II b o b. Sovet hokimiyatining
O'zbekistonda yuritgan siyosiy,
iqtisodiy, manaviy siyosati va amaliyoti 


6-. MILLIY SIYOSAT VA DAVLAT
QURILISHI MASALALARI

Milliy siyosat

Bolsheviklar partiyasi bosh
bo'lgan sovet hokimiyati
Turkistonda uzoqqa mo'ljallangan o'z makkorona
rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Shu maqsadni
ko'zlab u XX asrning 20-yillari boshlaridan bu zaminda
mustamlakachilarga xos orani buz, hokimlik qil
qabilidagi o'z milliy siyosatini hayotga izchil tatbiq
etish yo'lini tutdi. Aslida sovetlarning milliy siyosati
podsho Rossiyasining ko'p zamonlar bu yurtda yuritib
kelgan shovinistik, ulug' davlatchilik siyosatidan mohiyat
etibori bilan farq qilmasdi. Faqat uning shaklishamoyili
o'zgargandi, xolos.
Gap shundaki, Rossiya imperiyasi hukmronligi
davrida chekka o'lkalar xalqlari ochiq-oshkora tarzda
kamsitilar, ularning insoniy qadr-qimmati, ornomusi,
asliy milliy qadriyatlari tahqirlanar edi. Sovet
mutasaddilari esa o'zlarining niqoblangan soxta ishlari,
yolg'on-yashiq vadalari va davatlari bilan mazlum
millat kishilarini laqillatishga, o'z hukmlariga
bo'ysundirishga, yagona Turkiston uchun kurash
g'oyasini yo'qqa chiqarishga intildilar.
Turkiston xalqlari o'z milliy davlatchiligini tiklash
va rivojlantirishga intildi. 1920-yil yanvarida bo'lib
o'tgan Turkiston Kompartiyasining V o'lka konferensiyasida
Turkiston ASSR MIQ raisi T. Risqulov so'zga
chiqib mushtarak Turkiston g'oyasini ilgari suradi,
asosan turkiy xalqlardan iborat Turkiston Avtonom
Respublikasini Turk Sovet Respublikasi, Turkiston
Kompartiyasini Turkiy xalqlar Kompartiyasi, deb
o'zgartirishni taklif qiladi. Bu takliflar o'lka ijtimoiysiyosiy
hayotida, RKP(b) Markazqo'mi, uning Siyosiy
byurosi, sovet hokimiyati doiralarida turli bahslarga
sabab bo'ladi. Shu bois Turkiston masalasi bir
necha bor Markazda, RKP(b) Markaziy Qo'mitasi Siyosiy byurosining 1920-yil mart-iyun oylaridagi
majlislarida muhokama qilindi. Garchand Markaz
Turkiston masalalariga yuzadan turib qiziqish bildirgan
bo'lsa-da, biroq Turkistonga mustaqillik berishni
o'z oldiga maqsad qilib qo'ymagan edi. Shu zaylda
masalaning yechimi cho'zila boradi.
1920-yil 13-iyunda T. Risqulov, N. Xo'jayevlardan
iborat Turkiston xalqlari delegatsiyasi o'z amaliy takliflari
bilan bevosita sovet hukumati rahbari V. I. Lenin
qabulida bo'ladi. Bu ular uchun so'nggi umid va najot
ilinji edi. Oqibat natijada shunday bo'ldiki, na sovet
hukumati rahbariyati va na bu masalani 1920-yil 29-
iyulida ko'rgan RKP(b) Markazqo'mi Siyosiy byurosi
turkistonlik delegatsiya iltimosnomasiga ijobiy baho
bera oldi. Buning aksincha, sovet hukumati va partiya
rahbariyati o'lkadagi vaziyatni tezlikda bartaraf etish
uchun shoshilinch tarzda RKP(b)ning Turkistondagi
asosiy vazifalari to'g'risida degan nom ostida bir necha
qarorlar qabul qildi. Jumladan, Turkistonda hokimiyatni
tashkil etish to'g'risidagi maxsus qarorda
Turkistonda Butun Rossiya Markaziy Ijroiya Qo'-
mitasi, RSFSR Xalq Komissarlari Soveti va RKP(b)
Markaziy Qo'mitasining doimiy vakolatxonasi bo'lishi
kerakligi zarur, deb ko'rsatildi. Mazkur qaror o'lka hayoti
ustidan nazoratni kuchaytirish, sovet hokimiyati
negizlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Shunday qilib, o'lka xalqlarining o'z taqdirini o'zi
belgilash, o'z milliy davlatchiligini o'z xohishlaricha
huquqiy asosda tashkil qilish borasidagi yana bir urinishi
barham topdirildi. O'lka xalqlarining orzuumidlarini
ro'yobga chiqarishga muvaffaq bo'la olmagan
Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo'mitasi raisi,
taniqli arbob T. Risqulov tez orada o'z lavozimidan
istefoga chiqishga majbur bo'ladi. Gap shundaki,
sovet Rossiyasi hukumati Turkistonning emin-erkin
rivojlanish yo'lidan ilgarilab borishini emas, balki
uning doimiy o'z nazoratlari ostida bo'lishini xohlardi.
