19-. MADANIY VA MA'NAVIY HAYOT

Xalq ta'limi

50-yillarda maktab qurilishi,
bolalarni maktabga jalb qilish
ishlari anchagina kengaydi. Yetti yillik umumiy
majburiy ta'lim amalga oshirildi. Biroq xalq ta'limida
jiddiy nuqsonlar mavjud edi. Ta'limning mazmuni
hayotdan orqada qolganligi yaqqol ko'rinardi. Birinchidan,
maktab o'quvchilarining bilim saviyasi past
edi. Ikkinchidan, o'n yil o'qib, maktabni tamomlab
chiquvchilar birorta kasb-hunarni egallamas, mehnat
malakalarini olmas edilar.
1958-yil dekabrida SSSR Oliy Soveti SSSRdagi
maktabning turmush bilan aloqasini mustahkamlash va
xalq maorifi tizimini yanada rivojlantirish to'g'risida
qonun qabul qildi. Qonunda o'qitishni turmush bilan
bog'lab olib borish, yoshlarni aqliy, ma'naviy, jismoniy
jihatdan yetuk qilib shakllantirish, ularga umumiy politexnik
bilim berish vazifalari qo'yildi. Ayni shunga
o'xshagan qonun 1959-yilda O'zbekiston SSR Oliy
Kengashi tomonidan ham qabul qilindi. 10 yillik o'rta
maktablar 11 yillik maktablarga aylantirildi.
Maktablar uchun yangi o'quv rejalari, dasturlari va
darsliklar yaratildi. Maktablarda ustaxonalar qurildi.
Maktab tajriba uchastkalari vujudga keldi. Fizika va
matematika fanlarini o'rganish uchun ajratilgan soatlar
ko'paytirildi. O'quvchilarga mashinasozlik, sanoat,
qurilish va qishloq xo'jaligi bo'yicha amaliy mashg'
ulotlar o'tish yo'lga qo'yildi. 1962-yildayoq umumiy
majburiy sakkiz yillik ta'limga o'tish amalga oshdi.
Barcha yetti yillik maktablar sakkiz yillik maktablarga
aylantirildi.
Sanoat, qurilish va qishloq xo'jaligida ish bilan
band bo'lgan yoshlarga ta'lim berish maqsadida ishlab
chiqarishdan ajralmasdan o'qish imkoniyatini beruvchi
kechki va sirtqi maktablar tashkil etildi. 1958-
1965-yillarda 1000 ga yaqin shunday maktablar ochildi,
ularda o'qiydigan yoshlar 1965-yilda 134,5 ming
kishini tashkil etdi.
O'zbekiston Kompartiyasi va hukumati Respublika
umumta'lim maktablari ishini yanada yaxshilash choralari to'g'risida (1966) va Respublika umumiy
o'rta ta'limga o'tish munosabati bilan xalq maorifini
yanada yaxshilash choralari to'g'risida (1969) qarorlar
qabul qildi. Bu qarorlarda asosan respublikada
yoshlar uchun umumiy o'rta ta'limga o'tish, yangi
maktab binolari, o'quv kabinetlari, laboratoriyalar,
ustaxonalar barpo etishga yo'naltirilgan kapital qurilish
ishlari bajarildi. Maktab-internatlar, o'quvchilarning
badiiy iste'dodlarini rivojlantiruvchi maktablar
ko'paydi. Gliyer nomidagi o'rta maktab-internat, milliy
musiqa va milliy amaliy san'at maktab-internatlari,
sport maktab-internati va boshqa o'nlab musiqa maktablari
ochildi.
O'rta umumta'lim maktablari 1970-yilda ishlab
chiqilgan nizomga muvofiq mahalliy sharoitlardan
kelib chiqqan holda alohida boshlang'ich (1-3-sinflar),
8 yillik (1-8-sinflar) va o'rta (1 -10-sinflar)
maktablariga aylantirildi. Ishlab chiqarish ta'limi
berish maqsadida maktablararo o'quv-ishlab chiqarish
kombinatlari tuzildi. Shahar va tumanlarda kasbhunar
bilim yurtlari tashkil etildi. Ko'pchilik maktablarda
yoshlarni o'quv mashg'ulotlaridan keyin
maktabda olib qolish, ularga ta'lim-tarbiya berish ishlari
yo'lga qo'yildi, ya'ni kuni uzaytirilgan maktablar
tashkil topdi. Alohida fanlarni chuqur o'rgatuvchi
maktablar, shuningdek, aqliy va jismoniy zaif bolalar
maktablari vujudga keldi.
70-yillarning o'rtalarida umumiy o'rta ta'limga
o'tish yakunlandi. 1965-1985-o'quv yillari orasida
o'tgan 20 yil davomida barcha turdagi umumta'lim
maktablari 8716 tadan 9188 taga ko'paydi, o'quvchilar
soni esa 3055,8 ming boladan 6519,6 ming bolaga
ko'paydi. 1965-1985-yillarda respublika maktablarida
o'rta ma'lumot olganlar soni 5,7 million kishidan
oshdi.
Shunga qaramay, xalq ta'limida jiddiy muammolar
hal etilmadi. Maktablar sinf xonalarining soni qanchalik
oshmasin, bolalar sonining tabiiy o'sishidan
orqada qolaverdi. Maktab binolarining yetishmasligi,
moddiytexnik jihatdan zaifligi surunkali kasallikka
o'xshardi.

