13- . Angliyaning dunyoda birinchi sanoat 
mamlakatiga aylanishi 

Davlat tuzumi. 

XVIII asrda Angliya cheklangan monarxiya 
davlati edi. Davlat boshlig'i qirol bo'lib, hukumatni parlament saylovida 
g'olib chiqqan ikki siyosiy partiyadan biri tuzgan. Yangi saylangan 
parlamentning vakolat muddati 3 yil edi. Parlamentning Jamoalar palatasida 
torilar va vigilar partiyalari faoliyat ko'rsatgan. 
Torilar qirolning huquq va manfaatlarini himoya qilar hamda mavjud 
tartiblarning buzilmasligi uchun kurashar edi. 
Vigilar esa parlament huquqlarini himoya qilardi. Mamlakatda muhim 
iqtisodiy va siyosiy islohotlar o'tkazilishining tarafdori edi. 
1707- yilda parlament Angliya va Shotlandiya o'rtasidagi uniyani 
qonunlashtirdi. Endi mamlakat Buyuk Britaniya deb ataladigan bo'ldi. 
1716- yilda parlament vakolati 6 yillik qilib belgilandi. Shu tariqa 
professional parlamentga asos solindi. 

Tashqi siyosat. 

Bu davrda Buyuk Britaniya tashqi siyosatini ikki bosh 
yo'nalish belgilab bergan. Ularning birinchisi -- Yevropa qit'asida hech 
qaysi davlatning kuchayib ketishiga yo'l qo'ymaslik bo'lsa, ikkinchisi -- 
yangi-yangi mustamlakalar egallash edi. 
XVIII asrda Buyuk Britaniyaning asosiy raqibi Fransiya bo'ldi. Ikki 
davlat o'rtasida ispan taxti tufayli kelib chiqqan urush (1701--1714) Buyuk 
Britaniya uchun foydali sulh tuzilishi bilan yakunlandi. Unga ko'ra, Gibraltar 
Buyuk Britaniyaga o'tdi. Butun XVIII asr Buyuk Britaniya va Fransiyaning 
qizg'in kurashi ostida kechdi. Bu kurash hatto ikkinchi yuz yillik urush 
deb ham ataldi. 1763- yilda Fransiya Kanadadan ham siqib chiqarildi. 
Hindistonni egallash borasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi. XVIII 
asrning 60- yillari davomida Shimoliy Amerikada 13 ta shtat, Kanada, 
Karib dengizi orollari, Hindistonning bir qismi Buyuk Britaniyaning 
mustamlakasiga aylandi. 
Shu tariqa Britaniya mustamlakachilik imperiyasiga asos solindi. 

Qishloq xo'jaligidagi o'zgarishlar. 

Buyuk Britaniya qishloq 
xo'jaligida ham tub o'zgarishlar yuz berdi. Xususan, barcha yerlar yirik 
mulkdorlar qo'lida to'plandi. Qishloq xo'jaligida faqat yollanma mehnat 
qo'llaniladigan bo'ldi. Feodallar va dehqonlar sinf sifatida butunlay barham 
topdi. Bu haqiqiy agrar inqilob edi. Yer egalari (lendlordlar) yerlarini yirik 
tadbirkor (fermer)larga ijaraga berardi. Butun xo'jalikni ular yuritishardi. 
Yerga ishlov berish uchun yollanma ishchilar yollashardi. 

Sanoat. 

Sanoat -- mamlakat xo'jaligining mashina texnikasi asosida 
xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va yer osti boyliklarini 
qazib olish bilan shug'ullanuvchi tarmog'i, shu tarmoqning asosini tashkil 
etuvchi korxonalar (zavod, fabrikalar, elektrostansiyalar, shaxtalar, 
konlar) yig'indisidir. Sanoat industriya deb ham ataladi. 
Sanoat og'ir va yengil sanoatga bo'linadi. Og'ir sanoat deyilganda, 
sanoatning ishlab chiqarish qurollari va vositalarini ishlab chiqaradigan 
tarmog'i tushuniladi. Bunga sanoatning mashinasozlik, metallurgiya, 
energetika, kimyo, neft tarmoqlarini misol keltirish mumkin. 
Yengil sanoat esa sanoatning keng iste'mol buyumlari ishlab chiqaradigan 
tarmog'idir. Masalan, oziq-ovqat, kiyim-kechak, gazlama mahsulotlari ishlab 
chiqarish bunga misol bo'la oladi. Sanoat bugungi kunda shunday ko'rinishga 
ega. Xo'sh, XVIII asrda u qanday edi? Sanoat to'ntarishi qay tariqa ro'y 
berdi va uning oqibatlari nimalarga olib keldi? 

Sanoat to'ntarishi uchun shart-sharoitning yetilishi. 

Sanoat to'ntarishi deyilganda, qo'l mehnatiga asoslangan manufaktura ishlab 
chiqarishdan mashinalar keng qo'llaniladigan fabrika ishlab chiqarishiga 
o'tish tushuniladi. XVIII asrda Buyuk Britaniyada shunday to'ntarish 
yuz berishi uchun barcha shart-sharoitlar mavjud edi. 
Birinchidan, agrar islohot ortiqcha ishchi kuchini vujudga keltirdi. O'z 
navbatida, ortiqcha ishchi kuchi sanoatda yollanib ishlashga tayyor edi. 
Ikkinchidan, tovar sotish bozori shakllandi. Qolaversa, mamlakat 
aholisining nufuzi va shaharlar soni tobora o'sib bordi. 
Uchinchidan, mamlakatda yer oldi-sotdisi, mustamlakalardan kelayot- 
gan boylik hisobiga katta sarmoyaga ega bo'lib olgan burjuaziyaga fabrikalar 
qurish va ularda texnikani qo'llash imkonini berdi. Shu tariqa mashinalar 
ixtiro qilish hayotiy zaruratga aylandi. 1761- yilda Sanoat va sanoatni 
rivojlantirish jamiyatining yigiruv mashinasini kashf etgan kishiga katta 
mukofot va'da qilganligi bejiz emas edi. 

