7-. IQTISODIY SIYOSAT, UNING
MUSTAMLAKACHILIK MOHIYATI

Turkistonda yangi iqtisodiy
siyosat

XX asrning 20-yillari boshlariga
kelganda o'lka hayoti,
yerli aholining maishiy turmush tarzi nochor ahvolda
edi. Birinchi jahon urushining og'ir asoratlari, yangi
sovet tuzumini o'rnatishda bolshevik hukmdorlarning
mahalliy aholiga nisbatan qo'llagan zo'rlik, bedodlik
siyosati har qadamda ko'zga tashlanib turardi.
Buning ustiga sovet rejimi tomonidan ishlab
chiqilib, hayotga zo'rlik va zudlik bilan joriy etilgan oziq-ovqat razvyorstkasi va u bilan uyg'unlashgan harbiy
kommunizm siyosati o'lka xalqlari hayotini yana
ham mushkul ahvolga solib qo'ydi. Sovet hokimiyatini
saqlab qolish maqsadida amalga oshirilgan bu favqulodda
siyosat aholining bor-budini tortib olib, uning
erki, tashabbusi, mustaqilligini qat'iyan cheklab, savdo,
bozor munosabatlariga izn bermay, oqibatda bu
yerdagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyatning yana
ham murakkablashib borishiga sabab bo'ldi.
Vaziyat sovet hokimiyati yo'lboshchilari oldiga
ahvolni o'nglash, tang vaziyatdan chiqish va xo'jalik
siyosatining yangi vazifalarini belgilashni ko'ndalang
qilib qo'ydi. Modomiki, sovet hokimiyati butun mamlakatdagi
vaziyatni o'z tasarrufiga olib, nisbatan tinch
xo'jalik yuritish pallasiga kirgan ekan, bunda iqtisodiy
siyosatning davr talabiga javob beradigan yangi
yo'nalishlarini ishlab chiqishi hayotiy zaruriyat bo'lib
qolgandi. Bu vazifalar 1921-yil mart oyida bo'lib
o'tgan RKP(b) X syezdi belgilab bergan yangi iqtisodiy
siyosat (YlS)da o'z ifodasini topdi. Bu siyosatning
muhim bo'g'inlari oziq-ovqat razvyorstkasini
oziq-ovqat solig'i bilan almashtirish, savdo-sotiqni
erkinlashtirish, sanoatda, xizmat ko'rsatish va mayda
hunarmandchilik sohalarida xususiy tadbirkorlikka
ruxsat etish, bozorni tartibga solish mexanizmlaridan
foydalanish, ijaraga olish va yollanma mehnatning
cheklanishini bekor qilishdan iborat bo'ldi.
Eng muhimi, bu siyosat shahar bilan qishloq
o'rtasidagi o'zaro munosabatlarni izga solishga, yangi
hokimiyatning tayanch negizi hisoblangan ishchilar
bilan dehqonlar sinfi o'rtasidagi ittifoqni, iqtisodiy aloqalarni
mustahkamlashga xizmat qilardi. Yangi iqtisodiy
siyosatning bosh maqsadlaridan biri - bu
dehqon xo'jaligini oyoqqa turg'izish, uni rivojlantirish
edi. Negaki, busiz sanoatni ham, xalq xo'jaligining
boshqa sohalarini ham yuksaltirib, yetarli xomashyo
bazasini yaratib bo'lmasdi. Oziq-ovqat solig'i talabiga
ko'ra ekish mavsumi oldidan yakka dehqon xo'jaligi
bilan davlat o'rtasida mahsulot yetkazib berish
majburiyati to'g'risida alohida-alohida shartnoma
tuziladigan bo'ldi. Bu shartnoma yil oxirigacha, ya'ni hosil olingunga qadar o'zgarmas edi. Bu esa dehqonlarni
yerdan ko'proq hosil olish uchun astoydil mehnat
qilishga undardi. Xullas, yangi iqtisodiy siyosat dehqonning
o'z mehnatidan manfaatdor bo'lishini tayin
qildi. Endilikda dehqonning ortiqcha g'allasi tortib
olinmaydigan bo'ldi, bugina emas, dehqonga o'zi
yetishtirgan oshiqcha mahsulotni bozorda erkin sotish
huquqi berildi. Oshiqcha mahsulot deganda dehqonning
davlat buyurtma topshiriq-rejasida belgilangan
hajmdagi mahsulotni topshirgandan keyin ortib qolgan
qismi tushuniladi. Shuningdek, narx-navo tartibga
solindi. Ayrim sanoat korxonalari ham ma'lum cheklashlar
asosida o'zlarining avvalgi sobiq egalariga qaytarib
berildi.
