5-. XORAZM VA BUXORODA DEMOKRATIK
HARAKATLARNING O'SIB BORISHI.
XONLIK VA AMIRLIKNING QULASHI

Xiva xonligida ijtimoiysiyosiy
vaziyat

Ma'lumki, Xiva xonligi,
Buxoro amirligi XIX asr
ikkinchi yarmida yuz bergan
Rossiya imperiyasi bosqinidan keyin o'z mustaqilligidan
mahrum bo'lib, Rossiya protektorati (vassalligi)ga
aylanib qolgan edi. Ular ichki siyosatda nisbatan mustaqil bo'lsa-da, biroq uning xorijiy davlatlar bilan
bo'ladigan tashqi siyosiy va savdo-tijorat aloqalari Rossiya
hukumatining to'liq nazoratida amalga oshirilardi.
Haqiqatan ham Xiva xonligining butun ijtimoiysiyosiy,
iqtisodiy-xo'jalik hayotida Rossiya mustamlakachiligi
siyosatining kuchli ta'siri va asorati sezilib
turardi. Buning ustiga mamlakatning xonidan tortib to
uning son-sanoqsiz, katta-yu kichik amaldorlari
xalqqa keragidan ziyod jabr-zulm o'tkazib kelardilar.
Shu bois xonlikda ommaviy norozilik harakatlari
to'xtovsiz yuzaga kelib, kuchayib bormoqda edi.
Ayniqsa, 1917-yilgi fevral inqilobiy o'zgarishidan
keyin Xivada ilg'or demokratik harakatlar avj oldi.
Endilikda Xiva xonligi fevral o'zgarishidan foydalanib,
o'zini Rossiya ta'siridan xalos etib, mustaqillik maqomini
qo'lga kiritishga intildi. Ayni chog'da xonlikning
jafokash xalqlari hukmron sinflar va tabaqalar zulmidan
qutilib, keng demokratik erkinliklar va huquqlarga
ega bo'lishga umid bog'ladilar.

Yosh xivaliklar faoliyati

Xiva xonligi hududida aholi
keng ijtimoiy qatlamlarining
demokratik yo'nalishdagi harakati o'sib bordi.
Ularning sa'y-harakatlariga Yosh xivaliklar tashkiloti
rahnamolari yetakchilik qildilar. XX asr boshlarida
vujudga kelgan Yosh xivaliklar uyushmasi o'zining
dastlabki qadamlaridanoq xonlikdagi mustabid tuzumni
chuqur isloh qilish, xalqning ahvolini yaxshilash,
uning tub maqsad, manfaatlarini ro'yobga
chiqarish uchun kurash olib bordi. 1917-yil boshlarida
Rossiyada bo'lgan o'zgarishlar ta'sirida Yosh xivaliklarning
faoliyati yanada kuchaydi. Ular o'z dasturiy
vazifalarini belgilab, xonlikdagi siyosiy vaziyatni
o'zgartirish va qator muhim demokratik islohotiarni
amalga oshirishga harakat etdilar. Shu maqsadda Yosh
xivaliklar rahbarlari xonlikning o'ziga xos maxsus
xususiyatlaridan kelib chiqib, tinchlik yo'li bilan, astasekin
mutlaq monarxiya tuzumidan konstitutsion
monarxiya boshqaruviga o'tishga qaratilgan manifest
ishlab chiqdilar. Manifestda xonning vakolatlari
doirasini cheklash, uning xalqqa nohaq zulm o'tkazgan,
haddidan oshgan amaldorlarini jazolash, vazifalaridan mahrum etish, ijtimoiy hayotning muhim
sohalari - iqtisodiyot, ta'lim va madaniyat jabhalarini
isloh qilish talablari aks ettirilgandi. Xivadagi ijtimoiy-
siyosiy vaziyat keskin tus olayotgani, keng aholi
qatlamlari faol harakatga kelayotganini, ommaviy
ko'cha namoyishlari to'xtamayotganini ei'rgan Xiva
xoni Isfandiyorxon murosa-yu madoraga borib o'z
arkoni davlati ishtirokida 1917-yil 5-aprel kuni manifestni
imzolashga majbur bo'ladi.

Manifest talablariga ko'ra xonlikda konstitutsion
monarxiya tuzumi o'rnatildi. Ayni paytda tarkibi 30-50
kishidan iborat ruhoniylar va savdo-sanoat ahli vakillaridan
saylangan Majlis va Nozirlar kengashi tuziladi. Ular
xalq vakilligi boshqaruvi organlari sifatida xon hokimiyati
vakolatlarini ma'lum darajada chekladi.