Maktablarda ta'lim-tarbiya ishlarining mazmuni kommunistik
mafkuraga bo'ysundirilgan, KPSS rejalari va dasturlari
doirasiga, qolipiga solib qo'yilgan edi. Ta'lim-tarbiya
milliy xususiyatlar, tarixiy-ma'naviy qadriyatlar, an'analarni
inobatga olmasdi. Shuningdek, maktablar umuminsoniy
qadriyatlardan ham tobora begonalashtirildi. O'quvchilarning
bilim asoslarini egallashga qiziqishi so'nib bordi.

1984-yilda sovet hokimiyati yoshlarga ta'lim va tarbiya
berish mazmunini yaxshilash maqsadida maktab
va hunar-texnika bilim yurtlarini isloh qilishga qaror
qildi. Maktablarda Informatika va hisoblash texnikasi
asoslari kursini o'qitish, barcha maktablarni mikrokalkulator,
elektr hisoblash mashinalari, kompyuterlar
bilan ta'minlash kabi vazifalar qo'yildi. Ammo respublikaning
ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli bu vazifani bajarishni
ta'minlay olmadi. Maktab islohoti iqtisodiy va ijtimoiy
tangliklar orqasida qolib ketdi. Ta'lim-tarbiya
jarayonini jahon andozalari darajasiga ko'tarish tomon
qilingan yana bir urinish samarasiz tugadi.

Oliy va o'rta maxsus
ta'lim

Oliy va o'rta maxsus o'quv
yurtlari malakali mutaxassislar
tayyorlash maskanidir.
Respublikada oliy va o'rta maxsus ma'lumotli mutaxassislar
tayyorlash iqtisodiy va madaniy qurilish ishlari,
taraqqiyot istiqbollari bilan bog'langan holda olib
borildi.
Urushdan keyingi yillarda oliy va o'rta maxsus
ta'lim ancha o'sdi. 50-yillarda 3 ta oliy o'quv yurti -
Andijon meditsina instituti, Toshkentda Elektrotexnik
aloqa, Fizkultura institutlari, 60-yillarda yana 8 ta
yangi oliy o'quv yurti - Andijon paxtachilik instituti,
Farg'ona politexnika instituti, Samarqand arxitekturaqurilish
instituti, Termiz, Sirdaryo, Toshkent viloyat
pedagogika institutlari, Andijon tillar pedagogika
instituti, Toshkent rus tili va adabiyoti pedagogika
instituti tashkil etildi. 70-yillarda yana 5 ta oliy o'quv
yurti - Nukus davlat universiteti, Toshkent avtomobil
yo'llar instituti, Pediatriya instituti ochiidi. Shuningdek,
yangi fakultetlar, viloyatlarda yirik oliy o'quv
yurtlarining filiallari ochiidi. Yangi mutaxassisliklar
bo'yicha kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yildi. 

1960-yilda 30 ta oliy o'quv yurtlarida mutaxassislar
tayyorlangan bo'lsa, 1985-yilda ularning soni 42 tani
tashkil etdi. 1961-1985-yillardan respublika oliy o'quv
yurtlari 828 mingga yaqin muhandislar, iqtisodchilar,
agronomlar, huquqshunoslar, o'qituvchilar, madaniyat va
san'at xodimlari yetishtirib berdi. Shuningdek, o'rta maxsus
o'quv yurtlari tarmog'i ham kengaydi. 1960-yilda 75 ta
o'rta maxsus o'quv yurtlari faoliyat ko'rsatgan bo'lsa,
1965-yilda ularning soni 249 taga yetdi. 1961- 1985-yillarda
1 mln. 135 mingga yaqin o'rta maxsus ma'lumotli
mutaxassis kadrlar tayyorlandi.