Yangi iqtisodiy siyosat Turkiston uchun bir qator
o'ziga xos xususiyatlarga ega edi. Birinchidan, Turkiston
chekka, asosan qishloq xo'jaligi o'lkasi edi.
Demak, bu yerda zamonaviy qishloq xo'jaligi va sanoatni
yangidan barpo etish kerak edi. Ikkinchidan,
o'lkada milliy ishchilar sinflni shakllantirish zarur edi.
Uchinchidan, Turkiston ko'p millatli o'lka bo'lib,
yangi iqtisodiy siyosatga o'tishda yerli xalqlarning
qadriyatlari, an'analari, urf-odatlari xususiyatlarini
hisobga olish kerak bo'lardi. Ammo RKP(b) va sovet
hukumati Turkistonda yangi iqtisodiy siyosatni joriy
etishda o'z manfaatlaridan kelib chiqib ish yuritdilar.
1921-yil 20-aprelda Turkiston ASSR Markaziy
Ijroiya Qo'mitasi oziq-ovqat, yem-xashak va xomashyo
razvyorstkasini mahsulot solig'i bilan almashtirish
to'g'risida qaror qabul qildi. Unda 1921-1922-
yillar uchun soliq miqdori belgilandi. Achinarlisi
shundaki, Turkiston mehnatkashlaridan olinadigan
soliq markaziy rayonlardan farqli o'laroq soliq hajmi,
miqdori ekin ishlari oldidan emas, balki yil yakunida,
hosil ko'tarish chog'ida yig'ib olinardi. Bu esa dehqon
mehnatining kamsitilishiga sabab bo'lardi.
Bundan tashqari, sovet hukumati o'lkada birinchi
navbatda o'zi uchun zarur bo'lgan tarmoqlarni, chunonchi,
paxta, qand lavlagi, tamaki va boshqa texnik
ekinlarni rivojlantirishga alohida e'tiborni qaratdi.
Yordam ko'rsatish bahonasida 300000 dan ortiq ish chi va dehqon oilalari Rossiya markaziy rayonlaridan
Turkistonga keltirilib joylashtirildi. Buning ustiga o'lkada
ahvol og'ir bo'lishiga qaramasdan 1921-yil kuzida
bu yerdan Moskva va boshqa shaharlarga 300 ming
puddan ko'proq g'alla mahsulotlari olib ketildi. Shunga
qaramay, o'lka mehnatkashlari fidokorona mehnat
qildilar. Ularning, biroz bo'lsa-da, hayotga ishonchi
uyg'ona boshladi. Chunki, sovet hokimiyati cheklangan
holda bo'lsa-da, o'lkada xususiy mulkchilik va
xususiy tadbirkorlikka erkinlik bergan edi.
Yangi iqtisodiy siyosat asosida sanoatni xo'jalik hisobiga
o'tkazish jarayoni amalga oshirib borildi. Bu esa
sanoat korxonalari ishlab chiqarishining biroz bo'lsada
jonlanishiga olib keldi. Mayda va o'rta sanoat korxonalari,
yirik kooperativ tashkilotlar va ularning birlashmalari
tadbirkorlarga ijaraga berildi, o'lkada yangi
sanoat korxonalari, temiryo'llar qurildi. Xilkovo sement
zavodi, Farg'ona pillakashlik fabrikasi, Qizilqiya,
Xilkovo temiryo'l shoxobchalari shular jumlasidandir.
O'lkada, ayniqsa, paxtachilik va u bilan bevosita
bog'liq bo'lgan paxta tozalash korxonalari tez sur'atda
o'sdi. Bu Markaz to'qimachilik sanoatining o'zbek
paxtasiga talab-ehtiyoji ortib borayotganiga ko'p jihatdan
bog'liq edi.
Natijada paxta ekiladigan maydonlar 1924-yilda
1921-yilga nisbatan 3 barobar ko'paydi. Ishlab turgan
sanoat korxonalari soni 144 taga yetdi. Birgina paxta
tozalash sanoatida yalpi mahsulot ishlab chiqarish
1923-yildagi 23,9 mln so'mlikdan 1924-yilda 57,8
mln so'mga yetdi. Bundan ko'rinadiki, yangi iqtisodiy
siyosat asosida Turkiston sanoati tiklanib sezilarli
darajada rivojlana boshladi.
