4-. TURKISTONDA SOVET HOKIMIYATIGA
QARSHI HARAKAT

Sovet hokimiyatiga
qarshi harakatning
yuzaga kelishi

Turkistonning yaqin o'tmishi
tarixida yorqin sahifa
yozgan hamda xiyla uzoq
davom etgan, qonli, fojiali voqealarga to'lib-toshgan
sovet hokimiyatiga qarshi harakat ko'p zamonlar noxolis,
g'ayriilmiy nuqtayi nazardan yoritilib kelindi.
O'z safiga erk va hurlikka tashna, vatan mustaqilligi
yo'lida jonini tikkan millionlab yurt fidoyilarini birlashtirgan
bu qudratli harakatning mazmun-mohiyatini
kelgindi, qizil sovet mustamlakachilari muttasil
buzib, noto'g'ri talqin qilib, soxtalashtirib keldilar. Uni
sho'rolar terminida bosmachilik harakati, aksilinqilobiy
kuchlar bosqini, bir to'da yurt buzg'unchilari
harakati va shu singari nomlarda ta'riflab, tavsiflab
 kelish sovet tarixshunosligida o'ziga xos odatiy
tusga kirgandi. Biroq xalqimizda oyni etak bilan yopib
bo'lmaydi deyilganidek, ajdodlarimizning el-u yurt
erki, ozodligi uchun olib borgan bu mardona kurashi
to'g'risidagi tarixiy haqiqat milliy istiqlol sharofati
bilan to'liq tiklanib, o'z haqqoniy, xolis bahosini topdi.
Bu harakat sovetlar mafkurasi to'qib chiqargan shunchaki
bosmachilik harakati emas, balki sovet
hokimiyatining g'ayritabiiy siyosati va zo'ravonlikka
asoslangan amaliyotga qarshilik ko'rsatish harakatidir.
Xo'sh, bu harakatning Turkiston zaminida yuzaga
kelishining muhim ijtimoiy omillari, sabablari nimalardan
iborat edi? Nega 1918-yil bahoridan Farg'ona
vodiysida boshlangan bu qurolli harakat asta-sekin
alanga olib, Turkistonning keng hududlari bo'ylab
yoyildi?
Bu harakat mohiyatiga shu nuqtayi nazardan yondashar
ekanmiz, uni bir qator muhim sabablar keltirib
chiqarganligiga amin bo'lamiz: birinchidan, xalqimiz
1917-yilda sodir etilgan fevral va oktabr o'zgarishlariga
katta umidvorlik bilan ko'z tikkandilar. Ular ilg'or
jadidchilik harakati rahnamoligida Rossiyada rivojlanib
borayotgan demokratik harakatlardan foydalanib, erk,
ozodlikni qo'lga kiritmoqchi, o'lka xalqlarini mustaqillikka
olib chiqmoqchi bo'lgandilar. Biroq sovet
hokimiyati o'rnatilgach, mahalliy xalqlarni sariq
chaqaga arzitmasdan, ularni siyosiy faoliyatdan oshkora
chetlatib zo'ravonlikni avjga mindirishi yaqqol
ko'zga tashlandi. Ikkinchidan, mahalliy xalqqa butunlay
yot kommunistik mafkurani bayroq qilib olgan sovet
zulmkorlari aholining milliy qadriyatlari, udumlari,
diniy e'tiqodini tahqirlash, kamsitish, masjid, madrasalar,
ziyoratgoh joylarni oyoqosti qilish, noyob
ma'naviy bisotlarni talash, dindorlarni ta'qib-u quvg'in
ostiga olish kabi nomaqbul ishlar bilan shug'ullandilar.
Uchinchidan, o'lka xalqlarining xohish-irodasi ifodasi
sifatida vujudga kelib, ularning milliy manfaatlari
yo'lida ilk qadamlar qo'yib borayotgan Turkiston
Muxtoriyatining qonga belanishi, yurt farzandlarining
qirg'in qilinishi, Qo'qon shahri va uning atrofidagi
qishloqlar begunoh aholisining ayovsiz talon-taroj
qilinishi va fojiaga giriftor etilishi mahalliy xalq sabr
kosasini limmo-lim etib yuborgan edi.
