3-. TURKISTONDA SOVETLAR BOSHQARUVI
TIZIMINING MUSTAHKAMLANISHI

Turkiston Sovet
Avtonom Respublikasining
tuzilishi

Sovet hokimiyati mutasaddilari
qanday qilib bo'lmasin
Turkistonda chuqur ildiz
otish, mahalliy xalqlarni o'z
izmilariga bo'ysundirish, asta-sekin ularning ishonchini
qozonib, sovet tuzumi qurilishi jarayoniga faol jalb
qilish sari astoydil kirishdilar. Ular kelgusida mahalliy
vatanparvar kuchlarning Turkiston Muxtoriyatiga
o'xshagan xalq hokimiyati boshqaruvini yangidan
qayta tiklashiga izn bermaslik uchun sovet hokimiyatchiligiga
milliy, mahalliy shakl-shamoyil berishni
o'z oldilariga maqsad qilib qo'ydilar. Bunga erishish
uchun barcha usullar-u, ta'sir ko'rsatish vositalari
ishga solindi. Sovet hokimiyati, Turkistonda sovet
avtonom respublikasini tuzish tashabbusi-yu uni bevosita
tashkil qilish ishlari bilan shug'ullandi. Jumladan,
sovet hukumatining favqulodda komissari P. A. Kobozev,
RSFSR millatlar ishi komissarligi xodimlari
X. Ibragimov, A.Sh. Klevleyev singarilar bu ishda
bosh-qosh bo'ldilar. Ular Markaz elchilari sifatida
mahalliy sovet rahbarlari bilan yaqin hamkorlikda yerli
aholi o'rtasida zo'r berib sovet hokimiyatini qo'llabquvvatlashga,
uning milliy siyosatini izchil amalga
oshirishga da'vat etib faol tushuntirishlar olib bordilar.
Turkistonda sovet avtonomiyasi (muxtoriyati)ni
rasmiy tashkil qilish masalasi 1918-yilning 20-aprelidan
1-mayigacha Toshkentda bo'lib o'tgan o'lka
sovetlarining V syezdida ko'rib chiqildi. Bolsheviklar
fraksiyasi taklifi asosida syezd qabul qilgan Turkiston
sovet respublikasi to'g'risida qoidalarda RSFSR tarkibiga kiruvchi TASSR - Turkiston avtonom sovet
sotsialistik respublikasi ekanligi e'lon qilindi.
Turkiston avtonom respublikasining hududiy chegaralari
belgilandi. Uning oliy qonun chiqaruvchi organi
sifatida ishchi, askar, dehqon va musulmon-dehqonlar
sovetlari syezdi, uning doimiy faoliyat yurituvchi
organi qilib esa Markaziy Ijroiya Qo'mita belgilandi.
O'lkaning boshqaruvi, uning ijroiya funksiyalari Xalq
Komissarlari Kengashi tasarrufiga berildi. Joylarda esa
mahalliy sovetlar va ularning ijroiya qo'mitalari hokimiyat
funksiyalarini bajarishlari kerakligi ta'kidlandi.
O'lka syezdi Turkiston aholisining ko'p millatli tarkibini
hisobga olib, hukumat qoshida milliy ishlar xalq
komissarligini tashkil qildi. Joylarda uning bo'limlari
tuzilib, ularning zimmasiga turli millat kishilari o'rtasida
qizg'in tashkilotchilik va siyosiy ish olib borish,
milliy manfaatlarni himoya qilish vazifasi yuklatildi.
Shunday qilib, Turkiston avtonom sovet sotsialistik
respublikasi tuzilib, uning maqsad, vazifalari rasmiy
hujjatlarda belgilangan bo'lsa-da, biroq amalda u
mahalliy xalqlarning haqiqiy manfaatlariga emas, asosan
hukmron tuzum va uning o'lkadagi ta'sirini kuchaytirishga
xizmat qilardi. Negaki, bu muxtoriyat
hukumati yerli aholining milliy qiziqishlari, haqhuquqlarini
himoya qilishdan ko'ra sovet hokimiyatining
ildizini mustahkamlashni, Turkistonda sovetlar
hukmronligi ta'sirini kuchaytirishni ko'zda tutardi.
Shuning uchun ham chuqur sinfiylik tamoyillariga
asoslangan o'ziga xos davlat boshqaruvida hokimiyat
funksiyalari butunlay sovetlar va ularning organlari
ixtiyoriga berib qo'yilgan edi. Aslida bular tarkibi
asosan yevropalik millatlar vakillaridan tashkil topgan
ishchi, askar va dehqon deputatlari sovetlari bo'lib,
musulmon-dehqon deputatlari sovetlari esa ularga
bo'ysunuvchi maqomda e'tirof etilgan edi. Shuningdek,
Turkiston avtonom sovet respublikasi tuzilishida
bir tomonlama faqat hududiy tamoyillar hisobga olinib,
o'lka xalqlarining milliy tamoyillari e'tirofi o'z ifodasini
topmagan edi. Nihoyat, yana shu narsa taajjublanarliki,
Turkistonning sovet respublikasi, deb e'lon qilinishi na
yuridik va na siyosiy jihatdan hech bir demokratik
mazmunga ega bo'lmay, u xalq xohish-irodasiga, uning
qonuniy talablariga asoslanmagan edi. Loaqal buning
uchun xalq roziligini sinashning ishonchli demokratik
shakli - referendum singari tadbirlar ham o'tkazilmagandi.