Biroq partiya va sovet hukumati yangi iqtisodiy
siyosat Turkistonda sinfiy kurashning keskinlashuviga
olib kelmoqda, mahalliy boylar, milliy burjuaziya
qoldiqlari, yirik savdogarlar, musulmon ruhoniylari va
boshqa ekspluatator unsurlar jonlanmoqda, deb ularga
qarshi mafkuraviy tashviqot va targ'ibot ishlarini
kuchaytirib yubordi.
Bu hol asta-sekinlik bilan o'lkada yangi iqtisodiy
siyosat yo'lidan chekinishga olib keldi. Dehqonga berilgan imtiyozlar qaytarib olindi. Ular qishloq xo'jalik
artellariga birlashtirila boshlandi. Sanoatni milliylashtirish
jarayoni avj oldirildi. Ayniqsa, 20-yillarning
oxirlariga kelib Ittifoqning, shu jumladan, O'zbekistonning
ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy-madaniy hayotida
ma'muriy-buyruqbozlik boshqaruvi tizimining kuchayishi
natijasida yangi iqtisodiy siyosat o'z mazmuni va
mohiyatini tobora yo'qota bordi.

Yer-suv islohoti

Azaldan sun'iy sug'orishga
asoslangan dehqonchilik madaniyati
maskani hisoblangan hamda aholisining mutlaq
ko'pchiligi qishloq xo'jaligida band bolgan
Turkiston xalqlari uchun yer-suv, undan foydalanish
masalasi favqulodda ahamiyat kasb etardi. Negaki,
o'lka aholisining anchagina qismi yersiz edi. Bir parcha
yerga muhtoj bo'lganlar boylar, yirik zamindorlarning
mulkida chorakorlik bilan nochor hayot kechirib, oila
tebratib kelardi. Buning ustiga chor Rossiyasi bosqinidan
so'ng ko'plab serhosil, unumdor yerlar Rossiyadan
ko'chirib kelingan oilalar foydasiga majburan olib
berilgan edi. Turkiston qishlog'idagi bu zo'ravonlik,
mustamlakachilik siyosati yersiz, batrak dehqonlarning
ahvolini tanglashtirib yuborgan edi. Shu bois ham
mahalliy yerli aholi yangi sovet hokimiyatining Yer -
dehqonlarga degan balandparvoz va'dalari, da'vatlariga
umid bog'lab, uning yer to'g'risidagi dekretining
amalga oshuviga ko'z tikib kelayotgandi. Darhaqiqat,
sovet hokimiyatining 1917-yil 25-oktabrda qabul qilgan
Yer to'g'risidagi dekretida butun mamlakatda kambag'
al, batrak, yersiz dehqonlarni yer bilan ta'minlash,
yirik yer-mulklarni musodara qilish va undan so'ng
milliylashtirish vazifalari e'lon qilingan edi.
Sovet hukumati ko'p sonli dehqon aholisini o'z
tomoniga qaratib olishni ko'zlab yer to'g'risidagi
dekretni qabul qilgan bo'lsa-da, ammo uni amalga
oshirishdan kuzatilgan va uzoqqa mo'ljallangan maqsadlari
boshqa edi. Sovetlarning yer-suv islohoti masalasida
tutgan siyosatining pirovard maqsadi yirik
xususiy yer-mulklarni musodara qilish, milliylashtirish
orqali ularni tugatib, jamoalar ixtiyoriga bera borib,
asta-sekinlik bilan yirik jamoalashgan sotsialistik xo'jaliklarni qaror toptirish edi. Turkistonda ham
mana shu prinsipial maqsadlarni ko'zlab yer-suv islohotini
o'tkazishga kirishildi.
Turkiston Sovetlarining XI syezdida (1920-yil
sentabr) o'lkada yer-suv islohoti masalasi ko'rib chiqildi,
bu sohadagi asosiy vazifalar belgilandi. Bunga
ko'ra aholining boy qismi qo'lidagi katta yerlarni musodara
qilish, ovrupalik aholi bilan yerli xalqlar o'rtasida
yer-suv masalasida vujudga kelgan tengsizlik munosabatlariga
barham berish, mehnatkash aholini sovetlar
tevaragiga jipslashtirish zarur deb topildi. Yer ishlari
xalq komissarligi rejasiga ko'ra tortib olingan yerlar
kam yerli va yersiz mahalliy batrak va dehqonlarga
bo'lib berilishi aytilgandi. Bu jarayon boy xo'jaliklarga
ma'muriy choralar va tazyiq o'tkazish yo'li bilan olib
borildi. Bu xil tadbirlarga batrak-dehqonlar ommasi
ham keng jalb etildi. Shu maqsadda joylarda qishloq va
ovullar mahalliy aholisining yersiz, kambag'al qismini
birlashtiruvchi Qo'shchi uyushmalari tuzila boshladi.