Yosh xivaliklar tashkilotining taniqli rahnamolaridan
Bobooxun Salimov Majlis raisligiga, Husaynbek
Matmurodov esa Nozirlar Kengashi raisligiga saylandilar.
Xon xazinasi va uni tasarruf qilish ustidan nazorat
o'rnatildi. Xon temiryo'llar qurish, pochta-telegraf aloqalari
o'rnatish, yangi jadid maktablari ochish to'g'risida
va'dalar beradi. Yosh xivaliklarning bu g'alabasi
mamlakatdagi barcha demokratik kuchlarga, erk va
ozodlikka tashna xalq ommasiga quvonch bag'ishladi.
Biroq yuqoridan amalga oshirilgan bu o'zgarishlarning
vaqtinchalik xarakteri tez orada ma'lum bo'ladi. Xon va
uning atrofidagi mutaassib kuchlar qo'ldan ketgan
nufuz va imtiyozlarini qaytarib olish niyatidan voz
kechmagandilar. Ular fursat kutib, demokratiya tarafdorlaridan
qonli o'ch olish, mustabid tuzumni to'la
qayta tiklash payida bo'ldilar. Darhaqiqat, 1917-yil
iyuniga kelib Isfandiyorxon o'zini o'nglab olgach,
Rossiya muvaqqat hukumatining Xivadagi vakili, general
Mirbadalov yordamiga tayanib, Matmurodov
boshchiligidagi Yosh xivaliklar rahbar guruhini qamoqqa
oladi. Yosh xivaliklar partiyasi va uning faoliyati
qonundan tashqari deb e'lon qilinadi. Ularning ko'plari
qo'lga olinib qamaladi, qattiq jazolanadi. Qolganlari
esa xonlik hududini tark etishga majbur bo'ladi. Iyul
oyida Xivada Rossiya Muvaqqat hukumatining komissari
lavozimi ta'sis etiladi va xonlikka qo'shimcha harbiy qismlar, kazak qo'shinlari yuboriladi. Buning boisi
shuki, Rossiya burjuaziyasining yangi Muvaqqat hukumati
o'zini qanchalik demokratiya tarafdori etib
ko'rsatmasin va o'z tasarrufidagi mazlum xalqlarga
demokratik huquqlar hamda erkinliklar va'da qilmasin,
ammo u mustamlakachilik siyosatini amalda davom
ettirdi. U butun choralar bilan Sharqdagi o'z pozitsiyalarini
saqlab qolish va mustahkamlashga intildi.
Jumladan, Xorazm vohasidek boy-badavlat hududni
qo'lda tutib turish, unda har qanday jiddiy siyosiy va
davlat o'zgarishlariga izn bermaslik uning o'z oldiga
qo'ygan hukmdorlik maqsadlaridan edi.
Shunday qilib, Yosh xivaliklar rahbarlik qilgan
demokratik kuchlarning xonlik tuzumiga qarshi olib
borgan kurashining birinchi bosqichi muvaffaqiyatsiz
yakun topdi. Ularning davlat hokimiyatini demokratik
izga solish orqali boshqarish harakati xon arkoni davlati
va uning ko'p sonli tarafdorlarining qattiq qarshiligiga
uchradi. Bu Yosh xivaliklar uchun katta jiddiy sinov
bo'ldi. Eng muhimi, Yosh xivaliklar boshqa kuchlar
bilan ittifoq tuzmay, faqat o'z tarafdorlari bilangina
harakat qilib, mutaassib qora kuchlarni yengib, tugal
maqsad-muddaolarga erishib bo'lmasligini tushunib
yetdilar. Muvaqqat hukumatning kerak bo'lganda
Xivaning mutaassib rejimini o'z himoyasiga olib, unga
qalqon bo'lganligi fakti ham Yosh xivaliklar ko'zini
ochdi. Bunday vaziyatda ular xonlik istibdodiga qarshi
kurashda yanada sobit bo'lish, o'z tarafdorlarini
ko'paytirish, chetdan, eng avvalo, qo'shni Turkistonda
faol harakat qilayotgan demokratik va inqilobiy kuchlardan,
ularning yo'lboshchilaridan madad olish, ular
bilan yaqindan aloqalar bog'lashga intildilar.

