11 . Angliyada burjua inqilobining boshlanishi 

Angliya inqilob arafasida. 

XVI asr Angliya uchun muvaf- 
faqiyatli yakunlandi. Dengizdagi yakka hukmronlik uning chet ellar 
bilan savdo-sotiq ishlarini tobora kengaytirib bordi. London tashqi 
savdoda monopol huquqni qo'lga kiritdi. Natijada bu shaharda badavlat 
savdogarlar guruhi vujudga keldi. Ichki savdo ham rivojlandi. 1600- yilda 
Londonda dastlabki birja ochildi. Qishloq xo'jaligida ham bozor 
munosabatlarining qaror topishi tezlashdi. Bu omillarning barchasi katta 
mavqega ega bo'lgan o'rta tabaqaning shakllanishiga olib keldi. Ular, 
asosan, isloh qilingan dinga e'tiqod qilar edilar. 
O'rta tabaqa vakillari qirol hokimiyatini inkor etmagan. Aksincha, 
uning parlament bilan hisoblashishining tarafdori bo'lganlar. Burjuacha 
hayot tarzi -- tejamkorlik, mehnatsevarlik va izlanuvchanlik jihatlari tobora 
chuqur ildiz otib bordi. 
Inqilobning sabablari. Angliya qiroli mamlakat parlamenti va isloh 
qilingan din cherkoviga qarshi kurash boshladi. Buning oqibatida vujudga 
kelgan qarama-qarshilik inqilobning asosiy sababiga aylandi. Qirol Yakov 
I ning maqsadi parlament mavqeini yo'qqa chiqarish va eski feodal 
tartiblarni saqlab qolish edi. Qirol mahsulot sifati yomonlashadi, degan 
bahona bilan yangi ixtirolarni qo'llashni taqiqlab qo'ydi. Bu esa 
manufaktura ishlab chiqarishi rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Hukmron 
tabaqa, davlat amaldorlari o'rtasida davlat xazinasini talon-taroj qilish 
kuchaydi. Qirol hatto ba'zi tovarlarni ishlab chiqarish va sotish uchun 
ruxsatnomani tadbirkor va savdogarlarga xohlagan narxda o'zi sotar edi. 
Oqibatda savdogarlar xarajatlarni qoplash uchun narx-navoni oshirishga 
majbur bo'lardilar. Yakov I ning tashqi siyosatidan ham burjuaziyaning 
noroziligi kuchayib bordi. Bunga bosh raqib Ispaniya bilan murosasozlik 
qilinayotganligi asosiy sabab bo'ldi. 
Karl I qirolligi davrida (1625--1649) ham vaziyat o'zgarmadi. U 
jamiyatda yuz berayotgan o'zgarishlarni tushunish va ularni qabul qilishni 
istamadi. Aksincha, Karl I Fransiya monarxi kabi cheklanmagan huquqqa 
ega bo'lishga intildi. Ayni paytda yangi -- kapitalistik jamiyat tarafdorlari 
ham qo'l qovushtirib o'tirmadi. Parlament amalda ularning qo'lida edi. 
1628- yilda parlament qirolning Huquqlar to'g'risidagi bill va Huquqlar 
to'g'risidagi petitsiyani imzolashiga erishdi. Bu ikki hujjat qirolga 
parlament roziligisiz birorta yangi soliq joriy etmaslik va sudning ruxsatisiz 
qamoqqa olishlarni taqiqlash majburiyatini yukladi. Bunga javoban qirol 
parlamentni tarqatib yubordi. Shu tariqa mamlakatda qirolning yakka 
hukmronligi o'rnatildi. 
Burjuaziya vakillari, savdogarlar, yangi dvoryanlar, hurfikrli dindorlar 
ham davlat ishlaridan chetlatildi. Mamlakatda senzura kuchaydi. Mavjud 
siyosiy raqiblar sud ta'qibiga duchor etildi. Natijada fuqarolarninig chet 
ellarga chiqib ketishlari kuchaydi. Qirol o'z tarafdorlariga ichki va tashqi 
savdoda katta monopol huquqlar berdi. Bu siyosat narx-navoning 
ko'tarilishiga olib keldi. 
Bundan savdogarlar, yangi dvoryanlar, hunarmandlar va barcha 
oddiy kishilar jabr ko'rdilar. Buning ustiga shu orada Shotlandiya 
Angliyaga hujum qildi. Bu esa vaziyatni yanada og'irlashtirib yubordi. 
Yuqorida qayd etilgan barcha omillar Angliyada inqilob yuz berishini 
muqarrar qilib qo'ydi. 

