12- . Angliyada fuqarolar urushi va uning oqibatlari 

Fuqarolar urushining boshlanishi. 

Angliyada burjuaziya bosh- 
chiligidagi yangi tuzum tarafdorlari bilan qirol va uning tarafdori bo'lgan 
katta yer-mulk egalari o'rtasida 1642- yilning yozida fuqarolar urushi 
boshlandi. 1643- yilda burjuaziya qo'lida bo'lgan parlament bilan Shot- 
landiya o'rtasida ittifoq tuzildi. Ikki tomonning birlashgan qo'shini qirol 
qo'shinining ustidan g'alaba qozondi. Bu g'alabada Oliver Kromvelning 
qo'mondonlik mahorati katta rol o'ynadi. 
Parlament o'z qo'shinini mustahkamlash 
to'g'risida qaror qabul qildi. Bu qaror 
natijasida parlament intizomli va yaxshi 
harbiy tayyorgarlik ko'rgan qo'shinga ega 
bo'ldi. 1645- yilning 14- iyunida Neyzbi 
qishlog'i yaqinidagi hal qiluvchi jangda qirol 
qo'shini tor-mor etildi. Qirolning o'zi qochib 
ketdi. 1646- yilda qirol yashiringan Oks- 
fordning taslim bo'lishi bilan fuqarolar urushi 
tugadi. Bu urushda parlament to'la g'alaba 
qozondi. Parlament hokimiyatni qo'lga 
olgach, qator islohotlar o'tkazdi. Chu- 
nonchi, yangi dvoryanlar feodal to'lovlardan ozod etildi. Ularning qo'lidagi 
yer-mulklar o'zlariga xususiy mulk qilib berildi. Savdogarlar savdo ishlarini 
yuritish uchun ruxsatnoma olib o'tirmaydigan bo'ldi. Qirol, qirol tarafdorlari 
va yepiskoplarning yerlari musodara qilindi. Cherkov parlamentga bo'y- 
sundirildi. 

Respublikaning tashkil etilishi. 

1649- yilda parlament qirollik hoki- 
miyatini keraksiz, xalq farovonligi uchun zararli va xavfli bo'lganligi uchun 
bekor qildi. Lordlar palatasi ham tarqatib yuborildi. 19- may kuni esa 
Angliya Respublika deb e'lon qilindi. Barcha hokimiyat to'laligicha o'zini 
ingliz ozodligining asrovchisi deb hisoblovchi bir palatali parlament 
qo'liga o'tdi. Ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi Kengash tuzildi. 
Oliver Kromvel bu Kengash rahbari etib tayinlandi. Kromvel Angliya 
hududini kengaytirish siyosatini yuritdi. Chunonchi, 1649- yilda Irlandiyani, 
biroz fursatdan so'ng Shotlandiyani bosib oldi. Ularning mustaqilligi 
tugatildi. Bu xizmatlari uchun parlament uni sovg'alarga ko'mib tashladi. 

Harbiy diktaturaning o'rnatilishi. 

Inqilobdan so'ng parlament 
mamlakatda fuqarolar totuvligini ta'minlay olmadi. Bunga aholining quyi 
tabaqalari manfaatlarini hisobga olmaslik hamda narx-navoning o'sishi va 
ommaviy ishsizlikning kuchayishi sabab bo'ldi. Parlament o'z obro'sini 
yo'qota boshladi. Shunday sharoitda hukmron tabaqalar mamlakatdagi 
tartibsizliklarga barham bera oladigan kuchli yakka shaxs hokimiyati 
o'rnatilishi zarur, degan qarorga keldilar. Hukmron tabaqa fikricha, Kro- 
mvel ana shunday shaxs edi. 
1653- yilda hukmron tabaqaning xohish-istagi bilan Kromvel parlamentni 
tarqatib yubordi va butun hokimiyatni o'z qo'liga oldi. U Ozod davlat 
Angliya, Shotlandiya va Irlandiyaning Lord-protektori deb e'lon qilindi. 
Shu tariqa mamlakatda Kromvelning harbiy diktaturasi o'rnatildi. Bu esa 
amalda davlat to'ntarishi edi. Kromvel avvalgi parlamentning yangi 
dvoryanlar va burjuaziya manfaatlarini himoya qiluvchi barcha qarorlarini 
tasdiqladi. 
Kromvel vijdon erkinligini ham e'lon qildi. Bu uning eng katta xizmatlaridan 
biri edi. 
Kromvelning tashqi siyosati ham hukmron tabaqa manfaatiga to'la 
mos keldi. Chunonchi, 1654- yilda dengiz savdosidagi asosiy raqib -- 
Gollandiyaning mag'lubiyatga uchratilishi, keyinchalik Ispaniya ustidan ham 
g'alaba qozonishi buning yorqin dalillari bo'ldi. Bu g'alabalardan so'ng 
Kromvel haqida manbalarda: Qit'aning kalitlari uning belida osig'liq, degan 
jumlalar ham qayd etildi. 