Xorazm Xalq Sovet
Respublikasining
yuzaga kelishi

1917-yil kuzida Rossiyada
yuz bergan oktabr o'zgarishi
uning tasarrufidagi Xiva
xonligidagi voqealarning rivojlanishi
jarayoniga ham o'z sezilarli ta'sirini o'tkazmasdan
qolmadi. Avvalo, xonlikka tutash bo'lgan
Turkiston hududlarida bolsheviklarning sovetlar
hokimiyati zo'ravonlik bilan o'rnatildi. Bunday tuzum
Xiva bilan yaqin chegaradosh Amudaryoning o'ng
sohili - Petroaleksandrovsk (To'rtko'l) va uning
atroflarida ham qaror toptirildi. Turkistonda voqe
bo'layotgan bunday o'zgarishlar xonlikka bevosita
daxl etmasdan, muxolifatchi kuchlarni junbushga
keltirmasdan qolmasdi, albatta. Garchi sovet Rossiyasi
Xivaning davlat mustaqilligini rasmiy tan olgan bo'lsada,
biroq turli yo'llar bilan, yashirin va oshkora tarzda
uning ichki ishlariga aralashishni davom ettirdi.
Ayniqsa, bunda xonlikdagi mavjud hukmron tuzumga
qarshi turgan kuchlarni qo'llab-quvvatlash, ularga harbiy,
moddiy-moliyaviy va ma'naviy yordam ko'rsatish
va gijgijlashga alohida urg'u berildi. Shu bilan birgalikda
xonlikning siyosiy ahvoli ham 1917-yil kuzidan
keskinlashib bordi. Isfandiyorxon har qanday yo'l bilan
o'z saltanatini saqlab qolishga intildi. Uning yuritgan
kaltabin siyosati, ilg'or kuchlarni quvg'in va ta'qibga
uchratishi, Yosh xivaliklar tashkilotini tor-mor etib,
ularning rahbarlaridan o'ch olishi xonlikni tang ahvolga
duchor etdi. Xonlikning Qo'ng'irot, Ko'hna Urganch,
Xo'jayli, Taxta, Porsu bekliklarida mahalliy aholining
mavjud xonlik tuzumiga qarshi bosh ko'tarishi, haddidan
oshgan amaldorlardan o'ch olish hollari yuz berdi.
Masalan, Toshhovuz bekligining kambag'allari 1918-
yil boshida beklik mahkamasiga hujum uyushtirdi. Ular
ko'plab boylar va savdogarlarning mol-mulki, dondunini
tortib oldilar. Bunday voqealar boshqa hududlarda
ham qayd etildi. Buning ustiga mamlakatdagi
vaziyatni boshqara olmay qolgan xon o'z raqibi, ancha
ta'sirli kuch egasi, turkmanlar sardori Junaidxonni
1918-yil yanvarida Xivaga chaqirib, uni o'z qo'shiniga
bosh qo'mondon (sardori karim) etib tayinlaydi.
Junaidxon esa tez orada Isfandiyorxonni qatl ettirib,
uning o'rniga akasi, irodasiz Said Abdulloni xon qilib
ko'taradi. Amalda esa Junaidxon yakka hukmron bo'lib
oladi. Bolsheviklar va sovet hokimiyatining ashaddiy
dushmani Junaidxon hokimiyatni egallab olgach,
sovetlarga qarshi ochiq kurashga kirishadi. U o'z harbiy
kuchlarini 10 ming jangchiga yetkazadi. Shuningdek,
Buxoro amirligi bilan aloqalar bog'laydi. Angliya hukumati
tomonidan harbiy madad olishga intiladi. Biroq,
Junaidxon harbiy qismlarining Amudaryo bo'limi va
Nukus atrofida sovet kuchlari bilan olib borgan hujum
harakatlari mag'lubiyatga uchraydi. Junaidxon o'rnatgan
harbiy diktatura aholi o'rtasida norozilik harakatlarining
i'sib, kuchayib borishiga sabab bo'ladi. Buning
natijasida xonlikni tark etib, qo'shni Turkiston ASSR
hududlariga boruvchi qochoqlar soni ortib boradi.
Xivadagi voqealar rivojini ko'z-quloq bo'lib kuzatib
borgan sovet tomoni qulay fursatni boy bermay, xonlik
aholisining norozilik harakatiga tobora inqilobiy tus
berib bordi. Shu maqsadda sovet mutasaddilari
qochoqlardan jangovar qismlar tuzib, qurollantirib,
ularni xonlik tuzumini ag'darishga safarbar eta bordi.
Sovet Turkistoni rahbarlari bu bilan ham kifoyalanmasdan
Amudaryo bo'limida (To'rtko'lda) N. A. Shaydakov va
N.M. Sherbakov boshchiligida shimoliy va janubiy harbiy
dastalar tuzib, ularni xonlik tuzumiga qarshi
harakatga yo'lladi. Bu endi xonlik hokimiyatini
ag'darib tashlashga qaratilgan sovetlarning ochiqdan
ochiq zo'ravonligi edi. Xonlikda kechayotgan zulmdan
norozi bo'lgan aholidan tashkil topgan qo'zg'olon
dastalari ham harakatga keladi. Ularning umumiy soni
3 ming kishidan oshardi. 1919-yil dekabrining so'nggi
dekadasida boshlangan sovet qo'shinlari va ularga
qo'shilgan mahalliy qo'zg'olonchi kuchlarning harbiy
yurishi yanvar oyida Junaidxonga ketma-ket zarbalar
berib, Xiva tomon siljib bordi. 1920-yil 2-fevralda Xiva
egallandi. Junaidxon qolgan-qutgan qo'shini bilan
Qoraqum sahrosiga chekindi. Qo'g'irchoq xon Said
Abdullo taxtdan voz kechdi. Shu tariqa, qizil armiya
kuchi va madadi bilan Xiva xonligi ag'darildi.
Hokimiyat yangidan tuzilgan 5 kishidan iborat
Muvaqqat Inqilobiy qo'mita qo'liga o'tdi. Uning tarkibiga
Yosh xivaliklar va turkman urug'-qabilalaridan
ikkitadan vakillar kiritildi. Inqilobiy qo'mita raisi etib
Yosh xivaliklar rahbarlaridan biri Jumaniyoz Sultonmurodov
saylandi. Tez orada Yosh xivaliklar ishlab
chiqqan manifest e'lon qilindi.

Manifestda mamlakatning demokratik rivojlanish yo'lini
aks ettirgan keng sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy tadbirlar:
Xon va uning hukumati tomonidan mamlakatni
mutlaq boshqarishni butkul barham toptirish; Xiva xoniga,

to'ralar va vazirlarga tegishli bo'lgan mablag'lar va mulklarni
xalq mulki deb e'lon qilish; kambag'allar hayotini
yaxshilash yo'lida yirik zamindorlar yerlaridan foydalanish;
bolalarni bepul o'qitish uchun Xivaning hamma joyida
maktablar ochish; Xivaning shaharlari va aholi manzilgohlarida
bepul shifoxonalar va sog'lomlashtirish muassasalari
ochish; Xiva xoni va beklari tomonidan kambag'al
aholidan tortib olingan yerlar, mulk va boshqa narsalarni
qaytarib berish; majburiy mehnatga jalb qilish (begor)ni
butunlay yo'q qilish nazarda tutilgan edi.