O'lkaning mehnatsevar, jafokash xalqi, uning boyliklari,
tabiiy va mineral resurslari Markaz foydasiga
ishlashi, xizmat qilishi ularning birdan bir muddaolari
edi. Hukmron Markaz tashabbusi bilan tashkil etilgan Turkkomissiya, O'rta Osiyo Byurosi, O'rta Osiyo Iqtisodiy
Kengashi singari nufuzli organlarning o'lka
hayotining barcha jabhalarini o'z nazoratiga olishi, o'z
iznlariga bo'ysindirish borasida harakat etib kelganligi
boisi ham mana shundadir.
Malumki, bolsheviklar boshliq sovetlar hokimiyati
barcha usul va g'oyaviy tasir vositalarini ishga solib,
mazlum millatlarni yagona bir qizil saltanat tarkibiga
birlashtirish, shu asosda qudratli ittifoq davlatini
barpo etishni o'z oldilariga bosh maqsad qilib qo'ydilar.
Podsho Rossiyasining mustamlakachilik siyosatini
boshqacha shakl va ko'rinishlarda ustamonlik bilan
davom ettirgan makkor sovet rejimi sovet respublikalari
ittifoqini tuzishga, ularni RSFSR atrofiga jipslashtirishga
asosiy etibor qaratdi. Bunda yosh sovet
respublikalarining Birinchi jahon urushi (1914-
1918-yillar) va Fuqarolar urushi oqibatlari, o'z milliy
davlatchiligi va iqtisodiy-ijtimoiy hayotini qurish,
xo'jalik ishlarini tashkil etish, kadrlar masalasi, o'z
hududiy yaxlitligini saqlash kabi ayrim vaqtinchalik
qiyinchiliklarga duch kelganligi bolsheviklarga qo'l
keldi. Shu bilan birgalikda RSFSR hukumati
tomonidan 1918-1922-yillarda yangi sovet respublikalariga
diplomatik, siyosiy-iqtisodiy, harbiy, moliyaviy
tasir o'tkazildi. Bu jarayonga bolsheviklar
boshchilik qildilar.
Garchi bo'lajak Ittifoq sovet respublikalarining
do'stlik va tenglikka asoslangan ixtiyoriy ittifoqi
bo'ladi deyilsa-da, biroq uzoqni ko'ra biladigan
respublikalarning bir qator rahbarlari bunga qarshi
edilar. Masalan, Ukraina Kompartiyasi Markaziy
Qo'mitasi kotiblari X.G.Rakovskiy va D. L. Pyatakov
yagona ittifoq davlati g'oyasiga qarshi chiqib, umumittifoq
hokimiyat organlari bo'lmagan konfederatsiya
 tuzishni yoqlab chiqdilar. Gruzin milliy ziyolilari
ham yangi ittifoq tuzish g'oyasini qo'llamadilar. Bir
necha bor RKP(b) Markaziy Qo'mitasi Siyosiy
byurosida, partiyaning syezdlari va plenumlarida,
shuningdek, sovet tashkilotlarida bu masala keng
muhokama qilindi. Muhokamalarda, jumladan, sovet
hukumati arboblaridan biri I. Stalin avtonom lashtirish g'oyasini ilgari surdi. Unga ko'ra, sovet
respublikalari muxtor (avtonom) respublika maqomi
bilan RSFSR tarkibiga kirishlari kerak degan g'oya
ilgari surilgan edi. Tabiiyki, bunday taklifga milliy
respublikalar xohish bildirmasliklari ham mumkin edi.