Qo'shchi uyushmalari kommunistlarning dehqonlar
orasidagi tayanchiga aylanib bordi. Turkiston
ASSR hududida 1921-yil davomida tuzilgan Qo'shchi
 uyushmalari 160 ming a'zolarni birlashtirgan edi.
1921-yil dekabrida Toshkentda Qo'shchi uyushmalarining
birinchi respublika qurultoyi bo'lib o'tdi.
Qurultoy qarorida, jumladan, bu uyushmalar mehnatkashlar
ommasini sovetlar yordamida xo'jalik qurilishiga
tortish vositasidir - deb uqtirilgan edi.
Shunday qilib, Turkistonda 1921-1922-yillar
davomida yer-suv islohotining birinchi bosqichi yirik
yer-suv egalariga qarshi keskin kurash shiori ostida
o'tkazildi. Masalan, Samarqand viloyatida 350 ta
katta yer egalaridan 13 ming desyatina yerlar tortib
olindi. Respublika bo'yicha boy va o'ziga to'q aholidan
1,7 mln desyatina yer tortib olindi, ularning 117
ming desyatinasi yersizlarga va kambag'allarga berildi,
qolgan katta qismi asosida Qo'shchi uyushmalari
tuzildi. Bu sovet hokimiyatining kambag'allarni o'z
tomoniga og'dirib olishga qaratilgan harakati edi.
O'rtahol dehqon xo'jaliklari saqlab qolindi.
Xulosa qilib aytganda, yer-suv islohotining birinchi bosqichi yakunida dehqon xo'jaliklarini jamoalashtirish
uchun zamin yaratildi. Endilikda mehnatkash
xalqni birdan bir yagona yo'l - jamoa xo'jaliklariga
majburan birlashish masalasi ko'ndalang bo'lib turardi.
Ammo, bu aslida oddiy xalqni aldashdan boshqa
narsa emas edi. Chunki, yer dehqonga berilmadi, balki
bir mulk shaklidan ikkinchi mulk shakliga aylantirildi,
xolos. Gap shundaki, garchi yerga xususiy mulkchilik
tugatilgan bo'lsa-da, u jamoa (amalda davlat) mulki
bo'lib qoldi.

Yer-suv islohotining
ikkinchi bosqichi

O'zbekiston SSR tuzilgan
paytda ham respublikada
sovetchasiga agrar siyosatni
amalga oshirish to'la hal etilmagan edi. 1925-yil
boshida Farg'ona viloyatida umuman yersiz dehqonlar
3,4 foizni, 3 desyatinagacha yeri bor xo'jaliklar
83,1 foizni tashkil etardi. Samarqand viloyatida bu
ko'rsatkich mos ravishda 2,1 va 51,5 foizga teng edi.
Toshkent viloyatida esa yersiz dehqonlar 12,5 foizni
tashkil etardi. O'zbekistonning asosiy paxtakor viloyat
va tumanlarida yerning katta qismi yangi iqtisodiy
siyosat asosida xo'jalik yuritayotgan o'rtahol dehqonlar
qo'lida to'plangan edi. Ular respublikada yetishtirilayotgan
paxta, g'alla va boshqa qishloq xo'jalik
mahsulotlarining asosiy qismini yetkazib berar edi.
Kambag'al dehqonlar esa yerni ulardan ijaraga olib
ishlashardi. O'zbekiston Kompartiyasining II syezdida
(1925-yil noyabr) bu hol feodal munosabatlarning
qoldig'i deb baholandi va xususiy mulkchilik munosabatlarini
sotsialistik iqtisodiyot ta'siriga bo'ysundirilishi
kerakligi ta'kidlandi. Shundan so'ng O'zKP(b)
Markaziy Qo'mitasi Ijroiya byurosida, viloyat, shahar,
tuman partiya va sovet tashkilotlarida yer-suv islohotining
ikkinchi bosqichini o'tkazish masalasi bir necha
bor muhokama qilindi va uning nihoyatda dolzarbligiga
e'tibor qaratildi. Joylarda yer-mulklarni qaytadan
ro'yxatdan o'tkazish boshlab yuborildi. Bu ish birinchi
navbatda asosiy dehqonchilik muzofotlari hisoblangan
Toshkent, Farg'ona, Samarqand viloyatlarida boshlandi.
Yer-suv islohotining mazmuni dastavval quyidagi
muammolarni hal etishga qaratildi: 1. Qishloqda ishlab chiqaruvchi kuchlarni yanada
rivojlantirishga bo'lgan barcha to'siqlarni olib tashlash.