Mutaxassis kadrlarni tayyorlashda jiddiy kamchiliklarga
ham yo'l qo'yildi. Mutaxassislar tayyorlashda
ekstensiv metod, ya'ni son jihatdan ko'p kadrlar tayyorlash
birinchi o'rinda bordi. Kadrlar tayyorlash sifatini
ko'tarish sohasidagi sa'y-harakatlar kutilgan natija
bermadi. Buning sabablari anchagina:
- o'quv yurtlarining moddiy texnik bazasi talabalarning
o'sish darajasidan ancha past darajada
bo'ldi, zamonaviy texnika vositalari bilan yetarli darajada
ta'minlanmadi;
- Respublika partiya va sovet organlari tomonidan
oliy o'quv yurtlari uchun har bir viloyatdan talabalar
qabul qilish rejasi belgilangan bo'lib, bu rejani qanday
qilib bo'lsa ham bajarish majburiy edi. Bu o'z navbatida
bilim saviyasi nihoyatda past bo'lgan yoshlarning
ham oliy o'quv yurtlaridan o'rin olishiga olib keldi;
- oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlarida fan-texnika
taraqqiyoti ta'sirida o'quv rejalari va dasturlari 60-
70-yillarda uch marta o'zgardi, har safar o'qitiladigan
fanlar yangilari hisobiga ko'payib, o'quv materiallari
hajmi oshib bordi, talabalarning mustaqil o'qib o'rganishlari
uchun vaqt tobora kamayib bordi. Talabalarning
uzoq muddatli qishloq xo'jalik ishlariga jalb
etilishi o'quv jarayonlariga salbiy ta'sir ko'rsatdi.
O'quv yurtlarida keng tarqalgan foizbozlik, bir necha
fanlardan o'zlashtirmaganlarni kursdan kursga shartli
ravishda o'tkazish kadrlar tayyorlash sifatining pasayishiga
olib keldi;
- xalq xo'jaligining mutaxassislarga bo'lgan talabi
yaxshi o'rganilmadi, natijada kadrlar tayyorlashni rejalashtirishda
jiddiy xatolarga yo'l qo'yildi, ba'zi sohalar da keragidan ortiqcha mutaxassislar tayyorlandi,
boshqa sohalarda, ayniqsa texnika taraqqiyotining hal
qiluvchi tarmoqlarida kadrlar tanqisligiga yo'l qo'yildi;
- o'quv yurtlari faoliyatida tanish-bilishlik, oshnaog'
aynigarchilik, poraxo'rlik kabi salbiy holatlarning
tarqalishi ham kadrlar tayyorlash sifatini pasaytirdi,
son ketidan quvish ustunlik qildi. Bunday vaziyatda
yosh mutaxassislarning ma'lum qismi olgan bilimlarini
turmush bilan bog'lay olmadilar, g'oyaviy-professional
va axloqiy jihatdan yetuklik va qat'iylik ko'rsata
olmay, ko'zbo'yamachilik, qo'shib yozish yo'liga kirib
qoldilar. Respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida
keng tarqalgan salbiy holatlarning ildizi mutaxassislar
tayyorlashdagi nuqsonlarga borib taqaladi, albatta. 

