II BOB. XVI -- XVIII ASRLARDA OSIYO 
MAMLAKATLARI 

19- . XVI -- XVIII asrlarda Hindiston 

Boburiylar imperiyasining tashkil topishi. XVI asrda 
Hindistonda siyosiy tarqoqlik hukm surardi. O'zaro ichki nizolar 
va urushlar mamlakatni kuchsizlantirgan edi. Hindistondagi ichki 
siyosiy ahvolni sinchkovlik bilan kuzatib turgan Kobul hukmdori 
Zahiriddin Muhammad Bobur vaziyatdan foydalanishga qaror qildi va 
Hindistonni egallash uchun harbiy yurish boshladi. 
Bu davrda Shimoliy Hindistondagi Dehli sultonligida Hindistondagi 
afg'on qabilalaridan chiqqan lo'diylar sulolasi hukmronlik qilardi. 
Bobur Mirzo 1526- yilning 21- 
aprelida Panipat jangida Ibrohim 
Lo'diy qo'shinini tor-mor keltirdi. 
27- aprel kuni esa Dehli shahrida 
Bobur podshoh nomiga xutba o'qildi. 
Shu tariqa tarixda 332 yil yashagan 
yangi imperiya -- Boburiylar impe- 
riyasiga asos solindi. Bobur Hin- 
distonda o'zi bilan qolgan qo'shinga 
jogir tarqatdi. Bu yerlarda xo'jalik 
yuritish ishlariga rahbarlik qilish 
mahalliy urf-odatlarni yaxshi bila- 
digan hindlarga topshirildi. 
Bobur imperiya taxtida uch yil 
o'tirdi. 1530- yilda Boburning o'limidan so'ng imperiya taxti katta o'g'li 
Humoyunga o'tdi. 

Imperiyadagi siyosiy ahvol. 

Humoyun imperiya sarhadlarini yana- 
da kengaytirishga intildi. Bu kurashda uning asosiy raqibi Bixor va Ben- 
galiyada joylashib olgan afg'on qabilalarining yetakchisi Sherxon Sur 
bo'ldi. 
Ikki sarkarda qo'shinlari o'rtasidagi jangda Sherxon Surning qo'li 
baland keldi. Mag'lubiyatga uchragan Humoyun Eronga qochib ketdi. 
Sherxon Sur Hindiston taxtini egalladi va shoh deb e'lon qilindi. Bu hodisa 
1540- yilda yuz berdi. Surlar davri shiddatli va shafqatsiz ichki kurashlar 
bilan o'tdi. Oqibatda Hindistonda og'ir siyosiy vaziyat vujudga keldi. 
Bundan Humoyun ustalik bilan foydalandi. Taxtdan ayrilgan yillarda u 
turk, fors, turkman va o'zbeklardan iborat kuchli qo'shin tuza olgan edi. 
1555- yilda Humoyun Hindiston taxtining da'vogarlarini tor-mor etib, yana 
hokimiyatni o'z qo'liga qaytarib oldi. Unga taxtda uzoq o'tirish nasib 
etmadi. Oradan ko'p vaqt o'tmay Humoyun tasodifiy falokat tufayli halok 
bo'ldi. 

Imperiya Akbarshoh davrida. 

