14-. O'ZBEKISTONNING QARDOSH
XALQLARGA BAYNALMILAL YORDAMI

Fashist bosqinchilari SSSRning g'arbiy qismidagi
katta hududni, ko'plab shahar va qishloqlarni bosib
olib Moskva ostonalariga yetib keldilar. Sovet xalqi
uyushqoqlik, birdamlik, misli ko'rilmagan jasorat
bilan dushmanni Moskva ostonalarida yer tishlatdi.
Fashist gazandalari tor-mor etildi va uloqtirib tashlandi.
Dushmanning Stalingrad, Kursk, Orel, Belgrad
shaharlarida tor-mor etilishi va ularning SSSR
tuprog'idan yoppasiga haydab chiqarila boshlanishi
natijasida ko'pgina viloyatlar, shaharlar va qishloqlar
ozod etildi. Dushman bu hududlarni bombardimon
qilish va vayron qilish orqali bosib olgan bo'lsa,
chekinish davrida esa shahar va qishloqlarni yondirib,
yanada vayron qilib ketardi.
Sovet xalqi hali urush davom etayotgan qiyin paytlardayoq
dushmandan ozod etilgan shahar va qishloqlarni,
zavod, fabrika va boshqa xo'jaliklarni qayta tiklashga
kirishdi. Ozod etilgan hududlardagi xo'jalikni
tiklash ishlarida Sharqdagi barcha respublikalar, viloyatlar,
shu jumladan, O'zbekiston ham faol qatnashdi.
Tiklash ishlari umumxalq ishiga aylandi.

O'zbekistonning baynalmilallik
yordami

Ozod etilgan shahar va
qishloqlarga yordam berish
harakati butun O'zbekistonni
qamrab oldi. Urushda zarar ko'rgan viloyat, shahar
va tumanlarga yordamlashish bilan bog'liq bo'lgan
masalalar respublika hukumati, viloyat, shahar va
tuman tashkilotlari va keng jamoatchilik orasida
muntazam ravishda muhokama qilinib, zarur tadbirlar
amalga oshirib borildi. Yordam davlat yo'li bilan va
jamoatchilik yo'li bilan amalga oshirildi. Tiklash ishlariga
yordam berish maqsadida Sherobod MTSining
brigadir-mexanigi Odish Cheximov 10 ming so'm,
traktorchi Ro'ziyev 15 ming so'm berdi. Bu harakatni
ko'pchilik qo'lladi. Samarqand viloyati ozod qilingan
tumanlarga 170 million so'mdan ko'proq pul, 80
mingta kitob va turli xil darsliklar yubordi.

1943-yilning bahorida O'zbekiston ozod etilgan
tumanlarga 2 ming traktor, avtomobil va qishloq xo'jalik
mashinalari, 8 ming ot va ho'kiz, 170 ming bosh qo'y va
echki jo'natdi. 1943-yil oktabr oyida o'zbekistonlik yoshlar
leningradlik bolalarga 250 tonna oziq-ovqat, 10 ming juft
poyabzal va kiyim, 2 million so'mdan ko'proq pul yubordi.
O'zbekiston temiryo'lchilari ozod etilgan joylardagi
temiryo'llarni tiklashga katta yordam berdilar.

Toshkent tovar stansiyasi temiryo'lchilari 35 ta ko'targich
asboblar jamlanmasi, 350 dona slesarlik
asboblari, 2 mingdan ortiq ehtiyot qismlarini to'plab,
G'arbdagi stansiyalarning birini tiklash uchun
jo'natdi. 1943-yil 30-martda Toshkent temiryo'lchilari
asbob-uskunalar ortilgan butun bir eshelonni
Stalingrad temiryo'l tarmog'ini tiklash uchun yubordi.
Uning tarkibida ko'chib yuradigan maxsus ustaxona,
ikkita parovoz, jihozlangan 33 ta vagon va platforma,
dori-darmonlar va ishchi kiyimlari bor edi.
O'zbekistonliklar ko'chirib keltirilgan korxonalar,
ilmiy va madaniy muassasalar, o'quv yurtlarini o'z
o'rniga qaytarish, binolarni tiklash va joylashtirish ishlarida
ham faol qatnashdilar. Ko'plab o'zbekistonlik
mutaxassislar va ishchilar rus, ukrain, belorus, moldavan
do'stlariga ko'maklashish uchun jo'nab ketdilar.

Faqat 1943-yilda o'zbekistonliklardan 60 mingga yaqin
kishi Sverdlovsk, Chelyabinsk, Moskva, Ivanov va boshqa
viloyatlarda ishladilar. O'zbekiston aloqachilari 540 muhandis,
texnik va boshqa mutaxassislardan iborat maxsus
batalyon tuzib, uni zarur asbob-uskuna va materiallar bilan
ta'minlab G'arbga jo'natdi. Batalyon Rossiya, Ukrainada
ko'plab aloqa vositalarini tiklashda faol qatnashdi.