Fan

Urush yillarida tashkil etilgan
O'zbekiston Fanlar akademiyasi
respublikada ilm-fanning markazi bo'lib
qoldi. 1946-1990-yillarda ko'plab yangi ilmiytadqiqot
institutlari, laboratoriyalar, ilmiy stansiyalar
tashkil etildi. 80-yillarning boshlariga kelib akademiya
tarkibida Qoraqalpog'iston ASSR filiali va 35 ilmiy tadqiqot
muassasalari faoliyat ko'rsatdi. 38 ming ilmiy xodim,
shu jumladan, 1215 fan doktori, 15664 fan nomzodi
fanning turli sohalarida tadqiqot ishlari olib bordi.
Paxtachilik, sug'orish ishlariga doir kompleks
tadqiqotlar olib borildi. O'zbekiston tuproqlarining
klassifikatsiyasi tuzildi, u iqlimiy rayonlashtirildi, kartalashtirildi.
60-yillarda akademik S. N. Rijov sug'oriladigan
tuproqlarning unumdorlik darajasi haqidagi
tushunchani ishlab chiqdi va sug'oriladigan tuproqlar
tip sifatida belgilandi. A.N. Askomchenskiy, V.V. Pavlovskiy,
R. A. Alimov va boshqalar suv to'g'onining
yangi konstruksiyasi, gorizontal va vertikal zovurlar
sistemasi, g'o'za o'stirishning takomillashgan texnologiyasini
ishlab chiqdilar. Bu tadqiqotlar Mirzacho'l,
Dalvarzin, Sherobod, Qarshi cho'llari, Markaziy Farg'
ona va boshqa zonalarda katta maydonlarni o'zlashtirish
va qishloq xo'jaligida foydalanishga ko'maklashdi.
Akademik A. S. Sodiqov g'o'zadan o'stiruvchi moddalar
va boshqa preparatlar sintez qildi. H. A. Rahmatullin, U. O. Oripovlar aniq ekish maqsadida chigitni
tuksizlantirishning mexanik va aerokimyoviy
usullarini ishlab chiqdilar. Seleksioner olim S.M.Mirahmedov
va boshqalar paxtaning Toshkent-1,
Toshkent-2, Toshkent-3, Toshkent-4 singari
hosildor, tezpishar, tolasi sifatli yangi navlarini
yetishtirdilar. Sholining 20 dan, sabzavot va poliz ekinlarining
50 dan, meva, rezavor-meva va uzumning 60
dan ortiq navlari yetishtirildi. Tut, ipak qurtining mahsuldor
zotlari yaratildi, uni boshqarishning ilg'or
usullari ishlab chiqildi.
O'zbekiston geologiyasini o'rganish, foydali qazilmalarni
topish borasida katta yutuqlarga erishildi.
1946-1959-yillarda yer po'sti yadro taraqqiyoti,
rudalarning intruziyalar bilan bog'liqligi va boshqalar
haqidagi ilmiy konsepsiyalar ishlab chiqildi. O'zbekistonlik
olimlarning yer po'sti va yuqori mantiyasini
o'rganish, zilzilalarning geoximik darakchilarini
aniqlash sohasidagi tadqiqotlari va xulosalari xalqaro
maydonda e'tirof etildi. H. M. Abdullayev, I.X.Hamraboyev,
I. M. Isomuhamedov, X.N.Boymuhamedov,
K. L. Boboyev, A. M. Akramxo'jayev, X.T.To'laganov,
G'. M. Mavlonov va boshqa olimlar dunyo rudali-petrografik
provinsiyalari klassifikatsiyasi, elementlarining
geoximik klassifikatsiyasi, O'rta Osiyo litosferasining
geologik-geoflzik modellarini ishlab chiqdilar. Oltin,
gaz va neft qazib chiqaruvchi sanoatlar, shisha, keramika,
abraziv materiallar sanoati tarmoqlarini barpo
etishga, aholi manzillarida yerosti suvlaridan foydalanishni
yo'lga qo'yishga ko'maklashdilar.
O'zbekistonda mashina va mexanizmlar nazariyasining
rivojlanishi M. T. O'rozboyev, H. A. Rahmatullin,
V. Q. Qobulov, H. H. Usmonxo'jayev,
G. A. Kojevnikovlar nomi bilan bog'liq. Ular mashina
va mexanizmlar nazariyasi bo'yicha ilmiy maktabga
asos soldilar. Paxta terish mashinalari unumdorligini
oshirish va stabilligi nazariyasi, richagli mexanizmlarni
sintez qilishning yangi ilmiy yo'nalishi ishlab chiqildi.
Respublikada 1966-yilda Kibernetika instituti
tashkil etilgach, akademik V. Q. Qobulov yetakchiligida
sanoat va boshqa ishlab chiqarish korxonalarida kibernetika va hisoblash texnikasi vositalari
asosida boshqarishning avtomatlashtirilgan sistemalari
yaratildi va joriy qilindi.
Akademik H. U. Usmonov rahbarligidagi kimyogarlarning
ko'p yillik tadqiqotlari natijasida paxta
tolasining pishib yetilish jarayoni ochib berildi,
texnologik xususiyatlar paxta navlariga bog'liq ekanligi
aniqlandi, mashina terimining qulay muddatlari
topildi. H. U. Usmonov jahonda eng yaxshi standartli
paxta sellyulozasini olish texnologiyasini ishlab chiqdi,
g'ijimlanmaydigan gazlamalar olish usulini, bir
qator polimer dorilarni yaratdi.
Akademik O. S. Sodiqov va S. Y. Yunusov yetakchiligidagi
kimyogarlar o'simlik moddalari (alkoloidlar,
yurak glikozidlari, yog'lar, oqsillar, uglevodlar va
boshqalar), tabiiy birikmalar va sintetik moddalar ustida
kompleks tadqiqot olib borib, 400 ta dorivor o'simliklar
turini o'rgandilar, 300 dan ortiq alkoloidni, jumladan,
164 ta yangilarini aniqladilar. G'o'zadan 80 dan
ortiq moddalar ajratib olindi va tekshirildi. O. S. Sodiqov
bioorganik kimyo fanining vujudga kelishiga
ma'lum hissa qo'shdi. Olim ixtiro qilgan limon va
olma kislotalari olish texnologiyasi ko'rgazmalarda
oldingi o'rinlarni egallab, oltin medalga sazovor bo'ldi.
Kardiolog olimlar yurak qon-tomir kasalliklari ustida
ilmiy tadqiqotlar qilib, gipertoniya kasalligi,
ateroskleroz, miokard infarkti, stenokardiya, revmatizm
kasalliklarining respublika iqlim sharoitiga bog'liq
xususiyatlarini ochib berdilar, bu kasalliklarni davolash,
oldini olish metodlarini takomillashtirdilar.
O'zbekiston kardiologiya institutida yurakning ishemik
kasalligi va gipertoniya kasalligining ba'zi tomonlari
bo'yicha yangi ilmiy xulosalar qildilar, davolash
yo'llarini ishlab chiqdilar.
Nevropotologiya va psixiatriya sohasida asab sistemasining
infeksion va qon tomiriari kasalliklari
atroflicha o'rganildi. N. Majidov, M. H. Qoriyev,
R.P. Po'latova va boshqa olimlar asab sistemasi, qon
tomiriari kasalliklari, miyaga qon quyilishi natijasida
vujudga keladigan insult, o'tkinchi miya qon aylanishining
buzilishi kabi kasalliklarning kelib chiqish sabablari, rivojlanishi, davolash va oldini olish metodlarini
ishlab chiqdilar.
Ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida ham birmuncha
muhim tadqiqotlar olib borildi. Arxeolog, etnograf,
antropolog olimlarning izlanishlari natijasida o'zbek
xalqining etnik tarkibi, etnogenezi shakllanishi tarixiga
oid asarlar yaratildi. O'zbekiston qadimgi davrdan
odamlar yashab kelayotgan o'lka ekanligi, ajdodlarimiz
bundan 3000-2500 yillar ilgari shaharlar bunyod
etgan, boy moddiy va ma'naviy madaniyatga ega
bo'lgan xalq ekanligi isbotlandi. Biroq ijtimoiygumanitar
fanlar sohasidagi tadqiqot ishlari marksizmleninizm
doirasida qolib ketdi. Sotsializm g'alabasi,
O'zbekistonning nokapitalistik taraqqiyot yo'li, rivojlangan
sotsializm qurilganligini asoslash, millatlar va
sinflarning yaqinlashuvi natijasida kishilarning yangi
tarixiy birligi - sovet xalqining vujudga kelishi kabi
behuda samarasiz masalalar bilan o'ralashib qoldi.

