Aziz, muhtaram o'quvchi!
Siz umumiy o'rta ta'lim maktabini tamomlab,
o'zingiz tanlagan kasb-hunar yo'nalishi bo'yicha maxsus
bilim, hunar o'rganish maqsadida akademik litsey
yoki kollejga o'qishga kirdingiz. Umumiy o'rta ta'lim
maktabida Vatanimizning eng qadimgi davridan 1917-
yilgacha bo'lgan bir necha ming yillik tarixini o'rgandingiz.
Endilikda akademik litsey yoki kasb-hunar
kollejida o'qish davomida O'zbekistonning 1917-yildan
bugungi kungacha davri tarixini o'rganasiz.
Qo'lingizdagi darslik O'zbekiston tarixining sovet
davri tarixini yoritishga bag'ishlangan. Sovet davri
Vatanimiz tarixining eng murakkab va ziddiyatli yillaridir.
Ota-bobolarimiz, bir tomondan, Vatan ozodligi
va mustaqilligi uchun mustamlakachilarga qarshi
qahramonona kurashdilar. Ikkinchidan, xalqimiz
Vatan ravnaqi yo'lida fidokorona mehnat qilib katta
bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdilar. Uchinchidan,
sovet mustamlakachiligi xalqimiz boshiga
og'ir kulfatlar, yo'qotishlar keltirgan davrdir.
1917-yili ma'rifatparvar, taraqqiyparvar kuchlar
sifatida tanilgan jadidlar, Vatan fidoyilari tinchlik yo'li
bilan, huquqiy asosda Turkiston Muxtoriyati uchun
kurashdilar. Buxoro amirligi va Xiva xonligi hududida
Yosh buxoroliklar va Yosh xivaliklar demokratik islohotlar
o'tkazish talablarini ko'tarib chiqdilar. Biroq
bolsheviklar tomonidan o'lkada o'tkazilgan siyosiy
to'ntarishlar oqibatida zo'ravonlarcha o'rnatilgan
mustabid sovet hokimiyati tub yerli aholining erkinlik,
ozodlik, mustaqillik yo'lidagi harakatlarini shafqatsizlarcha
bostirdi.
Mustabid sovet tuzumi O'zbekiston iqtisodiyotini
Markaz manfaatlariga bo'ysundirdi, uni metropoliyaning
xomashyo bazasiga aylantirdi. O'zbekistonning
tabiiy boyliklari, qishloq xo'jaligida yetishtirilgan qimmatbaho
paxta, pilla, qorako'l teri, shirin-shakar
mevalar Markazga tashib ketildi.
Sovet davrida xalqimizning ma'naviy, madaniy
hayoti kommunistik mafkura iskanjasiga solindi.
O'zbek xalqining milliy, ma'naviy qadriyatlari, urfodatlari
oyoqosti qilindi, o'zbek tili ikkinchi darajali
tilga aylantirildi. Millatning eng ilg'or namoyandalari,
ziyolilar qatag'on qilindi.
Mustabid tuzumning zulmiga qaramasdan, olkamizda
ijobiy, bunyodkorlik ishlari ham bo'ldi.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan ko'plab shaharlar
bunyod etildi, zavod va fabrikalar qurildi, millionlab
gektar yangi yerlar o'zlashtirildi. Maktablar,
oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari ochildi, madaniyma'naviy
muassasalar barpo qilindi, ilm-fan, adabiyot
va san'at sohasida sezilarli yutuqlarga erishildi.
Aziz o'quvchi! Siz mazkur darslikni o'qish, o'rganish
jarayonida mustabid sovet davrida O'zbekistonda
yuz bergan murakkab, ziddiyatli voqealar, ijtimoiysiyosiy,
iqtisodiy, ma'naviy-madaniy hayot haqiqatda
qanday kechgan bo'lsa, shundayligicha bilib olasiz. Bu
davrni xalqimiz hayotidan o'chirib tashlab bo'lmaydi.
O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov ta'kidlaganidek:
Bu yillar tarixi - bu bizning tariximiz, xalq
tarixidir. Tarixdan voz kechib bo'lmaydi.
Siz ota-bobolarimiz hayotini, ular yashagan davrning
mohiyatini to'g'ri tushunishga harakat qiling.
Mazkur darslik O'zbekiston Respublikasi Oliy va
o'rta maxsus ta'lim vazirligi O'rta maxsus, kasb-hunar
ta'limi Markazi tomonidan tasdiqlangan O'zbekiston
tarixi fani bo'yicha 40 soatga mo'ljallangan o'quv
dasturi asosida tayyorlangan va Tarixiy adabiyotlarni
nashrga tayyorlash va chop etish bo'yicha Respublika
ekspert guruhi xulosasiga asosan qayta nashr
etilmoqda. Darslik uchun rasmlarni tanlashda
Qahramon Rajabov ishtirok etdi.