O'z otameros zaminida o'z milliy davlatchiligini
barpo etib, boshqa millatlardek emin-erkin
yashashga bel bog'lagan, yurt jilovini qo'lga olishga
intilgan xalqqa, uning vatanparvar rahnamolariga nisbatan
sovet tuzumi uyushtirgan bunday g'ayriqonuniy
qirg'in-barotlar butun Turkistonni oyoqqa turg'izdi.
Dilda toptalgan vatan, xalq dardi, armoni jo'sh urgan
yuz minglab kishilarning qo'lda qurol bilan sovetlar
zo'ravonligiga qarshi kurashi mana shu zaylda boshlanib
ketdi.

Farg'ona vodiysida
qarshilik ko'rsatish
harakati

O'lkada boshlangan qarshilik
ko'rsatish harakatining
eng dastlabki qaynoq markazlaridan
biri Farg'ona
vodiysi bo'ldi. Bu harakatga xalq g'am-alamiga hamdard
va sherik bo'lgan Kichik va Katta Ergashlar,
Madaminbek, Shermuhammadbek, Xolxo'ja eshon,
Omon polvon, Rahmonqul, To'ychi, Aliyor singari
yurt jonkuyarlari yetakchilik qildilar. 1918-yil bahoridan
vodiyning turli joylarida 40 dan ziyod qo'rboshi
dastalari faoliyat ko'rsata boshladi. Jumladan, Madaminbek
Skobelev (Farg'ona) uyezdida, Shermuhammadbek
Marg'ilon atroflarida, Omon polvon, Rahmonqul
Namangan uyezdida, Parpi qo'rboshi Andijon
atrofida, Kichik va Katta Ergashlar Qo'qon atrofida,
Jonibek qozi O'zgan tomonda, Muhiddinbek Novqatda
harakat qilmoqda edilar. Kichik Ergash qizillar
qo'shini bilan bo'lgan jang-u jadalda halok bo'lganidan
so'ng (1918-yil fevral) Qo'qon uyezdi tevaragidagi
harakatga Katta (Mulla) Ergash boshchilik qila boshladi.
U o'zining faol harakati bilan tez orada butun
vodiydagi ozodlik kurashining tanilgan yetakchisiga
aylandi. 1918-yil kuziga kelib uning qo'l ostida har birida
20 tadan 1800 nafargacha yigiti bo'lgan 70 ta jangovar
dastalar harakat qilayotgandi. Ulardagi jangchilarning
umumiy soni 15 mingga, ba'zi ma'lumotlarga
ko'ra 20 mingdan to 24 mingtaga yetardi. Xuddi shu
davrda Madaminbekning 5 ming, Shermuhammadbekning
6 ming, Xolxo'janing 3 mingdan ziyod,
Parpi qo'rboshining 3,6 ming, Jonibekning 5,7 ming,
Muhiddinbekning 4,5 ming jangovar yigitlari ozodlik
kurashiga otlangan edilar. Bu raqamlar sovet hokimiyatiga
qarshi kurashning ommaviy tus olib borayotganidan
dalolat beradi. Bu harakatlarni birlashtirish,
muvofiqlashtirish zarur edi. Shu bois bu jang-u jadal
davrlarda qo'rboshilarning bir necha bor qurultoylari
chaqirilib, ularda muhim hayotiy masalalar hal etilgani
bejiz emasdir. Dastlabki shunday qurultoy 1918-yil
martida Qo'qon uyezdining Bachqir qishlog'ida
o'tkazildi. Unda Katta Ergash butun Farg'ona
vodiysidagi harakatning rahbari etib saylandi. Unga
musulmon qo'shinlarining bosh qo'mondoni  Amir
al-muslimin unvoni beriladi. Madaminbek va Shermuhammadbek
esa uning o'rinbosarlari etib saylanadilar.
Biroq bu harakat ko'lamining o'sib, kengayib borishi,
uning saflariga yangi ijtimoiy qatlamlar, tabaqalar
vakillarining qo'shilishi, tabiiy sur'atda uning oldiga
ulkan mas'ul vazifalarni qo'yib, yangi muammolarni
keltirib chiqara bordi. Ularni hal etish esa kurash rahnamolaridan
katta matonat, kuchli iroda, yuksak harbiy
mahorat, tashkilotchilik qobiliyati va uzoqni ko'ra
bilishlik salohiyatini namoyon qilishni taqozo etardi.