O'lka syezdida respublikaning hokimiyat organlari
tuzildi. Turkiston respublikasi qonun chiqaruvchi
organi - Markaziy Ijroiya Qo'mitasining jami 36
a'zosidan atigi 9 nafari mahalliy millat kishilari edi.
Uning raisi etib favqulodda vakolat egasi, bolshevik
P.A.Kobozev saylandi. Shuningdek, bolshevik F.I.Kolesov
boshchiligida 16 kishidan iborat tuzilgan hukumat-
XKS tarkibiga ham 3 nafar mahalliy millat
vakillari kiritilgandi, xolos. Shu faktlarning o'zi ham
Turkiston sovet muxtoriyatining nima maqsadda va
kimlarning tub manfaatlarlni himoya qilishni ko'zlab
tuzilganligidan yaqqol dalolat beradi.
Markaziy hokimiyat Turkiston avtonom respublikasi
jilovini to'lig'icha qo'lga olish uchun o'lkadagi
mavjud bolshevistik tashkilotlarni birlashtirib, ular
negizida yagona kommunistik partiya tuzishga kirishdi.
Markaz ko'rsatmasi bilan bu borada ham 1918-yilning
birinchi yarmi davomida qizg'in ishlar olib borildi.
Safida 2 ming nafar a'zosi bo'lgan o'lka bolsheviklari
(kommunistlari)ning 1918-yil iyunida bo'lib
o'tgan I syezdida (unda ishtirok etgan 46 delegat ichida
atigi 6 nafari mahalliy millatlar vakillari bo'lgan)
Turkiston Kompartiyasi tuzilganligi e'lon qilinadi.
TKPning tuzilishi bilan Turkistondagi sovet davlatchiligi
yangi xususiyat kasb etib, uning bolshevistik
partiya rahbarligiga qaramligi kuchayadi. Negaki,
MIQ va XKS tarkibini tashkil etuvchilarning ko'pchiligi
bolsheviklar partiyasi a'zolari bo'lib, uning
ko'rsatma va intizom talabi bo'yicha ish yuritishga
majbur edi. Qabul qiladigan qonunlarni va qarorlarni
oldindan partiya Markaziy Qo'mitasiga taqdim etish
va uning roziligini olishga majbur bo'lib qoladilar. Bu
hol davlat qurilishining demokratik tamoyillariga mutlaqo
zid kelardi.
Turkiston avtonom sovet davlatchiligini huquqiy
jihatdan shakllantirish masalasida asosiy rol Moskva va
uning bolshevik yo'lboshchilari qo'lida bo'ldi. Xususan, ularning ko'rsatmalari asosida o'lkaning davlatchilik
maqomi va konstitutsiyaviy negizlari belgilandi.
Jumladan, Turkiston ASSRning konstitutsiyaviy tuzilishi
va huquqiy maqomini shakllantirish uchun
RSFSRning 1918-yilda qabul qilingan birinchi Konstitutsiyasi
to'la asos qilib olindi. O'lka xalqlari hayotiga
oid bu muhim masalalarni hal etish uchun 1918-yil
oktabrida Turkiston o'lka sovetlarining V syezdi
chaqirildi. Mazkur syezd Rossiya Federatsiyasining
muhim hujjatlariga, xususan, uning Konstitutsiyasiga
asoslanib, Turkiston avtonom respublikasining Konstitutsiyasini
qabul qildi. U Turkistonni Rossiya Sovet
Federativ Sotsialistik Respublikasining ajralmas, tarkibiy
qismi bo'lib qolishini, o'lka xalqlarining barcha
hayotiy masalalari uning mas'ulligida ekanligini
qonunlashtirdi. Binobarin, o'lkaning moliyaviy, mudofaa,
tashqi siyosat aloqalari, temiryo'llar, savdo, moliya
va shu singari muhim hayotiy sohalari RSFSR hukumati
tasarrufida bo'lishi syezd hujjatlarida o'z ifodasini
topdi. Syezd tasdiqlagan Turkiston avtonom respublikasi
oliy hokimiyati - Turkiston MIQ tarkibiga
mahalliy millat nomzodlari ham (jami 75 kishidan 20
nafari) kiritildi.