2. Yer va suv manbalarini tezroq milliylashtirish.
3. Mehnat qilmay boshqalar hisobiga yashaydiganlarning
yerlarini tortib olish.
4. Yangi tashkil etilayotgan xo'jaliklarga yordam
berish va hokazo.
Bu aslida qishloqda yangi iqtisodiy siyosatdan
chekinish edi. Shuning uchun ham mahalliy rahbarlar
yer-suv islohoti jarayoniga o'ziga xos tarzda baho
berdilar. Masalan, O'zbekiston SSR Yer ishlari xalq
komissari Inomjon Xidiraliyev va boshqa mas'ul
xodimlar O'zKP(b) Markaziy Qo'mitasi va O'rta Osiyo
byurosiga ariza bilan murojaat qilib, yer-suv islohoti
mahalliy xalqning xohish-irodasiga, turmush tarziga
zid, deb islohotga oshkora e'tiroz bildirdilar. Biroq ular
Markaz vakillari qudrati oldida yakkalanib qoldilar.
1925-yil dekabrida bo'lgan O'zbekiston SSR Markaziy
Ijroiya Qo'mitasining Favqulodda sessiyasi Yer
va suvni milliylashtirish to'g'risida dekret qabul qildi.
Dekretga binoan yerlar quyidagi tarzda davlat
tasarrufuga olinishi va milliylashtirilishi kerak edi:
1. Qayerda turishidan qat'i nazar Farg'ona vohasida
40 desyatinadan, Toshkent va Samarqand vohalarida
50 desyatinadan ortiq sug'oriladigan yeri bo'lgan
mulk egalari jami jonli va jonsiz mulki bilan.
2. Qishloq va ovullarda yashamagan, o'zlari va oila
a'zolaridan birortasi ham yerda ishlamaydigan shaxslarga
qarashli yerlar, boshqa mol-mulki bilan.
3. Vaqf yerlari, xo'jayinlari noma'lum yerlar musodara
qilinadigan bo'ldi.
Yer-suv islohoti qishloqda asosiy kuch bo'lgan
o'rtahol dehqon bilan aloqani mustahkamlash shiori
ostida o'tdi. Farg'ona vohasida 7 desyatina, Toshkent
va Samarqand vohalarida 10 desyatinagacha yeri bor
o'rtahol dehqonlar mulki saqlanib qoladigan bo'ldi.
Natijada o'rtahol dehqonlar boy va quloqlardan ajratib
olinib, kambag'al dehqonlarga yaqinlashtirildi.
Bundan ko'zlangan asosiy maqsad ularni sovet
hokimiyati tayanchiga aylantirish edi. Yer-suv islohotini o'tkazishga hatto xotin-qizlar ham jalb etildiki, bu
hol masalaning chuqur ijtimoiy mohiyat kasb etishidan
dalolat edi. O'sha yillarga oid bir hujjatda Ko'maklashuvchi
komissiyada xotin-qizlar faol qatnashmoqdalar.
Yashirilgan yerlarni aniqlamoqdalar, umumiy
yig'ilishlarda boylar va tekinxo'rlarni fosh etmoqdalar
, deyilgan edi.
1926-yil dekabrida yuqoridagi uch viloyatda o'tkazilgan
yer-suv islohoti tajribasi respublika miqyosida
umumlashtirilib, uni qolgan viloyatlarda ham o'tkazishga
qaror qilindi. Islohot Zarafshon, Qashqadaryo,
Surxondaryo va Xorazm vohalarida ham o'tkazildi.
Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda 20 gektar
sug'oriladigan va 45 gektar lalmikor va bahorikor
yerga ega bo'lgan katta yer egalarining oshiqcha yerlari
musodara qilindi. 1929-yilda yer-suv islohoti
Qoraqalpog'istonda ham o'tkazildi.
Shunday qilib, yer-suv islohoti natijasida O'zbekistonda
jami 1492 ta o'ziga to'q xo'jaliklar tugatildi.
27992 ta badavlat mulkdorlarning ortiqcha yerlari tortib
olindi. Respublikaning yer fondiga tortib olingan
474393 desyatina yer qo'shildi, ularning 10 foizi kam
yerlilarga berildi. Qishloq aholisini qishloq xo'jalik
kooperativlariga birlashtirish kuchayib bordi. 1929-
yilda jamoa xo'jaligi hisoblangan kooperatsiyalarga birlashtirilgan
dehqon xo'jaliklarining respublikadagi
salmog'i 81 foizga yetdi. Bu jarayon, afsuski, oddiy
mehnatkashlar manfaatiga zid holda olib borildi.