Farg'ona vodiysi yetakchilari ichida Madaminbek
Ahmadbek o'g'ligina mana shunday noyob fazilatlar
sohibi ekanligi bilan ajralib turardi. Navqiron yoshda
bo'lishiga qaramasdan katta hayot va kurash tajribasi
boy, yurt kezgan, yuksak harbiy sarkardalik iste'dodiga
ega Madaminbek (18921920) tez orada vodiy
kurashchilari sardoriga aylanadi. Sovetlarning rasmiy
hujjatlaridan birida ta'kidlanishicha, o'z oldiga sovet
hokimiyatini ag'darish va Farg'ona muxtoriyatini tiklash
vazifasini qo'ygan Madaminbek tadbirkor siyosatchi
va uddaburon tashkilotchi fazilatlariga ega edi.
U bizning rahbarlik faoliyatimizda yo'l qo'ygan xato
va kamchiliklarimizdan ustalik bilan foydalanardi.
Uning o'z boshqaruv apparati, o'zining tribunali,
o'zining genshtabi bo'lgan. U qonunlar chiqargan
,  deb e'tirof qiladi Madaminbekka qarshi
kurashgan Gramatovich. Buni boshqa qizil qo'shin
boshliqlari ham tan olganlar.
Darhaqiqat, Madaminbek o'zining qattiqqo'l
siyosati, tashkilotchilik faoliyati va eng muhimi,
o'lkada kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va harbiy vaziyatni
to'g'ri baholay olishi bilan ajralib turardi. Buning
ustiga aniq vaziyatga muvofiq keladigan amaliy
harakatlarni qo'llay olishi, safdoshlariga o'z ta'sirini
o'tkaza olishi ham uni ko'p o'tmay butun Farg'ona jangovar
kurashchilarining nufuzli rahbariga aylantirgan
edi. 1919-yilning o'rtalariga kelib uning yigitlarining
soni 25 ming kishidan oshardi. Skobelev, Marg'ilon,
Andijon, Namangan, O'sh kabi hududlarda harakat
qilayotgan taniqli rahnamolar, ularning jangchilari
Madaminbekning yashil bayrog'i ostiga birlashayotgan
edilar. Madaminbekning xalq lashkarlari ayniqsa 1919-
yilning birinchi yarmida sovet qo'shinlariga qarshi bir
qator sezilarli zarbalar berdilar. Chunonchi, yanvarda
Marg'ilon, fevralda Skobelev va Chust shaharlarining
Madaminbek tomonidan egallanishi, ularda mahalliy
xalq manfaatiga javob beradigan bir qator muhim
amaliy tadbirlarning o'tkazilishi uning obro'sini yanada
ko'tarib yubordi. 1919-yil aprel oyida Madaminbek
yigitlari Namangan va Qo'qon shahri atroflaridagi
janglarda g'olib keldilar. Madaminbek turli siyosiy
oqimdagi kishilarni birlashtira oldi. Shuning uchun
ham hech qaysi qo'rboshi uningchalik kuch-qudratga
ega bo'lmagan edi, deb yozgandi uning muxoliflaridan
biri o'sha kezlarda.
Darhaqiqat, qarshilik ko'rsatish harakatining ijtimoiy
tarkibini kuzatarkanmiz, bunda aholining sovet
tuzumidan norozi bo'lgan, turli-tuman ijtimoiy qatlamlari, chunonchi, dehqonlar, hunarmandlar, kosiblar,
batraklar, mardikorlar, ziyolilar, dindorlar, ruhoniylar,
mahalliy boylar, amaldorlar u yoki bu darajada
faol ishtirok etganligi ayon bo'ladi.
