14- . Amerika Qo'shma Shtatlarining 
tashkil topishi 

Shimoliy Amerikadagi ingliz mustamlakalari. 

XVIII asrning 
o'rtalaridan boshlab Buyuk Britaniyaning mustamlakasi bo'lgan 
Shimoliy Amerikada yagona ichki bozor shakllana boshladi, savdo 
aloqalari rivojlandi. Ayni paytda Amerikaga yevropaliklarning ko'chib 
kelishi boshlangan davrdan keyingi ikki asr davomida ko'chib 
kelganlarning yagona tarixiy taqdiri ham yuzaga keldi. Chunonchi, ingliz 
tili umumiy tilga aylandi. Yevropadan ko'chib kelganlar endi o'zlarini 
amerikalik deb atay boshladilar. Amerikaliklarning o'ziga xos turmush 
tarzi ham shakllandi. Hududning umumiyligi, mustamlakalarning iqtisodiy 
va xo'jalik manfaatlari, til va dinning yagonaligi yangi xalq -- amerika 
xalqining shakllanishiga olib keldi. 

Mustaqillik uchun kurash. 

Buyuk Britaniya qirollik hukumati 
mustamlakalardan olinadigan daromadni tobora ko'paytirishga urindi. 
Bu esa metropoliya va mustamlaka shtatlar o'rtasidagi nizoni tobora 
kuchaytira boshladi. 
1763- yilda qirol mustamlakalardagi yevropaliklarning Amerika 
g'arbiga siljishini taqiqlovchi qaror chiqardi. Bu qaror mahalliy hindular bilan 
urush kelib chiqishining oldini olishi kerak edi. Mamlakat g'arbida juda 
ko'p yerlar bo'sh yotardi. Ko'chib borgan yevropaliklar qirol hukumatining 
taqiqlov qarorini o'zlarining haq-huquqlarini nazar-pisand qilmaslik, deb 
qabul qildilar. 
Metropoliyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashish maq- 
sadida 1765- yilda amerikalik inglizlar Ozodlik farzandlari deb ataluvchi 
tashkilot tuzdilar. Bu tashkilot metropoliyadan olib kelinayotgan ingliz 
tovarlarini boykot qilish harakatini bosh- 
qarib turdi. Bunga javoban metropoliya 
hukumati mustamlakalar savdo portlarini 
yopib tashladi. Bu hol mustamlaka shtatlar 
iqtisodiy ahvolining yomonlashuviga olib 
keldi. 

Mustaqillik uchun urushning 
boshlanishi. 

1774- yilda 13 shtat 
vakillari Filadelfiya shahrida I Kontinental 
Kongressga yig'ilishdi. Kongress met- 
ropoliyaning majbur etuvchi qonunlariga 
itoat etish majburiy emasligi haqida qaror 
qabul qildi. Qirol hukumati mustamlaka 
shtatlar hukumatlari bilan kelishuv yo'lini 
izlash o'rniga mustamlakalarni taslim etish siyosatini yuritdi va 1775- 
yilning aprelida qirol qo'shinlari ularga qarshi urush harakatlarini bosh- 
ladi. Shunday sharoitda Filadelfiya shahrida II Kontinental Kongress 
chaqirildi. Kongress qatnashchilari urush boshlashga ovoz berdilar va 
virginiyalik polkovnik Jorj Vashingtonni (1732--1799) Amerika Qurolli 
Kuchlarining Bosh qo'mondoni etib tayinladilar. Shu tariqa mustaqillik 
uchun urush boshlandi.
 
Mustaqillik Deklaratsiyasi. 

1776- yilda Kongress Buyuk 
Britaniyadan ajralishga va mustaqil davlat tuzishga chaqiruvchi qaror qabul 
qildi. Bu qarorni rasman e'lon qiluvchi Bayonotnoma ham tayyorlandi. 1776- 
yilning 4- iyulida e'lon qilingan bu hujjat Mustaqillik Deklaratsiyasi deb 
ataldi. Deklaratsiya yangi davlat -- Amerika Qo'shma Shtatlarining 
tuzilganligini butun dunyoga ma'lum qildi. 

1776- yildan 4- iyul Amerika Qo'shma Shtatlarining 
Mustaqillik kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda. 

Amerika inqilobining xarakteri va o'ziga xos xususiyatlari. 
Mustaqillik urushi ayni paytda burjua inqilobi ham edi. 
Bu inqilob, birinchidan, milliy mustaqillikni ta'minladi, ikkinchidan 
esa bozor munosabatlarining rivojlanishiga g'ov bo'layotgan barcha 
to'siqlarni yo'q qildi. Inqilobga burjuaziya va plantator -- quldorlar 
boshchilik qildi. Xalq ommasi esa uning harakatlantiruvchi kuchi bo'ldi. 
Amerika burjua inqilobining o'ziga xos xususiyati -- bu uning milliy- 
ozodlik urushi shaklida o'tganligida edi. 

Yevropa davlatlarining urushga munosabatlari. 