Jumladan, shunday hollar ham sodir bo'ldiki, unda
o'rtahol dehqonlar, kustarlar, hunarmandlar, hatto
qishloq kambag'allari ham quloq dehqonlar qatoriga
qo'shib quvg'in yoxud surgun qilindi, mol-mulklari
musodara etildi.
Shunday qilib, respublikada yer-suv islohoti
qanday murakkab, ziddiyatli sharoitlarda o'tkazilmasin
va ko'plab noxush, salbiy holatlar bilan bog'liq
kechmasin, biroq u O'zbekistonning asosiy qishloq
aholisi uchun bir talay o'zgarishlar olib keldi. Avvalo,
yurtning ko'plab kambag'al, batrak aholisi yer-suv
islohotidan bahra olib, o'z xo'jalik hayotini bir qadar
tiklab olishga, uni emin-erkin yuritish imkoniga ega bo'ldi. Biroq shu narsa afsuslanarliki, bu jarayon
uzoqqa bormadi.

O'zbekistonda
sanoatlashtirish va
uning oqibatlari

XX asr 20-yillari o'rtalaridan
e'tiboran hukmron kommunistik
partiya va sovet
davlatining butun diqqate'tibori
sovetlar mamlakatini industrlashtirishga
qaratildi. Buning asosiy sababi shundaki, industrlashtirish
SSSR da sotsializm qurish dasturiy rejasining
eng asosiy vazifalaridan biri hisoblanardi. Shu sababdan
VKP(b) XIV syezdida (1925-yil dekabr) mamlakatni
industrlashtirish partiyaning sotsializmni barpo etishga
qaratilgan bosh strategik vazifasi, deb belgilanishi bejiz
emas edi. Hukmron Markaz bu asosiy vazifani bajarishga
xalqni safarbar etar ekan, bu ishni mamlakatning
barcha mintaqalarida, jumladan, O'zbekistonda ham
tezkor sur'atlarda amalga oshirishga qarata qat'iyan
yo'l tutdi. Bunda o'sha hudud va o'lkalarda zarur yetarli
shart-sharoitlar, moddiy yoki moliyaviy imkoniyatlar,
resurslar bor-yo'qligi hech bir inobatga olinmadi.
O'zbekistonda sanoatlashtirish ishini amalga
oshirish orqali sovetlar ko'p narsaga umid bog'lagandilar.
Eng asosiysi, ular bu o'lkada ko'plab sanoat
korxonalari va tarmoqlarini yaratish yo'li bilan uning
bitmas-tuganmas boy tabiiy va mineral resurslarini
ishga solish, arzon mahalliy ishchi kuchidan foydalanish
va oxir-oqibatda Markaz uchun ko'proq
foyda undirib olishni ko'zlaganlar.
Ularning nazarida bu narsa O'zbekistonda sotsializm
qurish yo'lida hal qiluvchi omil bo'lib xizmat qilishi
kerak edi. So'ngra sanoatlashtirish jarayoni
O'zbekistonning Markaz ta'sirida batamom qolib
ketishi uchun qulay imkoniyatlar yaratardi. Gap shundaki,
zamonaviy sanoat tarmoqlarini vujudga keltirish
va ishga tushirish respublikaning iqtisodiy taraqqiyoti
uchun g'oyatda katta ahamiyat kasb etardi. Biroq bu
jarayon juda ko'p miqdordagi moliyaviy resurslar, pul
mablag'lari, xilma-xil texnika jihozlari, ilmiy-texnika
salohiyati, ko'p sonli yuqori ma'lumotli muhandistexnik
xodimlar, malakali ishchi kadrlar va hokazo
omillar bilan bog'liq edi. Bunday salohiyatga O'zbekiston mutlaqo ega emas edi. Negaki, respublika bu
davrga kelib, xalq xo'jaligi tarmoqlarini qaytadan tiklashga
arang muvaffaq bo'lib, o'z qaddi-bastini astasekinlik
bilan rostlab borayotgan edi. Shuning uchun
ham bu mintaqada sanoatlashtirish jarayonining
tashabbuskori va tashkilotchisi bevosita hukmron
Markaz va Kommunistik partiya bo'ldi. Chunki ular
O'zbekistonning xomashyo resurslarini to'la ishga solish,
bu hududda qizil sovet imperiyasining mavqeyini
mustahkamlashni o'z oldilariga bosh maqsad qilib
qo'ygandilar. Bu o'rinda shuni aytish joizki, Ittifoq
hukumatining sanoatlashtirish rejasida O'zbekistonda
zamonaviy yirik industrial tarmoqlarni emas, balki
ko'proq xomashyoni (ayniqsa paxta xomashyosini)
qayta ishlaydigan sanoat korxonalarini, tog'-kon
sanoatini rivojlantirishga asosiy urg'u berilgandi.