Bu xavfni anglagan Lenin yangi ittifoq RSFSR dan
yuqori bo'ladi va unga RSFSR ham boshqa milliy
respublikalar kabi teng maqom va huquqlar bilan
kiradi, degan fikrni bildirdi. Bu sovetlarning yana bir
o'ziga xos hiylasi edi.
Nihoyat, RKP(b) rahbarligida joylarda uzoq vaqt
olib borilgan tashviqot-targ'ibot ishlari va ko'rsatilgan
tazyiqlar o'z natijasini berdi. Ukraina, Belorussiya,
Zakavkazye Federatsiyasi Kompartiyalari, bu respublikalarning
sovetlar syezdlari RKP(b) Markazqo'mining
SSSRni tuzish to'g'risidagi takliflarini qo'llabquvvatlashlarini
bayon qildilar.
1922-yil 26-dekabrda Sovetlarning Butun Rossiya
X syezdi sovet respublikalarini yagona sovet davlatiga
birlashtirishni zarur deb topdi. Syezd o'zi saylagan
delegatsiyasiga USSR, BSSR va ZSFSR delegatsiyalari
bilan birgalikda Sovet Sotsialistik Respublikalari
Ittifoqini tashkil etish to'g'risidagi Deklaratsiya
loyihasini ishlab chiqish va Ittifoq shartnomasini
tayyorlashni topshirdi.
1922-yil 29-dekabrda Moskvada to'rt respublika
vakolatli delegatsiyalarining konferensiyasi bo'lib
o'tadi. Konferensiya SSSR ni tuzish to'g'risida
RKP(b) Markaziy Qo'mitasi plenumi tasdiqlagan
Deklaratsiya va Shartnoma loyihasini muhokama
qilib, uni maqullaydi. 30-dekabrda uni to'rt respublikalarning
vakolatli delegatsiyalari imzolaydilar.
1922-yil 30-dekabrda Moskvada Butunittifoq
Sovetlarining I syezdi SSSR ni tuzish to'g'risidagi
Deklaratsiya loyihasini ko'rib chiqib, Deklaratsiya va
Ittifoq Shartnomasini tasdiqlaydi.
Syezd yangi ittifoq - SSSR ning yuqori hokimiyat
organlari - Markaziy Ijroiya Qo'mitasini va hukumatini
tuzdi. SSSR MIQ Raislari etib, RSFSR dan
M.I.Kalinin, Ukrainadan G. I. Petrovskiy, Belorussiyadan
A. G. Chervyakov, ZSFSRdan N. N. Narimanovlar saylandi. V. I. Lenin SSSR Xalq Komissarlari
Soveti raisi etib tasdiqlandi.
Shunday qilib, oktabr to'ntarishidan 5 yil o'tgandan
keyin 1922-yil 30-dekabrda SSSR tuzildi. Uning
tasischilari RSFSR, BSSR, USSR, ZSFSR hukumatlari
bo'ldilar. Keyinchalik uning tarkibi kengayib
bordi. XX asrning 30-40-yillari boshlariga kelib bu
ittifoq davlati tarkibi yangi respublikalar hisobiga kengayib,
u son jihatidan 15 taga yetkazildi. Shunday
qilib yer yuzi hududining 1/6 qismini egallagan
qudratli sovetlar saltanati vujudga keldi.
Bu ittifoqqa asos solgan barcha dasturilamal hujjatlarda
tenglik, birodarlik tushunchalari aks ettirilsa-da,
biroq amalda u hukmron Markaz uchun butun-butun
xalqlarning taqdir-qismati, inon-ixtiyorini tamomila
o'z tasarrufiga bo'ysundirishga xizmat qilgan tuzoq
rolini o'tab keldi. Negaki, bu ittifoq uning tarkibiga
kiritilgan har bir milliy respublikaning amaldagi mustaqilligini
barham toptirdi, emin-erkin rivojlanishiga
g'ov soldi. Bunday og'ir ayanchli qismatni O'zbekiston
va uning jabrdiyda xalqi ham o'z boshidan kechirdi.