1688- yilgi saroy to'ntarishi. 

1658- yilda Kromvel vafot etdi. Uning 
o'limidan ikki yil o'tgach Respublika tuzumi ham barham topdi. Yangi 
dvoryanlar va burjuaziya mamlakatda Respublika tuzumidan norozi bo'lgan 
katta yer egalari kayfiyatini ham hisobga olib monarxiyani qayta tiklashga 
qaror qildi. Bo'lajak monarx oldiga inqilob oqibatida yangi dvoryanlar va 
burjuaziya qo'lga kiritgan imtiyozlarni tan olish hamda parlament bilan kelishib 
ishlash sharti qo'yildi. 1660- yilda monarxiya qayta tiklandi. Taxtga qatl 
etilgan qirol Karl I ning o'g'li Karl II o'tqazildi. 
1685- yilda uning ukasi Yakov II taxtni egalladi. U mamlakatda 
katolik dinini tiklashga kirishdi. Bu esa aholi o'rtasida keskin 
norozilikni vujudga keltirdi. Burjuaziya va yangi dvoryanlar shunday 
sharoitda Yakov II ni taxtdan mahrum qilishga, uning kuyovi -- 
Gollandiya hukmdori Vilgelm III Oranskiyni Angliya taxtiga o'tqazishga 
qaror qildilar. Vilgelm Oranskiy protestant edi. Uning Angliya taxtiga 
o'tirishi mamlakatda katoliklikning kuchayishi xavfini butunlay bartaraf 
etardi. 
1688- yilda Vilgelm III Oranskiy o'z qo'shini bilan Londonga kirib 
keldi. Yakov II esa Fransiyaga qochib ketdi. Shu tariqa Angliya tarixida 
navbatdagi saroy to'ntarishi amalga oshirildi. Bu to'ntarish Sharafli 
inqilob deb ataldi. Sharafli inqilob uzoq davom etgan qirol va parlament 
o'rtasidagi o'zaro kurashga chek qo'ydi. Vilgelm III Oranskiy parlament 
shartlariga rozi bo'lganligi tufayligina taxtni egallay oldi. Parlament qirolga 
parlamentning, qirolning hamda hukumatning huquq va majburiyatlari 
yozilgan Huquqlar deklaratsiyasi deb nomlangan hujjatni taqdim etdi. 
Qirol bu hujjatni imzoladi. Unga ko'ra, qirol qo'shin, sud, mamlakat 
moliyasi ustidan bo'lgan hukmronlikdan mahrum bo'ldi. Shu tariqa 
parlament bilan qirol o'rtasidagi kurash parlamentning g'alabasi bilan 
yakunlandi. Endi Angliyada kuchli parlamentli -- cheklangan monarxiya 
tuzumi o'rnatildi. 
Angliya burjua inqilobining tarixiy ahamiyati. Inqilob mutlaq 
monarxiyani yo'q qildi. Angliyada bozor munosabatlariga asoslangan yangi 
jamiyat -- kapitalizmning to'la qaror topishi uchun sharoit yaratdi. Na- 
tijada sanoat ishlab chiqarishining gurkirab rivojlanishiga to'siq bo'lib turgan 
hunarmandlarning sex birlashmalari yo'q qilindi. Sanoat inqilobi uchun 
qulay sharoit yuzaga keldi. Aholi tarkibida yangi qatlam -- sanoat 
burjuaziyasi va yollanma ishchilar sinfining shakllanishiga yo'l ochdi. Inqilob 
qishloq xo'jaligida ham bozor munosabatlarining tez rivojlanishini 
ta'minladi. 
Inqilob natijasida parlamentning yetakchi o'rin egallashi lozimligi, qonun 
oldida barcha fuqarolarning tengligi g'oyasi Yevropaning boshqa 
mamlakatlari aholisining ilg'or qismini ham to'lqinlantira boshladi. 

Vijdon erkinligi -- har bir fuqaroning xohlagan diniga 
e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik hu- 
quqi. 
Deklaratsiya (lotincha -- ma'lum qilaman) -- hukumatning, 
biror tashkilotning muhim bir hujjatni, qonunni, voqeani 
ko'pchilik e'tiboriga yetkazuvchi bayonoti. 
Diktatura (lotincha -- cheklanmagan hokimiyat) -- hoki- 
miyatning bir shaxs yoki shaxslar guruhi qo'lida to'planishi. 
Siyosatda zo'ravonlik va terrorga tayanilishi. 
Protektorat -- (lotincha -- homiy, himoyachi) -- mustamlaka 
qaramligi shakllaridan biri. Protektorlik qiluvchi davlat o'zi- 
ga qaram davlatga ayrim ishlar bo'yichagina mustaqillik 
beradi. Ichki ishlar bo'yicha maslahatchi yoki rahbar 
tayinlaydi. 