Shunday qilib, ulug' millat namoyandalarining
to'liq tashabbusi va homiyligida o'tgan va Turkiston
xalqlarining tub manfaatlariga, taqdiriga oid hujjatlarni
qabul qilgan o'lka sovetlarining V syezdi amalda
sovet hokimiyatining bu hududdagi to'la hukmronligini
qaror topdirishga xizmat qildi. Qabul qilingan
Turkiston Konstitutsiyasi ham aniq ifodalangan sinfiy
mazmunga ega bo'lib, unda o'lka xalqlarining ijtimoiy-
siyosiy va madaniy hayotining milliy o'ziga
xosligi, huquqiy himoyasi o'z aksini mutlaqo topmagan
edi. Mazkur konstitutsiya talabi bo'yicha,
mehnatsiz daromad hisobiga yashaydigan shaxslar,
din peshvolari, rohiblar, xususiy savdogarlar, tijoratchilar,
tadbirkorlar va hokazolar saylash va saylanish
huquqidan butunlay mahrum etildi. Shu tarzda,
qonun yo'li bilan Turkiston jamiyatining ko'pgina ijtimoiy
tabaqalari va guruhlari davlatni boshqarishda
qatnashish huquqidan chetlatilgan edi.
Turkiston Kompartiyasi va
uning Markaziy Qo'mitasi
tuzilganidan keyin uning
o'lka hayoti jabhalarida yuz berayotgan voqealar,
o'zgarishlarga ta'siri yanada kuchaydi. Buning ustiga bu
partiyaning RKP(b)ning ajralmas, tarkibiy qismi sifatida
tuzilishi, uning barcha rahbariy ko'rsatmalari, farmoyishlariga
bo'ysungan holda faoliyat yuritishi
Markaz yo'lboshchilariga Turkistondagi butun vaziyatni
o'z qo'llari ostiga kiritish imkonini tug'dirdi.
Turkistonda faoliyat ko'rsatayotgan sovet hukumati
garchand ikki partiya vakillari - bolsheviklar va so'l
eserlardan tashkil topgan bo'lsa-da, biroq bu tartib ham
uzoq davom etmadi. 1919-yil mart oyi boshlariga kelib,
o'lka bolsheviklari siquvi ostida eserlar vakillarining
mahalliy sovet hukumati tarkibidan mahrum etilganligi
buning aniq-ravshan isboti bo'ldi. Buning ustiga sovet
hokimiyatiga xavf solayotgan turli xil aksilinqilobiy
dushman kuchlar, yot unsurlarga qarshi kurash olib
borish maqsadida Favqulodda organlar (CHK) yoxud
Kambag'allar qo'mitasi singari tashkilotlarning tuzilishi
ham bu jarayonga o'z salbiy ta'sirini ko'rsatmasdan
qolmasdi. Chunki cheklanmagan vakolatlarga ega
bo'lgan bunday organlar keskin jazo choralarini
qo'llashda sovet hokimiyati nomidan ish ko'rar, kerak
bo'lsa hokimiyat organlari - sovetlarning vazifalarini
ham bajarardilar. Bu esa, tabiiyki, joylarda mahalliy
ishchi, dehqon va askar deputatlari sovetlarining noroziligiga
sabab bo'lardi. 1919-yil bahoriga kelib o'lkaning
Andijon, Namangan, Marg'ilon singari hududlarida
musulmon mehnatkashlari sovetlari tarkibida
favqulodda organlari sifatida muvaqqat inqilobiy qo'-
mitalar tashkil etilib, faoliyat yuritdilar. 1919-yil o'rtalariga
kelganda bunday organlar Turkistonning ko'plab
shahar va qishloq joylarida ham tashkil topib bordi.
Bolsheviklarning o'lkaning mahalliy shart-sharoitlari,
o'ziga xos xususiyatlarini, uning tub joy aholisining
hayotiy manfaatlarini hisobga olmasdan yuritgan
o'zboshimchalik va yakka hukmdorlik siyosati ularni
oxir-oqibatda mushkul ahvolga duchor etishi tayin
edi. O'lkaning ko'p sonli musulmon mehnatkashlagina emas, balki bu yerdagi ko'plab muxolifatchi
kuchlar, siyosiy doiralar ham kuchayib borayotgan
bolsheviklar yakka hokimligiga qarshi bosh ko'tara
boshladi. Buning yorqin ifodasi 1919-yil 19-yanvarda
harbiy komissar K. Osipov tomonidan uyushtirilgan
isyonda o'z aksini topdi. Bu harbiy isyon natijasida 14
nafar Turkiston komissarlari otib tashlandi. Biroq,
sovetlarga sadoqatli kuchlar, mahalliy ishchi va askar
deputatlari sovetlari, xususan, Toshkent temiryo'l korxonalari
ishchilarining qurollangan otryadlari Osipov
isyonini darhol bostirib, sovet hokimiyatini saqlab
qoldilar. Ko'p o'tmay Turkistonning yuqori hokimiyat
organlari qaytadan tashkil etilib, ular yangi rahbar
kadrlar bilan to'ldirildi.