1920-yilning 27-30-aprel kunlari Xivada bo'lib
o'tgan xalq vakillari I Butun Xorazm qurultoyi Xiva
xonligi tugatilganligi va yangidan Xorazm Xalq Sovet
Respublikasi tuzilganligini e'lon qildi. Qurultoy
XXSR ning muvaqqat Konstitutsiyasini qabul qildi.
Unda Xorazm davlatining davlat tuzumi sovetlar negiziga
asoslangan respublika ekanligi, Xorazmning
butun xalqi o'z vakillari yordamida mamlakatni boshqarishi
 ta'kidlanadi. Respublikaning oliy hokimiyati
yilda bir marta chaqiriladigan qurultoy bo'lib, u respublika
hayotiga daxldor eng yirik vazifalarni hal etadi.
Qurultoy mamlakatni boshqarish uchun 15 kishidan
iborat hukumat - Xalq Nozirlar Kengashini sayladi.
Xalq hokimiyatiga saylovlar umumiy bo'lib, respublikaning
18 yoshga yetgan fuqarolari dini, millati,
jinsidan qat'i nazar qurultoy yoxud mahalliy sovetlarga
saylash va saylanish huquqiga ega bo'ldilar.
Faqat xon va uning oila a'zolari, ruhoniyat vakillari,
sudxo'rlargina saylov huquqlaridan mahrum etildi.
Konstitutsiya respublikaning o'ziga xos xususiyatidan
kelib chiqib, shariat sudi tizimini saqlab qoldi.
Qurultoyda Xorazm respublikasining birinchi
hukumati raisligiga Yosh xivaliklar rahbari Polvonniyoz
Yusupov saylandi. Hukumat tarkibi ham Yosh
xivaliklar va turkman urug'-qabilalari boshliqlaridan
tashkil topgan bo'lib, bu o'sha davrdagi kuchlar nisbatini
aks ettirardi.
1920-yil iyunida Xivada Xorazm Kompartiyasining
ta'sis konferensiyasi bo'ladi. Unda XKP ning tashkiliy
rasmiylashuvi amalga oshadi. Bu davrda Xorazm
kommunistlarining soni 1000 kishi atrofida bo'lib,
ular 22 ta partiya yacheykalariga birlashgan edilar.
1920- va 1921-yil boshlariga kelib Xorazmda kasaba
uyushmalari, Qo'shchi uyushmalari, inqilobiy yoshlar
ittifoqi tashkilotlari yuzaga keladi. Ularning saflari
ham tez ortib bordi. Masalan, 1921-yil bahorida
Qo'shchi tashkilotlari 6 mingdan ziyod dehqonlarni
o'z safiga birlashtirgan edi.
Xorazmda sovetlarning faol ko'magi, qo'llab-quvvatlashi
bilan xalq sovet respublikasining vujudga kelishi,
Rossiya Federatsiyasi, qolaversa, Turkiston avtonom
sovet respublikasi uchun ayni muddao bo'ldi. Ular
yosh respublikaga asta-sekin ta'sir o'tkazib, uni o'z
domiga ilintirishga intildilar. Asosiy maqsad esa
Xorazmga beg'araz yordam ko'rsatish, sovet tartibqoidalarini
tashkil etish orqali uni pirovardida bolsheviklar
hokimiyati qo'l ostiga kiritib olish edi. Jumladan,
1920-yil 13-sentabrda Rossiya hukumati bilan XXSR
o'rtasida imzolangan ittifoq shartnomasi ham asl mazmun-
mohiyati bilan mana shu maqsadga xizmat qilardi.
Ittifoq shartnomasi bilan birga ikkala respublika
o'rtasida imzolangan harbiy-siyosiy va iqtisodiy kelishuvlar
asosida Xorazm Xalq Sovet Respublikasiga
sovet Rossiyasi tomonidan tegishli harbiy, iqtisodiy va
madaniy yordam ko'rsatish ko'zda tutilgan edi.
XXSR va RSFSR o'rtasida tuzilgan ittifoq shartnomasi
hamda harbiy-siyosiy va iqtisodiy ahdlashuvlar,
bir tomondan, Xorazm respublikasi mavqeyining mustahkamlanishiga,
ikkinchi tomondan esa uning qudratli
sovet davlatiga siyosiy qaramligini yanada kuchayib
borishiga xizmat qilardi. Faqatgina 1921-yil davomida
uch marta (mart, sentabr, noyabrda) hukumat o'zgarishi
yasalib, Moskvaga ma'qul kelmagan uning tarkibi
yangilandi. O'z xalqi milliy manfaatlarini yoqlab siyosat
yuritgan Polvonniyoz Yusupov, M.Ibniyaminov,
O.Muhammadrahimov bosh bo'lgan hukumat tarkiblari
bekor qilindi, ularning rahbarlari asossiz qoralanib,
ular og'ir jazolarga mahkum etildilar. Shuningdek,
sovet Rossiyasi Turkiston hududidagi milliy respublikalar
mustaqilligini butkul barham toptirish, ularni
o'z tasarrufiga bo'ysundirish sari qat'iy yo'l tutdi. 1923-
yil martida Toshkentda Turkiston, Buxoro, Xorazm
respublikalari vakillari ishtirokida konferensiya
chaqirilib, unda mazkur respublikalarni iqtisodiy jihatdan
birlashtirish maqsadida O'rta Osiyo Iqtisodiy
Kengashi tuzildi. Bu esa ularni har tomonlama
boshqarish tizimi muruvvatlari Rossiya nazorati ostiga
o'tayotganidan dalolat berardi.
1923-yil oktabrida bo'lib o'tgan IV Butun Xorazm
qurultoyi respublikaning yangi Konstitutsiyasini qabul
qildi. Unda amalga oshirilgan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy
va madaniy sohalardagi o'zgarishlar tahlil qilinib,
uning o'z rivojlanishida sotsialistik bosqichga kirganligi
ta'kidlanib, XXSRni Xorazm Sovet Sotsialistik
Respublikasi deb e'lon qildi. Konstitutsiya yerga bo'lgan
xususiy mulkchilikni bekor qildi, barcha yerlar
umumxalq mulki deb e'lon qilindi. Vaqf mulklari
Maorif nozirligi ixtiyoriga o'tdi. Bu Konstitutsiya
o'zining chuqur sinfiylik mohiyati bilan ajralib turardi.
Vohada yuz berayotgan majburiy yo'sindagi sotsialistik
o'zgarishlar, mulkiy tabaqalarga nisbatan qilinayotgan
zo'ravonlik va bedodliklar mahalliy xalq noroziligining
alangalanib borishiga sabab bo'ldi. 1924-yil yanvarida
yuz bergan xalq qo'zg'oloni ham buning yorqin ifodasidir.
Garchand qo'zg'olon qizil askarlar kuchi bilan
bostirilgan bo'lsa-da, biroq keng xalq ommasining
sovet tuzumiga qarshi kurashi 30-yillar o'rtasigacha
davom qildi.