Xususan, sovet hokimiyati organlarining mahalliy
aholiga nisbatan yuritgan o'ta millatchilik, shovinistik
va bosqinchilik siyosati yurt odamlarini oqibatda bu
tuzum dushmaniga aylantirdi va o'z erki, huquqi,
ozodligini himoya qilib kurashga chorladi. Farg'ona
fronti qo'mondoni M. Frunze ham: ...Bu yerdagi
sovet hokimiyati ilk tuzilish davrida rus va yerli ishchi,
dehqon ommalarini o'ziga tortish o'rniga mehnatkash
xalqni o'zidan uzoqlashtirish uchun qo'lidan kelgancha
harakat qildi. Ishlab chiqarishning natsionalizatsiya
qilinishida faqat burjuaziyaning mulki emas, balki
o'rtahol dehqonlarniki ham tortib olindi... Bu yerda
harakat qilgan qizil askar qismlari, inqilobni himoya
qilgan ba'zi rahbarlar yerli mehnatkash xalqning tub
manfaatlari bilan hisoblashmadi, uning arz-u dodiga
quloq solmadi. Bosmachilik harakati shu asosda
vujudga keldi. Bosmachilar  oddiy qaroqchilar emas.
Shunda ularni tez yo'q qilish mumkin bo'lardi,  deb
e'tirof qilgan edi.
TASSR XKK raisi Q.Otaboyev 1922-yil iyulida
Turkiston MIK 4-plenumida so'zlagan nutqida bu
harakatni xalq qo'zg'oloni sifatida baholagan edi: Biz
4 yil davomida bu harakatga hatto to'g'ri baho berishni
ham bilmadik, u xalq qo'zg'oloni bo'lgani holda
bosmachilik deb atadik. Bosmachilik mohiyatan talonchilik
degan ma'noni anglatadi, bizning ushbu harakatga
bergan noto'g'ri ta'rifimiz masalani hal etishda
noto'g'ri yondashuvlarga olib keldi. Va alaloqibat 4 yil
davomida biz bu harakatning biron-bir jihatini tugata
olmadik.
Yuqori sovet rahbarlarining bu e'tiroflari qarshilik
ko'rsatish harakatining nechog'lik o'lkaning hayotiy
qon tomirlariga daxl qilgani, ini larzaga keltirganini,
qolaversa, yangi tuzumning keng xalq ommasi nazdida
obro'sizlanib, puturdan ketayozganini yaqqol tasdiq
etadi.
Farg'onaning bechorahol xalqi o'z xaloskorlarini
butun choralar bilan qo'llab-quvvatlashda davom etdi.
Harakat safi doimo yangi kuchlar hisobiga to'lib bordi.
Vodiy qo'rboshilarining birlashish, qo'shilish sari
harakatlari ham sezilarli tus olib bordi. 1919-yil kuziga
kelib Madaminbek lashkarlarining jangovarlik
harakatlari keng hududlarga yoyildi. Bu davrga kelib
Monstrovning rus krestyanlari (dehqonlari)dan tashkil
topgan ancha ta'sirli harbiy qismlari Madaminbek
kuchlari bilan birlashdi. Bu hol xalq kurashining
nafaqat ijtimoiy tarkibiga, balki ayni chog'da milliy
tarkibiga ham sezilarii ta'sir ko'rsatar, uning maqsadvazifalariga
yangicha yondashishni taqozo etardi. Gap
shundaki, bunga qadar sovetlarga qarshi harakat saflarida
yerli millat kishilari qo'lni qo'lga berib kurashib
kelayotgan bo'lsalar, endilikda unga sovetlar siyosatidan
keskin horozi bo'lgan rus dehqonlari ham qo'shilgan
edilar. Bu o'zgarish 1919-yil oktabrida Pomirning
Ergashtom ovulida Madaminbek tarafdorlari tashabbusi
bilan Farg'ona muvaqqat muxtoriyat hukumati
tuzilishida ham o'z ifodasini topgandi. Hukumat tarkibi
24 kishidan iborat bo'lib, uning 16 vakilini musulmonlar
va 8 nafarini ruslar tashkil etardi. Farg'ona
hukumati boshlig'i va musulmon qo'shinlari bosh
qo'mondoni etib Madaminbek saylangan edi.