Turkiston muxtor respublikasining yangi rahbarlari
1919-yil yanvar isyoni saboqlaridan zarur xulosa
chiqarib, mahalliy millat ziyolilari va kommunistlari
vakillarini ham birin-ketin sovet organlari faoliyatiga
tortish hamda ularning o'z mahalliy tashkilotlarini
tashkil qilishlariga yo'l berishga majbur bo'ldilar. 1919-
yil martida Turor Risqulov (1894-1938) raisligida
o'lka musulmon kommunistlari byurosi (O'lka Musbyurosi)
tashkil etildi, uning organi - Ishtirokiyun
gazetasi tez orada nashr etila boshlandi. O'zbek tilida
chiqadigan boshqa vaqtli matbuot nashrlari soni ham
ortib bordi. Mahalliy xalq orasida katta obro' va nufuz
qozongan, ko'p yillik inqilobiy kurash tajribasiga ega
bo'lgan T. Risqulov, N. To'raqulov, N. Xo'jayev,
A. Rahimboyev, Q. Otaboyev, S.Tursunxo'jayev, S. Segizboyev,
O. Bobojonov, A. Ikromov singari mahalliy
kommunistlar, yurt rahnamolari partiya va sovet
boshqaruvi ishlariga asta-sekin jalb qilib borildi.
Ularning ko'plari qanday rahbariy lavozimlarda va
murakkab sharoitlarda ish yuritmasinlar, o'z imkoniyatlari
darajasida o'z xalqi, millati manfaatlarini
ko'zlab, uning orzu-armonlarini ro'yobga chiqarish
uchun doimo kurashdilar. Masalan, Turor Risqulov
1920-yil yanvaridan to o'sha yilning iyuliga qadar
Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo'mitasi
raisi lavozimida ishlagan davrida Turkiston xalqlarining
chinakam milliy manfaatlari, ularning tub qiziqishlari,
o'ziga xoslik jihatlariga to'la-to'kis javob berolmaydigan,
faqat umumiy hududiy, sinfiy manfaatlardan nari
o'tmaydigan avtonom respublika o'rniga Turk respublikasi
 tuzish g'oyasini amalga oshirish uchun
sobitqadamlik bilan kurashdi. Chunki bu g'oya negizida
Turkistondagi azaliy qardosh va jondosh xalqlarning
umumiy, mushtarak maqsad-intilishlari mujassamlashgan
edi. Mazkur masalada bu fidoyi inson Moskvaga
qadar borib, u yerdagi Markaz rahbarlari bilan
uchrashib, o'z maqsad yo'lini adolatli hal etishga intildi.
Bunga erisholmagach, oxiri o'z vazifasidan iste'fo
berishga majbur bo'lgan. Uning o'rniga TurkMIQ raisligi
lavozimini egallagan boshqa taniqli mahalliy rahbarlardan
yana biri Abdulla Rahimboyevning faoliyati
ham keyinroq shunday natijasiz yakun topganligi
ayondir. Buning asosiy sababi, avvalo, bu o'lkaning
butun tasarrufi, taqdir-qismati mahalliy millat kishilari
orasidan yetishib chiqqan yetuk milliy arboblarga emas,
balki hukmron Markaz va uning Turkistonda katta
vakolatlar bilan ish yuritayotgan namoyandalariga ko'p
jihatdan bog'liq edi. Bunda ayniqsa, sovet hukumati va
RKP(b) MQ nomidan cheklanmagan favqulodda
vakolatlar bilan 1919-yil oktabrida Turkistonga yuborilgan
Turkkomissiyaning o'rni va roli alohidadir.
Turkkomissiyaning butun faoliyati o'lkada sovet va partiya
qurilishi ishlarini jadal sur'atlar bilan olib borish,
barcha kuch, vositalar, imkoniyatlarni shu asosiy
maqsadga qaratish, yangi tuzum asoslarini chuqur ildiz
ottirish sari yo'naltirildi. Shuningdek, Turkkomissiya
mutasaddilari o'z faoliyatlarida nafaqat Turkiston
o'lkasining ichki hayotiy masalalari va muammolari
bilangina cheklanib qolmasdan, balki Turkistonda
qo'shni davlatlar bilan ham har turli sohalarda tashqi
aloqalar bog'lash, muhim davlat shartnomalari va kelishuvlari
tuzish huquqlariga ham ega edilar. Eng
ajablanarlisi shuki, o'lkadagi partiya va hokimiyat
funksiyalarini o'z tasarrufiga to'liq kiritib olgan
Turkkomissiya a'zolari (V. Bokiy, F. Goloshchekin,
V.Kuybishev, Y. Rudzutak, M. Frunze, Sh. Eliava)ning
butun e'tibori bu hududda sovet tuzumiga qarshi
yo'nalgan harakatlarni barham toptirish edi. Ular
Turk Respublikasi, Turk Kompartiyasi g'oyasini
amalga oshirishga intilgan T. Risqulov, A. To'raqulov,
Q.Otaboyev singari mahalliy aholi vakillariga zulm
o'tkazish, jazolash, ularni yo'q qilish yo'lini tutdilar.
