33-. RUSNING MO'G'ULLAR
ZULMIDAN OZOD BO'LISHI

Markazlashish omillari.

Mo'g'ullar istilosi natijasida Rus yerlari og'ir
talafot ko'rgan bo'lsa-da, iqtisodiy
rivojlanish butunlay to'xtab qolmaydi.
Rus shaharlarida hunarmandchilik va
savdo-sotiqning jonlanishi, turli
viloyatlar orasidagi aloqalarning kuchayishi, qishloq xo'jaligidagi
siljishlar  Rus yerlarining
birlashishiga yordam beradi.
Mamlakatning birlashishiga tashqi
dushmanlarga, avvalo, Oltin O'rda
xonlari zulmiga qarshi kurash zaruriyati ham ko'p jihatdan ta'sir
qiladi. 

Rus yerlarining birlashuvi. 

XIV asrning boshlarida bir asr avval
Vladimir knyazligi chekkasi
hisoblangan Tver va Moskva qo'rg'onlari shaharlarga aylanib, rus
yerlarining yangi markazlari sifatida
yuksala boshlaydi.
Rus yerlaridan Oltin O'rda xoni yorlig'i
bilan soliq yig'ish uchun kurashi
davomida Tver knyazlaridan bir nechtasi mo'g'ullar qo'lida o'lim
topadi. Knyazlar o'zaro kurashda
hech qanday usuldan jirkanmaydi,
xususan Moskva knyazi Yuriy Danilovichning O'zbekxonga o'z
sadoqatini ko'rsatishi Tver knyazi
Mixailning halokati bilan tugaydi. Bu
kurash faqat knyaz Ivan Kalita (1325-1340) davrida uzil-kesil
Moskva foydasiga hal bo'ladi.
Moskva knyazlari XIV asrning
o'rtalariga kelib ancha kuch to'playdi.
Bu kuch bilan Oltin O'rdaga qarshi
kurashish ham mumkin edi. Knyaz Dmitriy Ivanovich taxtga kelganida 10 yoshda edi. U balog'at yoshiga
yetguncha Moskva knyazligi
siyosatini mitropolit Aleksiy boshchiligidagi boyarlar kengashi
oqilona olib boradi.
Oltin O'rda ham XIV asrning o'rtasidan
siyosiy nizolar davriga kirib, u deyarli
20 yil davom etadi.
Moskva knyazi Dmitriy Ivanovich (1359-1389) 1378-yili Voje daryosi
bo'yida mo'g'ullarga qarshi
kurashdagi dastlabki g'alabaga
erishadi.
Knyaz Dmitriy qo'shinlari 1380-
yilning sentabrida Don daryosi sohilidagi Kulikovo maydonida Oltin O'rda tumanboshisi Mamay boshchiligidagi qo'shin ustidan yana
g'alaba qozonadi. Bu g'alaba
sharafiga Moskva knyazi Donskoy faxriy nomini oladi. Ammo, oradan
ikki yil o'tib To'xtamishxon yana Moskva ustidan hukmini o'rnatib, rus
knyazlarini boj-yasoq to'lashga
majbur etadi. Sohibqiron Amir Temurning Oltin O'rda ustidan 1391-yili Qunduzcha, 1395-yili Tarak daryosi bo'yidagi janglarda g'alabalari Rus yerlari va
Sharqiy Yevropa xalqlarining
mo'g'ullar zulmidan ozod etilishida
hal qiluvchi omillardan bo'ladi.
Nihoyat, 1480-yili knyaz Ivan III davrida Moskva Oltin O'rdaga boj-
yasoq to'lashdan bosh tortadi. Shu
tariqa Rus yerlarida, deyarlik 250 yil
davom etgan mo'g'ullar hukmronligi
tugaydi.