1919-yil oktabr oyi oxirlarida Andijonga yaqin
Oyimqishloqda to'plangan vodiylik yo'lboshchilarining
qurultoyida vodiyda harakat qilayotgan 150 taga yaqin
jangovor qismlarni o'z ta'sirida ushlab turgan 4 yirik
lashkarboshi: Madaminbek, Katta Ergash, Shermuhammadbek,
Xolxo'ja eshon qo'mondonliklarini birlashtirishga
kelishildi. Qurultoyda islom qo'shinlarining
bosh qo'mondoni  Amir al-muslimin etib
Madaminbek saylandi. Biroq bu birlashuv ham mustahkam
bo'lib chiqmadi. Masalan, Xolxo'ja eshon tez
orada o'z kuchlarini ajratib, mustaqil faoliyat ko'rsata
boshladi. Bu davrda Madaminbek qo'l ostida 30 mingga
yaqin, Shermuhammadbekda 20000, Katta Ergash
qo'rboshida esa 8000 jangovar qo'shin bo'lib, uchta
lashkarboshi vodiydagi kurash harakatlarini boshqarib
turardi. Biroq vodiydagi jangovar harakatlarning keyingi
borishi tashabbusning ko'proq tajovuzkor sovet
qo'shinlari qo'liga o'tishiga, qarshilik ko'rsatish harakatining
pasayib borishiga olib keldi. O'lkada mustahkamlanib
olishga ulgurgan bolsheviklar hokimiyati
Markazdan yetarli darajada harbiy kuch, qurol-yarog'
olib, son-sanoqsiz harbiy mutaxassislarni jalb qilib,
ularni Farg'ona frontiga yo'llash, qonli o'ch olishga
safarbar qildi.
1920-yil boshlarida sovet qo'shinlari Katta Ergash,
Madaminbek, Shermuhammadbek va Xolxo'ja kuchlariga
sezilarli zarbalar berdilar. Jumladan, 1920-yil
yanvarida qizillar Katta Ergash kuchlariga zarba berib,
uning tayanch markazi Bachqirni egalladi. Xuddi shu
vaqtda sovet qo'shini Monstrovning dehqonlar
armiyasini tor-mor etib, Gulcha qal'asini ishg'ol etdi.
Monstrovning o'zi asir olindi. Shuningdek, fevralda
GarbuvaQoratepaShahrixon yo'nalishida qizil
qo'shinlar Shermuhammadbek lashkariga kuchli zarba
berdi. Buning natijasida Shermuhammadbek yengilib,
Oloy vodiysi tomon chekindi. Ayni paytda qizillar
Norin va Qoradaryoning qo'shilish joyida Madaminbek
askarlariga qarshi muvaffaqiyatli jang qilib,
unga katta talafot yetkazdilar. Tengsiz dushman bilan
kurashni davom ettirishning mushkulligi, oddiy xalq
hayotining nochorlashib borayotganligi ayrim kurash
rahnamolarining faol harakatlarini vaqtincha to'xtatib,
boshqacha yo'l izlashga, sovet tomoni bilan o'zaro
kelishuvlarga undadi.
Ayyor sovet hukumati taklifiga ko'ra Madaminbek
1920-yil martida sovet qo'mondonligi bilan muzokara
olib bordi va sulh tuzildi. Bu sulh shartlariga asosan
Madaminbek o'z harakatlarini to'xtatdi, uning 1200
nafardan ziyod askar yigitlarining daxlsizligi, o'z
qurol-yarog'lariga ega bo'lishi, kerak bo'lganda ularning
vodiyda tinchlik, barqarorlik o'rnatishda o'z rahnamosi
yetakchiligida faol ishtirok etishi ta'kidlangan
edi. Madaminbek o'zining boshqa safdoshlariga ham
sovetlar bilan muzokaralar olib borib, shunday yo'l
tutishni maslahat beradi. Biroq Farg'ona qo'rboshilari
yo'lboshchilari Shermuhammadbek va Xolxo'ja eshon
o'z huzurlariga muzokara uchun kelgan yurtning bu
mard o'g'lonini sotqinlik va xoinlikda ayblab, uni qatl ettiradilar. Sodir etilgan bu fojiali voqea ham vodiy
qo'rboshilari o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning ziddiyatli
bo'lganligiga bir ishoradir.
Garchand Farg'onada sovetlarga qarshi kurash
bundan keyin ham yangi-yangi kuchlar bilan qo'-
shilishib turli tarzda davom etsa-da, biroq u avvalgidek
keng qamrovli jangovar, hujumkor yo'nalish
kasb etolmadi. 19201923-yillar davomida vodiy
hududlari bo'ylab olib borilgan kurashlarga aka-uka
Shermuhammadbek va Nurmuhammadbek, ulardan
so'ng Islom polvon va Rahmonqullar yetakchilik
qildilar. Ularning har birining jasorati, haq va ozodlik
yo'lidagi fidoyiligi xalq xotirasida muhrlanib qoldi.