O'lka hayotida kechayotgan barcha ijtimoiy-siyosiy,
iqtisodiy va madaniy jarayonlar bilan bog'liq eng asosiy
masalalarning birortasi ham ularning izmisiz, ishtirokisiz
hal etilmas edi. Xullas, Turkkomissiya siymosida
o'lka hayotida zo'rlik bilan qaror toptirib borilayotgan
bolshevikiar diktaturasinmg butun bo'y-basti va mazmun-
mundarijasi mujassamlashgan edi.

Sovet hokimiyatining
iqtisodiy siyosati,
uning oqibatlari

Bolsheviklar butun Rossiyada
bo'lgani singari Turkistonda
nam hamma narsani,
jumladan, mulkni, ishlab
chiqarish tarmoqlarini umumlashtirish va milliylashtirish
vazifalarini hal etishni bosh maqsad qilib
qo'ydilar. Bu narsa ular avvaldan e'lon qilgan ko'plab
dasturiy hujjatlar, balandparvoz shiorlarda ham o'z
ifodasini topgan edi. Shuning uchun ham Turkistonda
o'rnatilgan sovet hokimiyati va uning barcha vakolatli
organlari zimmasiga qanday qilib bo'lmasin, bu tarixiy
missiyani hayotga izchil tatbiq etish vazifasi yuklangan
edi. Turkistonda bunga yetarli shart-sharoit
bormi yoki yo'qmi, uning yerli xalqlarining xohishirodasi,
istak-intilishi qanday - bular aslo hisobga
olinmagan edi. Buning ustiga 1917-1918-yillarga
kelib o'lkadagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol shu qadar
og'irlashib, murakkab tus olib borayotgan ediki, bundan
ayniqsa mahalliy aholi benihoya aziyat chekayotgandi.
Xususan, Birinchi jahon urushining mislsiz
og'ir asoratlari, sovet hokimiyatini o'rnatish chog'ida
xalqqa qilingan zulm va bedodliklar o'lka hayotini
chuqur tanglik va tanazzullikka duchor etgandi. O'lka
sanoat ishlab chiqarishining izdan chiqishi, transport
taqchilligi, ekin maydonlarining payhon bo'lishi,
paxta yetishtirishning qisqarishi iqtisodiy sohani rosmanasiga
halokat yoqasiga olib borib qo'yayozgandi.
Mana shunday qaltis vaziyatda sovet hokimiyatining
iqtisodiy sohada ko'rgan shoshilinch chora-tadbirlari
o'lka hayotini sog'lomlashtirish, oyoqqa turg'izishga
emas, balki uning yanada keskinlashib borishiga ta'sir
ko'rsatdi. Gap shundaki, bolsheviklar rejimi avval
boshdan xususiy mulkni yo'qotishga, xo'jalik hayotining
barcha sohalarida ijtimoiy-davlat mulkchiligini
avj oldirishga, xo'jalik tarmoqlarini qat'iy markazlashtirishga
yo'l tutdi. Iqtisodiy sohani boshqarishni
esa iqtisodiy usullar, uslublar bilan emas, balki ma'-
muriy-buyruqbozlik usullari bilan olib borishga e'tibor
berildi. Markaz tomonidan ishlab chiqilgan va barcha
hududlar uchun bir xil universal tarzda qo'llanishga
qaratilgan iqtisodiy sohadagi tadbirlar Turkistonda
ham to'la hajmda amalga oshirilib borildi. Bunda
ularning o'lka xalqlari hayoti uchun qanday oqibatlar
olib kelishi mumkinligi mutlaqo hisobga olinmadi.
1917-yil kuzidan o'lkadagi mavjud ishlab chiqarish
ustidan qat'iy ishchi nazorati o'rnatila boshlandi. Ayni
chog'da Turkiston sanoatining butun-butun tarmoqlarini
milliylashtirish boshlandi. 1918-yilning dastlabki
oylarida bu yerdagi sanoatning yetakchi tarmoqlari
- paxta tozalash, yog'-moy zavodlari, bosmaxonalar,
banklar, temiryo'llar, ko'mir va neft konlari va
shu singarilar milliylashtirilib, davlat tasarrufiga olindi.
Ularning soni 330 ga yetardi.
Shuningdek, yer to'g'risidagi dekret asosida yer
mulklarini musodara qilish va so'ngra milliylashtirish
jarayonining o'tkazilishi ham joylarda keskin noroziliklarning
kelib chiqishiga sabab bo'ldi. Asrlar davomida
xususiy tarzda xo'jalik yuritib kelgan mahalliy
aholi sovetlarning bu tadbirlarini xayrixohlik bilan
qabul qila olmadi. Ayniqsa, sovet hokimiyatiga qarshi
Turkistonda boshlanib ketgan qurolli harakatning
kuchayishi o'lka bolsheviklari hokimiyatini tang ahvolga
solib qo'ydi.