Inqilobning boshlanishi. 

Shunday sharoitda qirol muxolifatning 
talabi bilan parlamentni chaqirishga majbur bo'ldi. 1640- yilning 3- noyab- 
rida parlament ish boshladi. Bu sana Angliya burjua inqilobining 
boshlanishi kuni bo'ldi. Jamoalar palatasining katta qismini eski 
tuzumga qarshi tabaqa vakillari tashkil etdi. Parlament birinchi 
navbatda favqulodda sudlarni tarqatib yubordi. Cherkov sudini ruhoniy 
bo'lmagan shaxslarni sud qilish huquqidan mahrum etdi. Qirol 
huzuridagi Maxfiy kengashning Oliy sudni amalga oshirish vakolati 
bekor qilindi. Siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarildi. Matbuot 
mustaqilligi e'lon qilindi. Qonunsiz to'lovlar va jarimalar bekor qilindi. 
Qirol parlamentning jamoalar palatasini shu palataning roziligisiz 
tarqatmaslik to'g'risidagi qonunni imzolashga majbur etildi. 
Karl I ning o'zi istamagan holda bularga rozilik berishdan boshqa iloji 
qolmadi, biroq u qulay fursat poylardi. 1641- yilda parlamentning Buyuk 
remonstratsiya deb nomlangan hujjatni qabul qilishi qirol va parlament 
munosabatlarini yanada keskinlashtirib yubordi. Bu hujjatda, jumladan, 
bunday deb yozilgan edi: Barcha kulfatlarning ildizi -- asosiy qonunlarni 
yo'qqa chiqarish maqsadida qilinayotgan yovuz niyatli badkirdor urinishlar 
va ingliz qirolligining dinni hamda adolatni ko'mib tashlagan boshqaruvi 
asoslaridir. Bu hujjat qirol oldiga juda muhim talablarni qo'ydi. Lekin 
Karl I bu talablarni bajarmadi. 
Shu tariqa 1642- yilning boshlariga kelib Karl I bilan parlament 
o'rtasida uzil-kesil ajralish ro'y berdi. Endi qirol isyonkor parlamentni 
jazolashga va muxolifat rahbarlarini hibsga olishga qaror qildi. Shunday 
sharoitda, Londonning yuz ming aholisi parlamentni himoya qilib 
ko'chaga chiqdi. Yangi dvoryanlarning 5 ming kishilik qurollangan 
guruhi Londonga yuborildi. Bu omillar qirolni chekinishga va Lon- 
dondan qochib ketishga majbur etdi. Shu tariqa Angliya ikki dushman 
lageriga bo'lindi. 

Bill (inglizcha) -- Qonun loyihasi, Konstitutsiyaga tenglash- 
tirgan hujjatlarning nomi. 
Birja (nemischa -- hamyon) -- tovarlar va qimmatbaho 
qog'ozlar ulgurji savdosi bozori. 
Muxolifat (arabcha -- kelishmovchilik, munosabatning 
teskarilashuvi) -- amaldagi hukumat, uning siyosati bilan 
kelishmay boshqacha faoliyat yuritish tarafdorlari. 
Monopol huquq -- yagona, yakka, davlatning yoki 
shaxsning savdo qilish va ishlab chiqarishga egalik qilishi. 
Petitsiya (lotincha) -- oliy davlat yoki hukumat boshlig'iga 
ko'pchilik tomonidan birgalikda beriladigan rasmiy ariza, 
iltimosnoma. 
Remonstratsiya (lotincha) -- norozilik hujjati. 
Siyosiy mahbus -- mavjud tuzumga yoki hukmdorga 
qarshiligi uchun qamoqqa tashlangan shaxs. 
Favqulodda sud -- alohida voqealar, hodisalar yoki sharoit 
talabi bilan joriy etiladigan sud. 
Senzura (lotincha -- ro'yxatga olaman) -- mavjud hokimiyat 
siyosatiga zid bo'lgan g'oya va ma'lumotlarning tarqalishiga 
yo'l qo'ymaslik yoki uni cheklash maqsadida matbuot 
ustidan o'rnatiladigan davlat nazorati. 
O'rta tabaqa -- aholining o'ziga to'q qatlami. 