Adabiyot

50-80-yillarda adabiyotda
roman va povest janrlari
rivojlandi. Urush voqealari, mehnatkashlarning front
orqasidagi mehnati Oybekning Nur qidirib, Sh.
Rashidovning Qudratli to'lqin, Shuhratning Shinelli
yillar, Said Ahmadning Ufq, O. Yoqubovning
Er boshiga ish tushsa, H. G'ulomning Toshkentliklar
 romanlarida aks ettirildi.
Urushdan keyingi tiklash va tinch qurilish davri
hayotini tasvirlovchi Oltin vodiydan shabadalar (Oybek),
Qo'shchinor chiroqlari va Sinchalak (A. Qahhor),
G'oliblar va Bo'rondan kuchli (Sh. Rashidov),
Ixlos (I. Rahim) kabi romanlar va povestlar
yaratildi. Yozuvchi Parda Tursunning O'qituvchi
romani qishloq ziyolilarining faoliyatini ochib berdi.
Pirimqul Qodirovning Uch ildiz va Qora
ko'zlar, O. Yoqubovning Muqaddas va Diyonat,
Mirmuhsinning Umid asarlarida yosh zamondoshlarning
ma'naviy qiyofasi, hayoti va mehnati o'z ifodasini
topdi. Rahmat Fayziyning Hazrati inson,
O'.Umarbekovning Qiyomat qarz, O'. Hoshimovning
Nur borki, soya bor romanlarida odob-axloq,
tarbiyaviy masalalar mahorat bilan bayon etildi. G'afur G'ulom, Zulfiya, Uyg'un, H. G'ulom,
T. To'la, Q. Muhammadiy, M. Shayxzoda, Sulton
Akbariy, S. Zunnunova va boshqa shoirlar o'zbek
she'riyatini yangi bosqichga ko'tardilar. Habibiy,
Sobir Abdulla, Chustiy, Po'lat Mo'min, Akmal Po'lat
va boshqalar o'zbek qo'shiqchiligini zamonaviy
mavzular bilan boyitdilar.
O'zbek she'riyatining 60-80-yillardagi taraqqiyoti
A. Oripov, E. Vohidov, J. Kamol, N. Narzullayev,
B. Boyqobilov, G. Jo'rayeva, O. Hojiyeva, H. Xudoyberdiyeva,
O. Matjon va boshqa ko'plab shoirlarning
ijodiy kamoloti bilan bog'liq holda ro'y berdi.
Uyg'unning Abu Rayhon Beruniy, O. Yoqubovning
Ulug'bek xazinasi, M. Shayxzodaning Mirzo
Ulug'bek kabi tarixiy mavzudagi asarlari yaratildi.
Biroq adabiyot ham kommunistik mafkura doirasidan
chiqa olmadi. Badiiy asarlar, asosan, ommaga
mafkuraviy ta'sir etuvchi vosita rolini bajardi.
Yozuvchi va shoirlar sinfiylikka, partiyaviylikka,
marksizm-leninizm aqidalariga asoslangan holda ijod
qilishga majbur bo'ldilar. Ijod erkinligining chegarasi
partiya organlari va senzura tomonidan belgilanar edi.
Shu boisdan badiiy asarlarda jamoatchilikni to'lqinlantirib
kelayotgan haqiqiy ijtimoiy va ma'naviy
muammolar o'z ifodasini topmadi.