Markaz hukumati ishlab chiqqan hamda tarixga
harbiy kommunizm nomi bilan kirgan siyosatni
Turkistonda keng ko'lamda qo'llashga kirishildi. Bu
siyosatning asosiy yo'nalishi hamma narsani, har qanday
katta-yu kichik mulklar va korxonalarni, ishlab
chiqarish tarmoqlarini umumlashtirish, xalq xo'jaligini
boshqarishni esa qattiq markazlashtirgan holda
tashkil etishdan iborat edi. Aslida bu siyosat ocharchilik azobidan qiynalayotgan aholini emas, balki sotsialistik
inqilob va yangi tuzumni frontlarda himoya
qilayotgan qizil askarlarni va shuningdek, sovet
hokimiyatining asosiy ijtimoiy tayanchi bo'lib qolgan
ishchilar sinfini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashni
maqsad qilib qo'ygan edi.
1920-yil oxirlariga kelib Turkistonda 1075 ta sanoat
korxonasi (ularning ko'plari mayda korxonalar edi)
zo'rlik yo'li bilan milliylashtirildi. Natijada, davlat
korxonalari barcha ishchilarning 90 foizini va o'lka
sanoatida band bo'lgan mexanik dvigatellarning 80
foizini qamrab oldi. Yalpi sanoat mahsulotining deyarli
3/4 qismi davlat sektori ulushiga to'g'ri kelardi. O'lka
ishlab chiqarishining o'ziga xos muhim an'anaviy tarmog'
i bo'lgan hunarmandchilik va uning turlari ham
ma'muriy usullar bilan birlashtirilib, hunarmandchilik
artellariga aylantirildi. 1920-yil oxirlariga kelganda
Turkistonda 800 taga yaqin shunday hunarmandchilik
artellari faoliyat yuritdi, ular asosan turli davlat va harbiy
tashkilotlarning buyurtmalarini bajarardilar.
Bolsheviklarning harbiy kommunizm siyosatining
muhim tarkibiy qismi sifatida umumiy mehnat
majburiyatining joriy etilishi ham o'lka xalqlari uchun
kutilmagan favqulodda hodisa bo'ldi. Shu asosda 16
yoshdan 55 yoshgacha bo'lgan erkak va ayollarning
majburiy mehnat jarayoniga jalb qiiinishi shu davrga
qadar ijtimoiy soha yuzini ko'rmagan mahalliy millat
xotin-qizlari uchun ham to'la taalluqli edi. Shu boisdan
bu tadbir keng aholi ijtimoiy qatlamlarining keskin
noroziligi va nafratining kuchayishiga sabab bo'ldi.
Biroq sovet hokimiyati bu siyosat izmidan chekinmay,
omma noroziligini pisand etmay, qat'iyat bilan o'z
g'arazli maqsadlarini amalga oshirishda davom etdi. U
umumiy mehnat majburiyatini asos qilib, qanchalab
ishchi kuchlarini bir hududdan boshqa hududlarga
ko'chirdi, ko'plab oilalarni bir-biridan judo qildi,
ularni og'ir moddiy sharoitga duchor etdi. Mahalliy
taniqli rahbarlardan Nazir To'raqulov o'zining 1921-
yilda so'zlagan ma'ruzalaridan birida sovetlarning bu
siyosatining asl mohiyatini shunday ta'riflab bergandi:
Mehnat safarbarligini shunday o'tkazishdiki, mehnatga yaroqli shahar aholisining yarmi... qishloqlarga
qochib ketdi... Ahvol shu darajaga yetdiki, mehnat
safarbarligi uchun zarur miqdorda odam to'plash
uchun masjidlarda va boshqa joylarda odamlar qurshab,
tutib olindi. Bu fikrlarga hech bir izohning hojati
bo'lmasa kerak.
Bolsheviklarning o'lkada yuritgan harbiy kommunizm
 siyosati, ayniqsa, mahalliy aholining tinkasini
quritdi, ochlik va qahatchilikning kuchayishiga sabab
bo'ldi. 1918-yil oxiriga kelib 1 mln dan ziyod aholi
ocharchilik balosiga duchor bo'ldi. 1919-yil boshlaridan
joriy etila boshlagan oziq-ovqat razvyorstkasi va u
bilan bog'liq bo'lgan tadbirlar majmuasi Turkiston
aholisini, ayniqsa uning qishloq mehnatkashlarini
benihoya og'ir ahvolga solib qo'ydi. Negaki, razvyorstka
sovet hokimiyati organlariga aholi qo'lidagi
jami ortiqcha oziq-ovqat mahsulotlarini zo'rlik bilan
tortib olish, g'alla bilan oldi-sotdi qilishni taqiqlash,
bozor savdosini yopib qo'yishga qadar keskin choralar
ko'rishga imkon berardi. Sovetlarning bunday chegara
bilmas oziq-ovqat siyosati ko'plab mahalliy aholining
bor-budidan mahrum bo'lib, yanada qashshoqlashib
borishiga sabab bo'ldi. Turor Risqulov, Nizomiddin
Xo'jayev, Munavvarqori singari mahalliy rahbarlarning
o'sha kezlarda bu siyosatni keskin qoralab, xalq manfaatlarini
himoya qilib chiqqanligi boisi ham shundandir.
