'quv yurtlaridagi qiyinchiliklarni
bartaraf etish, moddiy ba'zasini mustahkamlash,
o'qituvchilar bilan ta'minlash masalalarida
ko'maklashdi. Ayniqsa, ko'chib kelgan tajribali
pedagoglar, olimlar 1943-1944-yillarda o'z shaharlariga
qayta boshlagan, urushning dastlabki davrida
vaqtincha yopilgan yoki birlashtirilgan institutlar qayta
tiklanayotgan, yangidan Chimboy va Urganch pedagogika
institutlari, Namangan va Marg'ilon o'qituvchilar
institutlari, Toshkent teatr san'ati instituti
ochilgan, ilmiy-pedagogik kadrlarga muhtojlik ortgan
bir paytda respublika hukumatining oliy o'quv yurtlariga
ko'magi sezilarli bo'ldi. Yirik oliy o'quv yurtlarida
doktorantura va aspiranturaga qabul kengaytirildi.
Respublika miqyosida ishlab turgan rahbar xodimlar
oliy o'quv yurtlariga ishga yuborildi.

1945-yilda oliy o'quv yurtlari soni 1940-yilga nisbatan
3 taga ko'payib 33 tani tashkil etdi, talabalar soni esa 19,1
mingdan 21,2 ming kishiga ortdi. Urush yillarida hammasi
bo'lib 10 mingdan ko'proq oliy malakali va 3,7 mingga
yaqin o'rta maxsus ma'lumotli mutaxassis tayyorlandi.
Xalq maorifida ham jiddiy qiyinchiliklar bo'ldi.

Ko'plab maktablar binolari gospitallar, yotoqxonalar,
harbiy o'quv yurtlariga berildi. Maktablar birlashtirildi,
ko'p smenali o'qish joriy etildi. Urushgacha respublika
maktablarida ishlayotgan o'qituvchilarning 74,6
foizini erkaklar tashkil etardi. Ular frontga, ishlab
chiqarish ishlariga ketdi. Buning ustiga darsliklar,
uskunalar, daftarlar yetishmas edi. Qisqa muddatli
kurslar tashkil etilib, boshlang'ich sinflar uchun o'qituvchilar
tayyorlandi, boshqa ishga ketgan o'qituvchilarni
maktabga qaytarish tadbirlari ko'rildi, ularning
moddiy-maishiy ahvolini yaxshilashga g'amxo'rlik
qilindi. 1944-yilda o'qituvchilar armiya safidan maktablarga
qaytarildi. O'quvchilarning jismoniy tayyorgarligi
yaxshilandi. Kundalik o'qish foydali mehnat
bilan qo'shib olib borildi. O'qishdan tashqari vaqtlarida
o'quvchilar gospitallarga otaliq yordami berdilar,
frontdagilarning oilalariga ko'maklashdilar, temir-tersak to'plab topshirdilar, qishloq xo'jalik ishlarida qatnashdilar.
Maktablarda ta'lim-tarbiya sifatini yaxshilash
maqsadida o'quvchilar bilimini baholashning besh
balli tartibi, boshlang'ich va yetti yillik maktablarni
tamomlovchilar uchun bitiruv imtihonlari, o'rta maktabni
tamomlovchilar uchun yetuklik attestati -
guvohnomasi uchun imtihonlar topshirish majburiyati,
maktab o'quv dasturlarini a'lo o'zlashtirgan va
a'lo xulqli o'quvchilarni oltin va kumush medallar
bilan taqdirlash joriy etildi. Bu tadbirlar dars mashg'
ulotlari saviyasini ko'tarishga, o'quvchilar intizomini
yaxshilashga olib keldi.
Ko'chirib keltirilgan muassasalar o'z joylariga
qaytib keta boshlagach, maktab binolari ham bo'shatila
bordi, o'quvchilar o'z maktablari bag'riga qaytib,
o'qishlarini davom ettirdilar.

1940/41-o'quv yilida 5504 ta umumta'lim maktablarida
1368,9 ming o'quvchi o'qigan bo'lsa, 1945/46-o'quv
yilida 4976 ta umumta'lim maktablarida 989,2 ming bola
ta'lim oldi.