Negaki, bu hudud Markaz uchun ko'proq xomashyo
mahsulotlari yetkazib berishga ixtisoslashtirilishi kerak
edi. Shu bois ham muhim e'tibor paxtachilik va u bilan
bevosita bog'liq tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgandi.
O'zbekistonda 1925-yilda atigi 21 sanoat tarmog'
iga taalluqli 149 ta korxona mavjud edi, xolos.
Ular ham asosan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta
ishlashga moslashgan, uncha katta bo'lmagan korxonalar
edi. Industrlashtirish yillarida O'zbekiston energetik
resurslarga nihoyatda boy bo'lishiga qaramay,
kuchli gidroenergetik inshootlar qurilishi sust olib
borildi. Agar O'zbekistonda 20-yillar oxirida bunyod
etilgan to'ng'ich Bo'zsuv GESi bilan Ukrainada qurilgan
DneproGES quvvatini bir-biriga solishtiradigan
bo'lsak bunda katta farqli manzara namoyon bo'ladi.
Negaki, DneproGESning 50 ming kv/s quvvati bilan
Bo'zsuv GESining esa 2 ming kv/s quvvatini bir-biriga
qiyoslab bo'lmasligi o'z-o'zidan ravshandir. Bu ham
O'zbekistonning Ittifoq davlati nazdida ko'proq iqtisodiy
qoloq o'lka sifatida gavdalanishi kerakligiga
yaqqol bir ishoradir. Sanoatlashtirish davrida respublikada
17 ta paxta tozalash zavodlari barpo etildi.
Shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Marg'
ilon va Shahrisabzda pillakashlik fabrikalari, Farg'
ona (1930) va Toshkent (1936-1939) to'qimachilik, Chirchiq elektrokimyo (1937) kombinatlari, Toshkent
mashinasozlik zavodi, bir necha konserva, g'isht
pishirish va urug' yetishtirish korxonalari qurildi. Umuman,
statistik ma'lumotlarga qaraganda O'zbekistonda
birinchi besh yillik (1928-1932)da 289 ta va ikkinchi
besh yillik (1933-1937) davrida 189 ta katta va kichik
sanoat korxonalari qurilgan hamda ishga tushirilgan.
Ularning mahsulot ishlab chiqarish hajmi va salmog'i
ham yil sayin ortib bordi. Chirchiq, Yangiyo'l kabi
sanoat shaharlari vujudga keldi. 1925-1940-yillar
davomida respublikada qurilgan GES lar soni 49 taga
yetdi. Toshkent-Angren temiryo'li, Toshkent-Termiz
katta o'zbek trakti avtomobil yo'li qurildi.
Ikkinchi jahon urushiga qadar bo'lgan davrda
O'zbekistonning sanoat salohiyati 1445 ta yirik va
o'rtacha sanoat korxonalarini va 19 mingga yaqin
mayda korxonalarni o'z ichiga olardi. Garchand sanoat
qurilishi urushgacha bo'lgan yillarda ancha ko'zga
ko'rinarli tarzda rivojlanib, muayyan yutuqlarga erishib
borgan bo'lsa-da, biroq bu sohada ko'plab jiddiy
muammolar va nuqsonlar ham mavjud edi. Avvalo,
Ittifoq davlati bilan respublika o'rtasida imperiyachilik
munosabatlari tizimi, yuqoridan tazyiq qilish amaliyoti,
rahbarlikning ma'muriy-buyruqbozlik usullari
O'zbekiston sanoati tarmoqlarida chuqur salbiy asorat
qoldirdi. Mustabid tuzum tomonidan O'zbekiston
sanoatini rivojlantirish siyosatining amalga oshirilishi
orqasida respublika metropoliyaning rangli va nodir
metallar, oltingugurt, ozokerit, volfram, molibden,
paxta tolasi, xom ipak bilan ta'minlovchi mintaqasiga
aylantirildi.