Sanoat to'ntarishining yuz berishi. 

Sanoat to'ntarishi dastlab 
to'qimachilik sohasida yuz berdi. Bunga sex ishlab chiqarishning barham 
topganligi va sifatli matolarga talabning tobora ortib borishi sabab bo'ldi. 
Bu talabni faqat mashinalar yordamidagina qondirish mumkin edi. 1733- 
yilda mexanik va to'quvchi Jon Keyning to'quv dastgohi ixtiro qilishi bu 
talabning birinchi aks sadosi bo'ldi. Ungacha to'quvchi g'altak iplari orasidan 
o'rmakni o'zi o'tkazib turishga majbur bo'lgan bo'lsa, endi bu ish oyoq 
qurilmasini bosib turish orqali bajariladigan bo'ldi. Ixtiro mehnat 
unumdorligini ikki marta orttirishga imkon berdi. Jamiyatda endi yigirilgan 
ip tanqisligi ham yuzaga keldi. Bu muammoni 1765- yilda Jeyms Xar- 
grivs hal etdi. U bir yo'la 15--18 yigirgich ishlaydigan mexanik urchuq ixtiro 
qildi. Bu ixtironi qizining nomi bilan Jenni deb atadi. Ixtiro arzon va ishlatish 
juda oson bo'lganligi uchun tezda shuhrat qozondi. 1767- yilda charxpalak 
bilan harakatga keltiriladigan yigiruv mashinasi yaratildi. Yigiruvdagi yutuqlar 
mexanik to'quv dastgohi yaratilishiga turtki bo'ldi. Edmund Kartrayt tez 
orada bunday dastgohni yaratishga muvaffaq bo'ldi. Bu dastgoh mehnat 
unumdorligini 40 marta oshishiga imkon berdi. Shu tariqa mashinali ishlab 
chiqarishning butun bir tizimi -- fabrikalar paydo bo'ldi. 
1775- yilda Jeyms Uatt tomonidan bug' mashinasining yaratilishi 
fabrika ishlab chiqarishining yanada 
rivojlanishiga olib keldi. 
1784- yilda T. Modslining to- 
karlik dastgohini ixtiro qilishi ni- 
hoyatda katta ahamiyatga ega 
bo'ldi. Tez orada cho'yan olishning 
va uni quyishning yangi usullari 
yaratildi. Bu ixtiro Abraxam Dar- 
bining toshko'mirdan koks olishni 
ixtiro qilishi bilan bevosita bog'liq 
edi. A. Darbi pechga tashlangan toshko'mir uyumini toki u mayda, yaltiroq, 
qattiq zarrachaga aylanmagunicha sekinlik bilan qizdirgan. Natijada mayda 
uyumlar sekin yonib, bir-biriga yopishib koksga aylangan. So'ng Darbi 
pechga yuboriladigan havo hajmini oshirgan va pechda katta harorat -- issiqlik 
hosil bo'lgan. Unda cho'yan bemalol suyultirilgan hamda turli shakldagi 
buyumlar quyilgan. Uning o'g'li Abraxam Darbi II shaxtalardan suvni 
chiqarishda ishlatiladigan bug' mashinasini yaratdi. Uning yordamida domna 
pechining parraklarini harakatga keltiruvchi suv charxi zabod hovuziga suv 
chiqardi. Bu ixtiro hatto ariqlar qurib qolganda ham pechga doimiy havo 
berilishini ta'minladi. 
Darbilar oilasi vakillari 1779- yilda dunyoda birinchi cho'yan ko'prik 
ixtiro qildilar. Ko'prikning qismlari bir-biriga birinchi marta boltlar bilan 
ulandi. Bunday ko'priklar daryolar ustiga qurila boshlandi. 
1774- yilda Jon Uilkinson cho'yan bo'lagi markazidan o'q chiqadigan 
teshik ochishga imkon beruvchi tokarlik dastgohi ixtiro qildi. Bu zamonaviy 
to'p yasash imkonini berdi. 
1788- yilda dastlabki cho'yan quvurlar yasashga muvaffaq bo'lindi. 
Shu tariqa sanoat inqilobi oqibatida manufaktura o'rnini fabrika ishlab 
chiqarishi egalladi. Mehnat unumdorligi tez sur'atlar bilan o'sa boshladi. 
Ayni paytda aholi tarkibida yangi qatlamlar -- yollanma ishchilar va sanoat 
burjuaziyasi shakllandi. XVIII asr oxiriga kelib Buyuk Britaniya dunyoning 
birinchi sanoat mamlakatiga aylandi. Buyuk Britaniyada kapitalizm shiddat 
bilan rivojlana bordi. 

Professional parlament -- deputatlari doimiylik asosida 
ishlaydigan, asosiy vazifasi qonun yaratishdan iborat bo'lgan 
parlament. 
Siyosiy partiya -- o'z oldiga davlat hokimiyatini boshqarish 
huquqini saylov yo'li bilan qo'lga kiritish uchun kurashuvchi 
u yoki bu sinfning, qatlamning ilg'or, ongli, uyushgan qismini 
birlashtirgan tashkilot. 
Uniya -- yagona birlik. 