Vodiyda yoqilgan sovetlarga qarshi harakat
mash'alasi keyinchalik Turkistonning boshqa hududlariga
ham yoyildi. Sovet hokimiyatining zulmi va
zo'ravonligiga qarshi kurash Buxoro va Xorazmda,
Samarqand viloyatida ham aks-sado berdi. Vatan
mehri, ona zamin sadoqatini jismi-diliga jo etgan,
uning erki, ozodligini har narsadan muqaddas bilgan
ming-minglab yurtdosh ajdodlarimiz hukmron tuzum
bedodligi va jabr-sitamiga qarshi ko'tarildilar. Ular
yana o'n yillar davomida g'addor rejim kuchlari bilan
tengsiz janglarda qatnashib, behisob mahrumliklarga
duch kelishlariga qaramay o'z g'oyalariga sodiq
qoldilar.

Sovet hokimiyatiga
qarshi harakatining
mag'lubiyati
sabablari, saboqlari

Sovet hokimiyatiga qarshi
harakat nima sababdan pirovard
oqibatda mag'lubiyatga
yo'liqdi va qanday omillar
bunga olib keldi? Bu alamli
mag'lubiyat o'lka xalqlari uchun qanday ijtimoiysiyosiy
oqibatlarni keltirib chiqardi?
Mana shu savollar bugungi istiqlol davri kishilarining
har birini o'ylantirishi, fikrga toldirishi tabiiydir.
Bu xususda to'xtalar ekanmiz, bu harakat qanday
yakun topmasin, qanaqa oqibatlar bilan bog'liq
bo'lmasin, u haqli suratda Vatanimiz tarixida unutilmas
iz qoldirdi.
Yurt farzandlari uzoq yillar davomida tengsiz
jang-u jadallarga dosh berib, so'nggi nafaslariga qadar
Vatan oldidagi burchini ado etdilar. Bu ularning ona
zaminga mehri, sadoqati nechog'lik beadad bo'lganini,
undan ruh, madad olib erkinlik uchun jasorat
ko'rsatib kurashganini to'la isbot etadi. Bejiz
Madaminbek: Mening millatim  mening jon-u
dilim!, deb xitob qilib, uni o'z hayoti va kurashining
bosh mazmuni, deb bilmagan edi. Shermuhammadbek
tilidan aytilgan: Turkiston  turkistonliklar
vatanidir, undan boshqa hech kim uning ustidan
hukmronlik qilishga haqli emas! degan jangovar shior
uning ming-minglab quroldosh yigitlari uchun harakat
dasturi rolini o'taganligi shubhasiz.
Lekin bu kurash nechog'lik shiddatli kechmasin, u
o'z nihoyasiga yetolmadi. Bunga esa ko'plab jiddiy salbiy
holatlar va omillar ta'sir etganligi aniqdir. Eng
asosiy sabablardan biri  harakat yetakchiligining aholi
barcha tabaqalarini ulug'vor maqsadlar yo'lida jipslashtirishga
qodir bo'lgan yagona milliy g'oyaga ega
emasligidir. Qo'rboshilar siyosiy kurashda toblangan
ilg'or jadid namoyandalarini ham o'zlaridan chetlashtirgan
edilar. Zero, ular qanchalik olijanob maqsadlar,
jangovar shiorlar ostida jon fido etmasinlar,
biroq ularning harakati yagona kurash dasturi asosida
tashkil etilmagan edi. Harakat yetakchilari saflarida
chinakam uyushqoqlikning yetishmasligi, joylarda
harakat qilgan kuchlar o'zlarining tor hududiy chegaralari
bilan o'ralashib qolganligi, ayrim qo'rboshilarning
o'z nafsoniyatlariga berilishi, dunyoqarashi torligi,
cheklanganligi, manmanlik kasaliga chalinganligi,
bir-birlari bilan kelisholmasligi, o'zboshimcha xattiharakatlarga
intilishi kabi hollar oxir-oqibatda bu
kurashning borishiga jiddiy monelik qildi. Buni butun
vodiy bo'ylab harakat qilgan uchta yirik yetakchi:
Madaminbek, Shermuhammadbek va Katta Ergash
boshchiligidagi xalq lashkarlarining to'liq birlasha
olmaganligi fakti ham isbot etadi. Negaki, bu xalq
dardi, g'ami va tashvishlarini chuqur tushungan rahnamolari
o'ta zaruriyat taqozo etgan kezlarda o'zaro
kelishmovchiliklarni bir chetga surib, bir-birlari bilan
umumiy til topa olmadilar. Goho Madaminbek bilan
Katta Ergash, yoxud Madaminbek bilan Xolxo'ja eshon
o'rtasidagi nizo va ixtiloflar oqibatda ularning har birini
fojiali qismatga mahkum etdi.