Mustaqillik 
urushi davrida AQSH chet el davlatlari madadiga ham tayandi. 1776- 
yilda Benjamin Franklin Fransiyaga elchi sifatida jo'natildi. Fransiyaning 
asosiy maqsadi, o'zining azaliy va xavfli dushmani -- Buyuk Britaniyani 
zaiflashtirish edi. Shu tufayli Fransiya vaqtni boy bermay AQSHga 
yordam ko'rsata boshladi. Hatto bu ikki davlat o'rtasida Do'stlik 
va Tijorat Bitimi, keyinroq esa Ittifoq Shartnomasi ham imzolandi. 
Buyuk Britaniyaning zaiflashuvidan Ispaniya va Rossiya ham 
manfaatdor edi. Shuning uchun ham ular AQSHga nisbatan do'stona 
yo'l tutishdi. Bu esa AQSHga ham harbiy, ham moddiy, ham ma'naviy 
madad bo'ldi. 

Urushning tugallanishi. 

1782- yilda Amerika va Fransiya 
qo'shinlari Buyuk Britaniya asosiy kuchlarini taslim etdi. Natijada 
Buyuk Britaniya qiroli hukumati muzokaralar boshlashga majbur bo'ldi. 
Shu tariqa urush tugadi. Tinchlik muzokaralari Parij shahrida o'tkazildi. 
Nihoyat, 1783- yilda AQSH va Buyuk Britaniya o'rtasida tinchlik 
shartnomasi imzolandi. Shartnomaga ko'ra, Buyuk Britaniya AQSH 
davlatining tuzilganligini, uning mustaqilligini va suverenitetini tan oldi. 

AQSH Konstitutsiyasining qabul qilinishi. 

1787- yili Filadelfiya 
shahrida mamlakat shtatlari vakillarining Ta'sis Konventi chaqirildi. Uning 
ishida barcha shtatlardan saylangan 55 nafar vakil qatnashdi. Ular AQSH 
Konstitutsiyasini tayyorlash ishini nihoyasiga yetkazishlari lozim edi. 
Shunday bo'ldi ham. Uzoq davom etgan fikr-mulohaza va tortishuvlardan 
so'ng AQSHning qonun chiqaruvchi hokimiyat organi -- Kongressning, 
federal hukumatning, Oliy Sudning vakolatlari hamda shtatlar bilan 
markaziy hokimiyat o'rtasidagi munosabatlar xususida yagona kelishuvga 
erishildi. Va nihoyat, 1787- yilda AQSH Konstitutsiyasi qabul qilindi. 

Davlat tuzumi. 

Konstitutsiya AQSHda respublika tuzumini 
o'rnatdi. Ijro etuvchi hokimiyatni 4 yil muddatga saylanadigan Prezi- 
dent boshqaradigan bo'ldi. Prezident keng vakolatlar (armiya va 
flotning Oliy bosh qo'mondoni, xalqaro shartnomalar tuzish, barcha 
vazirlarni lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod qilish va hokazo)ga 
ega bo'ldi. 1789- yilda Jorj Vashington AQSHning birinchi Prezidenti 
etib saylandi. Oliy Qonun chiqaruvchi hokimiyatning ikki palatali Kongress 
tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Yuqori palata Senat, quyi palata 
esa Vakillar palatasi deb ataldi. Senatga har bir shtatdan ikki kishi, 
Vakillar palatasiga esa deputatlar shtatlar aholisining soniga mos ravishda 
saylanardi. Oliy Sudga katta vakolatlar berildi. Chunonchi, Oliy Sudga 
AQSH qonunlarining va Prezident farmonlarining Konstitutsiyaga mos 
kelishini nazorat qilib borish huquqi ham berilganligi buning tasdig'i bo'ldi. 

Amerika burjua inqilobining tarixiy ahamiyati. 

Bu inqilob tufayli 
yangi mustaqil davlat -- Amerika Qo'shma Shtatlari tashkil topdi. Inqilob 
mamlakatda erkin raqobatga, iqtisodiy hayotda tashabbusga, faollikka va 
ishbilarmonlikka keng yo'l ochib berdi. Bu esa qisqa tarixiy davr ichida 
o'rta tabaqaning shakllanishi yuz berishini muqarrar qilib qo'ydi. Inson baxt- 
saodatining asoslaridan birini o'z mulkidan erkin foydalanish huquqi tashkil 
etadi. AQSHda fuqarolar ana shunday huquqqa erishdilar. Ayni paytda 
AQSHning janubiy shtatlarida plantatsiya qulchiligi tugatilmay qoldi. 
Mustaqillik Deklaratsiyasi va AQSH Konstitutsiyasi Yevropaning ilg'or 
tafakkuriga katta ta'sir ko'rsatdi. 

Boykot (inglizcha -- chora) -- biror-bir davlat yoki korxona 
tovarlarini xarid qilishdan voz kechish. 
Kontinental Kongress (qit'a Kengashi) -- AQSHda mustaqil- 
lik urushi davrida oliy qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga 
oshirgan organ. 
Metropoliya (yunoncha) -- o'zga mamlakatlarni bosib olib, 
o'z mustamlakasiga aylantirgan mustamlakachi davlat. 
Davlat suvereniteti (fransuzcha -- oliy hokimiyat) -- ho- 
kimiyatning mamlakat ichida oliyligi va tashqi munosa- 
batlarda to'la mustaqilligi. 
Yagona ichki bozor -- bir xil o'lchov (metr), og'irlik (kg) va 
yagona pul birligining qaror topganligi. 