Milliy-hududiy
chegaralanish va uning
oqibatlari

Malumki, O'rta Osiyo hududida
qadim-qadimdan
tili, dini, tarixi, madaniyati,
ananalari bir-biriga juda
yaqin va mushtarak qardosh va qondosh xalqlar
yashab kelganlar. Bu yerda istiqomat qilgan o'zbeklar,
turkmanlar, tojiklar, qozoqlar, qirg'izlar, qoraqalpoqlarning
xo'jalik hayoti, turmush tarzi, udumlari ham
o'xshash bo'lib, shu muqaddas ona zaminni o'zlarining
asl Vatanlari deb bilganlar. Biz ildizi, tomirlari
bir xil xalqmiz, degan g'oya azaldan avloddan
avlodga o'tib keladi. Bu g'oya doimo hudud yaxlitligi,
birligiga xavf tug'ulganda kuchli, yengilmas tushunchaga
aylangan, xalqlarning bir-biridan ajralib, uzoqlashib
ketishiga yo'l qo'ymagan. Ular hamisha bir-birlariga
og'a-ini, quda-anda bo'lganlar. Yurtboshimiz
Islom Karimov takidlaganlaridek, Bizning otabobolarimiz
ham, momolarimiz ham bir.
Biroq, afsuslar bo'lsinki, pixini yorgan sovet hokimiyati
arboblari qondosh va jondosh, tarixan bir yagona hududda yashab kelgan birodar xalqlarni bir-biridan
ajratib tashlash, ularning birlashib davlat tuzishlariga
izn bermaslik uchun butun choralarni ishga solib borganlar.
Bundan kuzatilgan bosh maqsad - o'lka xalqlarining
birlashuviga, o'z istiqlolini va istiqbolini birgalikda
bunyod etishiga yo'l qo'ymaslik va shu asosda
Markazning bu yerdagi hukmronligiga, sotsialistik qayta
qurish jarayonining avj olishiga keng maydon yaratish
edi. Shu maqsadda Turkistonni milliy o'ziga xoslik, til
birligi asosida bo'lib tashlash g'oyasi ilgari surildi.
Markazning hukmronlik irodasini bajarishga davat
etilgan Turkiston ishlari bo'yicha maxsus komissiya -
Turkkomissiya zimmasiga o'lkada milliy-hududiy
chegaralanishni o'tkazish va shu asosda bu hududda bir
qator sovet respublikalarini tashkil qilish vazifasi yuklangan
edi. RKP(b) Markazqo'mi kotibi Y.E. Rudzutak
bu sohaga bosh mutasaddi etib belgilangan edi.
Markaz mo'ljallayotgan milliy siyosat mazmuni,
mohiyatidan xabardor bo'lgan Turkistonning ilg'or
ziyolilari uzoqni ko'ra bilgan donishmand arboblari
o'lka birligi, yaxlitligini, uning qardosh xalqlari jipsligini
zo'r berib himoya qilishga urindilar. Biroq o'lka
jilovini qo'lda mahkam tutgan bolshevik mutasaddilar
ularning haqqoniy fikrlarini hisobga olmadilar. Bugina
emas, yagona va mustaqil Turkiston g'oyasi uchun
kurashgan vatanparvar kuchlar, milliy ziyolilar millatchilikda,
turkparastlikda, islomparastlikda va sovet
hokimiyatiga qarshilikda ayblandilar va qoralandilar.
Shunday qilib, O'rta Osiyoni milliy-hududiy jihatdan
alohida respublikalarga bo'lib tashlash masalasi
bir necha bor Markazda, Turkiston, Buxoro, Xorazm
respublikalarida, ularning Kompartiyalari plenumlarida,
shuningdek, ularning faoliyatini muvofiqlashtirib
turuvchi organ - RKP(b) MQ O'rta Osiyo byurosi
plenumlarida muhokama etilib mahalliy xalqqa tasir
va tazyiqlar o'tkazib borildi.