Adabiyot g'alaba
uchun kurashda

O'zbekiston yozuvchilari va
shoirlari o'zlarining qaynoq
ijodi bilan xalqni mardonalikka
chorlab, fidokorona mehnatga ruhlantirib
g'alabaga munosib hissa qo'shdilar.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o'z faoliyatini
dushmanni tezroq tor-mor etishga qaratdi. Uning
rayosati qoshida tashviqot va targ'ibot bo'limi, harbiy
komissiya tuzildi. Ijodiy ziyolilarning radio va matbuotda
kishilarni hushyorlikka, vatanparvarlikka,
dushmanga qarshi mardona jang qilishga, front
orqasini mustahkamlashga chorlovchi chiqishlari katta
ahamiyatga ega bo'ldi.
O'zbekistonga vaqtincha ko'chirib keltirilgan rus,
ukrain, belorus, moldavan va boshqa millatlarga mansub
yozuvchi va shoirlar ham respublikamiz hayotida
faol qatnashdilar, o'zbekistonlik hamkasblari bilan
yaqindan hamkorlik qildilar. Biz yengamiz! degan
almanax, O'zbekiston shoirlari - frontga degan
antologiya ana shunday hamkorlikning mevasi bo'ldi.
Hamid Olimjon, Uyg'un, Sobir Abdulla, Nikolay
Pogodinlar birgalikda O'zbekiston qilichi musiqali
dramasini yaratdilar.
Urush yillarida yaratilgan Oybekning Navoiy va
Qutlug' qon romanlari, Abdulla Qahhorning Oltin
yulduz qissasi, Xotinlar asari jamoatchilikning yuksak
bahosiga sazovor bo'ldi. She'riyatda ulkan yuksalish
bo'ldi.

Hamid Olimjonning Qo'lingga qurol ol, Sharqdan
G'arbga ketayotgan do'stga, Jangchi Tursun va
Roksananing ko'z yoshlari, G'afur G'ulomning Sen
yetim emassan, Men-yahudiyman, Bizning ko'chada
ham bayram bo'lajak, Uyg'unning Qasam, Bir qadam
ham orqaga chekinilmasin va Maktub, Maqsud
Shayxzodaning Ona kuzatmoqda va Kapitan Gastello
she'rlari, Sharof Rashidovning Qahrim she'rlar to'plami,
Sulton Jo'raning Pulemyotchi ovozi, Nayzamiz she'rlari
fashizm kirdikorlarini fosh etib, g'alaba qozonishga
ishonchni kuylab, xalqning jangovar ruhini ko'tardi.

Ona zamin, Vatanga sadoqat, dushmanga nafrat,
jasorat va mardlikni tarannum etgan bu teran she'rlar
jangovar quroldan qolishmaydigan dahshatli qurol
bo'lib xizmat qildi.

Ommaviy axborot
vositalari

Urush yillarida respublika
ommaviy axborot vositalari
ommani front uchun, g'alaba
uchun safarbar etishda, xalqni g'oyaviy-siyosiy
jihatdan tarbiyalashda muhim omil bo'lib xizmat qildi.
O'sha damlarda O'zbekistonda 200 ga yaqin gazeta,
shundan 124 tasi o'zbek tilida, 52 ta jurnal, shundan
19 tasi o'zbek tilida nashr etilar edi. Gazetalarning bir
gallik adadi 900 ming, shundan 600 ming nusxasi
o'zbek tilida chiqardi. Gazetalar va jurnallar sahifalarida
frontdagi vaziyat, respublika mehnat jamoalarining
fidokorona mehnati, qiyinchiliklar yoritilar edi.
O'zbekistonning bir guruh yozuvchi va jurnalistlari
sovet armiyasi siyosiy boshqarmalari ixtiyoriga yuborildi.
Bulardan To'lqin Rustamov va Rasul Muhammadiy
sovet armiyasi bosh boshqarmasida inspektor, Jalolxon
Azizxonov, Rustam Abdurahmonov, Adham Rahmat,
Sharif Bo'latov, Muhammadjon Murodov, Yo'lchi Bilolov va boshqalar front gazetalarida muharrir o'rinbosarlari
bo'lib xizmat qildilar. Nazir Safarov, Mirzakalon
Ismoiliy, Zinnat Fatxullin, Meli Jo'ra,
To'g'on Ernazarov, Sulton Jo'ra va boshqalar harbiy
muxbirlar sifatida va jurnalistikaning boshqa jangovar
sohalarida faoliyat ko'rsatdilar.

Urush yillarida o'zbek tilida 14 ta front va 12 ta diviziya
gazetasi nashr etilardi. Front haqiqati, Qizil askar
haqiqati, Qizil Armiya, Vatan sharafi uchun,
Dushmanga qarshi olg'a kabi gazetalar nashr etilgan.