Buxoro amirligidagi
vaziyat. Yosh buxoroliklar
harakati

1917-yilgi fevral burjua
demokratik inqilobi va podsholik
tuzumining ag'darilishi,
hokimiyatning boshqa
siyosiy kuchlar qo'liga o'tishi Buxoro amirligiga ham
o'z ta'sirini o'tkazmasdan qolmadi. Negaki, podsho
Rossiyasining yarim mustamlakasi hisoblanib kelgan
Buxoroda bu davrga kelib ichki ijtimoiy-siyosiy va
iqtisodiy ziddiyatlar jiddiy tus olib borayotgandi.
Buning boisi amirlikning moliyaviy-iqtisodiy hayoti va
savdo-sotiq aloqalari ko'pdan buyon Rossiya iqtisodiyotiga
bo'ysundirib kelinganligida edi. Bunda
uning siyosiy jihatdan qaramligini gapirib o'tmasa
ham bo'ladi. Binobarin, Rossiyadagi har bir o'zgarish,
iqtisodiy yoxud siyosiy larzalar amirlikning hayot
maromiga chuqur daxl etmasdan qolmasdi. Buning

ustiga mamlakat ichki hayotida hokimi mutlaq,
cheklanmagan vakolatlar sohibi bo'lgan amir va uning
ko'p sonli ayonlari, amaldorlari mehnatkash ommaga
hukm o'tkazib, zulm-sitamni kuchaytirib kelardi.
Yurt fuqarolarining aksariyat ko'pchiligi adolatsizlik,
huquqsizlikdan va demokratik erkinliklarning
yo'qligidan aziyat chekardi. Shu bois amirlikda tez-tez
xalq g'alayonlari yuz berib turardi. Ularda harakatga
kelgan aholi tabaqalari o'zlarining haqqoniy, adolatli
talablarini ilgari surib, mamlakatda o'zgarishlar
bo'lishini yoqlardilar.
XX asr boshlarida ilg'or, taraqqiyparvar ziyoli yoshlardan
tashkil topgan Yosh buxoroliklar tashkiloti ham
aynan mana shu maqsadlarda faoliyat yuritardi. O'z
saflarida Abduvohid Burhonov, Usmon Xo'jayev
(Usmonxo'ja Po'latxo'jayev), Fayzulla Xo'jayev,
Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Mirza Muhitdin
Mansurov, Abdulqodir Muhitdinov va boshqa o'nlab
yurt fidoyilarini birlashtirgan Buxoro jadidlari 1917-yil
inqilobiy voqealaridan foydalanib keng xalq manfaatlari
foydasiga muhim siyosiy o'zgarishlarni ro'yobga
chiqarishga harakat etdilar. Ayniqsa, bunda amirga
tazyiq o'tkazib, uni xalqqa ko'p masalalarda yon
berishga, siyosiy tuzumni o'zgartirishga, xususan,
konstitutsion monarxiya joriy etishga urg'u berildi.
Yosh buxoroliklar rahbarlari ishlab chiqqan islohot
loyihasida, jumladan, amir huzurida va joylarda xalq
vakillari bo'lishi, ma'muriyat yaxshilanishi, u xalq
vakilligi nazoratida bo'lishi, amaldagi soliqlardan
tashqari boshqa soliqlar bekor qilinishi, maktab va
matbuot erkinligi, amirning eng mutaassib va johil
amaldorlaridan ba'zilarini almashtirish talablari ilgari
surilgan edi.
7-aprelda amir Said Olimxon keng omma tazyiqi va
Yosh buxoroliklarning islohiy talablari asosida Manifest
chiqarishga majbur bo'ladi. Unda amirlik tuzumining
tub negizlariga daxl qilmagan holda mamlakatda bir
qator demokratik o'zgarishlar o'tkazish ko'zda tutilgandi.
Soliqlarni tartibga solish, turli ijtimoiy tabaqalar
vakillaridan iborat Majlis tashkil qilish, maorif, tibbiyot,
sud tizimi faoliyatini yaxshilash, ma'muriy boshqarish ishlarini takomillashtirish va boshqalar shular jumlasiga
kirardi. Garchand amir manifesti Yosh buxoroliklar
tomonidan ma'qullanib kutib olingan bo'lsa-da,
biroq hukmron, qora kuchlar unga tish-tirnoqlari bilan
qarshi turdilar. Ular namoyishga chiqqan islohot tarafdorlariga
hujum qilib, poytaxtda qonli qirg'inlar
uyushtirdilar. Yosh buxoroliklarni ta'qib qilish, ulardan
o'ch olish avjga mindi. Ularning ko'plab namoyandalari
qo'shni Turkiston ASSRga bosh olib ketishga
majbur bo'ldi. Shu tariqa, amirlikda konservativ ruhdagi
kuchlarning qo'li baland keldi. Islohiy harakatlarning
birinchi bosqichi muvaffaqiyatsiz yakun topdi.
1917-yil kuzida Rossiyada yuz bergan oktabr davlat
to'ntarishi va bolsheviklarning hokimiyatga kelishi
Buxoroda ham aks-sado berdi. Ayni vaqtda Buxoroga
bevosita tutash rus aholi manzilgohlarida sovet tuzumi
o'rnatildi. Bu esa amirlikdagi voqealar rivojiga ta'sir
ko'rsatmasdan qolmadi. Negaki, sotsialistik inqilob
g'oyasini boshqalarga yoyishga intilgan bolsheviklar
chegaradosh Buxoroni o'z mo'ljaliga olgan edilar. Shu
bois Rossiya Federatsiyasi, qolaversa, sovet Turkistoni,
uning mutasaddilari har bir vaziyatdan foydalanib,
Buxoro ichki ishlariga aralashib, muxolifatchi kuchlarni
qo'llab-quvvatlab, amirlik tuzumini qulatish
harakatida bo'ldilar. Xususan, 1918-yil martida Kolesov
voqeasi nomi bilan tarixga kirgan qonli voqea
bunga yorqin misol bo'la oladi.
Turkiston avtonom sovet respublikasi hukumati
raisi F. I. Kolesov suveren Buxoro davlatiga ochiq
tazyiq o'tkazib, Yosh buxoroliklar talabini quvvatlagan
bo'lib, 1918-yil 2-martida Kogon temiryo'li yoqalab
qizil qo'shinlar kuchi bilan ochiq harbiy hujum
uyushtirdi. G'azabga kelgan Buxoroning ko'pchilik
aholisi o'z yurtini jon-jahdi bilan himoya qilib, bolsheviklar
hamlasiga qarshi yalpi kurashga otlandi. Buning
natijasida Kolesov hujumi tezlikda sharmandalarcha
barbod bo'ldi. Bu esa amir va uning arkoni davlatiga
barcha inqilobiy-demokratik kuchlardan qonli o'ch
olishi uchun bahona bo'ldi. Ayniqsa, Yosh buxoroliklar
ayovsiz qirg'in qilindi. Ularning ancha qismi
yashirinishga yoxud muhojirlikka ketishga majbur
bo'ldi. F.Xo'jayevning guvohlik berishicha, inqilobchi
kuchlar ustidan uyushtirilgan ommaviy qirg'in-barot
davomida 1,5 ming nafarga yaqin kishi halok bo'ldi.
Buxoroda mana shunday noxush fojiali holatning
yuzaga kelishi va qancha minglab begunoh insonlar
qonining behuda to'kilishiga avvalo bolsheviklarning
buzg'unchilik siyosati sabab bo'ldi. Bu ham ularning
uzoqqa mo'ljallangan yashirin maqsad va muddaolarini
amalga oshirish yo'lida har qanday jirkanch va
qabih ishlardan tap tortmasligiga yaqqol ishoradir.