Boburiylar sulolasi hukmdorlari ichida 
Buyuk Akbar degan unvonga sazovor bo'lgan Humoyunning o'g'li 
Akbarshoh 1556- yilda otasi taxtini egalladi. Akbarshoh hamisha uzoqni 
ko'zlab siyosat yuritdi. Shu tufayli u Hindistonda o'z hukmronligini to'la 
va uzil-kesil o'rnata oldi. Shuning uchun ham uni Hindistondagi Boburiy 
hukmdorlar ichida eng ulug'i -- Buyuk Akbar deb atashgan. 
Akbarshoh bunday buyuklikka osonlikcha erishgan emas. Uning asosiy 
raqibi Hindistondagi afg'on qabilalari yetakchilari edi. Akbarshoh qo'shini 
1556- yilda afg'on qabilalari qo'shinini tor-mor etdi. 
1559- yilga kelib taxt uchun boburiylarga qarshi kurashning yetakchi 
kuchlari -- afg'onlarning Sur sulolasi butunlay yanchib tashlandi. 
Akbarshoh zukko davlat arbobi, mohir 
sarkarda bo'lishi bilan bir qatorda, itoatkor 
o'g'il, g'amxo'r ota ham edi. Qo'l ostidagi 
xalqlarning turmush farovonligi doimo uning 
e'tiborida turgan. Kambag'al, beva- 
bechoralarga muntazam moddiy yordam 
ko'rsatgan. 
Akbarshoh falsafa, din, adabiyot va tarix 
ilmini yaxshi egallagan. 
U boshqa din vakillariga nisbatan ham 
adolatli siyosat yuritgan. 
Hindlarning ziyoratgohlaridan olinadigan soliqni man etgan. Imperiya 
hududida yagona savdo solig'i joriy etilgan. Ham xolisa, ham jogirdorlar 
yerlaridan teng miqdorda soliq undirilgan. Davlat idoralaridagi lavozimlar, 
dini va mazhabidan qat'i nazar, shaxsning salohiyatiga qarab taqsimlangan. 
Bir so'z bilan aytganda, Akbarshoh hindlar bilan musulmonlarning 
yonma-yon, tinch-totuv yashashlariga erishgan. Akbarshoh yuritgan 
bunday adolatli siyosat boburiylar davlatining ulkan imperiyaga 
aylanishida, uning mahalliy aholi va amaldorlar tomonidan qo'llab- 
quvvatlanishida katta rol o'ynadi. Bu esa, o'z navbatida, imperiyaning 
qudrati va shon-shuhratining yanada ortishiga xizmat qilgan. 
Akbarshoh Hindistonda yuritgan adolatli siyosati evaziga Milliy 
podshoh, Xalq hukmdori nomlariga ham sazovor bo'lgan. 
Akbarshoh 1605- yilda vafot etgan. 
XVII asr ikkinchi yarmidan boshlab imperiyada toju taxt uchun 
kurash avj oldi. Oxir-oqibatda, bu kurashda 1627--1658- yillarda 
hukmronlik qilgan Shoh Jahon (Akbarshohning nabirasi)ning o'g'li 
Avrangzeb g'alaba qozondi. U 1658- yilda Dehli shahrini egalladi va 
o'zini shoh deb e'lon qildi. Avrangzeb hukmronligi davrida (1658-- 
1707) imperiya hududi yanada kengaydi. Ayni paytda, Avrangzeb 
hukmronligi yillarida imperiya inqirozi uchun zamin ham yetila bordi. 
Xo'sh, bu nimalardan iborat edi? Avvalo, Avrangzebning hech kimga 
ishonmasligi, hamma narsaga shubha bilan qarashi davlati arkon hamda 
mahalliy hind hukmdorlarining undan ko'nglini sovitdi. 
Ikkinchidan, u o'zini faqat mamlakatni idora qilish uchungina emas, 
balki islom dinini himoya qilish va uning yoyilishi ko'lamini yanada ken- 
gaytirish uchun ham taxtga chiqqan hukmdor deb hisoblardi. Shu tufayli 
musulmon bo'lmagan fuqarolarni islom diniga o'tkazish uchun hech 
narsadan qaytmadi. Bunday siyosat oqibatida mamlakatning musulmon 
bo'lmagan aholisi uning itoatkor fuqarosiga emas, balki g'azablangan 
raqibiga aylandi. 
1679- yildan hindlar qaytadan jizya solig'ini to'lashga majbur 
etildi. Hatto hindlarning muqaddas ziyoratgohlarga boruvchilaridan 
ham soliq olinadigan bo'ldi. Musulmon savdogarlari soliqdan ozod 
qilingani holda, hind savdogarlariga tovarning besh foizi miqdorida 
soliq joriy etildi. Soliq yig'uvchi idoralardagi mansabdor hindlar asta- 
sekinlik bilan lavozimlaridan bo'shatila boshlandi. Avrangzebning bu 
siyosati oxir-oqibatda Boburiylar imperiyasining chok-chokidan 
so'kilib ketishiga olib keldi. 
Buyuk Britaniya va Hindiston. Avrangzebning vafotidan so'ng 
imperiyada ichki nizolar yanada kuchaydi. Shunday sharoitda 
Hindistonga yevropaliklarning kirib kelishi kuchaydi. Yevropa davlatlari 
hukmron doiralarining maqsadi, Hindistonning bitmas-tuganmas 
boyliklariga, unumdor yerlariga ega bo'lish edi. Yevropa davlatlari 
hukumatlari endilikda o'z maqsadlarini ro'yobga chiqarishga 
kirishishdi. Chunonchi, 1757- yilda Buyuk Britaniya Bengaliyani bosib 
oldi. Bu boy hudud Buyuk Britaniyaning keyingi bosqinchilik rejalarini 
amalga oshirishda tayanch vazifasini o'tadi. Shu tariqa Buyuk 
Britaniyaning Hindistonni asta-sekin o'z mustamlakasiga aylantirish 
davri boshlandi. 

Jogir -- harbiy xizmat evaziga in'om etilgan yer. 
Xolisa -- davlat yerlari. 