San'at

O'zbekistonda teatr va
musiqa san'ati birmuncha
o'sdi. Hamza nomidagi o'zbek drama teatri jamoasi
Shekspirning Otello va Yuliy Sezar, Uyg'unning
Navbahor, Abdulla Qahhorning Shohi so'zana,
N. Hikmatning Bir sevgi afsonasi, R. Tagorning
Gang daryosining qizi, Uyg'un va I. Sultonning
Alisher Navoiy, M. Shayxzodaning Mirzo Ulug'-
bek asarlarini sahnalashtirdi.
M. Ashrafiy nomidagi O'zbek davlat konservatoriyasi
va o'zbek filarmoniyasining musiqiy jamoalari
va boshqa respublikalar bastakorlarining asarlarini
targ'ib qildilar. Faqat T. Jalilov nomidagi O'zbek
davlat orkestri repertuaridan 1300 ga yaqin asarlar
o'rin oldi. Lazgi, Shodlik, Go'zal xoreografik
ansambllari ham o'zbek va boshqa qardosh xalqlar ashula va raqslarini namoyish
etdilar. Bahor
xalq raqs ansambli, Yalla
vokal cholg'u ansambllari
jamoalarining konsertlari
xalqqa manzur bo'ldi.
O'zbekiston teatr jamoalari
60-70-yillarda
I.Sultonning Noma'lum
kishi, S. Azimovning
Qonli sarob, Oybekning
Qutlug' qon, Uyg'unning
Qotil, A. Qahhorning
Ayajonlarim, S. Ahmadning
Kelinlar qo'zg'
oloni, O'. Umarbekovning
Shoshma, quyosh va
boshqa asarlarini sahnalashtirib,
tomoshabinlar olqishiga sazovor bo'ldilar.
Bular jumlasiga O'zbek akademik teatri tomonidan
sahnalashtirilgan jahon klassikasi shoh asarlari -
V. Shekspirning Qirol Lir, Hamlet dramatik asarlarini
ham kiritish mumkin.
O'zbek teatrining rivojlanishiga rejissyorlardan
M. Uyg'ur, Y. Bobojonov, A. Ginzburg, T. Xo'jayevlar,
aktyorlardan Abror Hidoyatov, O. Xo'jayev,
A. Bakirov, S. Eshonto'rayeva, Sh. Burhonov, N.Rahimov,
R.Hamroyev, Z.Muhammadjonov, B.Qoriyeva,
Y.Abdullayeva, G'.A'zamov, Y.Ahmedov, T.Oripov,
T. Azizov, Q.Xo'jayev, P.Saidqosimov va boshqa
san'atkorlar salmoqli hissa qo'shdilar. Xalqimiz o'zbek
san'atini baland ko'targan Y.Rajabiy, H.Nosirova,
M.Turg'unboyeva, Tamaraxonim, G.Izmailova, S.Qobulova
nomlarini hurmat bilan e'zozlab kelmoqda.
1946-1985-yillar O'zbekiston kino san'atining
yuksalish yillari bo'ldi. N. G'aniyev yaratgan Tohir va
Zuhra (1945), Xo'ja Nasriddinning sarguzashtlari,
Farg'ona qizi kabi kinofilmlar xalq olqishiga sazovor
bo'ldi. K.Yormatov yaratgan Alisher Navoiy (1947)
biografik-tarixiy filmi shuhrat qozondi. 50-60-yillarda
rejissyor K.Yormatovning Ibn Sino (1957), Osiyo ustida bo'ron (1965),
Qora konsulning halokati
(1970) filmlari, rejissyor
L.Fayziyevning Ulug'bek
yulduzi (1965) filmida
o'zbek xalqining tarixiy
o'tmishi aks ettirildi.
60-70-yillarda o'zbek
kino san'atiga yosh, talantli
rejissyorlar, aktyorlar kirib
keldi. Sh. Abbosov,
A. Hamroyev, R. Botirov,
E. Eshmuhamedov, H. Ahmarov
shular jumlasidandir.
Sh. Abbosovning
Mahallada duv-duv gap
(1961), Sen yetim emassan
 (1963), Toshkent - non shahri (1970), Abu
Rayhon Beruniy (1974), A. Hamroyevning Shiddat
(1971), R. Botirovning Seni kutamiz, yigit (1972),
E. Eshmuhamedovning Nafosat (1967) va Umid
qushi (1975) kabi filmlarida davr farzandlarining hayoti,
izlanishlari tasvirlangan. Rejissyor M. Qayumovning
Bahordan bahorgacha (1963), Mirza-cho'l (1975), Paranji (1977) lentalari Butunittifoq
va jahon kinofestivallarida tomoshabinlarga manzur
bo'ldi va birinchi yuksak mukofotlarga sazovor bo'ldi.