Buxoro Xalq Sovet
Respublikasining
tashkil topishi

1918-yilgi mart voqealari va
amirlik hamda uning tevaragidagi
ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning
borishi Buxoro davlatini chuqur tanazzulga
duchor etdi. Rossiya shaharlariga yuborilgan
ko'plab miqdordagi qimmatbaho mollar, mahsulotlar
sotilmay omborxonalarda taxlanib qoldi. Buning
evaziga Rossiyadan keltiriladigan mahsulotlar kelishi
to'xtab qoldi. Buxoroning Rossiya bilan savdo-sotiq
aloqalaridagi bu xil o'zgarishlar uning iqtisodiy hayotiga,
aholi turmush darajasiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Bu
esa xalq norozilik harakatlarining kuchayishiga olib
keldi. Amirning Rossiya Federatsiyasi va sovet
Turkistoni tomonidan o'z davlatiga nisbatan tahdid va
hujumi xavfi kuchayib borishiga javoban o'z harbiy
qo'shinini tinmay ko'paytirishga urinishi ham aholi
yelkasiga og'ir yuk bo'lib tushayotgandi. Shuningdek,
amirlikning muxolifatchi va inqilobchi kuchlarga nisbatan
shafqatsiz xatti-harakatlari ham siyosiy tanglikni
kuchaytirayotgandi. Bundan esa qo'shni Turkistonning
sovet mutasaddilari ustamonlik bilan foydalanishga
urindilar. Ular Buxorodan son-sanoqsiz oqib kelgan
inqilobiy va demokratik kayfiyatdagi kuchlarni ishga
solib, ularning tashkilotlarining tuzilishiga yordam
berib, moddiy va ma'naviy quvvatlab, Buxoro inqilobi
ni tayyorlab bordilar.
Buxoroning ko'zga ko'ringan rahbarlari: F.Xo'-
jayev, U. Xo'jayev, Ota Xo'jayev, Qori Yo'ldosh Po'-
latov, M.Qulmuhamedov, A.Yoqubov, A. Muhitdinov,
N. Husainov va boshqalarning inqilobiy faoliyati
Moskva va Toshkentda ma'qullanib, ularning harakat
dasturlari ishlab chiqilganligi boisi ham shundandir.
Masalan, 1918-yil sentabrida Toshkentda Buxoroning
muhojir inqilobchilari tomonidan Buxoro kompartiyasi
va uning markaziy Qo'mitasi tuzilishi (uning raisi
A. Yoqubov, o'rinbosari M. Qulmuhamedov) yoxud
1920-yil yanvarida Toshkentda F.Xo'jayev boshchiligida
Yosh buxorolik inqilobchilar partiyasi Turkiston
Markaziy byurosining tashkil etilishi, uning Turkkomissiya,
RSFSR hukumati va RKP(b) MQ tomonidan
e'tirof etilishi ham buning aniq ifodasidir.