G'arbiy viloyatlarni tiklash ishlariga respublikamizning
fabrika-zavod ta'limi maktablarini, hunar
o'quv yurtlarini endigina tamomlab chiqayotgan yoshlar ko'proq yuborildi. 1943-1945-yillarda Donbass,
Kiyev, Leningrad va Ural korxonalari, qurilishlari va
temiryo'llarida ishlash uchun O'zbekiston mehnat
rezervlari maktablarining 15 ming talabasi jo'natildi.
Ozod etilgan hududlar aholisiga qardoshlarcha
yordam, respublikaning o'zida moliyaviy resurslar,
asbob-uskuna va materiallar, malakali kadrlar, iste'-
mol mollari yetishmay turgan og'ir bir sharoitda berildi.
Urush yillarida O'zbekiston aholisining turmush
saviyasi keskin pasayib ketganiga, xo'jalik harbiy izda
ishlayotganiga qaramasdan qardosh xalqlarga ko'rsatgan
baynalmilallik yordami o'zbek xalqining buyuk
insoniylik fazilatlarga sodiq ekanligining guvohidir.

O'zbek xalqining o'z
vatanidan badarg'a
qilingan xalqlarga
g'amxo'rligi

Stalin va uning atrofidagi
yugurdaklari tomonidan
urush yillarida ham kichik
xalqlar, etnik guruhlarga
nisbatan adolatsizlik qilindi.
Urushning dastlabki yilidayoq Volgabo'yi nemislar
avtonom respublikasi tugatildi. Uning 300 mingdan
ortiqroq aholisidan bosqinchilar yordam olishi
mumkin, degan gumon bilan ularni yashab turgan
joylaridan mahrum etib, Sibir va Qozog'iston viloyatlariga
ko'chirib yuborildi.
1943-yil oxirlari - 1944-yil boshlarida Volganing quyi
oqimi va Kaspiy dengizi qirg'oqlarida yashovchi qalmoqlar,
Shimoliy Kavkazda yashovchi qorachoylar, chechenlar,
ingushlar va bolqarlar, 1944-yil iyunida qrim tatarlari,
greklar, keyinroq mesxeti turklari ham o'z vatanlaridan
Sibir va O'rta Osiyoga badarg'a qilindilar.
Bu xalqlar fashistlar bilan hamkorlik qilishda
ayblandi, hech kimdan hech narsa so'rab surishtirilmadi,
har bir odamning qanchalik aybdorligi,
gunohkorligi aniqlanmadi, hamma ommaviy ravishda
qattiq jazolandi. Ko'chirish yashirin holatda va
shoshilinch ravishda amalga oshirildi. Bu katta kulfatlarga,
ko'pchilik odamlar, bolalarning yo'lda qirilib
ketishiga olib keldi. Bu xalqlar adolatsiz jazolanayotgan
bir paytda, ularning farzandlari, yor-u birodarlari
fashistlarga qarshi jang qilmoqda edilar. Ular yurtdoshlari
boshiga tushgan kulfatdan bexabar edilar
Ko'chirilganlar Sibir va O'rta Osiyoning aholisi kamroq
bo'lgan tumanlariga guruh-guruh qilib taqsimlandi.

O'zbekistonga 175 mingdan ortiqroq chechenlar, 157
ming ingushlar, 150 mingdan ortiqroq qrim tatarlari, 4500
bolqarlar, o'n minglab mesxeti turklari, greklar ko'chirib
keltirildi. O'zbek xalqi ularni beg'araz kutib oldi, yashash
uchun uy-joy, oziq-ovqatlar bilan yordam berdi. Mahalliy
hokimiyat ularga hosildor yerlardan tomorqa yer, uy qurish
va xo'jalik yuritish uchun kredit mablag'lari ajratdi.
Ko'chirib keltirilganlar ancha mashaqqatlar bilan yangi joylarga
asta-sekin moslashib bordilar.

Stalin boshliq Markaziy hokimiyat amalga oshirgan
milliy siyosatning zarari, adolatsizligi odamlarning qattiq
qatag'on qilinishi bilan chegaralanib qolmadi.
Uning mudhish ekanligi yana shundaki, ko'plab
xalqlarning milliy davlatchiligi buzildi, respublikalar va
muxtor viloyatlarning haq-huquqlari poymol qilindi.
Eng dahshatlisi shundaki, butun-butun xalqlarning
milliy madaniyati, qadriyatlari va an'analari oyoqosti
qilindi. Bunday milliy siyosat Markaz tomonidan
butun vositalar bilan tashviqot qilinayotgan Sovet
Ittifoqidagi xalqlar o'rtasida buzilmas do'stlik to'g'-
risidagi g'oyaga soya, qora dog' bo'lib tushdi. Bunday
zo'ravonlikning zararli oqibatlari hanuzgacha to'la
bartaraf etilganicha yo'q. Vaqti-vaqti bilan millatlar
o'rtasidagi nizolar, fojialar chiqishiga sabab bo'lib kelmoqda.