Urush yillarida radio xodimlarining, madaniyma'rifiy
muassasalarning xizmatlari ham katta bo'ldi.

Urush yillarida 754 ta kino qurilma, 11 ta muzey, 360
ta qiroatxona, 1044 ta klub, 433 ta kutubxona, 2800 ta
qizil choyxona omma orasida siyosiy, madaniy-ma'rifiy,
tarbiyaviy ishlarni olib borish markazi sifatida xizmat qildi.

San'at front xizmatida

Urush yillarida sahna san'ati
rivojlandi. Toshkentda va
Andijonda yangi teatrlar ochildi, respublikada hammasi
bo'lib 36 ta teatr ishlab turdi. Shuningdek,
ko'chirib keltirilgan 14 teatr ham faoliyat ko'rsatdi.
Teatrlarda urush mavzusiga bag'ishlangan Davron
ota, Sherali, O'zbekiston qilichi musiqali dramalari,
Ulug'bek va Mahmud Torobiy operalari,
mardlik, jasorat mavzularida yozilgan Komil
Yashinning Bosqinchilarga o'lim, M. Shayxzodaning
Jaloliddin pyesalari ko'rsatildi. Urush yillarida
o'zbek davlat opera va balet teatri 10 ta, Hamza teatri
16 ta, Gorkiy nomli rus drama teatri 32 ta yangi spektakllarni
sahnalashtirdilar. Respublika teatr jamoalari
1942-1944-yillarda 203 ta yangi asarni sahnalashtirdilar,
187568 marta spektakl va konsert namoyish etdilar,
ularni millionlab kishilar tomosha qildilar.
Xalq ashulachilarining, talantli bastakorlarning
ijodi zo'r shuhrat qozondi. To'xtasin Jalilov va Yunus
Rajabiy xalq musiqa san'atining an'analariga tayanib,
yorqin xalqchil asarlar yaratdilar. M. Ashrafiy, T.
Sodiqov, M. Burhonovlar musiqa madaniyatini yuksak
darajaga ko'tardilar.

Toshkent badiiy filmlar studiyasi vaqtincha ko'chib kelgan
yirik kinomatograflar bilan hamkorlikda Ikki jangchi,
Nasriddin Buxoroda, 217-raqamli odam, Vatanga
sovg'a, Besh respublikaning film-konserti nomli
kinofilmlarni yaratdilar.

O'zbekiston rassomlari zo'r g'ayrat bilan ishladilar.
L. Abdullayevning Qizil Armiyaga kuzatuv va
Mukofot bilan tabriklash, O'. Tansiqboyevning
Otliqlar hujumi va Partizan qiz, Ch. Ahmarovning
O'zbekiston - frontga, V. Y. Kaydalovning Fashist
gazandasi yo'q qilindi va Dushmanga qaqshatqich
zarba asarlari O'zbekiston badiiy xazinasidan mustahkam
o'rin egalladi. Urush yillarida O'zbekiston rassomlari
39 ta ko'rgazma tashkil etdilar, besh mingdan
ko'proq badiiy-siyosiy plakatlar yaratdilar.
O'zbekiston san'at xodimlari mehnatkash xalqqa,
jangchilarga xizmat qilib, ularning ruhini ko'tarib turdilar.

San'atkorlardan tuzilgan 30 dan ortiq konsert brigadalari
frontdagi jangovar harbiy qismlarning askar va zobitlari
uchun 400 dan ko'proq konsert berdilar, respublika hududida
joylashgan harbiy qismlarda 15 mingta, gospitallarda
10 mingta konsert uyushtirdilar. Ishchilar, paxtakorlar huzurida
doimo xizmatda bo'ldilar.

Bu tadbirlarda faol qatnashgan atoqli san'atkorlar:
Halima Nosirova, Tamaraxonim, Abror Hidoyatov,
Lutfixonim Sarimsoqova, Sora Eshonto'rayeva, Abbos
Bakirov, Kommuna Ismoilova va boshqalar xalq hurmatiga
sazovor bo'ldilar.
Ijodkor ziyolilarning asarlari, san'at ustalarining
chiqishlari xalqni ma'naviy jihatdan ko'tardi, ommani
g'alaba uchun kurashga safarbar etishda muhim omil
bo'ldi. O'zbek ijodkorlari fashizm ustidan qozonilgan
g'alabaga munosib hissa qo'shdilar.