1968-yildan boshlab Toshkentda har 2 yilda bir marta
Tinchlik, sotsial taraqqiyot va xalqlar ozodligi uchun
shiori ostida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining
xalqaro kinofestivali o'tkazilib turildi.
Bu o'zbek kino san'atining rivojlanishiga ijobiy ta'sir
etdi, albatta. Biroq kino san'ati ham mafkuraviy zug'um
ostida bo'ldi, kommunistik mafkura, marksizm-leninizm
g'oyalarini kinofilmlar orqali tashviq qilish ustun o'rinni
egalladi.

Bu yillarda tasviriy san'at ham rivojlandi. Ch. Ahmarov
va O'.Tansiqboyevlar devoriy rasmlar, mozaika
va manzara janri bo'yicha, V. Y. Kaydalov va M.Nabiyevlar
portret janri bo'yicha muhim asarlar yaratdilar.
Rassomlar, haykaltaroshlar va arxitektorlar birlashib
yirik monumental binolarni, maydonlarni
ta'mirlash, naqshlar, rassomlik va haykaltaroshlik
asarlari bilan bezatish an'anaga aylandi. Poytaxtning
yirik jamoat binolari M. Usmonov rahbarligida ganch
o'ymakorligi, Q. Haydarov va O. Fayzullayev rahbarligida
yog'och o'ymakorligi bilan bezatildi.
O'zbekistonda qadimdan sirk san'ati rivojlanib kelmoqda.
1976-yilda Toshkentda zamonaviy sirk
binosining qurilib foydalanishga topshirilishi sirk
san'atining yanada rivojlanishiga qulay imkoniyat
yaratdi. O'zbek sirk ustalari Toshkenboyevlar,
Zaripovlar, Xo'jayevlar, Madaliyevlar va masxarabozqiziqchi
Akrom Yusupov va boshqalarning chiqishlari,
dasturlari nafaqat O'zbekistonda, shuningdek, boshqa
mamlakatlarda ham muvaffaqiyatli namoyish qilindi
va tomoshabinlarga manzur bo'ldi.
Shunday qilib, respublika madaniy-manaviy hayotida
1946-1990-yillarda muayyan yutuqlarga erishildi.
Xalq maorifi, oliy va o'rta maxsus ta'lim tarmog'i
ancha rivojlandi, aholining umumiy savodxonlik darajasi
o'sdi, mutaxassislar, ijodiy ziyolilar safi sezilarli
darajada kengaydi. Fan, adabiyot, san'at rivojlandi.
Ilmiy, badiiy va musiqa asarlari yaratildi, ma'naviy
hayotda iste'dodli yoshlar o'rin oldi.
Biroq ma'naviy hayotda muammolar ham to'p lanib bordi, ziddiyatlar yanada kuchaydi. Umuminsoniy
qadriyatlar va har bir xalqning milliy xususiyatlariga
sinfiylik, partiyaviylik tamoyili asosida yondashadigan
KPSSning madaniy siyosati ma'naviy
hayotni inqirozga duchor etdi. Ma'naviy madaniyatni
kommunistik mafkuralashtirish, ma'naviy hayotni
ma'muriy-buyruqbozlik usullari bilan boshqarish
madaniy hayotga zarar yetkazdi, uni tanazzulga
uchratdi. O'zbek xalqi nafaqat o'z milliy qadriyatlari,
an'analari va tilidan, shuningdek, umuminsoniy
qadriyatlardan ham tobora begonalashtirib borildi. 

Sharof Rashidov -
davlat va jamoat arbobi

Xalqimizning otashqalb farzandi
Sharof Rashidov
atoqli davlat va jamoat
arbobi, iste'dodli adib sifatida Vatanimiz tarixida
o'chmas iz qoldirgan. Fashizmga qarshi Ikkinchi
jahon urushida shaxsan qatnashib, urush haqida asarlar
yozgan. Rashidov yozuvchi sifatida xalq e'tiborini
qozondi. 1949-1950-yillarda O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi boshqaruvining raisi bo'lib ishladi.
O'zining Bo'rondan kuchli, Qudratli to'lqin,
G'oliblar romanlari bilan yozuvchilar qatoridan
munosib o'rin oldi.
50-yillardan boshlab
Sh. Rashidov faoliyatida
yanada mas'uliyatli davr
boshlandi. U 1950-yilda
O'zbekiston Oliy Kengashi
Rayosatining Raisi etib
saylandi.
Sh. Rashidov 1959-yildan
e'tiboran to umrining
oxirigacha respublikaning
birinchi rahbari sifatida
O'zbekiston Kompartiyasi
Markaziy Qo'mitasini
boshqardi. U qariyb chorak
asr davomida respublikaga
yetakchilik qildi. Sh. Rashidov
faoliyatiga nazar
solar ekanmiz, avvalambor, o'sha davrning o'ta murakkabligini, ziddiyatliligini
inobatga olish lozim bo'ladi.

