Tarix. Qadimgi dunyo: 6- sinf uchun darslik/ A.S. Sagdullayev, V.A.
Kostetskiy. - 3-to`ldirilgan nashr. 
Toshkent: Yangiyul poligraph service,
2009.  192 b. MUALLIFLARDAN 5- sinfda "Tarixdan hikoyalar" bilan
tanishgan edingiz. Siz endilikda
odamlar nega tarixni o`rganishi va
uzoq o`tmish haqida bilimlar qanday
qilib jamlanishini bilib oldingiz.
6-sinfda olis-olis zamonlarga sayohatimizni davom ettiramiz, eng
qadimgi davlatlar va xalqlar tarixi,
madaniyati va urf-odatlari bilan
tanishib chiqamiz.
Mesopotamiya, Misr, Yunoniston, Rim
davlatlari va O`rta Osiyoning ilk davlatlari hukmronligi davridan beri
oradan ming yillar o`tdi. Biroq qadim
zamonlarda odamlar yaratgan
ko`pdan ko`p narsalardan bugun
ham kundalik turmushimizda
foydalanib kelmoqdamiz. Bu mehnat qurollari, sopol buyumlar, g`ildirak,
sopol suv quvurlari, gazlamalar,
yozuv va hokazolardir. Qadimgi
zamon mualliflari yozib qoldirgan
asarlar hali-hanuz kishilarga bilim va
tarbiya berayapti. Olimlar Yer yuzida qachonlardir ro`y
bergan voqealarni qaytadan tiklash
uchun ancha-muncha kuch-g`ayrat
sarflashdi. Ular qadimgi shaharlarni
topishdi va qazishmalar o`tkazishdi,
charmga, sopolga, papirusga, shuningdek, tangalarda bitilgan sirli
yozuvlami o`qishdi. Siz endilikda
arxeologik topilmalar nimalar haqida
so`zlab berishini bilasiz. Qadimgi
bitiklarni o`rganish bilan epigrafika, tangalarni tadqiq etish bilan esa numizmatika degan maxsus fan shug`ullanadi.
Insoniyat o`ta oddiy mehnat
qurollaridan to hunarmandchilik
durdonalari yasash, jo`ngina turar joy
qurib olishdan to shaharlarni bunyod
etishgacha bo`lgan uzoq yo`lni bosib o`tdi. Eng qadimgi shaharlar va
davlatlar tashkil topishi davrini olimlar
sivilizatsiya deb ataydilar. Dastlabki
sivilizatsiyalar tarixi Qadimgi Sharqda,
so`ngra Yunonistondagi Krit orolida
boshlangan edi. Qadimgi sivilizatsiyalar jahonning ko`pgina
o`lkalarida kabi, O`rta Osiyo,
jumladan, O`zbekiston hududida ham
vujudga keldi.
Yer yuzida odam paydo bo`lganidan
to milodiy 476- yilda G`arbiy Rim imperiyasi qulaguniga qadar kechgan
voqealar Qadimgi dunyo tarixi ni vujudga keltiradi. Bu tarix turli-tuman
arxeologik va yozma manbalar
asosida o`rganiladi.
Qadimgi dunyo tarixi Qadimgi Sharq,
Yunoniston va Rim saroy a'yonlari va
podsholarining turli yilnomalari (voqealar yilma-yil qayd etib
borilishi), qonunlar majmuyi,
biografiyalarida (tarjimayi hol) aks
ettirilgan. Ularda yurishlar va janglar,
ibodatxonalar, saroylar va qal'alar
qurilishi, hunarmandchilik va dehqonchilik, qadimiy fanlar va san'at
haqida hikoya qilinadi.
Olimlar o`qigan qadimgi matnlar,
masalan, "Piramidalar matnlari" va
"Marhumlar kitobi" misrliklar tarixi
haqida, "Bibliya"  yahudiylar, "Rigveda" hindlar, "Avesto" esa
O`rta Osiyo xalqlari tarixidan hikoya
qiladi.
Nil vodiysidagi Misr piramidalari majmuyi, Dajla va Frot oralig`idagi Bobil, Hind vodiysidagi Moxenjodaro, Erondagi Persepol, Yunoniston, Rim va O`rta Osiyoning
ko`plab shaharlari qazishmalari
butun jahonga mashhurdir.
Biroq, qadimgi dunyo tarixiga oid hali
ochilmagan sirlar oz emas. Balki
birortangizga ularni ochish nasib etar. Tarix bizni ko`p narsaga o`rgatadi.
Bejiz uni "buyuk o`qituvchi" deb
atashmaydi. Shu bois har birimiz o`z
Vatanimiz tarixini bilishimiz va
boshqa mamlakatlar xalqlari tarixi
hamda madaniyatiga hurmat bilan qarashimiz kerak. Ushbu darslikni
o`qir ekansiz, ko`plab tushunilishi
qiyin so`zlarga, tarixiy atama va
iboralarga duch kelasiz. Ularni
yodlash, esda saqlash kerak bo`ladi. Darslik matni bilan ishlash Ushbu maslahatlarimizni diqqat bilan
o`qing, ular o`rganilayotgan mavzuni
eslab qolishingizga yordam beradi.
Uyga berilgan topshiriqlarni
tayyorlashda quyidagilarga rioya
qiling: 1. Darsda yozib olganlaringizni bir
necha bor o`qing.
2. O`qishdan oldin mavzu
sarlavhasiga diqqat qiling, darsda
nimalar deyilganini eslang.
3. Har bir mavzu oxirida berilgan savollarni o`qing. Shunda siz
yozganlaringizni o`qiganingizda
nimalarga e'tibor berish lozimligini va
o`qiganlaringizni qay tartibda bayon
etish kerakligini bilib olasiz.
4. Matnni taxminan qismlarga bo`ling va har birining asosiy mazmunini o`z
so`zlaringiz bilan ayting, keyin butun
mavzuni gapirib bering. Gapira
olmasangiz, qiyin joylarini qayta
o`qing. Takrorlang. Darslik matnini
yod olish kerak emas. 5. Matnni o`qish jarayonida unda
eslatilgan rasm va jadvallarni toping,
izohlarini o`qing, matnda uchragan
shaharlar, mamlakatlar nomlarini
xaritadan toping.
6. Savollarga javob bering va mavzu oxiridagi topshiriqlarni bajaring. Agar
Siz har bir paragraf oxirida berilgan
Tayanch konspektlari bo`yicha
tarixni o`rganishga qaror qilsangiz
quyidagi vazifalarni bajarishingiz
lozim: 1. Darslik paragraflari matnini
Tayanch konspekt so`zlari bilan
taqqoslab o`qing.
2. Konspektdan foydalanib
paragrafni bir necha marta so`zlab
bering. 3. Tayanch ishoralarni yoddan aytib
berishga harakat qiling (chuqur
fikrlagandan so`nggina o`zlashtirish
lozim).
4. Bir necha soatdan so`ng yana bir
marta Tayanch konspektini takrorlang.
Biz, darslik mualliflari Sizga uzoq
o`tmishga sayohat qilishga, madaniy
yodgorliklar bilan tanishish va
qadimgi dunyo tarixini o`rganishga
ko`maklashamiz.