Jumladan, N. Xo'jayev 1920-yil oxirida Turk-
MIQ majlisida qilgan ma'ruzasida yozadi: Qishloq
aholisi turli-tuman o't-o'lanlar bilan ovqatlanadi, shu
tufayli o'lish hollari yuz bermoqda, o'lim, ayniqsa,
bolalar orasida ko'p. Ma'ruzada keltirilishicha,
Farg'ona viloyatida aholining 35-40%i, shu jumladan,
Marg'ilon uyezdida - 60%i, Qo'qon uyezdida -50 %i
ochlikka duchor bo'lgan va hokazo. Bunday xunuk,
ayanchli manzara o'lkaning boshqa ko'plab hududlarida
ham har qadamda ko'zga tashlanib turardi.
Shunday qilib, sovetlarning Turkistonda yuritgan
qattiqqo'l iqtisodiy siyosati o'lka hayotini izdan chiqarib,
millionlab shahar va qishloq ahlining an'anaviy
turmush tarzi negizlarini qaqshatib, uni mislsiz moddiy
qiyinchiliklarga mahkum etdi. Buning orqasida
mahalliy aholi o'rtasida sovet tuzumi va uning zo'ravonlik
siyosatiga qarshi jiddiy norozilik, darg'azablik
holatlari to'xtovsiz kuchayib bordi.

Madaniy hayot

Har qanday ijimoiy tuzum
maktab-maorif, ilm-fan va
shu kabi muhim soha vazifalarini hal etmasdan istiqbol
sari ko'z tikolmasligi ayondir. Shu bois sovet hokimiyati
mutasaddilari ham bu masalalarga ahamiyat berar
ekanlar, avvalo, ularni o'z sinfiy manfaatlaridan kelib
chiqib hal etishga intildilar. Ayniqsa, yangi tuzum xalq
ta'limi tizimini o'z sotsialistik maqsad va g'oyalari
ruhida shakllantirishga alohida urg'u berdi. 1918-yil
noyabrida Turkiston sovet hukumatining cherkovni
davlatdan va maktabni cherkovdan ajratish to'g'risidagi
dekreti chiqdi. Unga ko'ra o'lkadagi mavjud xususiy,
eski diniy maktablar faoliyati taqiqlanmagan bo'lsa-da,
biroq yangi sovet maktablarini tashkil qilish, ularni
ko'paytira va kengaytira borish, ta'limning sinfiy
mohiyatiga e'tibor tobora ustuvor ahamiyat kasb etib
bordi. Maktab ikki pog'onaga bo'lindi: 1-pog'ona
bilim yurtlari dastlabki uch sinfni o'z ichiga olardi va
2-pog'ona yana 4 sinfdan iborat edi. O'rta maktab ham
mavjud bo'lib, keyingi uch sinfni o'z ichiga olardi.
Biroq bunday maktablar juda oz edi. Ko'proq 1-
pog'ona maktablari eng ko'p tashkil etilgan edi.
Shu bilan birgalikda maktablarning moddiy bazasi
nochor ahvolda bo'lgan. Ularda o'quv qurollari, dasturlar,
qo'llanmalar va darsliklar, yetuk bilimli o'qituvchi
kadrlar yetishmasdi. Turkiston xalq ta'limi
bo'limi mudirlarining 1920-yil mayida bo'lib o'tgan
1-qurultoyida ham bular aniq e'tirof etilgandi.
Hokimiyat mutasaddilarining o'qituvchilarni turli
yumushlarga, jumladan, harbiy harakatlarga tez-tez
safarbar etishi ham ular sonining kamayib borishiga
sabab bo'layotgandi. Buning orqasida ko'plab maktablarda
o'qituvchilar tarkibi 75% va undan ham
ko'proqqa qisqarib ketdi. Buning ustiga jiddiy moddiy
ta'minotning yo'qligidan xo'jako'rsinga tashkil etilgan
maktablar mahalliy bolalarni o'z bag'riga jalb qila
olmadi. Masalan, o'lka bo'yicha maktab yoshidagi
bolalarning 70% dan ko'pi maktabga tortilmay qoldi.
Hatto poytaxt Toshkentda, uning eski shahar qismida
maktab yoshidagi 40 ming boladan faqat 10 ming
nafari, ya'ni 25%i o'qirdi, xolos.
Shunga qaramay, millatimiz fidoyilari xalq ta'limi
tizimini yaxshilash, mahalliy aholi farzandlarini yangi
sovet maktablariga ko'proq jalb qilish, ularga puxta
bilim va tarbiya berish borasida astoydil faoliyat
ko'rsatdilar. Bu o'rinda O. Sharafiddinov, J. Odilov,
T.Shermuhammedov, S.Sodiqov, K.Dadamuhammedov,
Qori Niyoziy singari taniqli xalq ta'limi namoyandalari
nomlarini tilga olib o'tish joizdir.
Bu davrda Turkistonda oliy ta'lim tizimini tashkil
etish ham g'oyatda muhim ahamiyat kasb etardi.