Yosh buxoroliklar partiyasi ishlab chiqqan dasturda tez
vaqt ichida feodal-despotik tuzumni tugatish, mamlakatda
demokratik respubiika tuzish va keng xalq ommasining
tub manfaatlarini ko'zlab bir qancha ijtimoiy-demokratik
o'zgarishlarni amalga oshirish vazifalari bayon etilgan edi.

Yosh buxoroliklar tashabbusi bilan 1920-yil iyundan
Toshkentda chiqa boshlagan Uchqun gazetasida
ham ilg'or demokratik g'oyalar ilgari surildi.
Buxoro xalqini amirning mutlaq tuzumini ag'darib
tashlash uchun faol kurashga da'vat etib borildi.
Gap Buxoro amirligini ag'darish, xalq hokimiyatchiligini
tashkil qilish, demokratik o'zgarishlar
to'g'risida borar ekan, bunda sovet hukmdorlarining
asl maqsadlari nimadan iborat edi? Ularning muddaolari
mahalliy xalq kurashchilarini ishga solib, amirlikka
qarshi harakatga safarbar etish edi. Faqat bugina
emas, balki ularning tashabbusidan foydalanib, sovet
qo'shini bilan Buxoroga ochiq hujum uyushtirish edi.
Negaki, sovet tomoni ustamonlik bilan ishlab chiqqan
rasmiy hujjatlar va yo'1-yo'riqlarda amir Buxorosiga
qarshi kurash boshlash tashabbusi faqat mahalliy
inqilobchi kuchlar tomonidan bo'lishi kerakligi alohida
ta'kidlangandi.
Amirlik tuzumini ag'darib tashlash uchun tayyorgarlik
ishlari sovet Turkistoni hukumati va uning
Frunze boshliq Turkiston fronti qo'mondonligi tomonidan
boshlab yuborilgandi. Chunonchi, 1920-yil iyun
o'rtalaridayoq zamonaviy qurol-aslahalar bilan qurollangan
qizil qo'shinlar Buxoro chegaralariga keltirib
qo'yilgandi. Ayni paytda Buxoroda qurolli qo'zg'olonni
o'tkazish yuzasidan harbiy-inqilobiy byuro tashkil
etildi. Uning tarkibiga Turkkomissiya vakillari M.
Frunze, V. Kuybishev, TKP vakili N. To'raqulov, BKP
Markaziy Qo'mitasi raisi N. Husainov, Yosh buxoroliklar
partiyasi rahbari F. Xo'jayevlar kirgandilar. Hatto
bo'lajak Buxoro Inqilobiy qo'mitasi va hukumati tarkiblari
ham avvaldan tayyorlab qo'yilgandi. Shuning
uchun ham Buxoro amirligining ag'darilishi aslida bolsheviklar
zo'ravonligi va makkorona siyosatining
yaqqol ifodasi bo'lgandi.
1920-yil 29-avgustda Chorjo'yda amir tuzumiga
qarshi xalq qo'zg'oloni boshlanishi bilanoq, Beshim
Sardor boshchiligidagi inqilobiy qo'mita avvaldan
tuzilgan kelishuvga binoan darhol sovet hukumatiga
murojaat qiladi. Bu sovet qo'shinining qo'zg'olonchi
kuchlarni himoya qilib, Buxoroga qarshi urush
harakatlarini boshlashiga bahona bo'ladi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, sovet qo'shini ixtiyorida
shu davrda 10 ming qizil askar, 40 ta to'p, 230 taga yaqin
pulemyot, 10 ta zirhli avtomobil, 5 ta zirhli poyezd va 12 ta
samolyot bor edi. Shuningdek, Turkiston fronti qo'shini
bilan birga hujum harakatlarida 5 ming kishiga yaqin buxorolik
inqilobiy tuzilmalar ham ishtirok etdilar.