O'zbekistonda bunyod etilgan sanoat korxonalarining
ko'pchiligi xomashyo yoki yarim mahsulot
turlarini tayyorlashga ixtisoslashtirilgan edi. Ularni
boshqa hududlardagi korxonalarda tayyor mahsulotlarga
aylantirar edi. Bu esa Ittifoq hukumati xazinasiga
mo'may valuta daromadlarining kelib tushishini taxmin
etardi. Markaz amri bilan respublikaning xomashyo,
tabiiy resurslari ayovsiz ekspluatatsiya qilingani holda
uning o'ziga xos iqtisodiy manfaatdorligi hech qanday
nazar-pisand qilinmasdi. Yana shunisi ajablanarliki, O'zbekistonda qurilgan sanoat korxonalarining asosiy
qismi uning bevosita tasarrufida bo'lmay, ular to'lig'
icha Ittifoq ixtiyoriga bo'ysunardi. Masalan, 1928-
yilda O'zbekistondagi mavjud korxonalarning 81,7%i
Ittifoqqa tegishli, 14,5%i respublika va 3,8%i mahalliy
ahamiyatga ega bo'lgan bo'lsa, 30-yillarning o'rtalariga
kelib Ittifoq tasarrufida bo'lgan korxonalar 90%ni
tashkil qilgan. Buning ustiga industrlashtirishning
butun og'irligi mehnatkash xalq zimmasiga og'ir yuk
bo'lib tushgan. Ular og'ir sharoitlarda mehnat qilishga,
bu murakkab jarayonlarning barcha qiyinchiliklariga
bardosh berishga majbur edilar.
Respublikada industrlashtirishning yana bir xarakterli
tomoni shundaki, bu jarayon davomida malakali
ishchi kuchi yetishmaganligidan RSFSR hududidan
bu yerga juda ko'plab odamlar oqimi kirib keldi. Ular
hisobiga respublikaning ishchilar sinfi saflari to'ldirilib
borildi. Jumladan, 1926-yildan to 1940-yilga qadar
O'zbekiston aholisi yangi kelganlar hisobiga 750 ming
kishiga yoki 10% dan ortiqroqqa ko'paydi. SSSR ning
markaziy tumanlaridan aholining sun'iy tarzda
ommaviy olib kelinishi ko'p jihatdan xalq xo'jalik
mulohazalari bilan emas, balki ko'proq siyosiy mulohazalar
taqozosi bilan amalga oshirilgan edi. Agar joylarda
o'zining malakali ishchi kadrlarini keng miqyosda
tayyorlash tashkil etilganda edi, bu hol ancha
oqilona va ijobiy bo'lishi va eng muhimi ko'plab
mahalliy navqiron yoshlarni foydali ishga jalb etish
hamda ularni yaxshi ishchi kadrlar qilib tarbiyalashga
sezilarli ta'sir ko'rsatishi shubhasiz edi. Biroq sovet
tuzumi davrida siyosat va mafkuraning iqtisodiyotdan
ustun qo'yilib kelinishi bu masala bobida ham o'z salbiy
ta'sirini ko'rsatmasdan qolmagandi. Negaki, totalitar
tuzum sharoitida barcha aholi tabaqalarida
bo'lgani singari respublikaning ishchi va xizmatchilariga
nisbatan ham g'oyaviy va ma'muriy tazyiq ko'rsatib
borishga alohida urg'u berilgan edi. Shuningdek,
bu tuzum mutasaddilari aholining moddiy, ma'naviy
manfaati, shaxsiy qiziqishi, tashabbuskorligi masalalariga
mumkin qadar panja ortidan qarar, bularni
ikkinchi darajali ish deb hisoblardi. Shunday qilib, sanoatlashtirish yillarida partiya va
sovet hukumatining so'zi bilan amaliy ishi o'rtasida
yakdillik va uyg'unlik bo'lmadi. Sotsializmning kapitalizmdan
afzalligi, ustuvorligi, mehnatkashlar turmush
farovonligini yaxshilash, ularning hayoti mazmun-
mohiyatini chuqur o'zgartirish to'g'risidagi g'oyalar
amaliyotda puch bo'lib chiqdi. Xalq ommasining
o'n yillar davomida to'kkan peshona teri, amalga
oshirgan tinimsiz mehnati, chekkan zahmati, fidokorligi
unga yengillik, baxt-u farovonlik keltirmadi.
Buning aksicha xalqning mehnat jasorati va bunyodkorlik
faoliyati samarasi 30-yillarga kelib mamlakatda
bo'y ko'rsatgan kazarma sotsializmi
o'pqonini to'ldirishga, uning g'arazli manfaatlarini
qondirishga xizmat qildi. Bu esa tariximizning fojiali
sahifasi bo'lib totalitar tizimning SSSR hududida
qaror topib, chuqur ildiz otib borishiga asosiy sabab
bo'ldi.