Qarshilik ko'rsatish harakati yetarli moddiyta'minot
bazasiga, qurol-aslaha zaxirasiga ham ega
emasdi. Ular chetdan keladigan harbiy madad va yordamga
ham umid qilolmasdilar. O'lka zo'ravoni bo'lib
olgan sovetlar esa o'z qo'shinini zamonaviy qurolyarog'
lar va harbiy kuchlar bilan ta'minlay olgan edi.
Masalan, 1919-yil avgust oyi oxirlarida uning tasarrufida
115376 nafar jangchi, shuningdek, 11112 ta pulemyot,
yuzlab to'plar, bronepoyezdlar, o'nlab samolyotlar
va boshqa zamonaviy qurollar mavjud edi.
Sovetlar tashkil qilgan Turkiston fronti o'zlariga
qarshi turgan kuchlarni qonga belashda mana shu
qirg'in qurollarni to'liq ishga solgan edi. Ayyorlikda
pixini yorgan sovet mutasaddilari va ularning ko'p
sonli gumashtalari har bir vaziyatdan ustamonlik bilan
foydalandilar. Ular kerak bo'lsa yo'l qo'ygan qo'pol
xatolarini tuzatib, yon berib, mahalliy aholi noroziligini
yumshatib, ularni o'z tomoniga ag'darib olishga
urindilar. Jumladan, ular 20-yillar boshlarida vodiy
aholisi o'rtasida bir qator amaliy tadbirlar o'tkazib
(chunonchi, dehqonlarga yer berish, uiarni afv etish,
soliqlar miqdorini bir qadar kamaytirish, Madaminbek
singari taniqli qo'rboshilar bilan muzokaralar olib borish,
ular bilan kelishish, o'zaro yon berish va hokazo),
bu hududdagi ahvolni asta-sekin o'z foydalariga
o'zgartirib bordilar. Sovet mafkurasining butun o'tkir
tig'i, ta'sir vositalari mana shu maqsadga yo'naltirilgandi.
Bu esa qarshilik ko'rsatish harakatining
istiqboliga salbiy ta'sir o'tkazmasdan qolmadi.
Bu harakat millionlab yurtdoshlarimiz hayoti va
qismatida o'chmas fojiali iz qoldirdi. Ba'zi aniqlangan
rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, u milliondan ziyod
mahalliy millat kishilarining aziz umrlariga zomin
bo'ldi. Necha yuz minglab oilalarning o'z ona zaminini
tark etib, begona yurtlarga bosh olib ketishlariga
sabab bo'ldi. Qolaversa, son-sanoqsiz odamlar mana
shu fojia bois mamlakatning boshqa, uzoq hududlariga
surgun va badarg'a qilindi. Bu harakat yurtdoshlarimizga
katta, ibratli saboqlar berdi, ularning kurash
tajribasining boyishi, oshuviga muhim ta'sir ko'rsatdi.
Zero, ona O'zbekistonimizning istiqlolga yuz tutib,
dorilamon zamonlarga musharraf bo'lishida, bugungi
baxtiyor avlod kishilarining mustaqillik oliy ne'matidan
bahramand bo'lishida o'sha 2030-yillarda
bobokalonlarimiz qilgan ulkan sa'y-harakatlar, to'kkan
qutlug' qonlar, bergan behisob qurbonlarning ajri,
ibrati ozmuncha emas. Ularning yorqin, porloq xotirasi
hozirgi minnatdor avlod kishilarining dili, shuurida
hamisha saqlangusi, faxr-iftixor tuyg'usi bilan
eslangusidir.