Amir lashkari son jihatidan ko'p bo'lgani bilan (20
mingga yaqin) biroq uning qurollanish darajasi qizillar
qo'shiniga nisbatan ancha zaif holda edi. Hujumga
tashlangan sovet qo'shinlari amirlikning Chorjo'y,
Qarshi, Kitob, Shahrisabz va boshqa hududlarini egallab,
Buxoro tomon siljib bordilar. Ayniqsa, bu bosqin
natijasida Buxoro va uning ko'p sonli aholisi mislsiz
zarar ko'rdi. Shahar bir necha kun davomida zamonaviy
qurollardan o'qqa tutildi, bombardimon qilindi.
Uning ko'plab noyob osori-atiqalari, tarixiy obidalari
vayron etildi. Nihoyat, 1920-yil 2-sentabrda amir va
uning lashkari yengilib, Buxoroni tark etadi. Shundan
so'ng shahar sovet bosqinchilari tomonidan egallanadi.
Garchand amirlik tuzumining ag'darilishi uzoq
davrlar davomida xalq qo'zg'oloni yo'li bilan amalga
oshirilgan, deb kelingan va son-sanoqsiz adabiyotlarda
bitilgan bo'lsa-da, biroq bunda sovet qo'mondonligining
to'la harbiy kuchi hal qiluvchi rol o'ynaganligi faktdir. Bu haqiqat istiqlol sharofati bilan milliy
tariximizga haqqoniy, xolis yondashuv tufayli
yuzaga chiqdi va e'tirof topdi. Buxoro qizil qo'shinlar
tomonidan egallangach, hokimiyat Butun Buxoro
Muvaqqat Inqilobiy Qo'mitasi qo'liga o'tdi.
1920-yil 14-sentabrda BKP MQ va Butun Buxoro
Muvaqqat Inqilobiy Qo'mitasining birlashgan majlisida
A.Muhitdinov boshchiligida oliy qonun chiqaruvchi
organ - Butun Buxoro Inqilobiy Qo'mitasi va
F.Xo'jayev raisligida Respublika hukumati - Xalq
Nozirlar Kengashi tashkil qilindi. O'sha yilning 6-8-
oktabr kunlari xalq vakillarining I Butun Buxoro
qurultoyi bo'lib o'tdi. Unda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi
tuzilgani to'g'risida qaror qabul qilindi.
1921-yil 4-martda Moskvada BXSR bilan RSFSR
o'rtasida ittifoq shartnomasi va iqtisodiy bitim
imzolandi. Bu rasmiy hujjatlar asosida Buxoro davlatining
sovet Rossiyasiga harbiy-siyosiy va iqtisodiy
jihatdan har tomonlama bog'liq bo'lib qolganligi
qonuniy belgilab qo'yildi. Bu esa Rossiya Federatsiyasi
va uning Turkistondagi vakolatli namoyandalariga
Buxoro Xalq Respublikasining ichki ishlariga
bevosita aralashish, u yerdagi o'zgarishlarni nazoratga
olish va uni aniq sotsialistik maqsadlar sari qaratish
uchun keng imkoniyatlar ochib berdi.
Darhaqiqat, sun'iy inqilob yasash yo'li bilan xalqni
harakatga keltirib, amirlik tuzumini zo'rlik, kuch
asosida ag'darib, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi
tuzilishiga erishgan sovet hokimiyati endilikda unga
o'zining sotsialistik g'oyalari-yu tartib-qoidalarini
bemalol tiqishtira olardi. Bu hol Buxoroning mustaqil,
suveren davlat sifatida taraqqiy topishiga,
xalqining asriy orzularining ro'yobga chiqishiga, uning
o'ziga xoslik, milliylik xususiyatlarining bardavomligiga
jiddiy to'sqinlik tug'dirardi, albatta. Shu bois
Buxoro hukumatining mustaqil siyosat yuritishiga,
qo'shni mamlakatlar yoxud Turkiya, Germaniya singari
uzoq xorijiy davlatlar bilan diplomatik va savdosotiq
aloqalari o'rnatish borasidagi sa'y-harakatlariga
izn berilmadi. Markazning S. Orjonikidze, Sh. Eliava,
Y. Peters singari nufuzli emissarlari Buxoroga tez-tez
yuborilib, Buxoro hukumati faoliyatini taftish qilish,
uning yo'l qo'ygan xato, nuqsonlarini fosh qilish bilan
shug'ullandilar. Hatto RKP(b) MQ 1922-yil mayida
Turkiston-Buxoro ishlari haqida qaror qabul qildi.
Unda O'rta Osiyoda, jumladan, Buxoroda jadallik
bilan sotsialistik tuzumni mustahkamlash qat'iy uqtirilgan
edi. Shuningdek, RKP(b) MQning 1923-yil 12-
iyunda qabul qilgan Buxoro masalasiga doir maxsus
qarori ham BXSRning ichki ishlariga qo'pollik bilan
aralashish edi. Negaki, bu qarorda Buxoroning rivojlanish
jarayonini sotsialistik izga burib yuborish
maqsadi ko'zda tutilgandi. Buxoro xalqining tub milliy
manfaatlari yo'lida fidoyilik bilan faoliyat yuritgan
Abdurauf Fitrat, Mo'injon Aminov, Ota Xo'jayev,
Sattor Xo'jayev, Rahimjon Yusufzodalarning respublika
hukumati tarkibidan chetlatilishi ham Moskva
vakillarining talabi bilan amalga oshirilgan edi.
Buxoro Xalq Sovet Respublikasining asosiy rahbar
tashkiloti - Buxoro Kompartiyasi RKP(b) MQning
viloyat tashkiloti maqomida faoliyat yuritishga majbur
edi. Respublika hududida sovetlarga qarshi kuchlarni
bostirish bahonasi bilan to'plangan son-sanoqsiz qizil
askarlarning mutlaq ko'pchiligi chetdan keltirilgandi.
Masalan, 1922-yilda mavjud 40 ming kishilik qizil
armiya tarkibida buxoroliklar atigi 500 kishini tashkil
etardi, xolos. Buxoro respublikasining 1921-yil sentabrida qabul qilingan Konstitutsiyasi ham RSFSR
konstitutsiyasi andozasida tuzilgan edi.
Markaz tashabbusi bilan 1923-yil martida O'rta
Osiyo Iqtisodiy Kengashining tuzilishi va uning tarkibiga
Buxoroning ham jalb qilinishi, bu uning iqtisodiy
mustaqilligining asta-sekin qo'ldan boy berilishiga
sabab bo'ldi. Hukmron Markaz tazyiqi asosida
bu hududda qat'iy tarzda sotsialistik o'zgarishlar
amalga oshirilib borildi. 1923-yilda qabul qilingan
BXSR Konstitutsiyasiga binoan mulkdorlar, savdogarlar,
ruhoniylar saylov huquqidan mahrum etildi.
1924-yil sentabrida bo'lib o'tgan 5-Butun Buxoro
qurultoyi BXSRni Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasi
deb e'lon qildi. Nihoyat, 1924-yilda o'tkazilgan
milliy-hududiy chegaralanish natijasida uning
hududlari O'zbekiston va Turkmaniston SSR tarkibiga
qo'shib yuborildi. Sovetlarning bu zo'ravonlik
siyosati voha xalqining keyingi tarixiy qismatida asoratli
iz qoldirdi. Shu bois tez orada boshlanib ketgan
Buxoro mehnatkashlarining sovetlar tuzumi zo'ravonligiga
qarshi harakati XX asrning 30-yillari o'rtalariga
qadar davom etdi.