38-. O'RTA ASRLARDA YAPONIYA

Ijtimoiy munosabatlar. 

Yaponiyada mulkchilik munosabatlari XIXII
asrlarda uzil-kesil shakllanadi. Bu
paytga kelib yer egalari mulklari  syoenlar vujudga keladi. Bunday yerlar merosiy bo'lib syoenlar barcha
soliqlardan ozod etilgan. Zamindorlar
o'z yerlarini kambag'al dehqonlarga
ijaraga berishgan.
Yaponiyada yirik yer egalari ma'lum
toifalarga bo'lingan. Ulardan eng nufuzlilari - xanke deb nomlangan. Ularning vassallari ryokalar bo'lgan. Harbiy bo'linmalar jangchilari esa  samuraylar deb nomlangan. Ularga xo'jayinlari harbiy xizmat evaziga
yer-mulk berganlar. Yillar o'tib
Yaponiya samuraylarining bir qismi
Yevropa ritsarlari kabi alohida toifa,
mayda dvoryanlarga aylanadi. O'z
yerlariga ega bo'lmagan jangchilar harbiy o'ljalar hisobiga yoki o'z
senorlari hisobidan kun kechirganlar. 95-rasm. Yaponiya. Otliq askar. XIV asr. 96-rasm. 1358-1408 yillarda hukmronlik qilgan syogun Yosimitsu
Asikaga. 

Mamlakatning siyosiy tuzumi. 

Yaponiyada boshqa mamlakatlardan
farq qiladigan siyosiy tuzum
shakllanadi Mamlakatni XII asrdan mikado  imperalor boshqargan. U mamlakatdagi barcha yerlarning
egasi hisoblangan. Zodagonlar esa
uning amaldorlari va noiblariga
aylangan. Viloyat noiblarining
mustaqil boshqarishga intilishi esa
aksari holatlarda mamlakatni siyosiy tarqoqlikka olib kelgan.
Imperator hokimiyati zaiflana borib
ko'p o'tmay real hokimiyat
mamlakatdagi eng kuchli mulkdor,
harbiy qo'mondon - syogun qo'liga o'tadi. Dastlab syogunlik XII asr
oxiridan mahalliy mulkdorlardan biri Minamoto tomonidan o'rnatilgan. U samuraylardan tuzilgan qo'shini bilan
raqiblarini yengib, imperator poytaxti Kiotoni qo'lga kiritadi. Minamoto davlatni o'zining Kamakuradagi qal'a - saroyidan turib boshqaradi.
Shu tariqa Yaponiyada qo'sh
hokimiyatchilik paydo bo'ladi.
Mamlakatda dehqonlarning ahvoli
nihoyatda og'ir edi. Soliqlarning
ko'payib borishi xalqni ayniqsa qiynagan. Manbalarda yozilishicha,
XIVXV asrlarda yapon qishloqlarida
ocharchiliklar tez-tez takrorlanib
turgan. Ocharchilik ko'pincha turli
yuqumli kasalliklar epidemiyasining
tarqalishi va ko'plab kishilarning halok bo'lishi bilan tugar edi. 

Yaponiya shaharlari taraqqiyoti. 

yaponiyada o'rta asrlarda shaharlar
o'sib, ularda hunarmandchilik va
savdo rivojlangan. Yaponlar
xitoyliklardan shoyi ipak, metallar, lak
ishlab chiqarishni o'zlashtirib
olganlar. Mamlakatda qadim zamonlardan temir, mis, oltin va
kumush qazib olingan. Yapon ustalari
bu ma'danlardan ajoyib qurollar
tayyorlaganlar. Qurolsozlar yasagan
qilichlar o'zining sifati bilan shuhrat
qozongan. Manbalarda yozilishicha, 1483-yili savdogarlar chet
mamlakatlarga 67 ming dona qilich
olib ketganlar. Yapon chinnisi,
yelpig'ichlari, suyakdan, qimmatbaho
toshlardan yasalib .laklangan san'at
buyumlari, paxtadan va ipakdan to'qilgan gazlamalari ham xorijda
yuqori baholangan. Yaponlar, Koreya,
Xitoy, Vyetnam, Tailand, Filippin bilan
qizg'in savdo olib borganlar.
Mamlakatda - Sakai, Xyogo, Xakata, Nagasaki kabi yirik, aholi zich yashaydigan port shaharlari bor edi.