Ko'plab Vatan fidoyilari sovet hokimiyati organlari
bilan murosa-yu madoraga borib bo'lsa ham yurt
kelajagi, istiqbolini o'ylab, bu hududda oliy o'quv yurtini
yuzaga keltirishga bel bog'ladilar. 1918-yil 21-
aprelda Toshkentda ochilgan Turkiston xalq universiteti
bu harakatlarning natijasi bo'ldi. Universitet
tarkibida tabiiy-matematika, tarix-filologiya, qishloq
xo'jaligi va texnika fakultetlari mavjud edi. 1920-yilga
kelib unda ta'lim oluvchilarning 60%ini mahalliy
yoshlar tashkil etardi. Universitetning ta'lim-tarbiya
jarayonida Munavvarqori, Ahmad Fayziy, Burhon
Habib, Ibrohim Tohiriy, Usmon Xo'jayev, Hodi
Fayziy singari yurt allomalari fidoyilik ko'rsatdilar.
1918-yil noyabridan boshlab Toshkentda yana bir
oliy o'quv yurti - Sharq instituti faoliyat boshladi.
Institutga dastlab 234 nafar talaba, shu jumladan,
anchagina mahalliy millatlar yoshlari qabul qilinib, ular
Sharq dunyosi tarixi, falsafasi, jug'rofiyasi, madaniyati,
adabiyoti, san'ati sohalari bo'yicha yetuk mutaxassis
kadrlar bo'lib yetishishlari ko'zda tutilgan edi.
O'lkaning shu davrdagi adabiy-madaniy hayotiga
nazar tashlar ekanmiz, bunda XX asr boshlaridan e'tiboran
shakllanib, faollashib borgan ilg'or mahalliy
nashrlarning xalq dardi, orzu-armonlarini ifodalab
faoliyat yuritganligi ko'zga yaqqol namoyon bo'ladi.
Turkistonning ilg'or jadid namoyandalaridan Munavvarqori
Abdurashidxonov, Fitrat, Cho'lpon, Abdulla
Avloniy, Sadriddin Ayniy, Validiylarning matbaachilik
faoliyati bundan yorqin
dalolat beradi. O'lkadagi
bolsheviklar hokimiyati
matbuotning ta'sirchan
g'oyaviy kuchini o'z ta'sirlariga
olish, uni o'z maqsadlari
sari yo'naltirish
uchun alohida intildilar.
Shu bois 1918-1920-yillarda
o'lkada bolshevikcha
ruhdagi ko'plab gazeta va
jurnallar nashr etildi. Bular
jumlasiga o'zbek tilida
chiqa boshlagan Ishtirokiyun
, Xalq dorilfununi
(Toshkent), Ishchilar qalqoni
 (Namangan), Xalq
gazetasi (Qo'qon),
Mehnatkashlar tovushi (Samarqand) singari matbuot
nashrlarini nisbat berish mumkin.
Milliy vatanparvar ziyolilar bolshevistik g'oya va
mafkuraning har qanday tazyiqi va to'sqinligiga
qaramay, o'z asarlarida xalq dili, ruhiyati, kayfiyati va
uning intilishlarini ifoda etdilar. Cho'lpon, Fitrat,
Tavallo, M. Siddiqiy ijodiyotida buni yaqqol kuzatish
mumkin. Shuningdek, 1919-yilda Fitrat tomonidan
tuzilgan Chig'atoy gurungi tashkiloti va uning
tevaragiga uyushgan ilg'or ziyolilar ham milliy birlik va
mustaqillik g'oyasiga sodiq bo'lgan holda qizg'in
faoliyat yuritdilar. O'zbek ziyolilari va ijodkorlari qiyin
va murakkab sharoitlarda ham o'z ijodlariga yo'l topib,
xalqchil asarlar yaratib, yorqin iste'dodlarini namoyon
etib bordilar. Mashhur shoir va dramaturg Hamza
Hakimzodaning 1918-yilda Farg'onada tuzgan O'lka
musulmon siyosiy drama truppasi, atoqli aktyor va
rejissyor Mannon Uyg'urning Toshkentda tashkil qilgan
Turon truppasi kurtak yozib borayotgan o'zbek
milliy san'atining ilk namunalari bo'ldi. Xususan, bu
truppalarga uyushgan Muhiddin Qori Yoqubov, Hoji
Siddiq Islomov, Tamaraxonim, Abror Hidoyatov, Obid
Jalilov, Sayfi Olimov va boshqalar keyinchalik milliy
teatr san'atimizning yetuk darg'alari bo'lib yetishdilar.
Shunday qilib, sovetlar hokimiyatining Turkistonda
o'z hukmronligini kuchaytirish, o'lka hayotining barcha
sohalarini o'z izmiga bo'ysundirish yo'lida yuritgan
qattiqqo'l siyosati, ko'rgan murosasiz chora-tadbirlariga
qaramay, yurtning dovyurak, o'z istiqloli va
kelajagiga ishongan iste'dodli odamlari o'z millatini
ma'nan va ruhan ko'tarib, madaniy va ma'naviy sohalarda
ham muayyan o'zgarishlarni amalga oshirib bordilar.