Milliy-hududiy chegaralanish masalasi 1924-yil
5-aprelda RKP(b) MQ Siyosiy byurosida, 11-mayda
RKP(b) MQ O'rta Osiyo byurosi komissiyasida ko'rib
chiqildi. Unda O'rta Osiyo respublikalarida milliy
chegaralanish loyihasini tayyorlovchi maxsus komis siya tuzildi. Loyiha RKP(b) MQ O'rta Osiyo byurosining
1924-yil 2-iyundagi yig'ilishida muhokama
etilib, asosan maqullandi.
Bundan norozi bo'lgan mahalliy aholi vakillari,
xususan, Xorazm respublikasining bir guruh masul
xodimlari, chunonchi, XKP MQ kotibi Odinayev,
ichki ishlar noziri Abdusalomov, Yoqubov, Turkiston
va Buxoro vakillari: Sultonbek Xo'janov, Sanjar
Asfandiyorov va boshqalar yagona Turkistonni bo'lib
tashlash maqsadga muvofiq emas, deb etiroz bildirdilar.
Ular Turkiston xalqlari birligini saqlab qolishga
qaratilgan O'rta Osiyo federatsiyasini tuzish to'g'risida
 taklif kiritdilar. Shuningdek, 1924-yil 8-mayda
RKP(b) Markaziy Qo'mitasiga Xorazmda milliy
masalani hal etish to'g'risida xat kelib tushadi. Bu
xatda ham Xorazm respublikasini bo'lib yuborish
maqsadga muvofiq emas, deyilgan edi. Biroq mahalliy
xalqlarning talab va takliflari inobatga olinmadi.
Aksincha, 1924-yil 12-iyunda RKP(b) MQ Siyosiy
byurosi O'rta Osiyo respublikalarini milliy chegaralash
to'g'risidagi masalaga yana qaytib, uni o'tkazish
to'g'risida qaror qabul qiladi. Munozaralar tobora
qizib borganligi sababli vaqtincha Xorazm respublikasida
milliy-hududiy chegaralanishni to'xtatib turishga
qaror qilindi. Bu borada Xorazm Kompartiyasi
va hukumati rahbarlariga har tomonlama tasir o'tkazib
borildi. Ularning ko'pchiligi vazifasidan olinadi,
qolganlari partiya qaroriga qo'shilishga majbur bo'-
ladi. Oqibatda 1924-yil 26-iyunda Xorazm respublikasi
rahbarlari Xorazm uchun ham milliy chegaralanishning
zarurligini etirof etadilar. Shundan
so'ng, 1924-yil 15-iyulda O'rta Osiyo byurosi milliy
chegaralanish loyihasini tayyorlash va 1924-yil oktabr
oyida uni o'tkazish zarur, degan qatiy xulosaga keldi.
Shu maqsadda maxsus Markaziy hududiy komissiya
tuzilib, joylarda tashviqot-targ'ibot ishlari kuchaytirib
yuboriladi. Komissiya 1924-yil sentabr oyi boshlarida
o'z ishini asosan tugallaydi.
1924-yil 25-sentabrda RKP(b) MQ Siyosiy byurosi,
9- va 11-oktabrda RKP(b) Markaziy Qo'mitasi
bu masalani ko'rib chiqib, milliy chegaralanishni rasmiylashtirishni maqsadga muvofiq deb topadi. Bu
qaror 14-oktabrda SSSR BMIQ tomonidan ham
maqullanadi. Shu tariqa, sovet hukumati, RKP(b)
MQ va uning joylardagi mahalliy tashkilotlarining
1920-1924-yillar davomida O'rta Osiyoda olib borgan,
xalqqa yolg'on vadalar berishni ko'zda tutgan
Lenincha milliy siyosatni hayotga tatbiq etish bobidagi
amaliy ishlari yakun topdi. Buning orqasida
o'lkaning tarixan tarkib topgan o'ziga xos milliy xususiyatlari,
hududiy yaxlitligi zavol topdi. Uning hududlarini
kichik-kichik milliy bo'laklarga bo'lish ishlari
yakuniga 1924-yil 24-oktabrda RKP(b) MQ plenumi
so'nggi nuqta qo'ydi. Nihoyat, 1924-yilning 27-
oktabrida bo'lib o'tgan SSSR BMIQ II sessiyasi O'rta
Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o'tkazish tadbirlarini
to'la maqulladi.