Bu murakkab shaxs, bir tarafdan, milliy manfaatlarni
o'ylashga, ikkinchi tarafdan, Markazdan kelgan, tub manfaatlarga
zid buyruqlarni hayotga tatbiq etishga majbur
bo'lganini unutmasligimiz zarur. Uning umri sandon bilan
bolg'a o'rtasiga qo'yilgan edi, desak aslo mubolag'a
bo'lmaydi.
Islom Karimov. Xalqimizning otashqalb farzandi. O.:
O'zbekiston, 1992. 15-bet.

Eng og'ir sharoitlarda ham Sh. Rashidov xalqiga
farzandlik burchini ado etdi. Markazdan kelgan
buyruqlarni yumshatishga, Markaziy hokimiyatdan
yurt obodonligi, farovonligi uchun butun choralar
bilan foydalanishga harakat etardi. O'zbekistonda
60-80-yillarda bunyod etilgan ko'plab sanoat korxonalari,
yirik inshootlar Sh. Rashidov nomi bilan
bog'liqdir. Mirzacho'l, Qarshi, Jizzax, Yozyovon,
Surxon-Sherobod cho'llarining o'zlashtirilishida
uning xizmatlari katta. Kechagi cho'l-u biyobonlar
bog'-rog'larga aylantirildi, yuzminglab yurtdoshlarimiz
u yerlarda o'zlarining rizq-ro'zlarini topdilar.
Sh. Rashidov rahbarligi davrida O'zbekistonda
Navoiy, Zarafshon, Uchquduq, Yangiyer va Guliston
kabi yirik shaharlar, o'nlab boshqa shahar va tumanlar
barpo etildi. Sh. Rashidovning davlat va jamoat arbobi
sifatida o'zbek xalqini dunyoga tanitishdagi xizmatlari
beqiyosdir. Jahonda Toshkent ruhi sifatida 1966-
yilda vujudga kelgan mashhur tushuncha Sh. Rashidov
nomi bilan bevosita bog'liqdir. Bu Toshkentda tuzilgan
xalqaro harakatdir. Sh. Rashidov Osiyo va Afrika
yozuvchilari hamkorligi harakatining, Osiyo, Afrika va
Lotin Amerikasi mamlakatlari xalqaro kinofestivalining,
Hindiston va Pokiston o'rtasida tinchlik sulhi
imzolanishining tashabbuskoridir. U o'zbek nomini
ulug'lash uchun uning eng yuksak fazilatlarini namoyon
qilishga jonini fido etgan insondir. Shu tufayli ham
bu hurmatli inson xalqimiz yuragidan munosib joy
olgan va uning mehriga sazovor bo'lgan edi.
Biroq Sh. Rashidov vafot etgach, uning xotirasi
oyoqosti qilindi va sharof rashidovchilik atamasi
o'ylab topildi. 

Haqiqat egilsa egiladiki, sinmaydi. O'zbekiston xalqi
Sharof Rashidov o'zining munosib farzandi ekanini isbotlab
oldi. Haqiqatning ro'yobga chiqishida xalqimizning
yana bir sodiq va zabardast farzandi Islom Karimovning
xizmatlari katta bo'ldi.
Prezidentimiz I. Karimovning mardligi, jasorati, g'ayratshijoati
Markazdagi siyosiy qimorbozlar bilan oramizdan
chiqqan munofiqlar, mansabparastlar to'qib chiqargan
nayranglardan ustunlik qildi. Xalqimizning otashqalb
farzandi, yirik davlat va jamoat arbobi Sh. Rashidovning
nomi oqlandi va shu bilan birga o'zbek xalqining izzatnafsi,
milliy g'ururi ham himoya qilib qolindi.

Haqiqat va adolatning tiklanishi xalqimizning yuksak
ma'naviy qudrati, kuchi bor ekanligini dunyoga
yana bir bor namoyish etdi. Sh. Rashidovning qutlug'
nomi Vatanimiz tarixidan munosib o'rin egalladi,
avlodlar tomonidan hurmat va g'urur bilan tilga olinadigan
tarixiy xotira bo'lib qoldi.