Shunday qilib, hukmron Markaz zo'ravonlarining
bir necha yillik say-harakatlari orqasida O'rta
Osiyoning siyosiy jo'g'rofiyasi suniy ravishda o'zgartirildi.
Bu hududdagi ko'p asrlik milliy davlatchilik tarixi
ananalariga chek qo'yildi. Buning yorqin ifodasi
xususan Buxoro va Xorazm davlatlarining zo'ravonlik
yo'li bilan tugatilganligida namoyon bo'ldi. O'rta
Osiyo hududida shu davrga qadar hukm surib kelgan
uch davlat: Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm
respublikalari o'rnida endilikda O'zbekiston SSR,
Turkmaniston SSR, shuningdek, O'zbekiston SSR
tarkibida Tojikiston ASSR tuzildi. Qirg'izlar yashagan
hududlar Qoraqirg'iz (Qirg'iziston) muxtor viloyatiga
birlashtirilib RSFSR tarkibiga, Turkistonning qozoqlar
yashaydigan tumanlari Qozog'iston ASSR ixtiyoriga
berildi. Qoraqalpoqlar yashaydigan hududlar Qoraqalpoq
muxtor viloyatiga birlashtirilib Qozog'iston
ASSR tarkibiga kiritildi. O'lkada beshta milliy davlat
birlashmalari tashkil etildi. Natijada, yagona Turkiston
xalqlari bir-biridan suniy ravishda uzoqlashtirildi.
Bu hol sovetlarga o'lkada o'z hokimiyatini
mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar yaratib
berdi.

O'zbekiston SSRning
tashkil etilishi

Milliy chegaralanish natijasida
O'zbekiston SSR tashkil etildi. Uning tarkibiga quyidagi hududlar kiritildi:
Turkiston ASSR dan 9 ta uyezd, 133 tuman va 7
qishloq okrugi;
- Buxoro respublikasining 9 ta viloyati;
- Xorazm respublikasining 23 ta tumani.
O'zbekiston SSR tashkil etilgan paytda uning
hududi 312394 kv. km ni, aholisi 4 mln 447 ming 55
kishini tashkil etar edi. 1926-yil malumotlari bo'yicha,
milliy tarkibiga ko'ra aholining 74,2 foizini o'zbeklar,
qolganlarini esa boshqa millatlar tashkil etar edi.
O'zbekiston SSR ning dastlabki poytaxti Buxoro
bo'lgan. Biroq ko'p o'tmay - 1925-yil aprelda poytaxt
Samarqand qilib belgilandi. 1930-yil oxirida poytaxt
Toshkentga ko'chirildi. O'zbekiston SSR hududida
butun hokimiyat O'zbekiston SSR sovetlarining
tasis qurultoyiga qadar Muvaqqat Inqilobiy qo'mita
ixtiyoriga berildi. Buxoro Respublikasi hukumati raisi,
taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo'jayev O'zbekiston
SSR Inqilobiy qo'mitasi raisi qilib tasdiqlandi.
1924-yil 5-dekabrida Inqilobiy qo'mita butun
O'zbekiston xalqiga murojaat qilib, O'zbekiston SSR
tuzilganligini, uning tarkibiga Tojikiston ASSR kirganligini
malum qildi.
Milliy chegaralanish bilan bir vaqtda iqtisodiy
bo'linish ham o'tkazildi. Turkiston, Buxoro, Xorazm
respublikalariga tegishli barcha boyliklar yangi milliy
respublikalar o'rtasida qayta taqsimlandi. Bu ishlar sovet
hukumati tomonidan maxsus tuzilgan O'rta Osiyo
tugatish komissiyasi boshchiligida amalga oshirildi.
1925-yil 13-fevralda Buxorodagi Xalq uyida
Umum O'zbek sovetlarining birinchi qurultoyi ochildi.
Qurultoy O'zbekiston Sovet Sotsialistik
Respublikasi tuzilganligi to'g'risidagi Deklaratsiyani
qabul qildi. Qurultoyda davlat hokimiyati oliy organlari
tuzilganligi rasmiylashtirildi. O'zbekiston SSR
Sovetlari Markaziy Ijroiya Qo'mitasi Raisi lavozimiga
farg'onalik dehqon, Qo'shchi uyushmasi rahbarlaridan
biri Yo'ldosh Oxunboboyev saylandi. O'zbekiston
SSR hukumati - Xalq Komissarlari Kengashi Raisi
lavozimiga Fayzulla Xo'jayev tasdiqlandi. Milliy chegaralanish davrida O'rta Osiyoda faoliyat ko'rsatib
kelgan partiya, komsomol va xo'jalik tashkilotlarida
ham bir qator tashkiliy o'zgarishlar amalga oshirildi.
Turkiston, Buxoro va Xorazm Kommunistik partiyalari,
komsomol va xo'jalik tashkilotlari, kasaba
uyushmalari qayta tashkil etildi.
O'zbekiston Kompartiyasining 1925-yil 6-12-
fevral kunlari Buxoroda bo'lib o'tgan 1-tasis syezdida
O'zbekiston Kommunistik (bolsheviklar) partiyasi
tashkiliy jihatdan rasmiylashdi. Uning Markaziy
Qo'mitasi saylandi. V. I.Ivanov va Akmal Ikromov
(1927-yildan birinchi kotib) Markaziy Qo'mitaning
masul kotiblari etib saylandilar. Shu yili O'zbekiston
komsomoli (O'z LKSM), respublika kasaba uyushmalari,
uning rahbar organlari ham tuzildi. Ular
respublikada Markaz va sovet hokimiyatining tayanch
organlari bo'lib qoldilar.
Sovet hukumati O'zbekistonda o'zining rasmiy partiya,
sovet, komsomol va xo'jalik tashkilotlarini tuzib,
asta-sekin siyosiy va iqtisodiy tayanchini mustahkamlab
bordi. Bu esa unga O'zbekistonda keng miqyosda
bolshevistik siyosat yuritish imkoniyatini berdi. Shu
tariqa sovetlar butun choralar bilan O'zbekistonda o'z
hokimiyatini mustahkamlashda davom etdi.
1925-yil may oyida O'zbekiston SSSR tarkibiga kiritildi.
SSSR Konstitutsiyasi, uning asosiy qonunqoidalari
O'zbekiston SSR hududida bevosita ishlaydigan
bo'ldi. 1927-yilda qabul qilingan O'zbekiston SSR
ning birinchi va 1937-yilda qabul qilingan ikkinchi
Konstitutsiyasi ham amalda SSSR Konstitutsiyasining
ko'chirma nusxasi edi. Chunki O'zbekiston qog'ozdagi
suveren respublika bo'lib, amalda Markazga tobe
va qaram bir o'lka edi, xolos. U o'z xalqining milliy
manfaatlariga oid biror-bir dolzarb, hayotiy ahamiyatga
molik masalani Ittifoq hukumatidan xoli ravishda
mustaqil hal eta olmasdi. Bunga uning haddi sig'masdi.
Binobarin, respublikaning ichki va tashqi siyosatiga
daxldor barcha masalalar faqat hukmron Markaz
xohish-irodasi bilangina hal etilardi. Hatto O'zbekistonning
mamuriy-hududiy tuzilishiga oid masalalar
ham ittifoq hukumati tasarrufida edi. Masalan, O'zbekiston xalqi, uning hukumati roziligini so'ramasdan
1929-yilda Tojikiston ASSR O'zbekiston SSR tarkibidan
chiqarilib, Tojikiston Sovet Sotsialistik Respublikasiga
aylantirildi hamda SSSR ga qabul qilindi.
Shunday qilib, qog'ozda suveren respublika sifatida
shakllantirilib, hukmron sovet imperiyasi tarkibiga
kiritilgan O'zbekiston SSR amalda Markazga to'la
bo'ysunuvchi, arzon xomashyo mahsulotlari yetkazib
beruvchi bir chekka o'lka bo'lib qolaverdi.